NAVOIYNI ANGLASH BAXTI

Ulug‘ mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy Sharq klassik adabiyotining barcha janrlarida badiiy barkamol asarlar yaratgan. Shuning uchun ham shoir devonlarining ma’lum bo‘lgan nusxalari nafaqat mamlakatimiz, balki butun jahon kutubxonalarida ham saqlanadi. Alisher Navoiyning o‘lmas merosini batafsil o‘rganish, ularning ko‘p nusxali nashrlarini tayyorlashda adabiyotshunos Suyima G‘aniyeva ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Olimaning Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan qator ilmiy risolalari, shoirning “Majolis un-nafois”, “Munojot” asarlarining rus tiliga qilgan tarjimaci kitobxonlar tomonidan munosib kutib olindi.

  – Alisher Navoiyni faqat tug‘ilgan kunida emas, har doim eslashimiz kerak. Shoirni biror baytini bilmagan inson bilan suhbatlashishni tasavvurimga sig‘dira olmayman, – deydi biz bilan suhbatda Suyima G‘aniyeva.

– Mana, besh yuzi ellik yildan oshibdiki, Alisher Navoiy she’riyat mulkining sultoni sifatida xalqimizning faxriga aylangan. Lekin uning ijodda olamshumul natijalarga erishganlarini Husayn Boyqarosiz, temurzoda hukmdorning yutuq va zafarlarini esa Navoiysiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu ikki zotni bog‘lagan ulug‘ rishtalar, mushtarak maqsadlar  talaygina. Keling, suhbatni ana shu mavzuda  davom ettirsak…

– Nizomiddin Mir Alisher Navoiy davlat arbobi bo‘lgunga qadar ikki tilda yozgan she’rlari bilan barchaga manzur shoir sifatida e’tibor topgan edi. Shoir 1469 yili Samarqandda ekanida Husayn Boyqaro Hirot taxtiga o‘tiradi. Navoiyga maxsus bir farmon va Samarqand hokimi Ahmad Hojibekka maktub yo‘llaydi. Poytaxtga taklif etilgan shoirning o‘sha damlardagi fikr-o‘ylari, taraddudlari uning “Vaqfiya” asarida mufassal bayon etilgan.

Navoiy Hirotga yo‘llanar ekan, “Hiloliya” nomli qasidasini yoza boshlaydi. Unda Husayn Boyqaroga saltanat osmonida ko‘ringan yangi oy – hilol ta’rifi beriladi. Bu qasidada temurzoda hukmdorning shoirligi, ilm ahliga dilbandligi, musiqaga maftunligi, siyratida darveshlik chizgilari borligi qalamga olinadi. Hirotga kelganda Navoiy muhrdorlik lavozimiga tayinlanadi. Uning qo‘lidan davlatning barcha hujjatlari o‘tar edi. Qolaversa, Navoiy Husayn Boyqaro bilan yoshlikdan do‘st bo‘lgan. Xondamir ta’rificha Navoiy: “Tangri marhamati bilan oz vaqt ichida tengdosh va sheriklaridan ilgarilab ketgan. Nozikta’bligi, soflik va sog‘lomligi ovozasi olamga yoyilgan va muborak fikrining dadilligi haqida so‘zlar xalq orasida og‘izdan-og‘izga ko‘chgan arbob” edi. Shu bois, Husayn Boyqaro Navoiyni o‘z yonida bo‘lishini g‘oyat istagan.

Shoirning xavf-xatarni bartaraf etishi, o‘zaro nizo, fitnalarning oldini olishi, Xuroson va Movarounnahr o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni yaxshi yo‘lga qo‘yishi, bunyodkorlik ishlari ko‘lamining kengligi, ilm ahli, adabiyot va san’atga e’tibori tarixiy manbalarda yaxshi yoritilgan.

Navoiy va Xusayn Boyqaroni  yaqindan bog‘lagan rishtalardan yana biri – badiiy  ijod sohasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Husayn Boyqaro “Husayniy” taxallusida she’rlar yozgan. Sohibi devon shoir, uning devoni Afg‘onistonda va ikki marta o‘zimizda nashr etilgan. Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasining sakkizinchi majlisini Husayn Boyqaro she’rlari tahliliga bag‘ishlangan. Bu qism to‘laligicha Afg‘oniston nashrida berilgan.

– Xuroson va Movarounnahr tarixida hazrat Navoiyning nafaqat buyuk shoirlik sifatlari, balki siyosiy faolligi, bunyodkorlik ishlariga qo‘shgan hissalari ehtirom bilan tilga olinadi. Ilmiy kuzatishlaringiz jarayonida ul zotning biz bilmagan yana qanday amallari bo‘lgan, deb o‘ylaysiz?

– Navoiy hayoti, ijodi, muhiti haqida ma’lumotlar ko‘p. Hozir Xondamirning Navoiy haqidagi birinchi “Makorim ul-axloq” asarini to‘liq matni o‘zbek tiliga K.Rahimov tarjimasi bilan (bu nashr afg‘onistonlik olim Abdug‘affor Bayoniy 1981 yilda Kobulda nashr qilgan) nashr qilinmoqda. Unda ma’lum bo‘lgan fikrlar, lavhalar bor. Tarixiy  manbalarda qayd etilishicha, Navoiy 1001 ta bunyodkorlik ishlarini rejalagan ekan. Shundan 370 dan ortig‘ini bajargan. Xondamir Navoiy qurgan rabotu xonaqolar, suv inshootlariyu ko‘priklar, madrasayu masjidlar, shifoxonayu maqbaralar, langarlaru hammomlar va boshqa inshootlarni sanab o‘tgan. Masalan, Nishopur shahridagi Fariduddin Attor maqbarasini bevosita o‘zi ishtirok etib, ta’mirlagan. Hozirgi kunda ham mahobatli, go‘zal bu maqbara Navoiy davridagi holda ziyoratgohga aylangan. Men 2000 yilda mazkur maqbarani ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lgan edim. Mashhadda esa Navoiy Imom Rizo maqbarasining janub tomonga ayvon qurdirgan va ustunlaridan birining toqiga Husayn Boyqaroning nomini yozdirgan. Menga bu maqbara va ayvonni hamda Mashhadda qazilgan ariqni ham ko‘rish nasib etgan edi.

– Mirzo Boburning Navoiy bilan yozishmalari haqida eshitganmiz. Bu tarixiy qiymatga ega bo‘lgan maktublarning asl nusxasi qayerda saqlanadi? Ushbu nomalarning mazmun-mohiyati nimadan iborat?

– Bobur Mirzo Navoiyni ko‘rmagan va “Boburnoma”da maktublar orqali muloqotda bo‘lganliklari manbalarda qayd etilgan. Lekin maktublar bizgacha yetib kelmagan. Bobur qisqa muddat Hirotda bo‘lganida Navoiyning uyi “Unsiya” (shoir o‘z uyi­ni shunday nom, ya’ni do‘stlik uyi deb atagan)da yashagani ma’lum. Boburning Navoiyga hurmati, ijodiga tavajjuhi, tabiat chizgilari atrofidagi yaqinlariga munosabati haqidagi ma’lumotlar “Bobur armoni” kitobida mohirona qayd etilgan. Ammo Bobur va Navoiy maktublari hamon topilmadi. 

– Maqolalaringizning birida Navoiyning tabarruk dastxatlarini ko‘rishga musharraf bo‘lganingizni ma’lum qilib, shoirning “Navodir un-nihoya” devonini alohida tilga olgandingiz. Ushbu devon bilan muhr o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

– Alisher Navoiy o‘zi tuzgan birinchi devoni “Badoye’ ul-bidoya”, ikkinchi devoni “Navodir un-nihoya”dir. Ko‘p yillar olimlarimiz shoirning dastxati qanday ekan, bizgacha o‘z qo‘li bilan yozilgan biror asari yetib kelganmikan, degan savollar atrofida fikr yuritar edilar. Ayrim tadqiqotchilarning anchayin qat’iyyat­ bilan: “Yo‘q, yetib kelmagan, chunki shoirning shaxsiy kotiblari bo‘lgan, biror asari yoki she’rlarini darhol ko‘chirib beraverganlar”, degani ham yodimda.

1976 yilda Eron Milliy kutubxonasida saqlanayotgan qo‘lyozmalar fehristi –  katalogi e’lon qilindi. Bu katalog haqida 1979 yili taniqli olim, akademik B. Valixo‘jayev Andijonda Navoiyga bag‘ishlab o‘tkazilgan XIII ilmiy-an’anaviy konferensiyada Moskva safarida bo‘lgan bir shogirdlari Moskva kutubxonasida Eron katalogini ko‘rganini va unda Navoiy dastxati haqida ma’lumot berilganini aytdilar. Men dar­hol Moskv­aga otlandim va milliy kutubxonadagi katalog bilan tanishdim. Unda berilgan bir sahifa (ikki g‘azal va bir matla’) rasm nusxasini olib kelib, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida va alohida badiiy bukletda dast­xat haqida qisqa ma’lumotlar bilan nashrdan chiqarishga noil bo‘ldim.

Nihoyat, 1991 yilda Firdavsiy “Shohnoma”sining 1000 yilligiga bag‘ishlagan xalqaro konferinsiya munosabati bilan Tehronga borganimda, “Koxi Gu­liston” nomli muzeyda Navoiy dastxati bilan tanishdim. O‘sha hayajonli damlar hamon yodimda. Dastxatning birinchi varag‘ida Navoiy muhri ham bosilgan bo‘lib, unga arab tilidagi bir hadis naqshlangan ekan. Tarjimasi: “Dunyoda bir g‘arib va bir musofirdek yashagil faqir Alisher”. Devon bilan muhr orasidagi uzviylik shuki, muhr shu devon avvaliga bosilgan. Boshqacha izohga ehtiyoj yo‘q. Lekin Navoiy mazkur hadisga hayoti, faoliyati, ijodida astoydil rioya  qilgan. Shunisi diqqatga sazovorki, shoir qit’alaridan birida mazkur hadis mazmunini bergan.

Dedi hazrati mufizi koinot,

Angakim edi huznim o‘ksutkuchi –

Ki, dunyoda bo‘lg‘il nechukkim, g‘arib

Va yoxud aningdekki, yo‘l o‘tkuchi.

Hozircha shoirning o‘z qo‘li bilan yozgan boshqa asarlari ma’lum emas. 2008 yili Eron safarida bo‘lganimda ilmiy anjuman qatnashchilaridan biri “Tabrizda Navoiyning dastxati saqlanadi. Lekin qayerda va qaysi asari bila olmadim”,  dedi. Endi Navoiyning ruhi madad bersa, shoyad uni ham ko‘rish nasib etsa, degan orzular og‘ushida yashayapman.

– Istiqlol yillarida shoirning 10 tomligi katta hajmda nashrdan chiqdi. Ushbu to‘plamning avvalgilardan farqi nimada?

– Avvalo, bu qutlug‘ ish har bir yurtdoshimizni cheksiz quvontirmog‘i shubhasizdir. Navoiy asarlarining ana shunday mukammal chop etilishi mustaqilligimiz sharofatidandir. Ha, bu hech shak-shubhasiz madaniy-adabiy hayotimizda katta voqyea bo‘ldi. 1983 yil boshlanib, 2003 yilda 20-tomi chiqdi. Bu nashr izoh va tarjimalar zamon talablari darajasida bajarilgan.

Istiqlolimizning 20 yiligiga shoirning 10 ta tomligi katta hajmda bezakli qilib nashr qilindi. Hamma asarlari izoh, sharh, she’r va boshqa tarjimalar bilan berilgan. Aytish joizki, istiqlol tufayli ochilgan, kun tartibiga qo‘yilgan Navoiyning tasavvufga oid asarlarining to‘liq matni doston va nasr­dagi an’anaviy “hamd”, “na’t” qism­lari tiklandi. Kerakli izohlar berildi. Shoirning “Munojot”, “Siroj ul-muslimin” asarlari 20 tomlikka kiritildi. Men olti tomni nashrga tayyorladim, ikki tomga muharrir va yana bir tomga izohlarni tuzdim.

– Hazrat Navoiyning aynan,  “Xazoyin ul-moniy” asarini o‘qib uqish ancha mushkul bo‘lsa-da, baribir kitobxonni nazmning ilohiy jozibasi sehrlab qo‘yadi va yana qayta o‘qishga da’vat etadi. Buning sir-sinoati nimada?

– Navoiyning lirik dostonlari va nas­riy asarlarini to‘liq anglash anchayin mushkul. Navoiyning so‘z boyligi bir olam. Unda arabiy va forsiy so‘zlar ko‘p. Shoir ijodi uchun ma’naviy-ma’rifiy bunyod bo‘lgan o‘zidan oldingi forsiydagi she’riyat, diniy, tasavvufiy asarlar arab tilida yozilgan allomalar merosini puxta o‘zlashtirgan. O‘z davrida esa badiiy-ilmiy ijod bilan mashg‘ul bo‘lgan shoiru olimlarga, san’at namoyandalarning ijodiga rahnamolik qilgan. Navoiy asarlarini muntazam o‘qish uchun lug‘atlarni ko‘rish kerak. Hozir maktab darsliklarida, olimlarimiz maqola sharhlarida bu masalaga jiddiy e’tibor qaratmoqda.

– “Majolis un-nafois” – Navoiyning o‘zi yaratgan tazkira. Unda shoir o‘zigacha yashab o‘tgan hamda o‘ziga zamondosh bo‘lgan Movarounnahr va xurosonlik 459 shoir haqida qimmatli ma’lumotlarni beradi. Bu haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?

– Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasi bilan sharq tazkirachiligi an’anasida ikki yangicha yo‘nalishni, ya’ni an’anani boshlab berdi. Biri, savolda aytilganidek, mohiyatan shoirning zamondoshlariga bag‘ishlangan. Ikkinchisi, Navoiy asarni o‘z ona tilida yozgan. Navoiydan keyin forsiy va boshqa sharq tillarida yaratilgan tazkiralar ko‘p yozilgan. “Majolis un-nafois”ni men rus tiliga tarjima qildim. Ushbu asarning ikki forsiy tarjimasi Hindistondagi Madras shahri hamda Tehrondagi bir shoirning kutubxonasida saqlanmoqda. Ayni paytda bu asarning foto nusxasini olishga harakat qilmoqdaman.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat, salomat bo‘ling!

 Adiba UMIROVA

gurunglashdi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − 12 =