YURTBOSHINING BARHAYOT SABOG‘I VA O‘ZBEKISTONDA SAYLOV

Yaqinda  mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida Ozarboyjonlik kuzatuvchilar orasida siyosatchi jurnalist Tofiq Abbosov ham ishtirok etdi. U Bokuga qaytgach saylov jarayonlaridan olgan taassurotlarini 135 yildan buyon nashr etib kelinayotgan “Kaspiy” gazetasi hamda “Haqqin.az” ommaviy saytlarida e’lon qildi. Quyida  ushbu maqolani e’tiboringizga havola etyapmiz.

 

Markaziy Osiyo an’analari, voqeliklari va mustaqillikning o‘tgan chorak asri mobaynida O‘zbekiston qanday yo‘lni bosib o‘tganidan  yaqindan xabardor bo‘lgan barcha kishilar uchun 4 dekabrda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovlari haqqoniy va qonuniy bo‘lib tuyulishi tabiiy. Ammo bu saylov jarayonida ustunligi yaqqol ko‘rinib turgan faqat Shavkat Mirziyoevning muvaffaqiyati emas, balki mamlakat ziyolilari, sog‘lom kuchlari, bag‘rikeng o‘zbek xalqining haqqoniy va odilona tanlovidir, desak yanada to‘g‘riroq bo‘ladi.  

Jug‘rofiy jihatdan qaynab-toshgan o‘ramaning markazida joylashgan,  aholisi soni va salohiyati jihatidan qudratli bo‘lgan O‘zbekiston istiqlol yillarida jiddiy, ba’zan mashaqqatli sinovlarni boshidan kechirgani holda, bugun yana bitta muhim sinovdan omon-eson o‘tib oldi. 

O‘zbek xalqi mustaqillik yillari mobaynida bir necha marta aniq tanlash san’atini namoyish eta olgan va bu bilan o‘zining istiqbolli ertasi kafolatini ta’minlagan edi. Bunda shak-shubhasiz, Birinchi Prezident Islom Karimovning xizmati beqiyos, albatta. So‘zi va ishi bir bo‘lgan bu inson  fuqaro, davlat rahbari va dono rahnamo sifatida yurtdoshlariga chinakam ishonchli mezon bo‘la oldi. Uning hayotdan ketishi ming-minglab vatandoshlari uchun o‘ta alamli, to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotish bo‘lgani tasodifiy emas. U eng qaltis vaziyatlarda ham o‘zini yo‘qotmasdan, tahdidlardan qo‘rqmasdan eng asosiy maqsad va istiqbol sari intildi. Mana shu ishi bilan u nafaqat zamondoshlari, balki kelgusi avlodlar qalbida ham ishonch tug‘dira oldi. Aynan shu bois ham 4 dekabr kuni Islom Karimovning yo‘li hech bir ikkilanishlarsiz o‘zining mukammalligini tasdiqladi. Mamlakat fuqarolari ertangi kunda qaysi yo‘ldan ketish kerak, degan bosh savolga labbay deya javob bera turib, barqarorlik, ishonchlilik va yorug‘ kelajak uchun   ovoz berdilar.

Mustaqil O‘zbekiston bilan tanishuv tasavvurni darrovda  o‘ziga og‘dirib oladi. Viloyatlarda, shaharu qishloqlarda, guzarlarda  o‘zgarishlar va yangilanishlar benihoya ko‘p. Mamlakatda muhim qarorlarning qanday  ro‘yobga chiqarilayotganiga e’tibor qaratilsa, fursatdan o‘zib ketilayotgani  aniq ayon bo‘ladi.  

Prezident saylovi bo‘lib o‘tgan 4 dekabr kuni saylov qutilari oldiga salkam 20 million saylovchi keldi. Bu ko‘rsatkichdan lol qolmay ilojingiz yo‘q. 32 milliondan ko‘proq nufuzga ega mamlakat aholisining  katta qismini yoshlar tashkil etadi. Albatta, bu holat yangilash dasturlarini amalga oshirishda muhim rol o‘ynamoqda. Alohida ta’kidlash kerakki, mazkur dasturlar bir qator strategik muhim komponentlarni o‘zida qamrab oladi.    

Ulardan birinchisi, so‘zsiz, modernizatsiya, yangilanish. Amalga oshirilayotgan ijtimoiy va iqtisodiy loyihalar sho‘ro davridan mutlaqo farq qilgan holda o‘zining bugungi kun uchun zarurligi bilan yangi hayot poydevorini  barpo etmoqda. 

Besh kishilik Ozarboyjonlik kuzatuvchilardan iborat bizning guruhimiz poytaxtda sezilarli darajada  uzoqda bo‘lgan ikki muhim mintaqa — Samarqand va Buxoro viloyatlarida bo‘ldi.

Poytaxtdan Samarqand, Buxoro va boshqa viloyatlar markazlariga muntazam qatnovchi zamonaviy “Afrosiyob” tezyurar poezdi o‘zining me’moriy  durdonalari bilan nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun sharqda dong taratgan shaharlarga mehmonlarni qulay va osongina yetkazib  qo‘ydi. 

Ayni kunda zamonaviy temir yo‘llar, xizmat ko‘rsatishning yuksak darajasi, qulay shart-sharoitlar  mahalliy xalq uchun odatiy holga aylangan. Ammo Xitoy, Indoneziya, Janubiy Koreya, Frantsiya va Germaniyadan kelgan aksariyat kuzatuvchilar transport infratuzilmasining o‘ta zamonaviyligini ko‘rib, o‘z hayratlarini yashirisha olmadi. Ayrim hamrohlarimizning yarqirab turgan vagonlar va muhtasham vokzallar fonida suratga tushishdan o‘zlarini tiyolmayotgani buni tasdiq etardi. Yangilanish manzaralari mehmonlarni tamomila maftun etib qo‘ygani, zavqlantirayotgani shundoqqina ko‘rinib turardi. 

Tong sahardan ovoz berish boshlangan saylov uchastkalari bilan tanishuv yanada hayratomuz edi. Odamlar saylov uchastkalariga mas’uliyat hissi bilan, ongli ravishda kelishardi. Samarqanddagi choy qadoqlash fabrikasida, Bank kollejida, Buxorodagi markaziy saylov okrugida, xullaski, barcha ovoz berish uchastkalarida saranjom-sarishtalik, ishchanlik muhiti xukmron edi. Nega desangiz, saylovdan ancha ilgariroq hokimiyat idoralari, siyosiy institutlar, jamoat tuzilmalari, yoshlar tashkiloti faollari va OAV vakillari aholini saylov kunida qanday harakat qilish lozimligi borasida batafsil xabardor qilishgan edilar. 

Mahalliy va xorijiy ekspertlar ovoz berish jarayonlarini borishi to‘g‘risida o‘z mulohazalarini bildirishar ekan, ovoz berishda qonunchilik me’yorlariga to‘la rioya qilinayotgani, har bir partiyadan kuzatuvchilar ishtirok etayotgani, umuman, nomzodlar bab-baravar imkoniyatga ega ekanligini ta’kidlashardi. 

Haqiqatdan ham saylov shunday jarayonki, unda ikkinchi darajali narsaning o‘zi yo‘q. Barcha-barchasi, hatto mayda-chuyda texnik detallar ham  muhim ahamiyatga molik va ular umumiy holatga jiddiy ta’sir etadi. Xatoliklardan qochish, yuz berishi mumkin bo‘lgan his-xayajonlar, kelishmovchiliklarning oldini olish uchun yetti o‘lchab bir kesish lozim bo‘ladi. Saylov komissiyasi rahbarlari, texnik xodimlar, mahalliy kuzatuvchilar, mustaqil faollar jarayonni birgalikda kuzatib borishdi va zarurat tug‘ilgan o‘rinlarda kerakli tuzatishlarni ham kiritishdi. 

Asosiy urg‘u berilgan ijtimoiy sheriklik tamoyili hamma joyda o‘zini oqladi. Aytgancha, bu ovoz berishlarda nohukumat tashkilotlari Markaziy saylov komissiyasi bilan kelishuv bitimini imzolagan holda birinchi marta jarayonda ishtirok etdi. Saylov kampaniyasida oshkoralik va shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotgan nodavlat elektron ommaviy axborot vositalari uyushmasi xodimlari ham jarayonga  keng jalb etildi. 

Muhimi, to‘rtta nomzodning har biri targ‘ibot-tashviqot kampaniyasida ijimoiy tarmoqlar xizmatlaridan  bab-baravar foydalanishdi. Va bu ham o‘ziga xos yangilik bo‘lib, ekspertlarning yuksak bahosini oldi. 

Shunisi diqqatga sazovorki, ovoz berishdan ikki kun avval Toshkentda Prezident saylovlarining konstitutsiyaviy huquqiy asoslariga bag‘ishlangan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbek va xorijiy vakillar o‘tgan yillar mobaynida mamlakatda demokratiya negizida rivojlangan tajribani atroflicha tahlil qildilar. Odatda bunday tadbirlar muhokama etiladigan masalalar mohiyatiga ko‘ra, ancha zerikarli bo‘ladi. Bunday paytda ko‘pincha ishtirokchilarning hafsalasi hali o‘t olmasdanoq, so‘nib qoladi. Ammo bu gal anjuman zalida  norasmiy muhokamalar qaynab toshar, ishtirokchilarning har biri o‘z nuqtai nazarlarini bildirishga urinar edi. 

Ma’ruza va chiqishlar, baholar hatto noxolis nigoh bilan qarovchilarning biron-bir e’tiroziga o‘rin qoldirmagan holda saylov jarayoni tizimining xolis va ob’ektiv kechayotganini aniq namoyon etardi.  

Saylovda andozalarga qat’iy rioya etish, qonunchilik negizidagi tub o‘zgarishlar va yangi nazorat texnologiyalari joriy etilishi, saylovchilar haq-huquqlari ta’minlanishidagi chinakam sa’y-harakatlar pirovardida, O‘zbekistonning bu borada ham rivojlangan mamlakatlar  qatoridan o‘rin olishiga imkon berdi. 

Janubiy Koreya, GFR, Yaponiya vakillari tabiiy tanlov huquqi asosida yotgan tizimni nazarda tutganlari holda “o‘zbek modeli” degan iborani qo‘llaganlari tasodifiy emas. Anjuman ishtirokchilari aytgan mulohazalar, tavsiyalar, ularning istak-xohishlari va ezgu tilaklari hech qanday soxtagarchilik va ortiqcha maqtovlarga o‘rin qoldirmagani holda 4 dekabr kuni ro‘yobga chiqdi.  

 Mamlakatdagi turli institutlar o‘tgan yillar davomida milliy mutaxassislarga muhim va ikkinchi darajali masalalarni to‘g‘ri belgilab olishga o‘rgatish  borasida  katta ishni amalga oshira oldi. Strategik ahamiyatga oid maqsadlarda, bu ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, oddiy fuqarolarga yorqin kelajak uchun ovoz berishda tanlov huquqi berilishi har bir o‘zbekning dilida orzu edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Inson o‘tib ketgandan keyin ham o‘z ishlarida, farzandlarida, oilasida yashashda davom etishi haq gap. Islom Karimov o‘z faoliyati va ishlari bilan vatandoshlari oldida barhayotlik san’atini namoyish etib, o‘limdan g‘olib keldi. Mamlakatning minnatdor fuqarolari bu saylovda mazkur bebaho saboqni to‘g‘ri baholaganiga shubha qilishga aslo asos yo‘q.

 

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + 15 =