Avtobusdagi “ko'rinmas” yo'lovchilar

Kun davomida shahar bo'ylab qatnaydigan har bir avtobusda deyarli bir xil manzaraga guvoh bo'lamiz: kimdir shoshgancha validatorga kartasini bosadi, kimdir esa atrofdagilarning e'tiborsizligidan foydalanib, to'lov qilmasdan sekingina tushib ketadi. Bugun 1700 so'm arzimagan mablag'dek tuyulishi mumkin. Ammo kuniga minglab yo'lovchilar tomonidan to'lanmay qolayotgan ushbu kichik summa ortida katta bir tizim barqarorligi va jamiyatimizdagi mas'uliyat hissi yotibdi. Nega xizmat ko'rsatish sifatini talab qilamiz-u, lekin oddiygina to'lov madaniyatiga amal qilishda oqsaymiz?

Bugungi kunda avtobuslarda pul to'lamasdan ketish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Ilgarilari chiptachilar avtobusdagi to'lovlarni o'zlari nazorat qilishardi. Vaqt o'tib, elektron tizim joriy etilgach, bu mas'uliyat haydovchi zimmasiga tushdi. Vaholanki, haydovchining asosiy vazifasi yo'l harakati xavfsizligini ta'minlashdir: u bir vaqtning o'zida ham rulni boshqarib, ham kim yo'l haqini to'lagani-yu to'lamaganini nazorat qilolmaydi. Yo'lkira to'lamay ketadigan har bir yo'lovchi sababli korxonalarning kunlik daromadi sezilarli darajada kamayadi.

Moliyaviy taqchillik esa, birinchi navbatda, xizmat ko'rsatish sifatining yomonlashuviga olib keladi: avtobuslarni o'z vaqtida texnik ko'rikdan o'tkazish, ularga sifatli yoqilg'i quyish hamda eskirgan ehtiyot qismlarini almashtirish imkoniyati cheklanadi. Natijada yo'nalishlardagi avtobuslar soni qisqarib, bekatlarda kutish vaqti uzayadi, salonlarda esa tirbandlik ortadi. Bundan yana yo'lovchilarning o'zi aziyat chekadi. To'lov qilmaydiganlar keltirib chiqargan moliyaviy muammolar yangi va shinam avtobuslarni xarid qilish, yoz kunlarida sovitish tizimini to'liq ishlatish hamda haydovchilarning ish haqini oshirish kabi rejalarni ham ortga suradi.

Ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonda avtobuslarda yo'l haqini to'lamaganlik uchun jarima miqdorini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar yo'lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish korxonasi direktori Muhammadjon Qahhorov “O'zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 3 iyundagi “Shahar yo'lovchi transporti tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab poytaxt jamoat transportida yo'lovchilar salonga chiqqan zahoti yo'l haqini to'lashi talab etilmoqda. To'lovni amalga oshirmaganlar “chiptasiz yo'lovchi” sifatida qayd etilib, ularga nisbatan jarima qo'llaniladi. Bu jarayonda nazoratchilar maxsus planshetlar yordamida yo'lovchining transport yoki bank kartasi orqali to'lov o'tkazganini tekshiradi.

Hozirda avtobusda chiptasiz yurgan yo'lovchilarga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 144-moddasiga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 10 foizi miqdorida jarima solinadi. Muhammadjon Qahhorovning ta'kidlashicha, yangi tartibdan ko'zlangan asosiy maqsad yo'lkira tushumlarining to'liqligini ta'minlash, avtobuslar qatnovida shaffoflikni oshirish va yo'nalishlar harakatini muvofiqlashtirishdan iborat. Shuningdek, har bir bekat va vaqt kesimida yo'lovchilar oqimi chuqur tahlil qilinib, jamoat transporti faoliyatini to'g'ri rejalashtirish imkoniyati yaratiladi. Uning bergan ma'lumotlariga ko'ra, 2026 yilning dastlabki yetti oyida 82 mingdan ortiq chiptasiz yo'lovchi aniqlanib, ushbu huquqbuzarliklar uchun ulardan jami 2 milliard so'mdan ziyod jarima undirilgan.

Insofni har kimning o'ziga bersin, degan gap bor. Lekin yo'lkira haqini vijdonan to'lash vijdoniy ishga aylanishi lozim. Toki har birimiz “Bitta men to'lamasam nima bo'pti?” qabilidagi xudbinona fikrdan voz kechmas ekanmiz, biz orzu qilgan tartib va madaniyat qaror topmaydi.

Durdona SAYFITDINOVA,

O'zbekiston Milliy universiteti 2-bosqich talabasi.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − 4 =