Vatan uchun, millat uchun qalqon bo'lgan o'g'lonlar

9 MAY – XOTIRA VA QADRLASh KUNI

(Mustaqillik yillarida tinchlik-osoyishtalik yo'lida halok bo'lgan insonlar xotirasiga)

Mustaqillik yillarida

                 qurbon bo'lgan o'g'lonlar,

“Qurbon bo'lgan” degim kelmas,

                 qo'rg'on bo'lgan o'g'lonlar.

El tinchiyu omonligi,

                 erk-saodat yo'lida,

Vatan uchun, millat uchun

                 qalqon bo'lgan o'g'lonlar.

Gar Vatanga aylanmasa

                 unday ko'ngil ko'ngilmas,

“Halok bo'lgan” degan so'zga

                 ko'ngillar hech ko'nikmas.

“Halok bo'lgan” degim kelmas,

                 bu o'g'lonlar o'lganmas,

Shudring bo'lgan, shamol bo'lgan,

                 osmon bo'lgan o'g'lonlar.

Har bolasi hushyor yurtda

                 qoraymas hech quyoshlar,

Yuzlariga shom pardasin

                 tortmayin tog'u toshlar.

Ota uyda laganlarda

                 qoldi suzilgan oshlar,

Nasibasi tiriklarga

                 armon bo'lgan o'g'lonlar.

Jaholatu qabohatga

                 tik bordingiz berib jon,

Nomingizni yod aylar har ko'cha,

                 har bir xiyobon.

Saharlari samolardan

                 mo'ltiraysiz nigoron,

Osmonlarda zor-intizor

                 Cho'lpon bo'lgan o'g'lonlar.

Birovlari chimildiqqa

                 kirib ham ulgurmagan,

Birovlari yor ko'ziga

                 to'yib ham termulmagan.

Birovlari farzand ko'rib,

                 o'g'il to'ylar qilmagan,

O'z yurtiga qoshu ko'zu

                 mijgon bo'lgan o'g'lonlar.

Birovingiz – Jaloliddin,

                  Bobursiz birovingiz,

Tiriklikdan so'rolmasdan

                  hali dil so'rovingiz.

Burch-sadoqat sarhadida

                  joningiz – garovingiz,

Burch yo'lida jismu joni

                  o'lpon bo'lgan o'g'lonlar.

Siz barhayot o'g'lonlarsiz,

                  siz hech qachon o'lmagan,

O'n sakkizga, yigirmaga,

                   o'ttizga ham to'lmagan,

Bu hayotda o'n gulidan

                   bir guli ham so'lmagan,

Nomu yodi mangu bog'u

                    bo'ston bo'lgan o'g'lonlar.

Ul “Ikkinchi jahon…” degan

                    urushda nolam ketgan,

Mening besh yuz ming lolamu

                    besh yuz ming bolam ketgan.

Har bir ketgan bolam bilan

                    bir buyuk olam ketgan,

Qo'rg'oshinzor ko'ksi ro'yi

                    jahon bo'lgan o'g'lonlar.

Jonim bolam, bu mening ham

                    farzimdir, ham qarzimdir,

Ayni paytda farzandlarga

                     maktubim dil arzimdir.

Vatan – mangu maktabimdir,

                     mening mangu darsimdir,

Umri ibrat maktabida

                     irfon bo'lgan o'g'lonlar.

Sharaf bo'lsin shunday umr,

                     shunday fido har jonga,

Vatan nomi burkangaydir

                     abadiy sharaf-shonga.

She'rlar aytsam nomingizdan

                     Oliy Bosh qo'mondonga,

Matonati ming bir she'ru

                      doston bo'lgan o'g'lonlar.

Xotiraning rangi moviy –

                      zangor osmon ranglidir,

Vatan uchun jon berganlar

                      qadri doim shonlidir.

Ona Vatan bayrog'ida

                      oy, yulduzlar mangudir,

Mana shunday porloq davru

                      davron bo'lgan o'g'lonlar.

 

Sirojiddin SAYYID,

Oliy Majlis Senati a'zosi,

O'zbekiston xalq shoiri

 

“Xalq so'zi” gazetasining

2025 yil 6 may, 91-sonidan olindi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − five =