IJTIMOIY TARMOQLAR:QULAY VA FOYDALISINI TANLANG

Texnikaning kun sayin rivojlanib borayotgani, eng avvalo, hayotimizni yanada yengillashtirishga xizmat qilayotir. Shuning barobarida ayrim yoshlar bugungi texnika yutuqlaridan unumli foydalanayotgani ham bor gap.

Ayni kunda zamonaviy uyali aloqa vositalarini ko‘tarib yurish o‘quvchilar uchun ham odatiy hol bo‘lib qoldi. Ular ko‘cha-ko‘yda uchratgan biror-bir qiziqarli voqyea-hodisani kadrga tushirib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishga harakat qilishadi. Xullas, bu kabi texnik yutuqlar aksariyat yoshlarning «men»iga aylanib ulgurdi.

Hammamiz ham ijtimoiy tarmoqlarda so‘zlashamiz, o‘z profilimizni boyitamiz. Bunda aniq bir obraz paydo bo‘ladi, lekin u ko‘pincha haqiqatda mavjud obrazdan farq qilishi mumkin. Ko‘plar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z obrazini ko‘klarga ko‘tarib yuboradi. Ayniqsa, yoshlar. Ular tarmoqqa eng sara rasmlarini joylaydi, ma’lumotlarni tez-tez yangilaydi. Tabiiyki, ijtimoiy tarmoqlarda uning faolligi boshqalarda mazkur shaxsga qiziqishni keltirib chiqaradi.

Qarabsizki, “internet tufayli sayyoraning istalgan joyi tezda turli soha yangiliklari bilan ta’minlanishi mumkin. Ana shu tufayli insoniyat “umumiy uy”, “umumiy taqdir”, albatta, umumiy tashvishlarga ham ega bo‘ldi”. 

Yoshlar uchun real hayotdan ko‘ra virtual dunyo­da muloqot qulay va yengil. Shu tufayli “axborot asrida ommaviylikdan haqiqiy globallashuvga erishildi, ya’ni bosma va og‘zaki so‘z hamda tasvir bilan yer kurrasini egallash jarayonlari ancha kuchayib ketdi. Bunga texnik ixtirolar, birinchi o‘rinda internet tarmog‘i, bevosita sababchi bo‘ladi”.

Ijtimoiy tarmoqlarga bog‘liqlikning yana bir sababi – bu qiziquvchanlik. Bugungi kunga kelib begonalar hayotiga zimdan ko‘z tashlash, malumot yig‘ish urfga kirdi. Do‘stlar va o‘zgalar hayotini kuzatish imkoniga ega inson xuddi “realiti-shou” ko‘rayotgandek bo‘ladi. Go‘yo bu tuganmas serial – unda sarguzashtlar, tragediya va yumorga ham joy bor.

Demoqchimizki, har bir sohada milliy qadriyatlar bo‘y ko‘rsatib tursin. Bu borada “ZiyoNET” tarmog‘ining e’tirofga loyiq jihatlari ko‘p. Jumladan, o‘z o‘quvchilarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida axborot bilan ta’minlashi nafaqat yoshlar, balki kattalarga ham ma’qul bo‘layapti. Ya’ni, “ZiyoNET” yoshlarni xorijiy tarmoqlarga emas, milliy tarmoqlarga yo‘naltira olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tarmoqda “Ta’lim”, “Guruhlar”, “Savol-javoblar”, “Abitu­riyent”, “Imkoniyatlar”, “Kutubxona”, “Saytlar”, “Arboblar”, “Tadbirlar” va “Muassasalar” kabi qiziqarli ruknlar mavjud.

O‘quv muassasalari “ZiyoNET” singari tafakkurni boyitadigan milliy tarmoqlardan muntazam foydalangandagina yoshlarni zararli axborot hurujlaridan asraydi.

 

Nargiza DO‘SIMBETOVA,

O‘zDJTU o‘qituvchisi

 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 4 =