Shaffoflik sari dadil qadam
Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangier filiali “ISO 37001” xalqaro sertifikatiga ega bo'ldi
Bugungi kunda Yangi O'zbekistonda barcha sohalar kabi oliy ta'lim tizimida ham keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganlaridek, jamiyat rivojiga to'siq bo'layotgan har qanday illat, xususan, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilmas ekan, ko'zlangan yuksak maqsadlarga erishib bo'lmaydi.
Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatiga oid farmon va qarorlari, shuningdek, oliy ta'lim muassasalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini tatbiq etish bo'yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar har bir ta'lim maskanida ochiqlik va qonuniylikni ta'minlashda bosh dasturilamal bo'lmoqda.
Ushbu davlat siyosatini hududlarda samarali amalga oshirishda Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan oliy ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun qulay infratuzilma yaratish, shuningdek, boshqaruv tizimida adolat va shaffoflikni qaror toptirish masalalariga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Viloyat rahbariyatining oliy ta'lim integratsiyasini rivojlantirish hamda sog'lom ta'lim muhitini yaratish yo'nalishidagi tizimli qo'llab-quvvatlovi filialimiz jamoasini yangi yutuqlarga ilhomlantirmoqda.
Ana shunday yuksak e'tibor va amaliy sa'y-harakatlar samarasi o'laroq, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangier filiali korrupsiyaga qarshi menejment tizimi talablariga to'liq javob berishi xalqaro sertifikatlashtirish sohasida yetakchi bo'lgan “QACS International” tashkiloti tomonidan rasman tasdiqlandi hamda nufuzli “ISO 37001” (“Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi”) xalqaro muvofiqlik sertifikati qo'lga kiritildi.
“ISO 37001” — xalqaro miqyosda tan olingan korrupsiyaga qarshi boshqaruv standarti bo'lib, tashkilotlarda korrupsiya xavflarini oldindan baholash va prognoz qilish, xavf omillarini bartaraf etish, shuningdek, ochiq hisobdorlik va xolis nazorat mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.
Mazkur standartning joriy etilishi filial faoliyatida quyidagi muhim yo'nalishlarni qamrab oladi:
Baholash va ta'lim jarayonining xolisligi: talabalarning bilimini baholashda inson omilini qisqartirish, “HEMIS” axborot tizimi imkoniyatlaridan to'liq foydalangan holda adolat tamoyillarini mustahkamlash;
Moliyaviy jarayonlar shaffofligi: byudjet va byudjetdan tashqari mablag'lardan foydalanish, davlat xaridlari hamda moddiy-texnik ta'minot masalalarida qonun va jamoatchilik oldida to'liq ochiqlikni ta'minlash;
Meritokratiya va kadrlar siyosati: professor-o'qituvchilar va xodimlarni ishga qabul qilish hamda ularni rag'batlantirishda tanlov asosida xolis bilim, ilmiy salohiyat va malakaga tayanish.
Xalqaro sertifikatga erishish oson kechgani yo'q. Filialda hozirda 19 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishi va 5 ta magistratura mutaxassisligi bo'yicha 3 200 nafardan ortiq talabaga 120 nafar mahalliy va 11 nafar xorijiy professor-o'qituvchi ta'lim-tarbiya berib kelmoqda. Filial jamoasi tomonidan qator ichki me'yoriy hujjatlar xalqaro andozalarga moslashtirildi, korrupsiyaviy xavflar xaritasi ishlab chiqilib, tizimli komplaens-nazorat mexanizmlari yo'lga qo'yildi. Xalqaro auditorlik tashkilotlari tomonidan o'tkazilgan qat'iy tahlil va audit filialning boshqaruv tizimi mustahkam va ishonchli ekanini amalda isbotladi.
Ta'lim dargohi har bir yoshning ma'naviy kamol topish maskanidir. Talaba-yoshlar faqat bilim, haqiqat va halol mehnat qadrlanadigan muhitda tahsil olsagina, kelajakda yurtimiz va sanoatimiz taraqqiyotiga beminnat hissa qo'shadigan yetuk muhandis, vatanparvar mutaxassis bo'lib yetishadi.
“ISO 37001” (“Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi”) xalqaro sertifikatining qo'lga kiritilishi TKTI Yangier filiali uchun yakuniy marra emas, balki boshlangan keng ko'lamli islohotlarning yangi, yanada mas'uliyatli bosqichidir. Jamoamiz davlatimiz rahbari va Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan bildirilgan yuksak ishonchni oqlab, hududda sifatli va halol ta'lim muhitini yaratish yo'lida bor bilim va kuch-g'ayratini safarbar etadi.
Zafar HAKIMOV,
Toshkent kimyo-texnologiya instituti
Yangier filiali direktori,
texnika fanlari doktori, professor.
