DUNYO VOQEALARIGA UYG‘OQ SHUUR BILAN
Qarshingizda turgan bolakayni suratga tushirib ko‘ring-a… U sizga qarab shiringina kuladi, ko‘zchalarida quvonch porlaydi. Jajji qo‘lchalarini cho‘zib fotoapparatingizga intiladi…
Butun dunyo bolalari shunday bo‘lsa edi…
Afg‘oniston, Iroq, Suriya kabi mamlakatlarda yashayotgan bolakaylar apparatingizni ko‘rishi bilan beixtiyor taslimman, degandek qo‘llarini tepaga ko‘taradi, qo‘rqqanidan yig‘lab yubormaslik uchun lablarini qattiq tishlab turishadi…
ugun barchani dahshatga solayotgan diniy ekstremizm, terrorizm kabi ofatlar mavzusi “Yosh jurnalistlar klubi”ning e’tiboridan chetda qolmadi. Bu mavzu O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat va sport masalalari kompleksining 2016 yilda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, konfessiyalar va millatlar aro totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi doirasida tashkil etildi. O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi huzuridagi “Yosh jurnalistlar klubi”ning navbatdagi mashg‘ulotida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning yetakchi mutaxassisi Behzod Soipov mavzu yuzasidan ishtirok etdi.
Ko‘rib turibmizki, Yer yuzining terrorchilik harakatlari avj olgan qaynoq nuqtalarida yashash igna ustida yurgandek gap. U yerdagilar ertalab uyidan chiqib bir soatdan keyin qaytib kelishiga ishonmay o‘lim bilan yuzma-yuz yashashmoqda. Ularning ko‘zlarida faqat qo‘rquv va xavotir. Bolalarning qo‘lida o‘yinchoq emas, qurol. Ular beg‘ubor onlarini o‘ldirilgan odamlaru portlatilgan uylar, xo‘rlangan xotin-qizlarni ko‘rish bilan o‘tkazishmoqda. Bu norasidalarda nima ayb? Nima uchun Yaratganning o‘zi ato etgan bolalik zavqu shavqlaridan bunchalik mosuvo?!. Shunday savollar bugun bizni qiynayotganidek o‘sha nafs bandalarining ko‘ngliga (agar ko‘ngil bo‘lsa) birrov bo‘lsa ham kelganda edi… Shunday xayollar bilan bu tashkilotlarning maqsadiyu, amalga oshirayotgan ishlari haqida ma’lumot olar ekanmiz, auditoriyada talaygina savollar paydo bo‘ldi. Masalan, aksariyat nizolarning dinga borib taqalishiga sabab nima?
— Insonlar doim poklikka intiladilar. Iymonli-e’tiqodli bo‘lishni xohlaydilar. Buning kaliti esa din. Shuni hisobga olgan holda din johil kimsalar uchun eng maqbul niqob bo‘layapti, — deydi Behzod Soipov. — Hozirgi kunda 500 dan ortiq terroristik tashkilot ro‘yxatga olingan bo‘lsa, shulardan 80 foizi din niqobi ostida faoliyat olib borayotir. Diniy ekstremizm, terrorizm, kiberterrorchilik ishlari go‘yo din uchun amalga oshirilayotgandek. Ammo bunday jirkanch ishlarning o‘zi dinga yot tushunchalardir. Din va terroristik harakatlar mohiyatini yaxshi tushunmagan ayrim fuqarolar johillar changaliga tushib qolishmoqda. Buning oqibatini OAV orqali barchamiz ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz.
Bu adashgan bandalarning johilona, bo‘lmag‘ur g‘oyalari, harakatlaridan muqaddas Islom diniga e’tiqod qiluvchi sof niyatli insonlar aziyat chekyapti. Diniy tushunchalar, muqaddas kitoblardagi bitiklarning atayin noto‘g‘ri talqin qilinishi oqibatida boshqalarda dinga nisbatan xato tasavvur shakllantirilyapti.
— So‘nggi yillarda qulog‘imizga tez-tez chalinayotgan jihod, shahid, hijrat kabi so‘zlarning ma’nosini bilasizmi? Jihod, bugun bir talay chalasavod yoxud munofiq kimsalar da’vo qilayotganidek qon to‘kish amali emas, go‘zal ibodatdir. Ya’ni u muayyan bir maqsad yo‘lida bor imkoniyatni ishga solib harakat qilish deganidir. Masalan, agar siz biror fanni o‘zlashtirish uchun tinmay harakat qilsangiz, fanga nisbatan jihod qilgan bo‘lasiz. Shuningdek, shahid bo‘lish ham aslida ular tushungandek yoki tushuntirayotgandek emas. Ya’ni o‘sha johil da’vogarlarga o‘xshab yomonlik yo‘lida itday o‘lib ketishni anglatmaydi. Ularning tili bilan aytganda biror joyni portlatish ham emas. Xalq tinchligi, ozodligi yo‘lida halok bo‘lganlarga shahidlar deyiladi, — izoh beradi Behzod Soipov. — Yoki hijrat qilishni olaylik, agar siz yashab turgan maskanda Islom dini amallarini bajarish uchun imkoniyat bo‘lmasa, din erkinligi ta’minlanmagan bo‘lsa, mo‘min kishi emin-erkin ibodat qiladigan joy qidirib, majburan o‘zga yurtga ko‘chib ketishi mumkin. Mana bunga hijrat deyiladi. Shu ma’noda O‘zbekistondan, din erkinligi to‘la-to‘kis ta’minlangan, inson huquqlari qonun bilan muhofaza qilingan mamlakatdan hijrat qilishni qanday tushunish mumkin? Yurtimizda qanchadan-qancha masjidlar, madrasalar faoliyat olib boryapti.
Islom instituti va universiteti kabi diniy ta’lim maskanlarida Islom dinini mukammal egallayman degan har bir kishiga imkoniyatlar eshigi ochiq. Umuman olganda, e’tiqod qilish uchun mamlakatimizda barcha sharoitlar yaratilgan. Har yili o‘n mingga yaqin vatandoshimiz Makkayu Madinaga borib, muqaddas Haj va Umra amallarini bajarib qaytmoqdalar. Demak, dinimiz arkonlarini bajarishlari uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar mavjud.
Bu tushunchalarning asl mohiyati bizga ham mavhumroq edi. Soha mutaxassislari bilan bo‘lib o‘tgan munozaralardan so‘ng ushbu mavzudagi bilimlarimiz ancha boyidi.
Mamlakatimizda inson manfaatini ko‘zlab amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga butun dunyo havas bilan qaramoqda. Insonning baxtli, bekamu ko‘st yashashi uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz tezroq boylik orttirish ilinjida vatanfurushlikdan ham toymayotganini OAVida namoyish etilayotgan lavhalarda ham ko‘rayapmiz.
Ma’lumki, yurtimizda bolalarning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratilgan. Hatto maktabgacha tayyorlovda ingliz tili, rus tili o‘rgatilmoqda. Xalqimizda shunday aqida bor, bolaning ko‘ngli podsho, unga doim eng go‘zal narsalarni ko‘rsatish kerak. Uning dunyoqarashi ham shunga monand shakllanadi. Ammo nafs bandalari bunday o‘ylashmaydi. Ular beg‘ubor bolalarni ham taptortmay jinoyatchiga aylantirishmoqda. “Mujohid shervachchalar” guruhi aynan jangarilikka tayyorlangan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalardan tashkil topgan. Tasavvur qilish juda mushkul. Diydasi qotgan, ko‘zi qonga to‘lgan bu baxtsiz bolalarning taqdiri nima kechadi?
Xo‘sh, dunyoda insoniyatga adolatsizlik qilinayotganda bo‘lajak jurnalistlar asosiy e’tiborni nimaga qaratishlari zarur? Axir, bo‘lib o‘tayotgan voqealarga tomoshabin bo‘lib o‘tirish to‘g‘ri emas-ku?! Shu nuqtai nazardan olib qaralganda ushbu mashg‘ulot tengdoshlarimizni bu haqda chuqqurroq o‘ylab ko‘rishga da’vat etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Tvitterning o‘zida 50 mingta terroristik akkaunt bor ekan. Har bir akkauntda ikki mingtadan auditoriya yig‘ilgan. Bu statistikaning o‘zi ham bizni internet tarmoqlaridan foydalanishimizda hushyorroq bo‘lishga undaydi.
— Mavzuni ichida turib hamma tomonini qamrab ololmaysiz. Tepadan qarasangiz hammasi yaqqol ko‘rinadi, — deydi mashg‘ulot ishtirokchisi «Turkiston» gazetasi bosh muharriri Faxriddin Karimov. — Falonchi diniy ekstremistik harakatga qo‘shilib ketibdi, deyilsa ko‘pchilik namoz o‘qigani, dinga e’tiqod qilgani uchun deb tushunadi. Bu noto‘g‘ri, albatta. Shu jihatdan bo‘lajak hamkasblardan voqelikni to‘g‘ri baholash ko‘nikmasini hosil qilishda “Yosh jurnalistlar klubi”ning tashkil etilgani ma’lum ma’noda vaziyatni to‘g‘ri anglashga xizmat qiladi.
Mashg‘ulot so‘ngida klub a’zolari tomonidan bu kabi munozara, davra suhbatlarini kollej, litseylarda uyushtirish, yoshlar orasida yanada kengroq tushuntirish ishlarini olib borish taklifi o‘rtaga tashlandi.
Shuningdek, klubning jurnalistika sohasida tahsil olayotgan rus guruhi talabalari uchun yana ochiq muloqot “Turkiston Press” axborot agentligi bosh muharriri Luiza Mahmudova bilan o‘tkazildi.
Bugun “fuqarolik jurnalistikasi” deb atalayotgan blogosfera tobora avj olib ketmoqda. Xo‘sh, bu ijobiy holatmi yoki salbiy? Bunga javob topish biroz mushkul. Yurtimizda so‘z erkinligi ta’minlangan. Har bir fuqaro axborot olish va tarqatish huquqiga ega. Bu ijobiy holat. Ammo ular jurnalistlar kabi mas’uliyat va majburiyatga ega emas. Jurnalist tarqatayotgan har bir ma’lumotni kamida uch-to‘rtta manbadan tekshirib ko‘radi, kerakli mulohazalar yuritadi, xulosalar chiqaradi, takliflar kiritadi. Bir so‘z bilan aytganda har tomonlama mukammal materialni auditoriyaga taqdim etadi. Axborot asrida jamiyatning har bir a’zosi axborot olish yoki uni tarqatish borasida shunday imkoniyatga egaki, hatto bu holat tushunmovchiliklarga ham sabab bo‘layapti. Oddiygina misol: falon yerda, mana shunday voqea bo‘lib o‘tdi, deyish bilan ish bitmaydi axir. Na mulohaza, na bir shaxsiy fikr berilmagan axborotni jurnalistik material deyish mumkinmikan? Shu kabi savol har bir klub a’zosini o‘ylantirib qo‘yadi, albatta. Demak, blogosferani biz to‘laqonli jurnalistika deb atay olmaymiz. Jamiyatda insonlar bilan muloqotga kirishishda muomala madaniyati asosiy omil sanaladi. Bu boshqa kasb egalariga qaraganda ayniqsa jurnalist uchun muhimroqdir.
— Jurnalist kasb faoliyati davomida juda ko‘p kishi bilan muloqotda bo‘ladi, — deydi Luiza Mahmudova. — Xushmuomalalik bilan boshlangan muloqot ko‘ngildagidek chiqishi shubhasiz. Ayniqsa, intervyu olayotganda ko‘zingizda ishonch va mamnunlik porlab turishi muhim. Shunda hammasi siz xohlagandek bo‘ladi.
“Yosh jurnalistlar klubi”ning har bir mashg‘uloti ana shunday o‘ziga xos kasbiy mahoratni oshirishga qaratilgani va u bo‘lajak kasb egalarida bilim va tushunchalarini kengaytirishga xizmat qilayotgani quvonarlidir. Bundan tashqari, klub uchun talabalar kasb sirlarini o‘rganish barobarida, bir-birlari bilan fikr almashish madaniyatini shakllantirishga ham xizmat qilmoqda. Bunday qizg‘in suhbatlar nafaqat bilimni, balki davralarda o‘zining asosli fikrini dadil ayta olish ko‘nikmasini ham shakllantiradi. Bu esa jurnalistik faoliyat uchun juda muhim mezondir.
Shohsanam KOMILOVA klub a’zosi