“QISQA VA LO‘NDA BO‘LSIN!”
Oqdaryo tumanida endilikda so‘lim bir maskan bor. Aytishlaricha, Qorabotir deb nomlangan o‘sha qishloqda ishq va vafoning afsonaviy qahramonlari — Tohir va Zuhraning qabri mavjud ekan. Ushbu maskan tuman ahlining mehnati bilan endilikda so‘lim go‘shaga, obod ziyoratgohga aylandi.
Qalbi ezgulikka oshno insonlar, qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, hamisha el-yurt qayg‘usi bilan yashaydi. Tuman ahlining guvohlik berishicha, bu obodonchilikning tashabbuskori taniqli jurnalist, “Oqdaryo ovozi” gazetasi muharriri Yo‘lchi Muhammadiev bo‘lgan.
Shu kungacha respublika hamda viloyat miqyosidagi ommaviy axborot vositalarida Yo‘lchi Muhammadning shu mavzuda ishonchli faktlarga asoslangan turkum maqolalari e’lon qilindi. Targ‘ibot ishlariga boshqa jurnalistlar ham jalb etildi, teleko‘rsatuvlar tayyorlandi. Niyat xolis — yurtimizning har qarich yerini obod qilish. Maqsad ezgu — ibrat ma’nosida bu haqda boshqalarga-da ma’lum qilish, axir, xayrli va savob ishlar haqida eshitgan qaysi qalb yaxshilikka intilmaydi, deysiz!
U kishining tashabbusini jamoatchilik chin qalbdan ma’qulladi. Bunday xayrli ishlarni keng yoyish maqsadida davra suhbatlari uyushtirildi.
Ziyoratgoh qoshida “Tohir va Zuhra” bog‘i barpo etildi, Oqdaryo sohillarining obodonlashtirilgan hududlarida endilikda “Navro‘z” tantanalari, sumalak sayli kabi xalq sayllari o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Bugun mamlakatimizda halol mehnat qilgan insonning qadri baland. Yo‘lchi Muhammadievning uzoq yillik mehnatlari, intilishlari besamar ketmadi. U 2011 yilda “Yilning eng faol jurnalisti” respublika ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘ldi. Aslida gap g‘oliblikda ham emas, uning xizmatlari e’tirof etilganida. O‘tgan yili esa zahmatkash ijodkorning “Qaytish” nomli hikoyalar to‘plami nashr etilib, muxlislarga havola etildi.
Oqdaryoda Yo‘lchi akani so‘z ustasi, bahs va munozaralarda, maqola yozishu, ijodda ham o‘ziga xos mahoratga ega inson sifatida qadrlashadi. U kishining bitta shiori, talabi bor: “Qisqa va lo‘nda bo‘lsin!”. Bu talab uning ijodiga ham xos.
Tumanda turli sohalarda xizmat qilib, el e’tiborini qozongan insonlar haqidagi “Oqdaryo farzandlari” nomi bilan chop etilgan uch kitob tarixiy jihatdan avlodlarga munosib sovg‘a bo‘ldi. Bundan tashqari, Yo‘lchi akaning tashabbusi bilan “Oqdaryo bayozi” nomli ikki to‘plam ham chop etildi. Yaqin kunlarda esa o‘quvchilar qo‘liga yetib boradigan shu nomdagi uchinchi kitob tom ma’noda tuman ahlining ma’naviy olamini belgilaydi.
Mahalla, maktab, kasb-hunar kollejlari hamda korxona-tashkilotlarda o‘tkaziladigan kitob taqdimotlari, gazetxonlar bilan uchrashuvlar, “Oqdaryo ovozi” qoshida tashkil etilgan “Navnihol” ijodkor yoshlar klubi faoliyati lavhamiz qahramoni ish ko‘lami qirralaridan biridir. U ko‘pgina ijodkorlarning maslakdosh do‘sti, mehribon ustozi hamdir.
Ijodkor, tashabbuskor inson Y.Muhammadiev o‘z oilasida ham xuddi ana shunday olijanob xislatlari bilan to‘rt nafar o‘g‘liga namuna, turmush o‘rtog‘iga qo‘sh qanot. Oila bekasi Bolbuvi Qosimova nafaqada. Ayni damda to‘rt kelin va sakkiz nafar nabiralar uning og‘ushida.
O.NORBEKOV