MOZIYNING BEBAHO JAVOHIRLARI

Qadimiy laparlar, o‘lanlar, xalqimizning turli aytimlari ma’naviy merosimizning bebaho xazinasi hisoblanadi. Ular asrlar mobaynida og‘zaki tarzda avloddan avlodga o‘tib, yashab kelmoqda. Qadriyatlarimizning uzviy qismi bo‘lgan mazkur xazinani asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga yetkazish hammamiz uchun ham qarz, ham farzdir. Bu borada “Shuhrat” medali sovrindori, “Chiroqchi chiroqlari” xalq jamoasining yakkaxoni Hamro momo Murodova shunday deydi:

 — Soha jonkuyarlari – folk­lorshunos olimlar xalq og‘zaki ijodining nodir durdonalari bo‘lmish moziy javohirlarini yig‘ib-yig‘nab, ularni yana xalqning o‘ziga taqdim etishmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, mustaqillik tufayli qadriyatlarimizga qaratilgan e’tibor bu borada ham tub burilish yasadi. Albatta, bugungi kunda sohada qilinayotgan ibratli ishlar ko‘lami keng. Ammo shuni unutmaslik kerakki, noyob durdonalarni jamlash faqat folklorshunos olimlar ishi emas, balki keng jamoatchilik, xususan, xalq jamoalarida faoliyat yuritib kelayotgan ijrochilarning ham muhim vazifasi hisoblanadi.

O‘zim bu ishni barcha yumushlardan ayro holda, ishtiyoq bilan boshlaganman. Qo‘lim bo‘sh qoldi deguncha Qashqadaryoning dashtlari bo‘ylab qadam-baqadam kezib, keksa onaxonu otaxonlar xotirasida saqlanib qolgan qadim qo‘shiqlarni, laparlarni erinmay, qog‘ozga tushirganman va so‘ng jamoa bilan hamkorlikda ularni ijro etganmiz. Xalq qo‘shiqlari sodda, o‘ynoqi shu bilan birga keng qamrovlidir. «Qora uyning eshigi» aytimidagi ushbu satrlarga e’tibor bering:

Qora uyning eshigi,

o‘ijirlaydi oshig‘i,

Orom olsin chaqaloq

Irg‘alganda beshigi.

Bu misralardan ko‘rinib turibdiki, u ona allasiga hamohang. Baholi-qudrat mehnatimiz bilan «Oy kelinim», «Qalqama», «Do‘mbiram», «Yor-yor» va bosh­qa ko‘plab xalq qo‘shiqlariga qayta jon baxsh etdik. O‘tgan yili chop etilgan “Moziy javohirlari” deb nomlangan mo‘’jaz kitobimda ulardan namunalar o‘z aksini topdi.

Ishimning ahamiyati shundaki, ajdodlar birin-ketin o‘taveradi. Ular bilan birga boy ma’naviy meros – qadimgi laparlar, qo‘shiqlar, o‘lanlar o‘tib, unutilib ketishi hech gap emas. Ehtimol, shu paytgacha momolarimiz bisotidagi qanchadan-qancha qo‘shiq va o‘lanlar shu tarz­da yo‘qlikka yuz tutib ketgandir. Afsus, endi, ming urinsak-da, ularni tiklashning imkoni yo‘q. Endilikda, bu xayrli ishga ko‘pchilik bo‘lib urinmasak, sanoqli folklorshunos olimlarning sa’y-harakatlariga orqa qilib, beparvo yuraversak, moziy javohirlarini saqlab qololmaymiz. Avvalambor, ularni saqlab qolish, nevara-evaralarga o‘rgatish vajidan ham bu yumushga bel bog‘laganman.

Qadimiy qo‘shiq va o‘lanlarning har biri o‘z aytilish ohangiga ega. Qisqasi, ular avval qanday ohangda aytilgan bo‘lsa, hozir ham o‘sha ohangda aytilishi lozim. Ayrim keksalarimiz qo‘shiq matni qatorida, uning kuylanish ohangini ham bemalol hadya eta oladilar. Ayrimlari esa bunga qodir emas… Bunday kezlarda men avval aytuvchining xotirasini obdon kovlashtirib, qo‘shiq matnini tiklab olaman. Keyin esa o‘sha matnni turli ohangga solib ayta boshlayman. Agar tanish ohangni topa olsam, qoshimda o‘tirgan odam quvonib ketadi-da: “Ha-ha, xuddi shunday aytilgan…” deydi. Mabodo, urinishlarim foyda bermasa, qo‘shiqning ruhi va mazmuniga qarab, o‘zimiz uni ohangga solamiz.

Qashqadaryoda, xususan, Chiroqchida qadim qo‘shiqlar juda ko‘p. Yoshligimizda yigitlar bir taraf, qizlar bir taraf bo‘lib, ne bir aytishuvlar qilinmagan. Qani o‘sha qo‘shiqlar? Holbuki, bizlar o‘sha ko‘hna o‘lanu termalarni eshitib, ulardan ma’naviy quvvat olib ulg‘ayganmiz.

Shu bois, ovulma-ovul yurib, keksa onaxonu otaxonlar xotirasida saqlanib qolgan ko‘hna qo‘shiqlarni yig‘ish va jamlashga bel bog‘lagandim. Bu anchagina zahmatli yumush ekanligini bilardim. Qadimgi terma va aytimlarni hamma ham bilavermas, bilganlarning esa gohida xotirasi pand berib qolardi. Bitta qo‘shiqni yozib olish uchun ba’zan bir necha kunlab, gohida haftalab ovora bo‘lganlarim esimda. Boz ustiga, Chiroqchi – hududi katta tumanlardan biri, uning u boshidan bu boshiga borib kelguncha bir kun yetmaydi.

Hozir odamlar uyimga kelishadi, bizda qadim bir qo‘shiq bor, yo‘q bo‘lib ketmasin, yozib oling, deb. Ikkinchi ishim qo‘shiqqa havasmand to‘rt-besh nafar qishloq ayolini tevaragimga jamlab, ularga qo‘shiq o‘rgata boshladim. Hammasi o‘zim tengi bola-chaqali, ammo qo‘shiq aytmoqqa havasmand ayollar. Kichik bir jamoa tuzdik-da, sayil va bayramlarda chiqishlar qila boshladik. Dast­lab, yurtda nomi doston bo‘lgan ne bir qo‘shiqchilar bor, birov bizni tinglarmikan, degan hadikda edik. Yo‘q, bizni ting­lovchilar ham ko‘p ekan.

Yillar davomida to‘plangan xazinalarimni sekin-asta kitob holiga keltirib, ularni chop ettirishni niyat qilgan edim. Intilganga tole yor deganlaridek, “Moziy javohirlari” to‘plami yuzaga chiqdi.

Bu ishga meni ruhlantirgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi O‘tkir Tohirov, folklorshunos olim Mamat­qul Jo‘raev, san’atshunos Rustam Abdullaev va boshqalardan minnatdorman. Agar atrofingda seni tushunadigan kishilar bo‘lsa, har qanday og‘ir dovon ham cho‘t emas ekan. Demoqchimanki, hamisha bir-birimizga e’tiborli bo‘laylik. E’tibor bor joyda kishining ruhiyati tetik, ijodkorlik ishtiyoqi yuksak bo‘ladi. Menga rag‘bat va g‘ayrat bergan yana bir narsa, o‘tgan 2015 yilda muhtaram Yurtboshimiz farmonlari bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Qilgan mehnatimni e’tirof etib, mendek oddiy bir o‘zbek ayoliga ko‘rsatilgan bunday ehtiromdan boshim osmonga yetdi. Mendan baxt nima, deb so‘rashsa, qilgan mehnatingdan huzur topish, degan bo‘lardim. Demak, men baxtliman.

 Hamro momo tilidan Abdumajid Azimov yozib oldi.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + 3 =