O'zbekiston uzumiga Nyu-Yorkda talab ortmoqda
O'zbekistonda yetishtirilgan uzumning birinchi partiyasi AQShga eksport qilindi.
Nyu-Yorkdagi “Uzbek-American Trade House” va Toshkent shahridagi “GardenCells” mas'uliyati cheklangan jamiyati o'rtasida tuzilgan yangi eksport shartnomasiga asosan 1,7 ming tonna yangi uzum mahsuloti havo transporti orqali Nyu-York shahriga yetkazildi.
AQShning Oziq-ovqat mahsulotlari sanitar nazorati boshqarmasi (FDA) talablariga muvofiq qadoqlangan uzum Amerikaning “NetCost” oziq-ovqat savdo markazlari tarmog'ining Nyu-York shtatidagi savdo nuqtalariga tarqatildi.
O'zbekiston uzumiga mahalliy aholi tomonidan yuqori qiziqish bildirilmoqda. Shu bois yangi partiyaga buyurtma berildi va har hafta 3-4 tonna miqdorida uzum eksport qilishga kelishib olindi.
“Dunyo” AA,
Vashington shahri.
