Qahramonlar o'lmaydi

O'tayotgan har bir kunimiz xotiraga aylanib bormoqda. Ko'z oldimizda yurgan qancha yaqinlarimiz bu olamni tark etmadi, deysiz. Yana 100 yildan keyin bu musaffo osmon ostida birortamizdan gard ham qolmaydi. To'rt kunlik hayotini besamar o'tkazayotgan do'st-u birodarlarimizni ko'rib, ko'nglim bir muddat xomush tortadi. Yoshi bir joyga borib qolgan, tirikligidayoq unutilib borayotgan insonlar ham yo'q emas. Umrida birovga nafi tegmagan, yo'lda yotgan toshni u yerdan bu yerga olmay, “Bersang yeyman, ursang o'laman” deb yashab o'tayotganlar ham bor. Odamning qancha yashagani emas, qanday yashagani muhim, deb bekorga aytishmagan ota-bobolarimiz. Sizlarga so'zlab bermoqchi bo'lgan qahramonim esa qisqa umri davomida o'zidan barhayot xotira qoldirib ketgan.
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Vatan himoyasi yo'lida mardlarcha jon bergan askarlarimiz yodini abadiylashtirish maqsadida yurtimizda turli sa'y-harakatlar olib borilmoqda. Toshkent shahridagi “G'alaba bog'i”ning ochilishi ham bunga yaqqol misol bo'la oladi. Yaqinda nashrdan chiqishi kutilayotgan “Ajdodlar izidan” nomli kitob ham janglarda mardonavor jon bergan askarlarimiz yodini abadiylashtirishga qo'yilayotgan katta qadamlardandir. Ular yashagan xonadonlarga tashrif jarayonida ko'nglimdan o'tgan tuyg'ular, ularning doim qalbimizda barhayot ekani, balki bizdan keyin ham yodi tirik bo'lishiga ishonch berdi.
Xuddi shunday xonadonlardan biri – marhum leytenant Sayyor Sadinov yashagan hovli e'tiborimni tortdi. Sayyorning volidasi Roziya onaning so'zlarini katta hayajon bilan tinglar ekanman, qahramonimizning bolaligiga qo'shilib bola, ulg'ayganida esa do'st bo'lib yonida yurgandek his qildim o'zimni.
Roziya ona shunday hikoya qiladi:
– Turmush o'rtog'imdan ayrilganimdan so'ng bolalarimning yelkasiga oila mas'uliyati juda erta tushdi. Sayyorim barvaqt ulg'ayib qolgandek tuyulardi o'zimga. Bolalardek xarxasha qilib, nimaningdir ustida yig'laganini bilmayman. Maktab paytlari ham doim sinfdoshlarining oldi bo'lib yurardi, biror marta bo'lsinki, ortidan yomon gap eshitgan bo'lsam. O'zimning ham shu farzandimni koyib, urishganim yodimda yo'q. Men ish bilan sahar ketib, tun qaytardim. Kelgunimcha hamma ishlarni joy-joyiga qo'yib, ukasiga qarab o'tirardi. Katta odamlar bilan suhbatlashgandek gaplashardik. “Onajon, hali sizni dunyodagi eng baxtli ona qilaman, hajlarga yuboraman, katta uylarimiz bo'ladi”, deb orzular qilardi. Xo'jayinim juda yaxshi ko'rardi. Tillariga solganmi, aytardiki: “Sayyorning qomati, bo'y-basti yaxshi, harbiy qilaman!” Xuddi aytganlariday bo'ldi. Sayyorim otasining aytganidan ham yaxshiroq xizmat qildi Vatanimizga. Bolamdan ko'nglim to'q edi, boshqacha bola bo'lgan…
Xona to'rida turgan suratlarga termilaman, nigohlari o'tkir, so'zlari keskir yigit gavdalanadi xayolimda. Haqiqiy jangchi, qo'llarida turgan qurol ham go'yo shunday pahlavonning panjalarida ekanidan mamnundek tuyiladi. Yovqur jangchi-a, deyman o'zimga o'zim.
So'ng yana Roziya onaning gaplariga quloq tutaman:
– Maktabni tamomlagach, Toshkent oliy umumqo'shin qo'mondonlik bilim yurtiga o'qishga kirdi. Sirli yigit edi bolam, xizmati haqida gap ochmasdi. Avvalboshda harbiy bo'lishiga qarshilik qilganim uchun shunaqa qilsa kerak, deb o'ylaganman. Keyin tushunib yetdim, harbiy sirlarni o'zidan boshqaga ishonmas ekan, hatto menga ham. 1998 yoki 1999 yillar “Vatanparvar” gazetasida chop etilgan maqolalardan birida Sayyorimni ko'rib qoldim “Jasorat” medali bilan taqdirlanganini. Telefon qildim. “Sayyor, seni Prezidentimiz taqdirlabdi”, deb sababini so'raganimda, yaxshi o'qiganim uchun, deb qo'ygandi. Hayron qolganman, o'qishda yaxshi o'qigani uchun ham “Jasorat” medali berilarmikan deb. Televizorda ko'rardim, halok bo'lganlarga, biror katta qahramonlik ko'rsatganlarga berishini. Sayyorim 21 yoshida leytenant bo'lgan mard, jasur, shu bilan birgalikda mehribon yigit edi. Biror insonning ko'nglini qoldirmasdi, toza, sarishta yurardi, hammaning nazariga tushgandi. Kuchli edi o'g'lim, hech narsadan qo'rqmasdi, merganlikka uquvi ko'p edi. Qaysidir tanlovda merganlik bo'yicha bellashuvda qatnashib, ming harbiy ichidan birinchilikni olgan. Amerikaga borib keldi, beshta shtatida bo'lganman, deb aytib berardi. Sayyor Chirchiqda yashagan, o'sha yerda ham ko'p rasmlari, narsalari bor. Portretlarini o'rtoqlari olib ketardi esdalik uchun. Shunday qilib, o'g'lim qanday faoliyat qilganini, qadr-qimmati qanchalik ekanini o'shanda bildim. Ta'ziyada do'stlari guruh-guruh, batalon-batalon bo'lib keldi, shunda har biridan Sayyorimning qanaqa yigit ekanini bilganman. Ular aytardiki, u guruh komandiri bo'lgan paytlarda birovga sen shu yerdan o'tishing kerak demas edi, o'zining avtomatini tepaga ko'tarib, suvdan o'tish kerakmi, botqoqlikdan o'tish kerakmi, o'zi ko'rsatardi, keyin qo'l ostidagilar ko'rib, uning orqasidan o'tar edi. Kimdan eshitsangiz ham, kimdan so'rasangiz ham Sayyorim haqida yonib gapiradi.
Men jim termilaman, albomlardagi suratlarga va bexos albom orasida uncha eski bo'lmagan bolalar suratiga ko'zim tushadi.
– Bular mening Sayyorlarim, – deydi Roziya ona. – Xonadonimizga yo'qlab keladigan do'stlari, harbiylarning Sayyor haqida faxrlanib gaprishlari, uning mardligi, jasoratini qayta-qayta aytishlaridan ko'nglim taskin topadi. O'sha paytlarda ko'pchilik menga qo'ng'iroq qilib yoki uchrashganda “O'g'limga Sayyor deb ism qo'ymoqchiman”, derdi. Ularning bu gaplaridan xursand bo'lardim. Sayyorlarning sog'lig'i, o'qishlaridan xabar olib turardim. Suratlarini yuborishlarini so'rab, farzandimdan faxrlanib o'tiraman. Hozirda Sayyor ismli yigirmadan ortiq bolalarni bilaman, ularning ayrimlari katta yigit bo'lib qolgan. O'zim ham nabiralarimdan biriga shu ismni qo'yganman. Chirchiqqa yo'lim tushganida o'g'limning do'stining xonadonida mehmon bo'ldim. “Ayajon, do'stimning xotirasi doim dilimda, ismi ham tilimdan tushmasin, deb nabirangizga do'stimning ismini qo'yganman, nasib qilsa, uylantirsam, o'zingiz bosh-qosh bo'lasiz”, deydi. Bulardan boshim osmonga yetguday xursand bo'laman. Shunday farzand tarbiya qilganimdan g'ururlanaman. Bolamning qolgan umrini shu yigitlarga qo'shib berishini Xudodan so'rab, duo qilaman!
Suhbatni yakunlab qaytar ekanmiz, onaxonga qo'shilib bir sharpa ta'qib etgandek bo'ladi. O'ylayman, Sayyor Sadinovning ruhi doim onasining yonida, Vatan xizmatiga shay turibdi deb. Qahramonlar o'lmaydi. Ular qaysidir mard yigitning hayotida qayta-qayta yuz ko'rsataveradi.
Muhammadali G'OFFOROV,
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri