“ZARAFSHON”NING SOYASI HAMMAGA HAM YETMAYDI


Ingliz gazetasi “Gardian” bosh muharriri J.Ferbining fikricha, “auditoriyani doimo allaqanday favqulodda, g‘ayritabiiy xabarlar o‘ziga tortadi. Bizga yoqadimi-yo‘qmi, muvaffaqiyatli tugagan barcha qatnov – safarlardan ko‘ra yagona aviatsiya halokati odamlarni ko‘proq qiziqtiradi”.

G‘arblik hamkasbimizning fikrida jon bor. Har qalay, mushtariy matbuot saviyasini “bo‘lib o‘tdi” qolipidagi axborotlar bilan emas, tanqidiy chiqishlar bilan o‘lchaydi. Bu borada Samarqand viloyatining bosh nashri – “Zarafshon” gazetasi boshqa mahalliy va markaziy nashrlarga ham o‘rnak bo‘lgulik salohiyatga ega.

 

ozir “Zarafshon” nomi bilan atalayotgan ushbu gazeta 1913 yildan buyon chop etiladi. Ayni paytda adadi 20 mingga yaqindir. Nashr­ning bunday imkoniyati mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hayotni, bunyodkorlik ishlari va muhim siyosiy jarayonlarni har tomonlama chuqur, ta’sirchan yoritib borishda qudratli kuch misoli. Ammo bu qudratni “o‘tin yorishga sarflash”, turli alqov, ofarinbozlik va “yashasin” qabilidagi chiqishlar bilan havoga sovurish OAV faoliyatiga nisbatan ishonchsiz kayfiyat uyg‘otadi. Mahalliy nashrlarning aksari ana shunday “yashab” kelayotgan bir paytda, “Zarafshon” sahifalarida mavjud muammolarni bartaraf etishga kurashuvchanlik seziladi. Nashrda so‘roq shaklidagi sarlavhalarning ko‘pligi ham fikrimizni izohlaydi.

Xususan, gazetaning 2014 yil 6 sentyabr sonida A.Sherloxov muallifligida e’lon qilingan “Kim qiladiya, shuginaniya?” maqolasini olaylik. Unda viloyatning Ulug‘ Tursunov ko‘chasiga kiraverishdagi holat – “…ikki oy burun yo‘l kovlanib oqava suv uchun yangi quvurlar yotqizilgani, lekin buzilgan yo‘lni sozlash mutasaddilarning yodidan ko‘tarilgani” tanqid qilinadi.

Yosh, iste’dodli jurnalist Isomiddin Po‘latov o‘zining “Vatan haqida o‘ylab gapiring” maqolasida internetdagi beozor tortishuvlar, dahanaki janglar natijasida millionlab ong axborot ta’siriga berilayotgani, aldanib qolayotganini kuyunchaklik bilan yozadi. Vatan tuyg‘usini yangicha rakursda talqin etadi: “Bugun siz internetdami, bosma nashrlardami, televideniye orqalimi, biror davradami Vataningiz haqida aytgan gapingiz, munosabatingiz kimnidir qiziqtiradi, shubhasini tasdiqlaydi. Demak, o‘ylab gapiring”, – deydi muallif.

Gazetaning 2 oktyabr sonida e’lon qilingan “To‘yni restoranda o‘tkazish shartmi?” (M.Umrzoqov), “Rohatlanishni istaysanmi? Yoxud talaba kiyimidagi yozuvlar” (A.O‘roqov), “To‘lovlar vaqtida undirilyapti(mi?)” (A.Sher­loxov), “Svetoforda quyosh batareyasi bo‘lsa…” (A.Mustafoqulov) singari maqolalarda maishiy hayot manzaralari ijtimoiy darajaga ko‘tariladi.

Jumladan, “Rohatlanishni istaysanmi?..” maqolasida qalamga olingan masala bir qarashda ko‘zdan nari, ammo dolzarb. Muallif universitetda tahsil olayotgan talaba qizlardan birining futbolkasida (old qismida!) “Do you want enjoy with me?” (“Men bilan rohatlanishni xohlaysanmi?”), yana birinikida «Where is my Romeo?» (“Mening Romeom qayerda?”), boshqasinikida esa “New York city is my heaven” (“Nyu-York – mening jannatim”) kabi suratli yozuvlar uchraganini qayd etadi. Bu yerda gap oliy ta’lim muassasalarida kiyi­nish tartibining nochorligi ustida emas, balki ayrim yoshlar ma’naviyatining zaifligi haqida boradi.

Shuningdek, oktyabr-noyabr oyining tegishli sonlarida chop etilgan “Shikoyatning muallifi kim?” (F.Toshev), “Qay biri qiyin?” (A.Yuldoshev), “Ayollarbop she’r yo‘qmi? Yoxud erkaklar qo‘shig‘ini aytayotgan ayollar” (Y.Muhammadiyev), “Telenutq – ona tilimiz ko‘zgusi” (A.Abdusaidov), “Zaxiraning hisob-kitobi bormi?” (O‘.Xudoyberdiyev), “Imkoniyatlar katta, ammo undan kim qanday foydalanayapti?” (A.Ha­yitov), “Shakl berilmagan daraxt hosil ham bermaydi, landshaftni ham buzadi” (T.Shomurodov) kabi tahliliy-tanqidiy materiallarda jamiyatning turli jabhalarida kuzatilayotgan kamchiliklar, ularni bartaraf etish yuzasidan qayg‘urib yoziladi.

Xususan, “Telenutq – ona tilimiz ko‘zgusi” maqolasida A.Abdusaidov qayd etadi: “Ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlari bilib-bilmagan, istab-istamagan holda adabiy til hukmronligi uchun, o‘zbek adabiy tili uchun kurashchidir. Chunki yagona adabiy til, uning qonuniyatlariga amal qilish millat va mamlakat doirasida to‘siqsiz axborot almashinishining yagona vositasidir”. Muallif o‘z fikrini “Nuqtai nazar“, “Baxt formulasi”, “O‘zingni angla!” tok-shoularida nutq madaniyati bobida kuzatilayotgan ayrim kamchiliklar bilan asoslaydi. “O‘zingni angla!” dasturi haqida mulohaza yuritadi: “…to‘liqsiz gap tuzish, inersiyadan noo‘rin foydalanish, shevaga xos talaffuzlar uchraydi: azgina, etganimizdek, bolalarimiza, bizaga, qon olamiza, sho‘tta, kottalashib, bemor manga, ula manga, man, biza, birinchi maslahatimiza, taklif qi­gan­la, bo‘tta, dori-darmonla buyuramiza, hurmatli onalarimiza, ishlavotganini, aytovuza, manbu, yuqorida etib o‘ttim kabilar”.

“Samarqand” gazetasida esa asosiy urg‘u axboriy janr­larga qaratiladi. Mazkur nashr 1904 yil 10 apreldan chiqa boshlagan. Besh yarim mingdan ziyod nusxada chop etiladi (5540). Viloyatdagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy jarayonlar asosan xabar janrida ifoda topgan: “Samarqandda Isroil film­lari”, “Moziydan kelgan kuylar”, “Tennischi yoshlarimiz keyingi bosqichda”, “Osiyo kubogi sovrindorlari”, “Max­sus apparat o‘rnatildi”, “Otinoyilar saralandi” (2014 yil 27 noyabr) kabi.

Shuningdek, gazeta sahifalarida fosh etilgan jinoyatlar, sud hukmi asosidagi ishlanmalar uchraydi, ammo ularni tanqidga yo‘yib bo‘l­maydi. Ular harchand bayonchilikdan iborat bo‘lmasin, omma­ni qiziqtiradi. Masalan, “Parvina”ga parvona bo‘lib…” (S.Elmurodov), “Noqonuniy migratsiya – oxiri xayrli tugamaydigan sayohat” (Z.Burzonov) kabi.

Gazetani mutolaa qilganimizda birikma, darak gap qolipidagi sarlavhalar e’ti­borimizni tortdi. Ular axborotning mazmunini mushtariyga avval boshdan “sotib qo‘yadi” va maqolaning o‘qilish imkoniyatini cheklaydi.

Muallif E.Musurmonovning “Amir Temur davlati ramzining mohiyati nimada?” maqolasi hamda B.Xonkeldiyevning “Sarishtasiz joyda baraka bo‘lmaydi” fotoaybnomasi (2014 yil 4 dekabr) – biri so‘roq gap shaklida ekani, ikkinchisi suratli undovlari bilan qiziqish uy­g‘otadi.

Taassufki, viloyatning bosh­qa ko‘plab nashrlarida mulohazali chiqishlar aytarli kuzatilmaydi. Deylik, ularda ham axboriy janrlar yetakchilik qiladi. Shunga qaramay, bunda yoritilayotgan tahliliy materiallar tadbir yo anjumanning kengaytirilgan shakli, xolos.

Ochig‘i, viloyatda chop etilayotgan boshqa nashrlar tan­qidning nima ekanini unutayozgan bo‘lsa ham, ehtimol. Barmoq bilan sanarli gazetalarni hisobga olmaganda, aksariyatining faoliyati g‘oyat nochor. Ikki mingga yaqin yoki undan salgina ko‘proq nusxada chop etilayotgan “Bulung‘ur hayoti”, “Urgut sadosi”, “Kattaqo‘rg‘on haqiqati”, “Ishtixon ovozi”, “Paxtachi”, “Qo‘shchinor”, “Jomboy tongi”, “Gulobod tongi” singari gazetalar tanqiddan qo‘rqibmi, “Yuz-amri issiq” qabilida yo‘l tutibmi, xullas, “bo‘lib o‘tdi”laru bir dasta alqovlardan nariga o‘tmayotir. Ta’bir joiz bo‘lsa, ularni “Zarafshon” soyasida orom olyapti, de­yish mumkin…

Matbuot kun sayin qudratli kuchga aylanib borayotgan bir paytda, buni his qilmaslik, sezmaslik mumkin emas. Zotan, yuksak marralarni egallagan taqdirdagina matbuotning haqqoniy, haroratli so‘zi har bir yurtdoshimiz yuragida aks-sado beradi va u xalqimizning chinakam ma’naviy hamrohiga aylanadi.

 

Akmal JUMAMURODOV,

“Hurriyat” muxbiri

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 1 =