Sudlar mustaqil va adolatli faoliyat yuritsin

Buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi va 2017 yil 21 fevraldagi “O'zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonlariga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzurida Sudlar faoliyatini moddiy ta'minlash Departamenti tashkil etilgan edi.

Oliy sud huzuridagi Departamentning asosiy vazifalari esa quyidagilar etib belgilangan:

– sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta'minlash bo'yicha ishni tashkil etish, shuningdek, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;

– sud binolarini qurish va ta'mirlash uchun ajratilgan mablag'larning samarali sarflanishini ta'minlash, sudlar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo'yicha chora-tadbirlarni ko'rish;

– sudyalar va sud apparati xodimlarining mehnat sharoitlarini, moddiy va ijtimoiy ta'minotini yaxshilash bo'yicha takliflar ishlab chiqish va boshqa muhim vazifalar ijrosini ta'minlashdan iborat.

Bugungi kunda Departament tomonidan umumiy yurisdiksiya sudlarining ish faoliyati uchun zarur bo'lgan shart-sharoitlar yaratilishi hamda ularni moddiy-texnik jihatdan va moliyaviy ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. Birgina poytaxt sudlari misolida olsak, Toshkent shahrida 23 ta sud faoliyat olib boradi. Jumladan, Toshkent shahar sudi (jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy sudlov hay'atlari), Toshkent shahar ma'muriy hamda tumanlararo sudlari, O'zbekiston Respublikasi hamda Toshkent harbiy sudlari, 12 ta tuman jinoyat sudlari, 5 ta tumanlararo fuqarolik sudlari, 1 ta tumanlararo iqtisodiy sudi mavjud.

Sudlar faoliyatini ta'minlash Departamentining Toshkent shahar hududiy bo'limi tomonidan umumiy yurisdiksiya sudlarining ish faoliyatida zarur shart-sharoitlar yaratish hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo'yicha davlat byudjetidan hamda Sud hokimiyatini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan joriy yilning birinchi choragida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, umumiy yurisdiksiya sudlarida faoliyat yuritayotgan sudya va sud xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to'lovlar vaqtida to'lab kelinmoqda.

Har xil turdagi asosiy vositalar, inventarlar, tovar-moddiy zaxiralar hamda xo'jalik xarajatlari uchun esa jami 2 727 302,0 ming so'mlik xaridlar amalga oshirilib, mavjud ehtiyojlar asosida ta'minlab berildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 27 fevral kuni sudlar faoliyatini yanada yaxshilash, ochiqlik va raqamlashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o'tkazilgan yig'ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi bo'yicha sud binolarining faoliyat yo'nalishi va shaharsozlik normalariga mosligini o'rganish yuzasidan tuzilgan ishchi guruh ishtirokida har bir sud binosi xatlovdan o'tkazildi.

Unga ko'ra, ishchi guruh xulosalaridan kelib chiqib, Toshkent shahrida 8 ta sud idorasiga yangi zamonaviy binolar qurish, 3 ta sud binosini rekonstruksiya qilish va 5 ta sud binosini kapital ta'mirlash yuzasidan takliflar berilib, ushbu loyihalarning tegishli davlat dasturiga kiritilishi hamda mablag' ajratilishi bo'yicha zarur choralar ko'rilmoqda.

Bu ishlarning amalga oshirilishidan ko'zlangan asosiy maqsad umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan odil sudlovning amalga oshirilishida sud xodimlariga zarur shart-sharoitlar yaratish, xususan, sudga tashrif buyuruvchi fuqarolarga qulayliklar yaratish – eng muhim vazifa.

G'ayrat SALOHIDDINOV,

Sudlar faoliyatini moddiy ta'minlash departamenti

Toshkent shahar hududiy bo'limi

boshlig'i.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 1 =