ISMIGA MUNOSIB SIYMO

Xudoybergan Devonov yurtimizda fotografiya, kinematografiyaga tamal toshini qo‘ygan, yuzlab noyob suratlar, ko‘plab hujjatli filmlar yaratgan zot hisoblanadi.

Xudoybergan o‘sib, ulg‘a­yib, o‘qib, o‘rganib qutlug‘ nomiga munosib iste’dod sohibi bo‘lib yetishadi. O‘z davrida xon saroyida xizmat qilgan otasi Nurmuhammad Devonov zehni o‘tkir, tirish­qoq o‘g‘lining ma’rifatli ziyoli bo‘lib yetishishi uchun barcha sharoitni yaratib beradi.

 

Xudoybergan shoh va shoir Feruz, muarrix, adib Bayo­niy va boshqa taniqli kishilar suhbatlaridan bahramand bo‘lib kamol topgan inson. Mashhur xonandalar qo‘shiqlari, sozandalarning kuylarini ting­lab o‘sadi. Uning rus, nemis, fransuz tillarini bilishi o‘z vaqtida zamondoshlarini hayratga sol­gan edi.

X. Devonov 1907-1908 yillarda Moskva, Peterburgda bo‘lib, teles­kop, grammofon, foto hamda kino uskunalar olib keladi. Bularning har biri o‘sha kezlarda alomat mo‘’jiza, noyob matoh hisoblangan. Xudoybergan ko‘plab suratlar ham olgan. “O‘rta Osiyo me’moriy yodgorliklari”, “Turkiston ko‘rinishlari”, “Xiva va xivaliklar”, “To‘rtko‘l”, “Ishchi ayollar”, “Isfandiyorning nabirasi”, “Paxta terimi”, “Xivadagi tantana”, “Ariq tozalash”, “Kustar usulida bo‘z to‘qish” kabi qisqa metrajli filmlarni lentaga muhrlagan. Devonovga qadar ham Xorazmning osori atiqalari, muhtasham binolarni suratga olishga qiziqqan rus va chet el kinooperatorlari ko‘p bo‘lgan – madaniy yodgorliklarga boy Xivani adabiyot, san’at homiysi Feruz soniyni yaqin va uzoq xorijda ham bilishgan. Lekin xorijlik fotograf, operatorlarni xon saroyidagi dabdabali bazmlar, kazo-kazolar, harbiy majlislar, qolaversa mo‘may daromad, sovg‘a-salomlar ko‘proq qiziqtirgan bo‘lsa, X.Devonov oddiy xalqning turmush tarzi, mashaqqatli mehnati, to‘y-marosimlarini bo‘yamay, bejamay, haqqoniy, xolis muhrlashni afzal ko‘rgan.

Keyinchalik X.Devonov maktab, internatlarda ish olib borgan. “O‘zbekiston haqi­qati” “Inqilob quyoshi” gazetalarida muxbirlik qilgan. 1925 yili Toshkentda tashkil etilgan o‘zbek kinostudiyasida ishlagan. Birmuncha muddat o‘tib yana Xorazmga qaytib surat, film olishni davom ettirgan. U mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan yillarda ham sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanishga vaqt, imkon topgan.

Lekin qatag‘on izg‘irini kuchayayotgan ko‘pchilik iste’dod sohiblari boshida qora bulutlar aylanayotgan 1937 yilda u ham kutilmaganda “xalq dushmani” sifatida ayblanib, hibsga olinadi, avval Urganch, keyin Toshkent qamoqxonalarida saqlanadi, so‘roq, qiynoq, azoblar uch yil davom etadi, so‘ng iste’dod sohibining hayoti fojia bilan yakun topadi.

X.Devonov nomi o‘tgan asrning 50-yillarida oqlangan bo‘lsa ham, mustaqillik yillaridagina to‘liq ro‘yobga chiqdi. U haqda birin-ketin maqola, esdaliklar chiqa boshlaydi, 2002 yili “qafasdagi qaldirg‘och” nomli qisqa metrajli hujjatli film yuzaga keladi (Stsenariy muallifi H.Akbarov, rejissyor Sh.Qurbonboyev).

X.Devonov xotira kechasida ushbu film namoyish etilganda mashhur operator plenkaga va tasmaga tushirgan suratlarni, ta’sirli kadrlarni ko‘rib zal larzaga keldi. Bir asr nari-berisidagi voqyealar, odamlar hayotiga bag‘ishlangan fotosurat, kinolavhalar professional mahorat bilan olinganini ko‘rib hayratga tushasiz: shahar, qishloq manzaralari, oyog‘ida choriq, yupun kiyimda qo‘sh haydayotgan, qo‘lda don sochayotgan deh­qonlar, yog‘och dastgohida bo‘z to‘qiyotgan xunarmand, paranji-chachvonli ayollar, moyjuvoz, chig‘iriq, operator delosidagi vahimali yozuvlar, keyingi taqdiri noma’lum, lekin mutlaqo beaybligini bilgani uchun qaytib keladi deb ko‘zi to‘rt bo‘lib kutayotgan Bekajon aya…

Taniqli kinoshunos, professor Hamidulla Akbarov o‘tgan asrning 60-yillarida Moskva arxivlari, Krasnogorsk filmotekasida ishlayotgan kezlari operator tasmaga olgan bir necha filmlarni topishga, qamalgandan keyingi uch yillik taqdiriga oid ma’lumotlarni aniqlashga, Bekajon aya bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan (aya 1973 yilda vafot etgan). «Biz borganimizda, – hikoya qilib berdi Hamidulla aka, – ayani xaroba uyi tomidan chakki o‘tayotgan xonasida narigi xonadagi eridan qolgan ul-bul narsalar, qog‘oz buyumlarni qo‘riqlab o‘tirgan ekan.

Shu kunlarda yurtimizda foto, kino san’ati jadal taraqqiy etayotgan ekan, bu sohaga poydevor qo‘ygan, keng iste’dod sohibi Xudoybergan Devonovni minnatdor bo‘lib eslaymiz.

 

Saydi UMIROV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − seven =