“Turkiston qayg'usi” asari Fransiyada chop etildi!
Ma'rifatparvar bobomiz Alixonto'ra Sog'uniy hazratlarining boy ma'naviy hamda tarixiy merosi vaqt o'tgani sayin jahon ahli e'tiborini ham yanada kuchliroq jalb etmoqda. Allomaning milliy o'zligimiz, mustaqillik va ozodlik ishtiyoqi singdirilgan, har bir satri haqiqat tug'yoni bilan yo'g'rilgan shoh asari — “Turkiston qayg'usi” shu kunga qadar bir qator xorijiy tillarga tarjima qilinib, xalqaro maydonda munosib e'tirof etilgandi. Quvonarlisi va g'ururlanarlisi shundaki, ayni kunlarda ushbu tarixiy asarning fransuz tilidagi mukammal nashri dunyo yuzini ko'rdi.
Ushbu kitob vatanimizning XX asrdagi fojiali va murakkab o'tmishini haqqoniy yoritib bergan noyob manba sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etiladi. Unda sobiq SSSR va o'sha davrdagi Xitoyning Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Turkistonda olib borgan siyosati atroflicha yoritilgan bo'lib, uyg'ur, o'zbek, qozoq, qirg'iz va boshqa musulmon xalqlarining ozodlik va mustaqillik uchun olib borgan kurashlari aks ettirilgan.
Asli chig'atoy turkiy tilida yozilgan bu bitik fransiyalik taniqli sharqshunos va sog'uniyshunos olim, professor Stefan Dudyuanyon (fransuzcha – Stéphane A.Dudoignon) tomonidan fransuzchaga 2024-2026 yillar davomida tarjima qilinib, nashrga tayyorlandi. Tarjima jarayonida professor Dudyuanyon Sog'uniy hazratlarining farzandlari Qutlug'xon aka Sog'uniy bilan faol hamkorlik qildi.
Professor Stefan Dudyuanyon Fransiya Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (“CNRS”) katta ilmiy xodimi, tarixchi, sharqshunos hamda o'zbek adabiyoti va tarixining taniqli tadqiqotchisi hisoblanadi. Olim Markaziy Osiyodagi islom tarixi, jamiyatlar va tasavvuf yo'nalishlarini, shuningdek, mintaqadagi tarixiy shaxslar merosini o'rganish bilan shug'ullanadi.
Stefan Dudyuanyon “Turkiston qayg'usi” asari yevropalik o'quvchilar ommasiga tushunarli bo'lishi uchun unga 400 sahifadan ziyod keng qamrovli sharhlar ham yozgan va uni kitobga ilova qilgan. Ushbu sharhlar chuqur tahlillar natijasi bo'lib, ingliz, amerikalik va yapon turkolog doiralari vakillari tomonidan yuksak baholandi hamda mukofotga tavsiya qilindi.
Ularning fikricha, mazkur kitob G'arb dunyosi uchun Markaziy Osiyo va Sharqiy Turkiston tarixini o'rganishda muhim manba bo'lib xizmat qiladi.
“Turkiston qayg'usi” asari Parij kitob yarmarkasida namoyish etilmoqda va yevropalik kitobxonlarda katta qiziqish uyg'otmoqda. Alixonto'ra Sog'uniyning o'g'li Qutlug'xonto'ra akaning ta'kidlashicha, fransuz tilidagi ushbu nashr asarning Yevropa bo'ylab keng tarqalishidagi ilk muhim qadamdir. Navbatdagi bosqichda asarni ingliz tiliga tarjima qilish va nashr etish rejalashtirilgan bo'lib, ushbu loyiha ham qisqa fursatlarda amalga oshirilishi kutilmoqda.
Alixonto'ra Sog'uniy merosining fransuz tilida chop etilishi va xalqaro e'tirofga erishishi nafaqat milliy tariximizni tiklash yo'lidagi ulkan yutuq, balki o'zbek ilm-fani va madaniyatining jahon maydonidagi yana bir muvaffaqiyatidir. «Turkiston qayg'usi»ning xorijiy tillardagi talqini dunyo jamoatchiligiga Markaziy Osiyo xalqlarining haqiqiy tarixi, ozodlik va ma'rifat yo'lidagi fidokorona kurashini xolis yetkazishda bebaho ko'prik vazifasini o'taydi.
Odil OLIMJONOV,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
