Dam olish TATIMADI

Dam olish kuni oilamiz bilan soya-salqin biror maskanga borib, hordiq chiqarib kelsakmikin degan fikr tug‘ildi. Bu muammo emas. Poytaxtimiz atrofida o‘azalkent, Chorvoq, Yusufxona, Xumson, Oqtosh, Xo‘jakent kabi ko‘pchilikning tiliga tushgan bahavo, soya-salqin joylar ko‘p. Xullas, maslahatni bir joyga qo‘yib, Chorvoqni tanladik.

Erta tongda Toshkent vokzalidan Xo‘jakentga boradigan elektrichkaga o‘tirdik. Ammo uncha ko‘p yurmasdan kayfiyatimiz tusha boshladi. Nega desangiz, poezd vagonlari almisoqdan qolgan, konditsioner tugul ventilyatsiyasi ham yo‘q edi. Dim havoning qariyalar, bolalar, chaqaloqlarga yomon ta’sir qilayotgani sezila boshladi.
Ancha-muncha yo‘l azobini chekib, Xo‘jakentga yetib keldik. Narxini kelishib, xususiy mashinada Chorvoqqacha bordik. Holbuki, mana shu yo‘nalishga ham hamma uchun qulay va arzon jamoat transport xizmatini yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi-ku. Bundan ham odamlarga, ham davlatga foyda.
Chorvoqda go‘zal tabiat manzaralari, tog‘lar, sharqirab oqayotgan zilol suvlarni ko‘rib ko‘tarilgan kayfiyat bu yerdagi shart-sharoit bilan tanisha boshlagach, yana tusha boshladi. Nafasimizni rostlab olaylik, deb so‘rilarga yaqinlashib, kapalagimiz uchdi. Bitta yog‘och so‘rini bir kunlik ijara bahosi ikki yuz ming so‘m. Sharoit puliga yarasha bo‘lsa achinmaysizku-ya. Afsuski…
Cho‘milish havzasiga borib yana bir noxush manzaraning guvohi bo‘ldik. Erkagu-ayol aralash-quralash bo‘lib, maza qilib cho‘milishayapti. Xotin-qizlar uchun biror to‘siq bilan pana qilingan alohida plyaj qurish kerak ekanda, degan o‘yga bordik. Chunki erkak-ayollarning bir joyda cho‘milishi beozor aytganda, noqulay. Uyat!
Shu o‘rinda yana bir gapni aytish kerak. Bu yil yoz juda issiq keldi. Ammo Toshkenti azimday katta bir shaharda cho‘miladigan maxsus joylarni deyarli ko‘rmaymiz. Xususiy va davlat basseynlari esa bir-biridan qimmat, ustiga-ustak yoz chillasida odamlar bilan tirband.
Vaholanki, bundan 20-30 yillar avval  poytaxtimizga tutash Yangiobod dahasida “Rohat”, “Baxt” ko‘llari bor edi. Endilikda bu ko‘llarning nomi boru o‘zi yo‘q.  Milliy bog‘dagi ko‘l ham cho‘milish uchun juda qulay edi. Turli suv havzalarida cho‘milish mumkin emasligi haqida ogohlantirishlarning bo‘lgani yaxshi, ammo yozning chillasida aholi qayerga borsin?… Xullas, dam olishimiz tatimadi.

Umida XUDOYBERGANOVA,
Toshkent shahri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + nine =