Asr savoli: ona tilimizni asray olyapmizmi?

Tarix fanidan dars berish jarayonida o'quvchilarim nutqida bir holatni ko'p kuzataman: ular fikrini o'zbek tilida bayon qila turib, jumla orasiga boshqa tillardagi so'zlarni qo'shib gapirishadi. Aslida, ular bu so'zlarning o'zbekcha muqobilini bilmaydi yoki bilsa ham ishlatmaydi. Nazarimda, boshqa tildagi so'z ularga zamonaviyroq va qulayroq tuyuladi.

Bir kuni ulardan so'rab ko'rdim:

— O'zbekcha muqobili bor bo'lsa, nega boshqa tildagi so'zni ishlatasiz?

Kimdir bu odat bo'lib qolganini, kimdir shunday gapirish qulayroq ekanini aytdi. Shunda yana bir savol berdim:

— Tasavvur qiling, kundalik nutqingizdagi har yuzta so'zning yigirma beshtasini, o'zbekcha muqobili bo'la turib, boshqa tildan olasiz. Bu miqdor borgan sari ko'payib borsa, o'z so'zlarimiz, ona tilimizga xos ohang va ifodalar qaerda qoladi?

Sinf bir muddat sukutga cho'mdi. Balki, ular shu paytgacha bu haqda o'ylab ko'rmagandir. Aslida, biz ham har kuni yuzlab so'zlarni ishlatamiz-u, nima uchun aynan o'sha so'zni tanlaganimizga ko'p ham e'tibor beravermaymiz.

Maqsadim o'quvchilarni chet tillarni o'rganishdan qaytarish emas edi. Chet tilini bilish — bilim va imkoniyatlar eshigi. Muammo boshqa tilni bilishda emas, o'z tilimizdagi so'zni bilmay yoki mensimay qo'yishimizdadir.

Bundan bir asrdan ko'proq vaqt ilgari ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ham shu masaladan tashvishlangan. U “Turkiy guliston yoxud axloq” asarining “Hifzi lison” (“Tilni saqlash”) deb nomlangan maqolasida shunday yozgan: “Har bir millatning dunyoda borlig'in ko'rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo'qotmak millatning ruhini yo'qotmakdur”.

Avloniy til va adabiyotni millat hayotining ko'zgusi deb ataydi. Darhaqiqat, xalqning tarixi, quvonchi, armoni va dunyoqarashi uning tilida yashaydi. Biror so'z unutilsa, ba'zan u bilan bog'liq tushuncha, ohang yoki xotira ham bizdan uzoqlashadi. Shu ma'noda til avlodlarni bir-biriga bog'lab turadigan ko'prikdir.

Albatta, Abdulla Avloniy ham boshqa tillarni o'rganishga qarshi bo'lmagan. Aksincha, o'sha davrda rus tilini bilish “hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi keraklik” ekanini tan olgan. Faqat uni “o'z yerinda ishlatmak va so'zlamak” lozimligini uqtirgan edi. Demak, masala chet tilida emas, har bir so'zni o'rinli qo'llashda.

Abdulla Avloniy aralash nutqni xalqona tashbeh bilan izohlaydi: “Zig'ir yog'i solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur”. Darhaqiqat, moshkichirining o'z masallig'i va me'yori bor. Biror narsa ortiqcha qo'shilsa, taomning asl ta'mi o'zgaradi. Til ham shunday: zarur so'z uni boyitadi, o'rinsiz aralashuv esa tabiiy ohangini buzadi.

Albatta, boshqa tillardan so'z olmagan tilning o'zi yo'q. O'zbek tilida ham arab, fors, rus va boshqa tillardan kirib, allaqachon o'z so'zimizga aylangan birliklar ko'p. “Maktab”, “kitob”, “muallim”, “davlat”, “tarix” kabi so'zlarni bugun begona deb bo'lmaydi. Shuning uchun tilni asrash — barcha o'zlashma so'zlarni chiqarib tashlash degani emas. Gap o'zbekcha muqobili bor so'z o'rniga begona ifodani shunchaki urf yoki zamonaviylik uchun qo'llash haqida bormoqda.

So'z faqat lug'atda turgani bilangina yashamaydi. U odamlar nutqida qo'llangandagina umrini davom ettiradi. O'z so'zlarimizni ishlatmay qo'ysak, ular asta-sekin faol nutqimizdan chiqib ketaveradi.

Bu holatda faqat yoshlarni ayblash ham to'g'ri emas. Bola oilada, maktabda, ko'chada va internetda qaysi so'zni ko'p eshitsa, ko'pincha o'shani ishlatadi. Men yosh ona sifatida ayrim ota-onalarning farzandiga chet tilini erta o'rgatish niyatida o'zbekcha gap orasiga boshqa tildagi so'zlarni qo'shib so'zlashiga guvoh bo'laman. Ularning niyati yaxshi, ammo xorijiy so'zlarni duch kelgancha aralashtirish hali tizimli til o'rgatish degani emas. Bolaga bir necha tilni erta yoshdan o'rgatish mumkin, lekin har bir til uchun yetarli va mazmunli nutqiy muhit zarur. Farzandimiz bir necha tilni bilsin, ammo ona tilida so'z izlab qolmasin. Undan ravon o'zbekcha nutqni talab qilishdan oldin “biz unga shunday muhit yarata oldikmi?” deb o'zimizdan so'rashimiz kerak.

Shubhasiz, ona tilini asrash uchun katta minbarlar va balandparvoz gaplarning o'zi yetmaydi. Buning uchun kundalik hayotda o'zbekcha so'zni o'rnida ishlatish, kitob o'qish, bolalarga ravon nutq bilan namuna bo'lish kerak. Yoshlar zamonaviy ilm-fan va texnologiya haqida ham o'zbek tilida sifatli ma'lumot topa olishi zarur. Chunki ona tili faqat o'tmishni hikoya qiladigan emas, kelajakni ham ifodalay oladigan til bo'lishi lozim.

O'ylab ko'rsam, dars paytida o'quvchilarimga bergan savolim bugun har birimizga tegishlidek, o'zbekcha muqobili turgan so'zlarni ishlatmay qo'ysak, ona tilimizning o'ziga xosligi qaerda qoladi?

Balki, ona tilini asrash oddiy tanlovdan boshlanar: o'z so'zimiz borida uni ishlatishdan, bilmaganimizni izlab topishdan, farzandlarimizga o'zbek tilida chiroyli so'zlashni o'rgatishdan…

Nasiba NARZULLAYEVA,

O'zbekiston Milliy universiteti “O'zbekiston tarixi” ixtisosligi tayanch doktoranti.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + seventeen =