Arslon yurakli ayol qalbi

Halima Xudoyberdiyeva ijodiga chizgilar

O'zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva yaratgan lirik meros va bir qancha tarjimalar milliy adabiyotimiz xazinasiga ulkan ulush bo'lib qo'shilgan. Shoiraning “Ilk muhabbat” (1968), “Oq olmalar” (1973), “Chaman” (1974), “Suyanch tog'larim” (1976), “Bobo quyosh” (1977), “Issiq qor” (1979), “Sadoqat” (1983), “Muqaddas ayol” (1987), “Hurlik o'ti”, “Bu kunlarga yetganlar bor” (1993), “To'marisning aytgani” (1996), “Saylanma” (2001), “Yo'ldadirman” she'riy to'plamlari hamda shoiraning shogirdi Guljamol Asqarova tomonidan nashrga to'plab tayyorlangan “Saylanma” 5 jildlik kitoblari nashr etilgan.

Rus va Yevropa adabiyotshunosligida “Ayollar she'riyati” va “Ayollar nasri”, “Ayollar adabiyoti” degan nazariy tushunchalar keng ishlatiladi. Yevropada J.Ostin, Eliot, M.Svetayeva, A.Axmatova singari ko'plab ayol shoiralar, nosirlar jahon adabiyoti tarixidan o'rin olgan. O'zbek ayollar adabiyoti taraqqiyotida Zulfiya, Saida Zunnunova, Oydin Hojiyeva, Gulchehra Nurullayeva, Halima Xudoyberdiyeva, Qutlibeka, Halima Ahmedova, Farida Afro'z, Xosiyat Rustamova, Gulandom Tog'ayeva, Nodira Ofoqova kabi o'nlab ijodkorlarimiz barakali ijod qilishdi va ijodda davom etishmoqda.

O'zbek adabiyotshunosligida Halima Xudoyberdiyeva hayoti va ijodini I.G'afurov, O.Sharafiddinov, N.Rahimjonov, U.Hamdamov, M.Hamidova, S.To'laganova kabi olimlar o'rganishgan. Shoira lirikasi mavzu nuqtai nazaridan nihoyatda rang-barang. Shoira she'riyatida Vatan, ota-ona, sevgi, bobodehqon, ona yer, ot, yil mavsumlari (bahor, yoz, kuz, qish), tabiat, Turon, Turkiston kabi mavzularda yuzlab poetik obrazlar yaratilgan. Shoiraning xalq qalbiga chuqur kirib borgan “Begim sizni, Xudoyim”, “Muqaddas ayol”, “Shunchaki…”, “Ayol monologi”, “Dorilomon zamon keldi…”, “Alvido deng”, “Ayolga bosh urish”, “Ayolga baxt berolmagan erkak uchun”, “Ayol o'tib borar”, “Qadim qo'ng'iroq” kabi o'nlab she'rlari yod bo'lib ketgan. San'atkorlar Sh.Jo'rayev (“Dorilamon zamon keldi”), R.Komilov, F.Komilov (“Muqaddas ayol”), U.Mirhamidova (“Alvido deng…”)lar tomonidan qo'shiq qilib kuylangan.

Halima Xudoyberdiyeva jahon adabiyoti durdonalarini o'zbek tiliga tarjima qilish ishlariga ham o'z ulushini qo'shdi. Jumladan, dog'istonlik ijodkor Fazu Aliyevaning “Chavandoz bolaga”, armanistonlik Silva Kaputikyanning “Unutish”, qoraqalpoq adabiyotidan I.Yusupovning “Saksovul” she'rlarini tarjima qilgan.

Shoira 1971 yilda yozgan “Men shunchaki o'ylagim kelmas” misrasi bilan boshlanuvchi she'rida shunday yozadi:

Shunchaki yozmoqqa ko'ngil to'lmaydi,

Shunchaki yozmoqqa bormaydi qo'lim.

Shunchaki yozmoqqa chidab bo'lmaydi,

Shunchaki yozmoq, bu — shoirga o'lim.

Darhaqiqat, shoira o'zi ta'kidlaganidek, shunchaki yozishni istamaydi. Shunchaki yozishdan uning ko'ngli to'lmaydi, qalamni ushlashga qo'li ham bormaydi, shunchaki yozishga yuzi chidamaydi, shunchaki yozishni shoir uchun o'lim deb hisoblaydi. “Yonib yozish” shoiraning ijodiy kredosiga aylandi. U umrining oxirigacha shoirlikni va she'r yozishni shunchaki bir ermak deb qaramadi. Balki, shoira she'r yozishni, ijodini “Ilohiy ne'mat” va “Katta mas'uliyat” deb bildi.

H.Xudoyberdiyeva lirikasida sharq ayolining iboli, g'amgin, munis badiiy qiyofasi mujassamlashgan. Uning inja she'riyati xalqona milliy ohanglar bilan to'yingan. Shundanmi, xalq Halimani “sevimli shoirasi” sifatida alqaydi. Zero, quyidagi she'rni o'qib ko'ramiz:

Onaginam!

Dorilomon kunlar keldi, shafaqlari ol,

Qayon boqsang, shaylanishlar va

sozlashlar tor.

Olcha gulin ko'zlaringga surtasan behol:

“Bu kunlarga yetganlar bor,

etmaganlar bor”.

Shoira xalqimizning shukronalik bilan ko'p bor takrorlaydigan “Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor” gapini she'rning birinchi va oxirgi bandida takroriy qo'llab, xalqona milliy she'r namunasini yaratadi. Ayni paytda shoira lirikasida xalq donishmandligi bilan yo'g'rilgan sharq she'riyatiga xos falsafiylik uyg'unlashib ketadi. Xalq lirikasida ro'mol — oila, muhabbat ramzi hisoblanadi. Jumladan, shoiraning “Bizning tog'da” she'rida ro'mol muhabbat ramzi bo'lib, lirik qahramon uning ro'moliga “Qunduz telpak kiygan chavandoz yigit” duch kelishini ich-ichidan juda istaydi.

Tog' boshida ro'molim qoldi,

O'sha-o'sha tinchim yo'qoldi.

Duch keladi unga qay ovchi,

Qaysi sayyoh, qaysi yo'lovchi,

Tog' boshida ro'molim qoldi.

 

…Qunduz telpak kiygan chavandoz,

Hadik tortmay yuragingni yoz.

Oting nechun gijinglar bu payt,

Ro'molimni sen oldingmi, ayt.

Halima she'riyatida otasi Ummatqul Xudoyberdiyevga bag'ishlab yozilgan she'rlari talaygina. Masalan, “Otam keksa uloqchilardan”, “Oq olmalar pishganda…”, “Qo'msash…”, “Otam haqida”, “Men otamni qutlab kelay…”, “Otam, mening mehribon otam”, “Dehqon otamsan”, “Dag'al qo'llar”, “Otam xotirasiga”, “Otam haqida”, “Men otamni qutlab kelay…”, “Otam mening”, “Ota hovlim” kabi o'nlab she'rlari otasiga atab yozilgan. Ota obrazi Halima talqinida uddaburon uloqchi chavandoz, mehnatkash, sertashvish, mehribon, halol, zahmatkash inson qiyofasida tarannum etiladi. Masalan:

Otam, mening mehribon otam,

Siz solguncha turmushni izga,

Qor yog'di soch-soqolingizga,

Otam, mening mehribon otam, —

desa, yana boshqa bir she'rida erta vafot etgan otasi xotirasiga bag'ishlov she'r yozadi:

Otaginam!

Siz ketdingiz, qoldi ketmon-u paxta,

Paymonangiz shuncha erta to'lishini

bilmabman.

Kuz kelmasdan

Ildiziga bolta tekkan daraxtday

So'lishini bilmabman.

Erta vafot etgan otasining xotirasi shoiraning ko'plab she'rlarida tilga olinadi:

Yuragim g'alati, bormoqda to'lib,

Olcha guli qizg'ish tortgan kech payti.

Yurtga ko'klam qaytdi kurtak, qush bo'lib,

Mening ketgan otam kelmaydi qaytib.

Shoira yana bir she'rida otasini mehnatkash, qoraygan, burushiq, qo'llarida tomirlari bo'rtib turgan, ozg'in, ko'rimsiz dehqon qiyofasida tasvirlaydi:

Burushiq, qoraygan otamning qo'li,

Kechmish bir umrni eslayman qarab.

Kaftda shart kesilgan tomirlar yo'li.

Chandiq bo'lib bitgan undagi yara.

Shu ozg'in, ko'rimsiz, uzun barmoqlar,

Onam sochlarini silagan bir vaqt.

Shoiraning onasi Sharofat Xonnazar qiziga bag'ishlab hamda ona haqida yozilgan she'rlari quyidagilar: “Onamga”, “Oqizoq”, “Dorilomon kunlar keldi”, “Oqarib bormoqda, onam, sochlaring…”, “Bag'ishlov”, “Onamga”, “Onamga ayting…”, “Onam ketib boryapti…”, “Ro'molcha”, “Onalar haqida”, “Onajon, o'tir, bir hasratlashaylik”, “Onamning aytgani”, “Ilinj”, “Nima deb kuylashni menga o'rgatgil”, “Enamning aytganlari”, “Turkistonning onalarini…”, “Otam, onam ko'ngli yig'lab, bo'shab o'tdi”, “Men sizga ketaman”, “Onam xususida qayg'ularim”, “Onamni tuproqqa berma, Ollohim”, “Mulgib-mulgib uzun kechalar”, “Onang ketmoqda”, “Majburiyat”, “Asra onajonimni”, “O'xshaydi”, “Onam xotirasiga”, “Onam yodi”, “Barg tushmadi yerlarga”, “Ko'cham bo'lsin”, “Onalarimiz”, “Bugun sening kuning”, “Suv bilan sirlashgan kunim” kabi juda ko'plab she'rlari bor. Ona obrazi shoira talqinida ro'zg'orchi, sertashvish, bolajon, mehrli, farishta, munis qiyofasida tasvirlanadi. Jumladan:

Ona!

Shu tongda ham sen tashvish bilan band,

Un elayapsanmi, sen turaqol, kiyin.

Bu galcha xamirni men o'zim qoraman,

Quyosh tandirida pishiraman keyin.

Ona obrazi shoira talqinida eng qadrli inson, lirik qahramon onasini shu qadar avaylab-asraydiki, yomon kunlari haqida onasiga hech gap yetib bormasligini istasa, uning shon-sharaflarga, baxt-omadlarga to'la kunlari haqida “onamga ayting” deydi. Ya'ni ichki istaklari orasidagi qay bir gap onasiga yetib borishi va bormasligini uch bandli she'rda xalqona uslubda tarannum etiladi:

Onam ma'yus majnuntol edi,

Shoxchalari yer tomon boqqan.

Turishlari siru fol edi,

To'lqinlarga qo'shilib oqqan.

 

Yaproqlari suvga yozdi xat,

Boshlab qaydan qaytdi bilmadim.

Shivirlashdi suv bilan faqat,

Ammo

Nima aytdi bilmadim.

Shoira shoxlari yerga egilib o'sgan majnuntolga onani qiyoslaydi. Ona va Majnuntol o'rtasidagi noo'xshash o'xshashlik bu — ma'yuslikdir. Har ikkisi ma'yus, ularning ichi dardga to'la. Shoira shu tariqa metaforik badiiy tafakkur qudrati bilan obrazli tasvirga yaratishga muvaffaq bo'lgan.

Halima Xudoyberdiyeva lirikasi quyidagi muhim omillardan oziqlanadi:

  1. O'zbek xalq og'zaki ijodidan.
  2. Mumtoz o'zbek va sharq she'riyatidan.
  3. Zamonaviy o'zbek va jahon she'riyatidan.
  4. Shoiraning shaxsiy his-tuyg'ulari va real hayotdan.

Halima Xudoyberdiyeva she'riyatida shamol, ot, arava, urchuq, tosh, daraxt, quyosh, Turkiston, To'maris, arslon, tuproq, bobodehqon, ayol poetik obrazlarining xilma-xil ma'no tovlanishlari uchraydi. Masalan, “Gulni seskantirar bulbul nolishi” misrasi bilan boshlanuvchi she'rda urchuq — inson umriga ramziy metaforadir:

Gulni seskantirar bulbul nolishi,

Ayolning urchug'i aylanar chir-chir.

Bulbul nolishi — u, mening xonishim,

Urchuq — umr yillarim aylanishidir.

Yuqoridagi she'rda ham shoira ayolning qo'lida aylanayotgan Urchuqni inson umrining o'tishiga o'xshatadi. Urchuqni yigirayotgan bekach — Olloh ramzidir.

Yigiradi meni uquvli bekach,

Goh ingichka tortib sukut qilaman.

Uning kelishimli qo'llari tekkach,

Yana bir maromda yigirilaman.

Bekachim, qo'lingdan pishiqroq chiqsam,

Ingichka-yu yo'g'on almashavermay!

Shoiraning badiiy topilmalari, metaforalari va istioralari o'ziga xos individual hisoblanadi. Jumladan, “Hayot aravasi” she'rida shoira metaforik ramzlarga murojaat qiladi. She'rda “ot qo'shilgan arava” — oila ramzi bo'lsa, “ot qo'shilgan aravaning ag'anab yiqilishi” — bu oilaning ajralib ketishiga ramziy ishora beradi. Masalan:

Tushib qoldik bir aravaga,

Uchqur edi otlarimiz ham.

To'g'ri keldi haydamoq menga,

Sen borarding yastanib beg'am.

Qamchi bosib senga qasdma-qasd,

Aravani uchirganim dam

Qilmas edi yo'l sururi mast,

Pir bo'lardim zavqim, hafsalam.

Aravaning qo'sha otini

Qamchilab men jiq terga botdim…

H.Xudoyberdiyevaning xalqona ohanglarda yozilgan “Ayolga baxt berolmagan erkak uchun” she'ri ham nihoyatda dardchil, ayni paytda milliy xalqona uslubda yozilgan. Shuning uchun ham bu she'r xalq orasida mashhur bo'lib ketgan:

Yig'lasangiz yig'lang hushyor, sergak uchun,

Ne bir yaxshi, yomon kunda tirgak uchun.

Opam, singlim, ko'z yosh to'kmang sira-sira

Ayolga baxt berolmagan erkak uchun.

 

Erkak o'zi kimligini bilamikan,

Bir sirli, tilsimligini bilamikan,

Ishq gavharin ayoliga asrolmasa

Sho'rpeshona, shumligini bilamikan.

She'r matnida uchraydigan “Dupur-dupur tulpor kelar”, “Tulpor ketar ko'kayida dog'lar bilan”, “Tulporlarim, ukam-akam, otalarim”, “Ming-ming uyli xalqqa ehson, atolarim” kabi misralar she'rga milliy xalqona ruh bergan.

H.Xudoyberdiyeva lirikasida baxshiyona uslubda yozilgan “Tug'ilish”, “Ona sadoqati va yolg'iz o'g'il armoni qissasi”, “Baxshining to'ydagi kurashda aytganlari”, “Qasam”, “Ko'zi borlar to'g'ri yo'ldan yurmasa…”, “Qush tiliga yovuq kelsa qush tili…”, “Yo'qlov” kabilar o'zbek xalqining “Alpomish”, “Kuntug'mish” uslubida yozilgan o'ziga xos badiiyat namunalaridir. Masalan, “Tug'ilish” baxshiyona hikoyasida Bobojon rais jon talvasasida yotganida xotinini to'lg'oq tutib, bolasi tug'iladi. Hikoya xalq dostonlari uslubida nasriy va nazmiy yo'lda yozilgan. Baxshiyona hikoyada shoira xalq tilidan unumli foydalangan.

H.Xudoyberdiyeva “To'marisning aytgani” she'riy to'plamiga jamlangan she'rlarida “To'maris”, “Turon”, “Nayman ona”, “Yo'lbars”, “Yo'lbars yurakli ayol” kabi individual poetik obrazlar yaratdi. Jumladan, “Ayol o'tib borar” she'rida shunday yozadi:

Sen so'rama, men ham aytmayin

Kuragimni singanini qars.

Shovqin solma, men uyg'otmayin,

Yuragimda yotar bir yo'lbars.

 

Baland bir o't yongan ichimni

Men sovutib yashashim kerak.

O'z-o'zimga sarflab kuchimni,

Men ovutib yashashim kerak.

 

Ayol o'tib borar… sho'x yurib

Shamollarda soch yoygan ayol.

Ich-ichida yo'lbars o'kirib,

Sirtdan mayin jilmaygan ayol.

 

Sen so'rama, men ham aytmayin…

Shoira talqinidagi sirtdan qaraganda mayin jilmaygan yumshoq tabiatli ayol qalbida yo'lbars shijoati, yo'lbars o'kirigi bilan yashayotgan ayol tasvirlanadi. “Yo'lbars” qalbli ayol bu aslida Halima Xudoyberdiyevaning o'zi edi, desak yanglishmaymiz.

Tom ma'noda, H.Xudoyberdiyevani rus she'riyatining “erkak xarakterli ijodkor ayollari” deb nom olgan M.Svetayeva, A.Axmatovalar qatoriga qo'yish mumkin, deb o'ylaymiz. Chunki shoira she'riyatida ilgari surilgan ijtimoiy va ma'naviy-ma'rifiy g'oyalar talqinini badiiy ifodalashda erkak ijodkorlardan bir pog'ona balandga ko'tarilib ketadi. Uning lirikasida “kurashchanlik”, “vatanparvarlik”, “millatparvarlik”, “haqiqatparastlik”, “adolatparvarlik” g'oyalari “To'maris”, “Nayman ona”, “Yo'lbars yurakli ayol”, “Qadim qo'ng'iroq” kabi timsolli obrazlar qiyofasida badiiy gavdalantiriladi. Masalan, ijodkor “Qadim qo'ng'iroq” she'rida shunday yozadi:

Men Turonning qadim qo'ng'irog'imen,

Jarang bersam qir-dalasi uyg'onar.

Arosatda biroz tindim chog'i men,

Sahar ko'nglim shalolasi uyg'onar.

 

— Bolam, kimsan, kim bobongning qotili,

Bilarmisan turkning to'qson zotini?

Tomirimdan chiqqudayin otilib

Nayman onaning nolasi uyg'onar.

She'rning birinchi misrasidagi “Men Turonning qadim qo'ng'irog'imen” uchinchi banddan so'ng yana takror ishlatiladi. Qo'ng'iroq — ramziy ma'noda shoiraning Turon millatlarini uyg'otuvchi jarangdor sas, ovoz deb ham tushunish mumkin. Shoira Turonning sochilib, parokanda bo'lib yotgan turkiylarini birlashtirish uchun qadimiy qo'ng'iroqni chalib, ularni uyg'otmoq istaydi.

Shoiraning “Har elga bir bayroq kerak”, “Vatan bayrog'i”, “Turon” kabi qator she'rlarida vatanparvarlik, birlashish g'oyalarini ilgari suradi:

Ey, Siz elning tik o'mrovli sherlari,

Sursurlashmay suron soling, erlashing!

Bugun — odam, erta — elning yerlari —

Yerga aylanmasdan turib birlashing!

Xullas, atoqli shoira Halima Xudoyberdiyevaning ham janr, ham mavzu nuqtai nazaridan rang-barang lirikasida ijodkorning ijtimoiy, falsafiy, adabiy-estetik ideallari yorqin ifodalangan. Uning she'riyati yillar osha sermazmunlik kasb etib, Halima Xudoyberdiyevaning “Arslon yurakli Ayol qalbi”ni bor bo'y basti bilan namoyon etadi.

Agarda taniqli shoira, davlat va jamoat arbobi Halima Xudoyberdiyeva hayoti va faoliyati haqida so'z yuritadigan bo'lsak, uning umr yo'li, hayoti og'ir sinovlarga, mashaqqatlarga ham ro'baro' keldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari bo'lgunicha qariyb 20 yillar “qora ro'yxat”ga tushib qoldi. Mashhur shoira uchun radio-televidenie, matbuot dargohlarining eshiklari taqa-taq yopib qo'yildi. O'zbekiston xalq shoirasi uzoq yillar mamlakat xotin-qizlarining nashri bo'lgan “Saodat”da ishlagan, so'ngra O'zbekiston xotin-qizlar qo'mitasi rahbari bo'lgan esa-da, unga hech qaerdan ish ham berilmadi. Bu sinovlarni o'ta og'irlik bilan kechirgan shoira yuragidan ne-ne og'ir o'ylarni, dardlarni kechirgani Yaratganga ayon.

Yaratganga shukrki, 2016 yildan keyin Halima Xudoyberdiyeva nomi, ijodi yana o'zining haqli e'tirofiga sazovor bo'ldi. Shoira “Buyuk xizmatlari uchun” yuksak ordeni bilan taqdirlandi. Uning ijodi, betakror asarlari xalqimizning yuragidan joy olgani, barhayot she'riyat, ijod ekanligini vatandoshlarimiz yaxshi bilishadi.

Marhabo QO'ChQOROVA,

filologiya fanlari doktori, professor,

O'zFA O'zbek tili, adabiyoti va folklori

instituti yetakchi ilmiy xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × two =