Ulug'vor o'zgarishlar uchun uyg'onaylik!

yoki Prezidentimizning Parkent tumaniga tashrifidan keyingi o'ylar

…Bolalikning uzun tunlarida xiragina shu'la sochayotgan chiroq atrofida suhbat qurishgan otaxonlar bugungidek yodimda. Hovlimiz sahnidagi mo''jazgina taxta chorpoya shomdan so'ng birdan gavjum bo'lardi. Osmondagi barkashdek oy… uning tegrasidagi jimirlashi ko'zni olgudek yulduzlar… Tegirmonning haybatli guldurashi. Men go'yo ertaklar olamiga tushib qolgandek his qilardim o'zimni. O'sha g'oyat qiziqarli gurunglardagi tasvirlar toshga o'yilgan naqshdek yosh idrokimga muhrlanardi… Farkatimizning hayot tomiri milodiy ikki ming yilliklarga borib tutashishi, shahar Chirchiq daryosi bo'yida qad ko'tarib, kengaya borib, atroflari ichki va tashqi baland devorlar bilan o'ralgan ko'rkam va mustahkam qo'rg'on, bizning Farkatimiz (Parkent deyilmasdi) juda qadimiy qal'a bo'lganligini o'sha suhbatlardan orqali bilib olardim.

Yozda ham cho'qqilaridan qor arimaydigan Chotqol tog' tizmalarining yoshi nechada ekanligi, Parkentni dushmanlar hujumidan asrab qolib, o'zi qo'ylari bilan toshga aylanib qolgan Odamtoshni ko'rish istagi yosh idrokimda yolqinlanib yotardi. Farkat hozirgacha o'zining siru sinoati, tarixiy ildizlari bilan, yog'iylar tomonidan necha bor kunpayakun qilinib, Qaqnus kabi yana qad ko'targan yengilmas pahlavon, qadimiy shahar sifatida hammani hayratga solib keladi. Chor-atrofi buyuk tog'lar bilan o'ralgan, betakror tabiati, dorivor o'simliklari, yam-yashil o'rmon va yoqutdek jilg'alar tovlanib yotgan butazorlari, mag'rur yo'lbarslari-yu, kumush tuyoqli ohulari, behisob g'or va ungurlari, ajdodlarimizning mohirlik bilan qoyatoshlarga chizib qoldirgan rasmlari — dastxatlari… Noyob arxeologik topilmalar qadimiy Parkentning tarix tog'lariga urilib, bizgacha yetib kelgan aks sadolaridir. Ulug' olimlarning geografik asarlarida Parkent va qo'shni qishloqlar nomlarining turli ko'rinish va talaffuzlarda qayta va qayta aytib o'tilishi, hatto qadimda ham aholining sinchli uylar qurishi haqidagi tarixiy dalillar… Ne-ne ulug' zotlar, xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ulug' shoir va shohning Parkentda bir necha bor bo'lishi, oxirgi kelishida tumanning Somsiyrak — hozirgi Samsarak hududida to'xtalib, so'ngra ortga qaray-qaray o'zga diyorga yuz tutishi… Go'yo hozirgacha shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning tulporlari tuyoqlaridan ko'tarilayotgan chang va dukurlari, shohning yurtdan uzilolmay ketayotgan nigohlari meni kuzatib turganday bo'laveradi…

Bugun esa ko'hna Parkent yangi tarixi bilan yuzma-yuz turibdi. Xuddi ertaklardagidek…

Prezidentimizning yaqindagi Parkent tumaniga tashrifi xalq tilaganidek qutlug' tashrif bo'ldi. Bu tashrifgacha yillar mobaynida siljitib bo'lmaydigan qoyatosh ko'rinishiga kelib qolgan, xalqni qiynayotgan muammolar birma-bir diqqat bilan, sinchiklab o'rganildi. Bu muammolarning ildizi Parkent tumani Yuqori Chirchiq tumaniga qo'shib yuborilib, uzoq yillar “qo'l bilan berganga qush to'ymas” qabilida ish tutilgani, odamlarning arzimagan ish uchun ikki tuman o'rtasida sarsonu sargardon kezishlari, shirin-shakar uzumlar maskani bo'lgan Parkent aholisining qozon qaynatish uchun boshqa tuman dalalariga borib, gektar olishlari oddiy holga aylanib qolgan edi. “Bizning ham kosamiz oqararmikan?” — derdi xalq. — Boshimizdan oftob o'tib ketdi-ku!” Odamzod bir ishga qo'l ursa-yu, natija bo'lmasa, hafsalasi so'nadi, ko'ngli soviydi. Uzoq yillar xalq shunday kayfiyatda edi. Har bahorda Chotqol cho'qqilaridan otiladigan sharsharalardan kuch olib, bahor qoru yomg'irlari bilan qo'shilib, jilovlab bo'lmaydigan asov kuchga aylanadi. Sel Parkentning qoq o'rtasidan oqib o'tadigan Parkentsoy ustiga qurilgan omonat ko'prikni necha bor oqizib ketar, ikki qirg'oq atrofida yashaydigan aholi bilan bordi-keldi to'xtar, muammo muammoligicha qolardi. Tashlandiq holga kelgan, sel o'pirgan qirg'oqlar yurish uchun xavfli edi.

Muammolarning zalvorli toshlarini qo'zg'atish yangi, mustahkam, keng, chiroyli ko'prik qurilishidan boshlandi. Bu ko'hna Parkent ko'ksiga xush nasimlarning ilk bor esishi edi. Hozir to'rt tomonga qarab bahri dilingiz ochiladi. Tor ko'prikning eni 12 metrdan 21 metrga kengaytirildi. Piyodalar yo'lakchasidan onajonlarining qo'lidan ushlab, o'ynoqlab ketayotgan bolajonlarga qarab, yuragingiz quvonchdan hapriqadi. Parkentsoyning 4 kilometr qismi to'liq betonlashtirilishi, soy chetida 5 kilometrlik yangi yo'l qurilishi — bular bari xalqimiz kutgan yangi kunning shu'lalaridir. Tuman markazidan o'tgan asosiy ko'chaga yondosh bu yangi yo'l bir kecha-kunduzda o'n ming avtomobilning uzog'ini yaqin qiladi. Tirbandlikning oldini oladi.

Sel o'piradigan joyda ko'rkam “Parkentsoy” aholi massivi qad rostlayapti. Prezidentimiz dastlab ushbu massivga kelib, bu yerda tez fursatda qad rostlagan 27 ta ko'p qavatli ko'rkam uylardagi yangi xonadonlarda yaratilgan shart-sharoitlarni sinchiklab ko'zdan kechirdilar. Umumiy maydoni 6 gektarni tashkil qilgan suv yuvib ketgan hududda 5 ming 500 xonadonni o'z ichiga olgan, umumiy soni 125 ta ko'p qavatli turar-joy qurilmoqda. Bu massiv “Parkentsoy”ning ko'rkiga yana ko'rk bag'ishlagan. Bu loyihalar “BIZ INSON OMILI UChUN XIZMAT QILAMIZ”, deyayotgandek. Dunyoning qaysidir davlatlarida  qirg'inbarot urush ona zaminning pokiza havolarini bulg'ayotgan, tinchlik so'rab, Allohga tinimsiz tavallo qilayotgan onalarning ko'ksidan guldek go'daklarini yulib olib, ajal komiga tortayotgan bir damda bizdagi osuda damlar, otayotgan oppoq tonglar haqqi Yaratganga behisob shukurlar qilishimiz kerak, aziz zamondosh!

Prezidentimiz Parkent tumanida turizmni rivojlantirish maqsadida qiymati 1 milliard 800 million dollar bo'lgan 52 ta loyiha amalga oshirilishi haqida ham to'xtaganlarida, ko'z o'ngimda Uchinchi Renessans tilsimlarining yana bir sahifasi ochilganday bo'ldi.

Sayyohlik tizimi O'zbekistonimizni dunyoga yanada yaqinroq tanitish yo'lidagi yana bir muhim qadamdir. Jannatmakon o'lkamiz, tog'larimiz, Masih nafasli havolarimiz, minglab chuldiroq buloqlarimizning shifobaxsh suvlari… ko'kka bo'y cho'zgan minorlarimiz, qadimiy, tarixiy ulug' obidalarimiz… Bular bari sayyohlar o'qishi zarur bo'lgan buyuk kitoblarimizdir.

Odatda, ommaviy piyoda yurish sayohatlari betakror tog'li tabiat, ulug' daryolar, moviy ko'l, suv omborlari sohillari kabi xushmanzarali joylarda tashkil qilinadi. Bunday maskanlar Toshkent viloyati, xususan, Parkent tumanida juda ko'pligi xalqimizning tabiat qo'ynida orom olib, so'lim, go'zal manzarali joylarda tunash, ovqatlanish, sport bilan shug'ullanishi uchun imkoniyat yaratadi.

Prezidentimiz turizm istiqboli haqida to'xtalib, 100 gektar yerda barpo qilinajak turizm ob'yektlarini alohida qayd qilib o'tdilar. Yil yakunigacha foydalanishga topshiriladigan “Baytqo'rg'on-Parkent” yo'nalishidagi elektrlashtirilgan temir yo'lning qurilishi va elektr poezdning ishga tushishi Parkent tumani xalqi uchun bebaho tuhfadir.

“Xohishing nur ersa, nurga och quchoq”, — deydilar mavlono Jaloliddin Rumiy.

Prezidentimizning yaqinda viloyat va Parkent faollari bilan kechgan suhbatidan inson qalbi, uning fikratidagi nurning ulug' yaratuvchanlik qudratiga ega ekanligi, agar xohish bo'lsa, Parkent xalqi ulug'vor o'zgarishlar uchun uyg'onishi kerakligini angladim.

Bir hovlida uch-to'rt kelinlar bilan qiynalib qolayotgan hamyurtlarimiz bo'ladimi, moddiy yordamga muhtoj yolg'iz insonlar bo'ladimi, xalqni rozi qilish davlatimiz, hukumatimiz oldidagi muhim vazifa ekanligiga to'xtalib o'tdi. So'qoq kabi qishloqlarda besh-etti qavatli uylar qurib zich yashaydigan oilalarga taqsimlab, tomorqasini o'zlariga qoldirib, ekin-tikin uchun imkon yaratib berish zaruratini aytib o'tdilar. Ma'lumki, Parkent tumaniga quyosh yil bo'yi 3000 soatdan ziyod nur ulashadi. Yangi qurilayotgan uy tomlari tepasiga davlat tomonidan quyosh panellari va geokollektorlarning o'rnatilishi muhim tajriba bo'lib, bu amaliyot Parkentda boshlanib, Parkent tajribasi sifatida kelajakda ommalashtirilishi ayni muddaodir. “Olamga quyosh Yaponiyadan chiqsa, O'zbekistonga Parkentdan chiqadi!” — dedilar Prezidentimiz. Parkent xalqiga berilgan bunday baho ayni paytda O'zbekiston xalqiga berilgan baho edi.

Prezidentimiz Yangi O'zbekiston sharafini dunyoga siyosiy iroda bilan ko'rsatmoqda. Parkentda bo'layotgan ulug'vor o'zgarishlar buning yaqqol dalilidir.

 

Men Chotqol bag'rida yaralgan kuyman,

Shudringlarga ko'nglim chayib ulg'aydim.

Jo'shqinlik tiladim shalolalardan,

Xarsanglarga ismim o'yib ulg'aydim.

 

Mayin barglarini silab andizni,

Kuzatdim mehrini — yerga ildizni.

Yalpiz terganlardan asrab yalpizni,

Ariqchaga to'shak yozib ulg'aydim.

Ovloq dalalarda o'chmagan izim,

O'sma, yoshligingman, deb jilmayar nim.

Ertakdanmas, tog'dan — huv, tizim-tizim,

Chinakam yurt sehrin tuyib ulg'aydim, —

 

deb yozadi Parkentning Usmonbek degan shoir bolasi.

Bir paytlar foydali qazilmalari vagon-vagon boshqa yurtlarga yuborilgan Kumushkonning vaqtlar kelib, dunyo talpinadigan sayyohlik maskaniga aylanishi kimning xayoliga kelibdi, deysiz! Bugungi kunda “turizm qishlog'i” deb nom olgan Kumushkonda “ot o'rnini toy bosar”, deganlaridek, otasining ishini muvaffaqiyat bilan davom ettirayotgan Olim Yusupov 16 o'rinli mehmon uyini 48 o'ringa yetkazdi. Saranjom-sarishta, har bir jihozidan milliylik ufurib turgan xonalar mehmonni o'ziga ohanrabodek tortadi. Hovli sahnida xush iforini taratgan rayhonu jambillar, barq urib ochilib yotgan gullar o'z uyingizdagi kabi orom beradi. Har yili ikki ming sayyoh rohatlanib dam olib ketadi. Olimjon yetti kishini ish bilan ta'minlagan.

Farzandlari yonida unga qo'shqanot. Prezidentimizning tadbirkor xonadoniga tashrifi, bergan zarur va foydali maslahatlari Olimjonning hayotidagi yangi sahifaning yozilishi, amalga oshirajak rejalari yo'lida yaratuvchanlik imkoniyatlari eshigining keng ochilishidagi muhim qadam bo'lib qoladi.

Kumushkon hududidagi tog'larga tutash joyda bunyod etilgan intensiv bog'ga tashrifning o'zi bir doston bo'lgulik. Gilos, olma, nok va malinalar hosili ko'zni quvontirishi Yangi O'zbekistonimizning yangi bog'laridagi mevalaridir.

“Meridian Tempo” korxonasiga qarashli ushbu 54 gektar bog'da yetishtirilgan sarxil mevalar dunyo xalqlari dasturxoniga O'zbekiston mevalarining totini eltadi. Fransiya va Ispaniyadan keltirilgan ko'chatlar O'zbekiston tuprog'iga — iqlimiga moslashadi. O'zini o'zi changlaydi. “Aqlli” agregatlar ularni boshqaradi: yerning nami qochsa, avtomatik ravishda sug'oradi. Tog'larning salqin havosi mevalarni kech yetiltiradi. Quyosh panellari nur yig'ib, bog'larga ulashadi.

Etilgan mevalar esa yuz foiz eksport qilinadi. Xalqimiz: “Bog'ni boqsang bog' bo'ladi, botmon dahsar yog' bo'ladi”, deb bejiz karomat qilmagan. Bog' o'z bog'bonining mehnatini daromad bilan ardoqlaydi.

Prezidentimizning Kumushkonga yelka tutib turgan tutash tog'larning “Oltin bel” cho'qqisidagi dam olish maskaniga tashriflari Parkent tonglarining yanada nurga to'lib, porlab otishlari yo'lidagi imkoniyatlardan biridir.

Oltinbelni ko'rishni orzu qilmagan odam kam topiladi. Ammo uni ko'rganlar ham ko'p emas. Asrlar mobaynida pana tortib, ko'zdan nihon bu maskanlar Yangi O'zbekistonimizga bag'rini ochdi.

Bu yerda “Parkent mountain resort” tog'-chang'i kurort zonasi tashkil etildi. Loyihada 1 ta ko'p tarmoqli tashrif markazi, 7 ta dor yo'li, 7 ta tyubanch yo'li, 3 ta tog'-chang'i yo'li, 4 ta mehmonxona, 40 ta villa, 4 qavatli avtoturargoh, restoran, vertolyot maydonchasi, bolalar maydonchasi va boshqa turizm ob'yektlari tashkil etilishi ko'zda tutilgan. Bu yerda Avstriya kompaniyasi tomonidan 1 ming 200 gektar maydonda tog'-chang'i kurorti qurilishi rejalashtirilgan.

Loyiha uch bosqichda amalga oshiriladi va to'liq quvvatda kuniga 15 ming nafar sayyohni qabul qiladi. 600 ga yaqin servis majmualari tashkil etiladi, mavsumiy xizmatlar bilan birga, 10 mingga yaqin ish o'rni yaratiladi…

…Prezidentimiz tashrifi… qutlug' tashrifi mamlakatimiz bo'ylab davom etmoqda. Dunyoning eng ilg'or davlatlari Yangi O'zbekiston va uning muhtaram Prezidentini quchoq ochib qarshilamoqda. Go'yo olam nurga quchoq ochganday!

Sharifa SALIMOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi,

shoira.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − two =