YUTUQ VA REJALAR

Har bir ota-ona farzandi iqboli uchun yelib-yuguradi. Ular uchun jigarbandining kamolini ko‘rishdan ortiq baxt yo‘q.

Bugun yurtimizda yoshlar uchun nimaiki qilinayotgan, qanday imkoniyat yaratilgan bo‘lsa, bu Vatanimizning o‘z dilbandlariga bo‘lgan mehru muhabbatining amaldagi ifodasidir.

 Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlar yangi iste’dodlarni kashf qilmoqda. Sakkiz yo‘nalish, 90 banddan iborat “O‘zbekiston Respublikasida 2015 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi” bilan tanishar ekanmiz, bunga yana bir bor amin bo‘ldik. Yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish maqsadida tashkil qilinayotgan har bir loyiha o‘z mevasini berib kelmoqda. Dasturning yoshlarni qamrab olish darajasi yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan, 2015 yilda Dastur doirasida 72 mingdan ziyod loyiha va tadbirlar o‘tkazilib, ularda 19,5 milliondan ortiq yigit-qiz ishtirok etdi. Dasturning har bir yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlar, suhbatlar, tadbirlar yurtimiz yoshlari tomonidan iliq kutib olindi.

Xususan, dasturning yoshlar huquqiy madaniyatini yuksaltirish, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlarida ularning faolligini oshirish yo‘nalishida o‘tkazilgan tadbirlarda uch milliondan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

Jumladan, umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Huquq bilimdonlari”, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida “Siz qonunni bilasizmi?”, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Tafakkur sinovlari” va “Talabalar bahori” festivali, Kons­titutsiyaning 23 yilligi munosabati bilan barcha hududlarda “Huquqiy savodxonlik oyligi” hamda internet tarmog‘ida “Parlamentarizm bilimdoni” on-layn tanlovi kabi yoshlarning ijtimoiy faolligi va huquqiy ongini o‘stirishga qaratilgan loyihalarda ikki milliondan ortiq yoshlar qatnashdi. Natijada huquq bilimdonlarining soni ko‘paydi. 

Yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, ularda turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish yo‘nalishida o‘tkazilgan tadbirlarda yoshlar katta qiziqish bilan qatnashdi. Respublikaning barcha hududlarida “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostida festival o‘tkazilib, 735 mingga yaqin yoshlar ishtirokida –40 ta tadbir uyushtirildi. Xususan, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Yosh chegarachi”, “Shun­qorlar” harbiy-sport va “Yosh qutqaruvchi” musobaqalari, umumta’lim maktablarida o‘tkazilgan “Mustaqil yurt farzandiman!” mavzuidagi rasm­lar tanlovi hamda “Vatanimizga tayanch bo‘laman!” mavzuidagi insholar tanlovi iqtidorli o‘g‘il-qizlarning ijodiy salohiyatini namoyon etdi. Quvonarlisi, yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, dunyo­qarashini kengaytirish, yangi nashr etilgan kitob­larni mamlakat miqyosida tar­g‘ib qilish maqsadida respublikamizning sakkizta hududida “Kamolot” kitob do‘konlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi va ular aholiga beminnat xizmat qilmoqda.

Yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, ularni ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish yo‘nalishida ham qator ishlar qilindi. Bitiruvchilarni kasbga yo‘naltirish, bandlikni ta’minlash, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan “Ta’lim va mutaxassislik”, “Vatanim taraqqiyotiga mening hissam!” ko‘rgazmalari, “Yosh tadbirkor — yurtga madadkor” loyihasi, “Mening biznes g‘oyam” va “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovlari hamda “Yosh mutaxassislar” Respublika forumini o‘tkazish an’anaga aylanib ulgurdi. Ularda 43 ming nafar iste’dod sohibiga imtiyozli kredit olish uchun tavsiyanomalar berilgani ularning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga katta hissa qo‘shdi. Tadbirkorlik faoliyatini yuritish istagini bildirgan 3–,3 ming nafar kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining 6,4 ming nafariga esa 53,– milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. 2014-2015 o‘quv yilida respublikadagi 1 403 ta kasb-hunar kollejining 453,6 ming nafar bitiruvchisi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlandi.

Ayni paytda respublikaning barcha hududlarida “Bunyodkor” yoshlar mehnat harakati loyihasi doirasida ham ko‘pgina xayrli ishlar olib borilayapti. Masalan, o‘tgan yili 2,7 mingdan ortiq mehnat guruhi tashkil etilib, 45 mingdan ortiq yoshlar mavsumiy ish bilan ta’minlandi.

Bugun yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash va maishiy sharoitlarini yaxshilash ham kun tartibidagi dolzarb masalalardan biri bo‘lib turibdi. O‘tgan yilda (437– ta xonadondan iborat) 111 ta “Kamolot” uylari qurilib, 2 072 ta yosh oilaga topshirildi. Shuningdek, dastur doi­rasida 22–,– milliard so‘m miqdorda ipoteka kreditlari ajratildi. 

Dasturning iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish yo‘nalishida salmoqli natijalarga erishildi. “Kamalak yulduzlari”, “Yurt kelajagi”, “Iste’dod maktabi”, “Innovatsion g‘oyalar”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “XXI asr — intellektual avlod asri”, “Raqs sehri” respublika festivali, “Yoshlik bahori” tanlovi, moda haftaligi, yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar festivali kabi tadbirlarda 250 mingga yaqin tengdoshlarimiz ishtirok etib o‘z intellektual salohiyatlarini namoyon qildi. Turli ijodiy tanlov va festival g‘oliblarining mahoratini oshirishga qaratilgan “Parvoz” o‘quv-ijodiy maktabi tashkil etilishi esa ularning kelajakdagi istiqboliga zamin hozirlaydi.

Vatanparvarlik ruhidagi “Nima qildik Vatan uchun?” yoxud “Biz yoshlar giyohvandlik va terrorizmga qarshimiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan yoshlar festivallari ularni yot g‘oyalar hamda ayrim salbiy illatlardan himoya qilishga xizmat qilmoqda.

Bugun iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni munosib taqdirlash maqsadida  “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilgani intiluvchan yoshlarning yangi qirralarini kashf qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23 yilligi munosabati bilan turli sohalarda yuqori natijalarga erishib kelayotgan 22 nafar faol va iqtidorli yosh ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi.

Bugun yoshlarning katta qismi sportga qiziqmoqda. Darhaqiqat, hech narsa mamlakatni sportchalik dunyoga mashhur qila olmaydi. Jahon arenalarida sportning turli yo‘nalishlarida yuksak cho‘qqilarni zabt etayotgan o‘g‘il-qizlar yurtimiz faxriga aylanmoqda. “Umid nihollari”sport o‘yinlari, futbol bo‘yicha “Kamolot” kubogi” musobaqasi, “Biz— sog‘lom turmush tarzi tarafdorlarimiz!” aktsiyasi, “Kamolot” shaxmat taxtasi”, “Kamolot” g‘unchalari” va “Yashil maydon malikalari” ochiq turnirlari jahon maydonlariga chiqish uchun o‘ziga xos tramplin vazifasini o‘tayapti. Sportga bo‘lgan qiziqishning yildan-yilga ortib borayotgani natijasida “Karting” hamda “Aviamodellashtirish” kabi yangi musobaqalar yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Ayni paytda turli axborot vositalari orqali behayolik, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni tar­g‘ib qiluvchi ma’naviy tahdidlar xavf solayotgani sir emas. Ana shunday ko‘ngilsiz voqealarning oldini olish maqsadida 12 mingdan ortiq reyd o‘tkazilib, ikki mingdan ziyod qonun buzilish holatlari bo‘yicha choralar ko‘rildi. 1,1 milliondan ortiq oila o‘rganilib, tegishli majburiyatlarni bajarmagan 6,9 mingdan ortiq ota-onaga nisbatan chora ko‘rildi. Ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi 2,2 ming nafar voyaga yetmagan bola tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish oromgohlariga jalb etildi. Ma’lum muddat o‘tgach, tarbiya­sidagi ijobiy o‘zgarish sababli ularning 665 nafari hisobdan chiqarildi.

Hozirgi kunda yoshlarning dunyo­qarashini kengaytirish, fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda ommaviy axborot vositalari va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishga katta e’tibor qaratilayapti. Xususan, yosh jurnalistlarning zamonaviy talablar asosida bilim va tajribalarini oshirishga qaratilgan “Yosh jurnalistlar media-treningi”, “Yilning eng faol yosh jurnalisti” respublika tanlovi, “MIT.uz” milliy internet tanlovi, “Best Soft Challenge” kabi tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bosma nashrlarining yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan faoliyatini takomillashtirish Dasturiga muvofiq, tavsiyalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Mazkur Dastur asosida tahririyatlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, xodimlarning malakasini oshirish maqsadida 250 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, ularni sog‘­lom e’tiqod va milliy qadriyatlarga sodiqlik, diniy bag‘rikeng­lik va millatlararo hamjihatlik ruhida tarbiyalash ham bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri bo‘lib turibdi. Shu maqsadda 15 ta hujjatli film tayyorlanib, markaziy telekanallar orqali namoyish etildi, 15 ta maxsus adabiyot chop etildi, 125 ta maqola va risolalar internet tarmoqlariga joylashtirildi. Shuningdek, “Ajdodlar merosi — ma’rifat ziyosi” nomli tuplam 1000 adadda nashr etilib, joylarga yetkazildi.

Dastur doirasida amalga oshirilgan ishlar 2,1 ming teleko‘rsatuv, hujjatli filmlar, 1,1 mingdan ortiq radioeshittirish, shu jumladan, 50 ta yangi teleradiodasturlar, 2 mingdan ortiq informatsion dasturlar orqali yoritib borildi.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi yoshlar huquq va manfaatlarini ta’minlash masalalariga oid ishlarni muvofiqlashtirish hamda tahlil qilish ularni tizimli va samarali tashkil etish, yoshlar masalasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishda muhim hujjat bo‘lmoqda. Dastur doirasida 2016 yilda qilinadigan ishlar joriy yilning 12 yanvarida “Kamolot” yoshlar ijod saroyida mas’ul mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida belgilab olindi. Unga ko‘ra (2015 yilda yoshlarning haqiqiy bayramiga aylangan) “Yoshlar haftaligi”, “Xalq o‘yinlari — barhayot qadriyatlar haftaligi”, “Estrada va yoshlar forumi”, “Ijro zavqi”, “Yoshlar va qonun”, “Yashil chiroq”, “Yoshlar modasi va dizayn”, “Talabalar internet harakati”, “Barkamol avlod— kelajak poydevori” fotoko‘rgazmasi kabi loyihalar amalga oshiriladi. Joriy yil ham zavqqa to‘la, yutuqlarga boy bo‘lishiga ishonamiz. Muhimi, amalga oshiriladigan ishlar yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishiga, mus­taqil hayotga shaxdam qadam qo‘yishlariga, shu el uchun xizmat qilishdek ulkan maqsadlarni amalga oshirishga zamin hozirlaydi.

 Shohsanam KOMILOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × four =