Sirdaryo jurnalistikasi: kecha, bugun, ertaga

Mamlakatimiz ommaviy axborot maydonida Sirdaryo jurnalistikasining ham o'ziga xos o'rni bor. Bugungi kunda o'zbek adabiyoti maydonida keng kitobxonlar ommasiga tanish Akmal Po'lat, Sulton Akbariy, Halima Xudoyberdiyeva, To'ra Sulaymon, Turg'un Jamolov, Jonibek Subhon, Hamroqul Rizo kabi o'nlab shoir va nosirlarning elga tanilishida Mirzacho'l matbuotining o'rni katta. Viloyat tashkil bo'lgandan to hozirgacha viloyatimizdan mamlakat ommaviy axborot vositalariga ko'plab rahbar kadr­lar “uchirma” bo'lgani ham ayni haqiqat. Masalan, o'z vaqtida “Sirdaryo haqiqati”ning birinchi bosh muharriri Akmal Po'lat “Mushtum”, Ismoil Sulaymonov “Qishloq hayoti”, Sharof Ubaydullayev “O'zbekiston ovozi”, Nikolay Timofeev “Pravda Vostoka” gazetalariga rahbarlik qilgani, bu nashrlar O'zbekistonning yetakchi matbuot organlari bo'lganligini eslash kifoya.

Hozirgi kunda viloyatda 1 ta viloyat, 8 ta tuman va shahar, 4 ta tarmoq gazetasi, 1 ta nashriyot va   teleradiokompaniya, 2 ta rasmiy internet kanali faoliyat yuritmoqda. Viloyat televideniesi kuniga 18 soat, viloyat radiosi esa 6 soat ko'rsatuv va eshittirish olib bormoqda. Viloyat TRKning yangi binosi yaqin fursatda foydalanishga topshirilsa, bu yerdagi imkoniyatlar yanada oshadi.

Bugun Sirdaryoda 80 nafar O'zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zolari bor. Ularning 5 nafari uyushmaning yangi qabul qilingan a'zolaridir. 42 nafar uyushma a'zosi pensiya va nafaqada. Yangi yilgacha yana 20 nafar munosib nomzodlarni uyushmaga qabul qilish maqsadidamiz.

Jurnalistlar uyushmasining eng katta vazifasi ularning manfaati yo'lida faoliyat yuritishdir. Shu bois ham hafta boshida kundalik ishlarimizni rejalashtirar ekanmiz, jurnalistlar manfaatiga xizmat qiladigan tadbirlarni belgilashga harakat qilamiz. 2021 yil – “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da yosh jurnalistlar uchun “Ustoz-shogird” an'analari davom ettirildi. Bu borada ayniqsa, “Xalq so'zi” gazetasining muxbiri, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ahmadali Shernazarov, “Yangi Sirdaryo” gazetasining bo'lim mudiri Mamadali Ahmedov (Muhammadali Ahmadiy)larni shogirdlar tayyorlash va ular kamoloti yo'lida amalga oshirayotgan ishlari ibratli ekanligini ta'kidlamaslik adolatdan bo'lmaydi. Ular o'z shogirdlariga onlayn “Mahorat darslari” o'tishga ham muvaffaq bo'lmoqdalar.

Joriy yilda jurnalistlar salomatligi yo'lida qator tabirlar amalga oshirildi. Eng avvalo, viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi va viloyat diagnostika markazi jamoasi qo'llagani tufayli ham 31 nafar jurnalist chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rikdan o'tkazildi.

Jurnalistlarning jamoaviy hordiq chiqarishlari uchun ham qator tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, Shahrisabz shahriga sayohat, “Sa'd   ibn Abu Vaqqos” hamda “Xo'jamushkent ota” qadamjolariga ziyorat uyushtirildi. Bu uchala sayohatga 80 nafardan ortiq sirdaryolik OAV xodimlari jalb qilindi.

O'zaro hamkorlik, tajriba o'rganish va malaka oshirish maqsadida Bulung'ur tuman “Bulung'ur hayoti” gazetasi tahririyatiga 25 kishilik guruh borgan bo'lsa, Zomin tumani “O'riklisoy” massiviga 66 kishilik guruh, Sirdaryo tumanidagi “Barxon” dam olish maskanida o'tgan respublika mintaqaviy seminarda Samarqand, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari, poytaxtlik jurnalistlardan iborat 60 kishilik mehmon va mezbon jurnalistlar ishtirok etdi.

Sardoba tumani markazi va qadimiy “Yog'ochli Sardoba” yodgorligiga, “Peng-Sheng” o'zbek-xitoy qo'shma korxonasiga, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Toshkent vakolatxonasiga uyushtirilgan ekskur­siyalarimiz ham qalam ahli uchun g'oyat foydali bo'lgan edi.

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining a'zosi, “Xazinamiz tayanchi” gazetasining bosh muharriri Hikmatilla Sulaymonovning bog'dorchilikka ixtisoslashtirilgan xo'jaligida tashkil etilgan ijodiy gurung unda ishtirok etgan 30 nafardan ziyod jurnalistlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Ijodga moyil, sohaga o'zlarida iqtidor his etgan yoshlarni sohaga jalb etish, bugungi kunda qator maktablarda ijodiy targ'ibotchi vazifasini ado etayotgan yosh ijodkorlarga amaliy ko'mak berish maqsadida Oqoltin tumanidagi 13-maktabda uchrashuv tashkil etildi. U yerda “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo'lim mudiri Bahrom Boymurodovning ijodiy targ'ibot borasidagi tajribasi bilan o'rtoqlashildi. Unda 4 nafar taniqli jurnalist yosh ijodiy targ'ibotchilar uchun “Mahorat darsi” o'tib berdi. Kezi kelganda shuni ta'kidlash joizki, bunday “Mahorat darslari” deyarli har bir tadbirimizda bo'lib o'tadi.

O'tganlarni yod etish, ularning qabr­larini ziyorat qilish — insoniy burch. Sirdaryolik taniqli jurnalist Umarqul Ochilov, Guliston shahrilik Abdulaziz Yaxshiliqov, guliston tumanilik Saminjon Sultonov, mirzaobodlik Ummat Doniyorov kabi jurnalistlarning qabri ziyorat, ularning haqiga esa Qur'on oyatlaridan tilovatlar qilindi. Marhumlarning yaqinlari ishtirokida ularning viloyat jurnalistikasiga qo'shgan hissalari ta'kidlandi. Bu kabi jurnalistlar sha'nini ardoqlashga xizmat qiladigan tadbirlarni yangi yilda ham izchil davom ettiramiz.

Ha, qilingan ishlar ko'p, biroq bilamizki, qilinishi kerak bo'lgan vazifalar, ishlar undan ham ko'p. Ish o'rganishni, o'zaro hamkorlikni, do'stlik aloqalarini mamlakatimiz tashqarisida ham davom ettirishni orzulaymiz. Xususan, Tojikiston va qozog'istonlik hamkasblar bilan yaqin aloqalar o'rnatishni maqsad qilganmiz. Bu borada dastlabki qadamni tashlashga hozirlik ko'rilmoqda. Tojikiston Respub­likasining So'g'd viloyati jurnalistlar uyushmasi raisi Karim Sharifga xat tayyorlandi va uni hamkorlikka chorlayapmiz.

Muammolar haqida gapirmaslik to'g'ri bo'lmaydi, albatta. Sirdaryoda eng katta muammo bu   birinchi nav­batda gazetalarimiz kam nusxalarda

chop etilayotgani bo'lsa, ikkinchi muammo tahririyatlarimizda kadrlar yetishmasligidir. Bugun Sirdaryo jurnalistikasini insonga qiyoslaydigan bo'lsak, bu odam hademay 60 ga to'ladi. Poytaxtga yaqinligimiz yordam bermayapti. Jurnalistika sohasini bitirayotgan yoshlar Toshkentdan beriga o'tisholmayapti. Muassislarimiz o'z nashrlariga amaliy yoramni berishadi, deb umid qilib qolamiz.

Sirdaryoda tibbiyot xodimlariga bo'lgan ehtiyoj yaqin kelajakda to'la qoplanadigan bo'lyapti. Bu yil GulDU qoshida tibbiyot fakulteti ochildi, kelgusida jurnalistika fakulteti ham tashkil etilsa, ne ajab?

Jurnalist xalq bilan hukumat o'rtasidagi ko'prikdir. U shunchaki xabarlarni tashuvchi emas, balki yangiliklarning mazmun-mohiyatini teran anglatuvchi hamdir. Sirdaryolik jurnalistlar, umuman barcha OAV xodimlari, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zolari ishtirokida bu vazifalarni munosib ado etmoqda.

Boyjigit ABDULLAYEV,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi

Sirdaryo viloyat bo'limi raisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × four =