“Bulung'ur hayoti” – 90 yoshda!

Kuni kecha “Bulung'ur hayoti” gazetasining 90 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyati Bulung'ur tuman hokimligida ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.

Unda O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov, Uyushmaning Samarqand viloyati bo'limi raisi, senator Farmon Toshev, O'zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari Nodir Jonuzoq hamda bir qator jurnalistlar va ijod vakillari ishtirok etishdi.

Gazeta ilk bor 1931 yil 5 dekabrda “Kolxozchilar bayrog'i” nomi bilan nashr etilgan. Ro'znoma 1933 yildan “Kolxoz haqiqati”, 1962 yildan “Kommunist” deb atalgan. 1991 yil oktyabr oyidan esa “Bulung'ur hayoti” nomi bilan chop etilib kelinmoqda.

Tadbir ishtirokchilari tuman gazetasining bosib o'tgan tarixiy yo'li, unda mehnat qilgan fidoyi ijodkorlar hamda bugungi kunda ushbu nashrda ijod qilayotgan jurnalistlarning yutuqlari, muvaffaqiyati bilan bir qatorda, beqiyos zahmatlari xususida so'z yuritdilar.

Gazeta tashkil etilganining salmoqli sanasiga bag'ishlangan ushbu kecha qizg'in adabiy uchrashuvga, jurnalistlarning maroqli suhbatiga aylandi.

Tadbirdan so'ng O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi O.O'sarov hamda Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o'rinbosari N.Jonuzoq Bulung'urdagi 2-umumiy o'rta ta'lim maktabiga tashrif buyurishdi. Ushbu ilm dargohida taniqli shoir Nodir Jonuzoq ham ta'lim olgan.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligi oldidan bo'lib o'tgan uchrashuvda iqtidorli o'quvchilarning huquqiy bilimlaridan bahramand bo'lindi.

Tadbir davomida maktab o'quvchilari tomonidan sahnalashtirilgan “Kelinlar qo'zg'oloni” spektakli o'zgacha talqinda namoyish etildi. Unda, Konstitutsiya asosida oiladagi kelinlarning qanday haq-huquqlari borligi ajoyib tarzda ko'rsatib berildi.

Maktab kutubxonasiga eng sara kitoblardan sovg'a qilinib, iqtidorli o'quvchilar bilan davra suhbati tashkil etildi.

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi axborot xizmati

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =