90 yillik naşrning mayoği söndimi?
Xorazm vohasining Yangiariq deb ataladigan kiçik bir tumanida yaşayman. Tumanimiz köp yillar avval “Maşʼal” deya nom çiqargan. Şu nom bilan tuman gazetasi çop etilgan (gazetaning ilk soni 1936 yilda çiqqan). “Maşʼal” sözi yangrasa, hali-hanuz eldoşlarimning közida sönmas bir uçqunni payqayman. Çunki unda xalqimizning maqtovga va faxrga loyiq ötmişi mujassam. Ilğor işçilar mehnati deysizmi, jonkuyar rahbarlar faoliyati, hamjihat xalq birodarligiyu zahmatkaş insonlar fidoyiligi, hatto beğubor bolalikdan tortib muqaddas anʼanalarda jo bölgan beğaraz munosabatlar ohanrabosi hali-hamon insonlar yodida saqlanib qolgan.
“Maşʼal” ana şunday takrorlanmas bir davr bölgan. Ana şu davrning ruhi esa “Maşʼal” gazetasi edi. Gazetaning öşa yillarda çop etilgan barça eski sonlari hozirda tumanimizning Axborot-kutubxona markazida saqlanmoqda. Baʼzan kutubxonaga borib, gazetaning bir neça sonini qölimga olaman. Sahifalarni közdan keçirar ekanman, butun bir tarix köz oldimda gavdalanadi. Turli janrlarda çop etilgan maqolalar meni ham öylaşga, ham xulosa qilişga undaydi. Gazeta haqiqatan ham tumanning ruhi bölgan, degan töxtamga kelaman.
Keyinçalik uşbu gazeta “Yangiariq ovozi” nomi bilan çop etila boşlandi. Tuman hokimligi uning muassisi hisoblanardi. Yigirma yilga yaqin vaqt mobaynida şu gazetada muxbir, fotomuxbir, jamoatçi muxbir bölib faoliyat yuritdim, tajriba orttirdim. Şu yerdagi faoliyatim tufayli eldoşlarim meni jurnalist sifatida qabul qilişadi. Şu gazetada işlab, yozuvçilik borasida ham ança saboq olganman. Balki şu sababli gazeta tahririyati men uçun muqaddas maskanga aylanib qolgandir.
Bir paytlar kiçkina tumanni katta xalqqa tanitgan “Maşʼal” (“Yangiariq ovozi”) bugungi kunda kiçik bir tumanning katta muammosiga aylangani köpçilikni xavotirga solmoqda. Masala şundaki, “Yangiariq ovozi” gazetasi 2026 yilning yanvar oyidan buyon naşr etilişdan töxtagan. Şu paytgaça u biror marta çop etilmay qolgan emasdi. Gazetaga bölgan eʼtiborsizlik tumanimizda yaşab ötgan maşhur insonlarning ruhiga bölgan hurmatsizlikdek tuyuladi menga. Çunki ötmişdagi şonli tarixni aynan şu gazeta orqali bizga yetkazgan insonlar yodi xotiramizdan öçmasligi kerak. Töğri, kiçkina bir tumanda gazeta çop etilmasa ham kunimiz ötaverar ekan. Ammo tarix iz qoldirmasa, holimiz ne keçadi, degan savol meni qiynaydi. Gazeta nomining öçib, yöqolib ketişiga tomoşabin bölib qarab turişni vijdonimiz qabul qilar ekan, uzoq yillar bobolarimiz kuraşib yaratgan şonli tarixning davomçilarimiz, deb aytişga haqqimiz yöq. Şu sababli “Yangiariq ovozi” gazetasining yana naşr etilişi şunçaki oddiy masala emas. Uning ötmişga borib taqaladigan mustahkam ildizini çopib taşlaşga heç birimizning haqqimiz yöq. Maqolamni öqib, xulosa qilayotgan hamyurtlarimizdan öz fikr-mulohazalarini bildirişlarini va bu masalaga yeçim topişda yordam berişlarini sörab qolaman.
Masalaning açinarli tomoni şundaki, tuman hokimligining naşri bölmiş “Yangiariq ovozi” gazetasi 2025 yil davomida 721 nusxada çop etilgan bölib, bu viloyatimizdagi tuman gazetalari içida örtaça körsatkiçlardan biri edi. “Davlat muassasasi töğrisida”gi Nizom mazmuniga köra, Yangiariq tumani hokimligi “Yangiariq ovozi” gazetasi davlat korxonasi”ning muassisi hisoblanadi. Şuningdek, muassasa va muassisning özaro munosabatlari Nizom, muassis va muassasa örtasida belgilangan tartibda tuzilgan şartnoma hamda boşqa qonunçilik hujjatlari asosida yölga qöyiladi. Muassasa ana şu qonunlarga amal qilgan holda, Nizomning obuna va u bilan boğliq işlarni taşkil etiş hamda gazetaning muntazam çiqişiga kömaklaşiş töğrisidagi bandlariga muvofiq, tahririyatda 2026 yildagi ijodiy va taşkiliy işlarning samarali olib borilişini, obuna mavsumining namunali taşkil etilişi va ötkazilişini taʼminlaşda amaliy yordamni aynan muassisdan olişi şart edi.
Maʼlumot örnida: “Yangiariq ovozi” gazetasining 2026 yil uçun 1 yillik obuna narxi unça qimmat emas: 300 000 (uç yuz ming) söm qilib belgilangan edi. Ammo negadir muassis va muassasa örtasida 2026 yilda gazetaning çop etilişi böyiça huquqiy hujjatlar tartibga solinmagan. Örganişlarim natijasida menga maʼlum bölgan uşbu maʼlumotlarni siz azizlarga taqdim etişdan maqsadim — faqatgina gazetaning izsiz yöqolib ketişining oldini olişdir. Gazeta davriyligining buzilişiga birorta jiddiy sabab körmadim. Şuningdek, joriy yilning ötgan davri mobaynida bu muammo mendan boşqa heç kimni qiziqtirmagani biroz ajablanarli holat. Gazetaning sobiq muharriri ham negadir masalaga yeçim topişga urinmadi yoki uringan-u, qölidan heç iş kelmagan. Jurnalistika, albatta, aniqlik va dalillarni talab qiladi. Gazetaning çop etilmayotgani hammaga oçiq-oşkor maʼlum bölişiga qaramay, biror kimsa buning uçun jon kuydirmayapti. Tuman hokimligining naşri bölgan “Yangiariq ovozi” gazetasining ovozi öçib qolsa-yu, tuman hokimi bunga jimgina qarab tursa, bundan qanday xulosa çiqarişga ham hayronsan. Afsuski, tuman hokimi gazetaga jon kuydirmaydigan rahbar ekan. Gazetasiga nopisand rahbarni maʼnaviyat va maʼrifat sohasiga ham jonkuyar deb bölmasa kerak. Qiziq, tuman aholisi, tumandagi yuzlab taşkilot va korxonalar örtasida tarğibot-taşviqot qilgan holda zarur çora-tadbirlar körilsa, nahotki öz naşrini saqlab qolişning imkonini tuman mutasaddilari topa olişmasa?!
Röziboy MATKARIMOV,
jurnalist.
