SAVDO HAM SAN’AT

Ibrat olsa arzigulik

Insonning omad va baxtga erishish yo‘llari to‘g‘risidagi bir qator asarlari bilan nom qozongan professor Xerbert Kessonning «Savdo san’ati” kitobi bor. Unda yozuvchi bugun dolzarb bo‘lib borayotgan savdo madaniyati, sotuvchi va xaridor munosabatlari hamda molni qanday qilib tez va ko‘p sota olish sirlari haqida qiziqarli ma’lumotlarni keltirgan. “Sotish — bu san’at, — deydi olim. — Uning birinchi va eng muhim qoidasi — sotuvchi mijozni shirin so‘zi, ochiq chehrasi, fahmu farosati, aqliy mantig‘iga tayanib, molini sotib olishga undasin. Shu tariqa ham o‘zining, ham xaridorning manfaatiga mos ish qilgan bo‘ladi.

 Qo‘pollik, qalloblik, yolg‘onchilik savdoga yot va hazar qilinadigan ishdir. Har bir yurt odamlari o‘ziga xos tushuncha va dunyoqarashga ega bo‘lgani bois, ularga o‘zlariga mos muomala bilan mol sotish mumkin. Misol uchun, amerikalik va angliya­lik xaridor bir-biridan keskin farq qiladi. Amerikalikka mol sotish qanchalik qiyin bo‘lsa, angliyalikka sotish undan o‘n chandon qiyin. Chunki ang­liyalik xaridor anoyilardan emas. Qanday fikrni oldiga tashlasangiz ham u laqqa tushmaydi. Qancha ko‘p gapirsangiz, molingizning sotilish ehtimoli shunchalik ozayadi…”.

Qo‘shnimiz Zamira opa bir olam taassurot bilan yaqinda Angliyadan qaytdi. Qizi bilan kuyovi Londonda ishlab o‘qirdi. Farzand ko‘rishibdi.

– Nabiram ikki oylik bo‘lguncha yoshlarga qarashib turdim, – deydi u. – Bahonada shahar aylanib, bu xalqning madaniyatini ancha-muncha o‘rgandim. Avvalo, odamlar orasidagi muomala, bir-biriga qat’iy ishonch diqqatimni tortdi. Savdo-xarid nuqtalaridagi shart-sharoitdan har qanday odam qoniqadi. Sotuvchi va xaridor munosabati havas qilsa arzigulik. O‘zingizga kerakli molning necha xilini desangiz, og‘rinmay muhayyo qilishadi. Mol-mahsulotlarning bahosi deyarli har kuni o‘zgarib turadi. Muhimi, narx oshirilmaydi, aksincha chegirma qilinadi. Kecha olgan molingiz, bugungisi bilan to‘g‘ri kelmaydi va istasangiz yangi bahosida almashtirib olaverasiz. Sotilgan mol 28 kun ichida qaytarilishi yoki almashtirilishi mumkin. Asosiysi, sotuvchi va xaridor bir-birini tushunadi va ishonadi…

Demak, Xerbert Kesson ta’kidlaganidek, angliyaliklarni quruq gap qiziqtirmaydi, faqat sifatli va cho‘ntakbop mol va ikki o‘rtada qat’iy ishonch bo‘lishi kerak. Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlar qatori ushbu davlatda ham savdo madaniyati necha yuz yillar davomida shakllangan va bu fuqarolar hayot tarziga singib ulgurgan.

Zamira opa gap orasida baribir o‘zimizning bozorlarni qo‘msaganini aytadi.    

 

GO‘ZAL yuzga YaRAShMAGAN xol

Ha, bozorlarimizning fayzi bo‘lakcha. Sharq xalqlarida bozor nafaqat xarid-savdo nuqtasi, balki ko‘pchilikning tirikchilik manbai bo‘lib kelgan va yurt ma’murchiligining ko‘zgusi sanalgan. Ulardagi to‘kin-sochinlikka qarab, aholining turmush tarziga baho berilgan. Xalqning moddiy va ma’naviy boyligi, milliy an’ana, udumlari, madaniyati ham aynan ana shu gavjum nuqtada o‘z aksini topgan.

Bugun ham shunday. Qaysi bozorga bormang, zamonaviy uslubda qurilgan inshoot, yozgi va qishki pavilonlar, sarishta ras­talarni ko‘rib, ko‘zingiz quvonadi. Shukrni unutsang, bozorga bor, deb bejiz aytishmagan. Yurtimizdagi to‘kinlik, xushta’m myeva-sabzavotu shirmoy nonlarni hech bir rivojlangan mamlakatdan topib bo‘lmaydi, shukr qilmay bo‘larkanmi. Lekin, har to‘kisda bir ayb: ba’zan ana shu ko‘rkamlikka beyarashiq xoldek bo‘lib turgan tomonlar ham ko‘zga tashlanadi. Afsuski, bizda savdo madaniyati yuqori, deb hozir maqtanolmaymiz. Zamon talablariga mos barpo etilgan super, gipermarketlarda nomiga munosib madaniyat bor, desa bo‘ladi. Ammo bozorlarda ba’zan shunday gap-so‘zlar, bir-birini chuv tushirishlar uchraydiki, hatto shartaki, janjalga moyilroq ayolga qarata “bozorchi xotin” yoki “pistachi xotin”, degan salbiy ma’nodagi nom ham beriladigan bo‘ldi. Tirikchilik dardi insonni ne ko‘ylarga solmaydi, deysiz. Bu xol qo‘yishning bitta ko‘rinishi. Tag‘in, ko‘pincha rastalar bo‘sh turadiyu, odamlar o‘tib qaytadigan yo‘laklarda, hatto zinalarda o‘tirvolib, savdo qilayotganlarga (ularning hammasiyam dehqon emas, “mayda” olibsotarlar ham bor) duch kelasiz. “Nega oyoq ostida o‘tirasizlar, rastalarda joy bor-ku!”, deb so‘rab ko‘ring. Qator vajlarni eshitasiz. Joy to‘lovi qimmatligidan tortib, o‘z holicha narx belgilashga olibsotarlar yo‘l qo‘ymasligi ma’lum bo‘ladi.

Yil bo‘yi ter to‘kib mehnat-mashaqqat bilan yetishtirgan hosilini bozorga olib chiqqan dehqonning kun bo‘yi o‘tirib sotishga vaqti bo‘lmasligi mumkin. Yoki arzon bahoda sota boshlaganini ko‘rgan olibsotar haqi­qatan siquvga oladi, bozorni buzma, deydi. Qarab tursangiz, “Dehqon bozori”da sho‘rlik dehqonga na o‘rin, na son-savog‘ bor (yakka tartibdagilar nazarda tutilmoqda). Ba’zan bunday tortishuvlardan ko‘ra (yoki vaqtini qizg‘anib) mirishkor yer egalari o‘z mahsulotlarini ulgurji narx­da olibsotarga berib ketishni afzal biladi. Bu turdagi “tadbirkor” esa o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir bo‘lib, mahsulotdan ko‘proq foyda ko‘radi. Bunday hollar bozorda narx-navoning sun’iy ravishda o‘sishiga sabab bo‘lmayaptimikin?

– Buyam kamdek, tarozidan ham urishadi. Bir g‘irromlikni eplaganga ikkinchisi ham cho‘t emas-da, – deydi “Shayxontohur” MFY faoli Gulnora Yunusova. – “Chorsu” bozorida bir ayoldan anjir olmoqchi bo‘ldim. Bozor qonun-qoidasiga ko‘ra, avval savdolashdik. Sotuvchi men aytgan narxga rozi bo‘lgach, myevani tortib berdi. Ko‘tarib ko‘rsam, o‘n kilogrammga o‘xshamaydi. Boshqa joyda torttirdim, uch kilo kam chiqdi. Qaytib bordim-da: “Hozir shuni olib ketsam, ikkimiz ham gunohkor bo‘lamiz. Keling, yaxshisi qaytib oling”, dedim. U yoqib-yoqmay, pulimni qaytardi. Demak, tarozisi to‘g‘ri emasligini ochiq bo‘lmasa-da, tan oldi. Qaysi bozorga bormang, shunga o‘xshash holatga duch kelasiz. “Qo‘yliq” bozoridan bir qop kartoshka oldik. Uyga borib to‘kib ko‘rsak, uch kilosi o‘t, to‘rt kilosi tuproq bo‘lib chiqdi. Qaytib eltishning imkoni bo‘lmadi. Ancha payt o‘tib, yana o‘sha bozorga yo‘lim tushdi. O‘sha sotuvchini topib, meni tanidingizmi, deb so‘radim. U rost gapirdimi, yolg‘onmi, har holda avval tanimaganini aytdi. Unga ellik kilogramm, deb bergan bir qop kartoshkasi orasidan nimalar chiqqanini aytganimda, esiga tushdi shekilli, “Men olibsotarman, qopni ochib ko‘rganim yo‘q”, dedi. Demak, bozor degani bir-birini chuv tushirish ekanda, deb kulib qo‘ya qoldim. Ikkala sotuvchi ham mahsulotning bahosida tortishganlarida, ularning bu ishlari halol bo‘lardi, qolaversa, bozor shunisi bilan qiziq-da. Hozir har qanday mahsulotni super, gipermarketlardan ham topish mumkin. Qaytanga saralab olasiz, muddati o‘tgan, yaroqsizini qo‘shib-chatib sotishmaydi. Lekin baholashish degan gap yo‘q, ko‘rsatilgan narxida olish kerak. Buning ustiga biroz qimmat bo‘lgani bois bozorga tushamizu ba’zan haligiday qalloblarga duch kelamiz. Bozorda bir-ikki marta aldangan odam hech bir sotuvchiga ishonmay qo‘yarkan. Shunday payt­da qimmat bo‘lsayam o‘sha marketlar tuzuk ekan, deysan kishi…

 

Bozorda Ham Qonun-Qoida bor

Joriy yilning 21 avgustidan boshlab kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’ektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga asosan savdo qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik jinoiy yurisdiktsiyasidan ma’muriyga o‘tkazildi. Ya’ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 164-moddasi uchinchi qismi quyidagi mazmunda to‘ldirildi: “Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini ko‘p miqdordagi qiymatda buzish – fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa qirq baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”. To‘g‘ri, yuqoridagi holatda savdo qoidalari ko‘p miqdordagi qiymatda buzilgan emas. Ammo respublikamiz qonunlaridan tashqari bozorning ham o‘z azaliy qonun-qoidalari bor. Savdo-tijorat ishlari qadimdan serxosiyat, savobli ish sanalgan. Payg‘ambarimiz ham savdo-sotiq bilan shug‘ullangan va bu muqaddas bitiklarimizda ham o‘z aksini topgan. Ya’ni ularda tijorat bu ikki tarafning roziligi bilan bo‘lmog‘i lozim, deyiladi. Savdo jarayonida sifatli molni bosh­qa, sifati past mahsulotga almashtirib qo‘yish, o‘lchovda miqdordan (tarozidan), to‘lovda tiyin-so‘mlardan urib qolish kabi g‘irromliklarning gunoh ekanligi ko‘rsatilgan. Tajribasiz sotuvchi (dehqon)larni aldab, mollarini arzon-garovga olish va ustama narx bilan sotish ishlari qoralangan. Keksalardan so‘rasangiz yaxshi biladi, avval bozorlarda muhitni doimiy nazorat qilib boradigan baqqollar bo‘lgan (yigit ko‘rki – soqol, bozor ko‘rki – baqqol, degan naql ham o‘sha payt­dan qolgan). Ular bozorni to‘kis tutishda asosiy vazifani o‘taydigan shaxs bo‘lgan. Bir mahsulotning kamayib, ikkinchisining ko‘pa­yib ketishiga, deh­qonning xonavayron bo‘lishiga yo‘l qo‘ymagan. Ham xaridor, ham sotuvchining manfaatini hisobga olgan. Ayni vaqtda “bozorqo‘m” nomini olgan  baqqollar o‘rni bugun unchalik sezilmaydi. Aks holda yuqoridagi beyarashiq xollar ko‘zga tashlanmasdi. Ayrim sotuvchilar o‘z molini o‘tkazish uchun yolg‘on gapirib, qasam ichadilar, metrdan, tarozidan urib qoladilar…

Shunday rivoyat bor: bir ayolning yolg‘iz o‘g‘li va bittagina sigiri bor ekan. Sigirning suti bilan kun ko‘risharkan. U ko‘p pul topishni orzu qilib, sutga suv qo‘shib sotarkan. Oylar, yillar o‘taveribdi. Kunlarning birida qattiq bo‘ron bo‘lib, sel kelibdi. Hammayoqni suv bosibdi. Daryodan kechib o‘tayotib, sutchi ayolning sigiri suvga cho‘kib o‘libdi. U yig‘layverib, ko‘zlari shishib ketibdi. Onasining baqirib-chaqirishiga qarab ezilgan oqil o‘g‘il:

– Ona, nega yig‘laysiz? Sizning necha yilgi sut-qatig‘ingizga qo‘shib sotilgan suv sel bo‘lib, sigirimizni oqizib ketdi-ku, – degan ekan…

Ha, luqmai halol beminnat, deb bejiz aytilmagan.

Mamlakatimizda qisqa muddatda erishilgan muvaffaqiyatlar – bunyodkorlik, iqtisodiy o‘sish sur’atlari, sport, san’at sohasida jahon sahnalarini zabt etayotgan yoshlarimizga havas qilayotgan davlatlar ko‘p. Shular qatori bozorlarimiz azaliy ko‘rkam qiyofasiyu tanti xalqi, savdo madaniyati bilan ham nom qozonsa, deymiz.

 

Xolida FAYZIYEVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =