Bugun ona zaminga samo nurlarin elar

Sharifa SALIMOVA,

O'zbekiston Respublikasi xalq shoiri

Ibtido

Tug'ilding…

“Inga” deding,

Borliqqa dur sochildi.

Volidang siyratida

Hayot guli ochildi.

Otang sipo jilmayar…

Suyunchi uzatadi.

Buving beshiging uzra

Isiriq tutatadi.

Jajjigina bu kulba

Quvonch guliga to'lar.

“Inga” – degan go'dagim,

Vatanni xudo berar.

 

Endi sen Vatanlisan,

Alpomishga inisan.

Jaloliddinga jigar,

Qilich tutgan qo'lisan.

Kindik qoning tomdi-yu,

Singib ketdi tuproqqa.

Do'stlar shod bo'ldi, biroq

G'anim tushar titroqqa.

Beshikda guvranasan,

Oymomo nurin elar.

“Inga” – degan go'dagim,

Vatanni Xudo berar.

 

Ulg'ayasan, shu kulbang

Saroy bo'lib ko'rinur.

Yoningda oqqan jilg'a

Daryo bo'lib ko'rinur.

Tog'laring salobatin

Nigohing-la ichasan.

Yovshan-u sahrolarni

“Padarim” deb quchasan.

Olislardan qoshingga

Ona To'maris kelar.

U hayqirar: – Bolajon,

Vatanni Xudo berar.

Shunday deydi asrlar:

Avesto, O'rxun xati.

Qoyalarga naqsh bo'lgan

Ona xalqing san'ati.

“Shashmaqom” yangraganda,

Dunyo sehrga to'lar.

Qalbing titratar navo:

– Vatanni Xudo berar…

 

U endi jonu taning,

Onangning oppoq suti.

Qirlarda chayqalgan don,

Ajdodlaring o'giti.

Bulut kabi qo'zg'olgan

Tagingdagi tulporing.

Oq sochli munis Onang,

Oy kabi go'zal yoring.

Endi sen nomusu or,

Yurt uchun fido jonsan.

Vatan “bolam” deganda,

“Labbay”, degan o'g'lonsan.

 

Belingni mahkam bog'lab,

Kurash tushgan o'zbeksan.

Sen burgutdek shiddatkor,

Qoya misoli tiksan.

Parij. Guvillar dunyo…

Engilmas pahlavonsan.

Tug'ini samo o'pgan,

G'olib O'zbekistonsan…

…Bugun ona zaminga

Samo nurlarin elar.

Vatanni bo'lmas sotib,

Vatanni Xudo berar.

 

 * * *

Muhabbat gullari ko'ksing bahorida mudom so'lmas,

Vatan ishqi umrboqiy – u manguga zavol ko'rmas.

U bir so'zki, quyosh yanglig' bag'ishlar nur, o'lim bilmas,

Usiz joningda jon yo'qdir, bahorlar ham bahor bo'lmas,

Yurak aytur, yurak aytur: Vatandin yaxshi yor bo'lmas.

 

Shu tufroqda unib, o'sding, quyosh boshingga nur sochdi,

Vatan  “bolam”, deya  quvnab, zamindek ko'ksini ochdi.

Adirlar lolasin berdi, quvonch daryo bo'lib toshdi,

Onajon O'zbekistoning qaddi-basting suyib to'ymas,

Yurak aytur, yurak aytur: Vatandin yaxshi yor bo'lmas.

 

Go'zal  jannat erur bog'lar, tomirlarda  jo'shar qonlar,

O'z  elida baxtiyordir mehnatsevar hur insonlar.

Yangi O'zbekiston elga ochib berdi zo'r imkonlar, 

Ming shukrkim, qo'l duoda, duoli el zavol bilmas,

Yurak aytur, yurak aytur: Vatandin yaxshi yor bo'lmas.

 

Vatan tufrog'iga bir tup nihol ekmak emas oson,

Bugun o'zbek shiddatidin ko'hna dunyo lolu hayron.

Vatan saodatin ko'zlab, orom bilmas ulug' sarbon,

Duolar ko'kka o'rlaydi: yurt quyoshi mangu so'nmas,

Yurak aytur, yurak aytur: Vatandin yaxshi yor bo'lmas!

 

Shukr neda, shukr ilm, mehnatu baxt, saodatda,

Go'daklaring quvonchida, Yaratganga ibodatda.

Shukr qildim bu kunlarga, ijodu ruhi rohatda,

Elim, boshing baland bo'lsin, sen ekkan nihollar so'lmas,

Yurak aytur, yurak aytur: Vatandin yaxshi yor bo'lmas.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − eighteen =