Bunaqalar ko'payib ketyapti!

Yo'lga otlandim. U mashinadan bunisiga, bunisidan unisiga o'tib chiqdim. Manzil olis… Ammo gap manzilda ham, mashinalarda ham emas. Qaysi biriga o'tirmay, hammasida sun'iy intellekt yordamida yaratilgan qo'shiqlar yangrayotganida. Bu taronalar go'yo barcha uchun birdek, neytral auditoriyaga moslab ishlab chiqilgandek. Mashinada ketayotganda musiqasi shunchaki quloqqa chalinib ketsa, yomon emasdek tuyuladi. Bir-biridan farq qilmaydigan besh-oltita qo'shiqni “Shu ham san'at bo'ldimi?” degan kayfiyatda tinglar ekanman, oxiri bu haqda chuqurroq o'ylab, diqqat qilishga qaror qildim.

So'zlari ham sun'iy intellekt mahsuli bo'lib, odamning kayfiyatini shu darajada buzadiki, izohga hojat yo'q. Osmonda bulutlar to'plangani yoki insonlar to'g'ri yo'ldan yurishi kerakligi kabi mavzudagi matnlarni qandaydir algoritmlar uyumidan eshitish kishiga alam qiladi. Bunday so'zlarni hech kim yodlab, xirgoyi ham qilgisi kelmaydi. Shunchaki yo'l-yo'lakay chalg'ish uchun to'qib chiqarilgan qo'shiqlar. Shu tobda odam shou-biznesdagi eng qoloq ijodkorga ham ta'zim qilgisi kelib ketadi. Hartugul, ular ijro etayotgan qo'shiq matni inson — “ijodkor” qo'li bilan yozilgan.

So'nggi paytlarda kelajak avlod yodida saqlanib qoladigan biror arzigulik narsa qolmasligi mumkinligi haqidagi xayol global muammodek ko'rina boshladi. Xo'sh, ular umuman matn yodlashni xohlarmikan? Albatta, sun'iy intellektning ijobiy jihatlari ham ko'p. Lekin bu holat nimasi? Go'yo insoniyat yana ibtidoiy davrdagidek ikki toifaga bo'linadigan davrga qarab ketayotgandek: o'qishni biladiganlar va bilish huquqi bo'lmaganlar…

Dunyo aholisi ayni paytda o'ta muhim ma'lumotlar bilan birga ulkan keraksiz axborot uyumini ham iste'mol qilmoqda. Bu oqim puxta reja asosida singdirilmoqda. Oqibatda axborotning mute quliga, mustamlakasiga — sun'iy intellekt to'qib chiqargan, xotirada hech narsa qoldirmaydigan qo'shiqlarning shunchaki bir iste'molchisiga aylanib qolyapmiz. Bir nechta “yasama” musiqadan so'ng magnitofonda yangray boshlagan mumtoz navolar ko'zimga shunchalar qadrdon tuyuldiki! Torning jonli sadosi, haqiqiy, jonli ijro!

Nima bo'lganda ham, san'atni san'atkor yaratib, so'zini shoir yozsa va uni bastakor ohangga solsagina, u haqiqiy ijod mahsuliga aylanadi. Xalqimiz bejizga: “Chumchuq so'ysa ham, qassob so'ysin”, demagan. Sun'iy intellektning mahoratli ijodkorlar qo'shiqlariga ishlov bergan ayrim ishlari menga ham ma'qul keladi. Ammo u o'zidan “ijod” to'qimasin, bizni boshqarishga urinmasin. Biz insonmiz! Demak, uni biz boshqarishimiz kerak! Shunday bo'lib qolsin!

Shahzod KENJAYEV,

O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 2 =