Urug'ni elektr maydonda saralang!

Dehqon va fermer xo'jaliklari uchun yuqori sifatli urug'lik tayyorlab berish loyihasi ishga tushirildi. Bugungi kunda aksariyat dehqon va fermer xo'jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlar urug'larining sifat ko'rsatkichlarini oshirgan holda qayta ekish yo'lga qo'yilmagan.

Loyihada qishloq xo'jaligi ekinlari urug'idan yuqori hosil olishda, boshqa agrotexnik tadbirlar bilan bir qatorda, ekishga tayyorlanadigan urug'larning sifat ko'rsatkichlarini oshiradigan elektr saralagich qurilmasida saralash va zararkunandalarga qarshi dorilash muhim hisoblanadi. Qishloq xo'jalik ekinlari urug'ini elektr maydonda saralash boshqa usullar, ya'ni mexanik va aerodinamik usullarga nisbatan afzalliklarga ega. Bu usul yordamida saralanganda urug'larning barcha muhim fizik-mexanik xossalari, ya'ni geometrik o'lchamlari, massasi, zichligi, elektr qarshiligi va dielektrik singdiruvchanligi, aerodinamik xossalari va boshqa shunga o'xshash xususiyatlar hisobga olinadi. Natijada urug'lik fraksiyaga sifatli, biologik ko'rsatkichlari bir-biriga yaqin, laboratoriya va dala sharoitidagi unuvchanligi hamda potensial hosildorligi yuqori bo'lgan sara urug'lar ajraladi.

Elektr maydonining urug'larga ijobiy ta'sir ko'rsatib, ularning tezroq va bir vaqtda unib chiqishi hamda shuning natijasida nihollarning yaxshi rivojlanishi, hosilning tezroq pishib yetilishini ta'minlashi ham bu usulning qo'shimcha samarasi sifatida muhim ahamiyatga ega. Elektr saralagich qurilmasi intellektual mulk agentligidan “IAP-2020-0324” patent bilan himoyalangan. Ushbu loyiha amalga oshirilsa, dehqon va fermer xo'jaliklari uchun import o'rnini bosadigan, arzon va sifat ko'rsatkichlari yuqori bo'lgan sara urug'liklar tayyorlab beriladi. Natijada urug'lik sarfi kamayadi, nihollar tez o'sib-rivojlanib, hosil erta pishib yetiladi va hosildorlik ko'payishiga erishiladi.

Mazkur loyiha Farg'ona viloyatining Dang'ara tumanida amalga oshirilmoqda.

Inomjon USMONOV,

loyiha rahbari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 1 =