MAQOLA YOZISHDAN AVVAL…

 

Bugungi kunda respublikamizda 700 ga yaqin gazeta, 280 dan ortiq jurnal nashr etilmoqda. Ulardagi ixtisoslashuv turfa va albatta yo‘nalishdan kelib chiqqan holda talqin hamda o‘ziga xos yondashuvlar bo‘lishi tabiiy.

Eng chekka hududlar nashrlarida ham dolzarb mavzularga bildirilgan munosabatlar, faol fuqarolik pozitsiyasi, jamiyatimizdagi turli muammolarning olib chiqilishi o‘sha gazeta jamoasining bugungi kun bilan hamnafas ekanligidan dalolat beradi. Bu quvonarli hol, albatta. Biroq ba’zi gazeta-jurnallarni varaqlar ekansiz, maqolalarda noxolis ma’lumotlar, g‘aliz jumlalar, o‘rniga tushmagan so‘zlar, imloviy xatolar yoki dizayndagi jiddiy nuqsonlar ko‘zga tashlanadi.

 Matbuot va elektron OAVda uchrab turadigan sohaga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlarga zid holatlarning qanday qilib oldini olish mumkin? O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshida tashkil qilingan “Yosh jurnalistlar klubi”ning navbatdagi mashg‘uloti yuqoridagi kabi savollarga javob topish uchun qulay imkoniyat yaratdi. Klub mehmoni — Uyushma ijodiy kengashi a’zosi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi axborot-tahlil guruhi yetakchi muharriri Shoqahhor Salimov ishtirokida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotdan so‘ng klub a’zolari ana shunday fikrga keldilar.

— Demak, gazeta va jurnallar adadi, qamrovi har doim ham ularning sifatini belgilab beruvchi asosiy omil hisoblanmaydi. Ularning saviyasini sahifalardagi materiallarning dolzarbligi, puxta, professional darajada tayyorlanganligi ko‘rsatadi. Bunday materiallarni yozish uchun avvalo oldingizga aniq maqsad qo‘ying va o‘zingizga quyidagi savollarni bering:

— Maqolani nima uchun yozyapman?

— Yozganlarimni kim o‘qiydi?

— Maqoladan o‘quvchi qanday naf ko‘radi?

— Men yozgan maqolam milliy axborot makoni xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi?

Mana shu to‘rt savolga to‘g‘ri javob berganingizdan so‘nggina qo‘lingizga qalam oling. Sh.Salimovning ta’kidlashicha, tahlillar davomida yuqoridagi savollar asosida yozilgan yaxshi maqolalar bilan birga, shunchaki qo‘l uchida yozilgan materiallarni ham tahlil qilishga to‘g‘ri keladi. Sohaga endi kirib kelayotgan klub a’zolari kelajak faoliyatlarida bunday nuqsonlarni takrorlamasligi uchun ayrim nashrlardagi kamchiliklar, xatolar keltirib o‘tildi.

Dastlab imloviy xatolar haqida so‘z yuritilib, misol tariqasida “A’lochi press” gazetasi tahlil etildi. Garchi nomi “A’lochi press” bo‘lsa-da, uning sahifalaridan joy olgan ayrim maqolalarning mualliflari savodxonligi va muharrirning mas’uliyati gazeta nomiga nomunosib ekanligi ko‘zga yaqqol tashlanib qolmoqda. Gazetada e’lon qilingan aksariyat maqolalardagi noto‘g‘ri dalillar, g‘aliz jumlalar, imloviy xatolar ziyrak o‘quvchining ta’bini xira qilishiga aslo shubha yo‘q. Holbuki, gazeta ham savodxonlik va ma’rifat manbaidir. Shuningdek, “Fidoyi yoshlar” gazetasidagi imloviy xatolar ham bundan qolishmaydi. Yoki yana bir gazetada yanvar oyida e’lon qilingan bir materialga e’tibor bering: “Ayni paytda tuman ahli g‘alla va bog‘dorchilikda mo‘l-ko‘l hosil yetishtirib, paxta yig‘im-terimida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Har bir mahalla ahli shavq-zavq bilan o‘ynab-kulib, ellik-yuz kilodan paxta terib, xirmonga baraka kiritmoqda”(?!) Ta’kidlash joizki, nafaqat jurnalist, balki tahririyat muharriri ham, ta’sischi ham materiallarda keltirilgan dalil va raqamlar haqqoniyligi hamda xolisligi uchun qonunda belgilangan tartibda javobgardir. Ya’ni bu yerda so‘z mas’uliyati naqadar og‘ir yuk ekanligini ijodkor, har bir qalamkash chuqur anglashi lozim. Shu o‘rinda “A’lochi press” gazetasida chop etilgan yana bir maqolaga murojaat qilsak. “Men bobom bilan faxrlanaman” sarlavhali maqolada tarixiy sanalarni keltirishda quyidagi xatoga yo‘l qo‘yilgan:

“Bobom 8 aprelda tug‘ilgan. Amir Temur bobomiz ham 8 aprelda tug‘ilgan. Shuning uchun bobomning ismlarini Temur qo‘yishgan”. Vaholanki, ulug‘ bobomiz Amir Temurning tavallud kuni 9 aprel ekanini maktab bolasi ham biladi. “A’lochi”lar esa shuni ham bilishmas ekan. Yoki “Mo‘’jizaviy dunyo” gazetasining so‘nggi sonida bir maqola quyidagicha boshlanadi:

“Mamlakatimizda har yili 1 fevraldan 1 martga qadar “Giyohvandlik oyligi” e’lon qilinadi”… Bu yerda “…ka qarshi kurash” degan iboraning tushib qolishi giyohvandlikdek asr vabosiga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan “oylik” mohiyatini butunlay buzib talqin etgan…

Gazetalarda berilayotgan materiallardan biror-bir mahsulotning yashirin reklamasi sifatida foydalanmaslik, har bir axborot milliy manfaatlarimizga zid targ‘ibot vositasida ishlatilmasligi kerak. “Joziba”(krossvord gazeta) nash-ridagi ba’zi savollar turkumi javoblari ketma-ket tamaki mahsulotlari, spirtli ichimlik nomlarini aks ettirayotganini qanday tushunish mumkin? Yoki “Otdoxnyom” ko‘ngilochar gazetasining sahifalarida e’lon qilingan ayrim maqolalarda milliy tiynatimizga zid, aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, “ommaviy madaniyat”ning eng tuban holatlarini targ‘ib etuvchi manzaralar aks ettirilgani kishini tashvishga solmay qo‘ymaydi, albatta. O‘z o‘rnida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan ushbu holatlar yuzasidan tegishli taqdimnoma chiqarildi.

— Bugun aksariyat ko‘ngilochar gazetalar sahifalarida internet tarmoqlaridan olingan xabarlar, ma’lumotlar salmoqli o‘rin egallaganligi hech kimga sir emas. Internet tarmoqlaridan foydalanish yaxshi. Biroq ulardan ham to‘g‘ri foydalanish kerakligi ayrim tahririyatlar e’tiboridan chetda qolmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri (va noprofessional darajada) tarjima qilish jurnalistni dangasa qilib qo‘ymayaptimikan?.. Ikkinchi tomondan esa, bu holat turli anglashilmovchiliklarga olib kelishi mumkin, – deydi Shoqahhor Salimov. — Masalan, aytaylik, “falon voqea Ussuriyskda sodir bo‘ldi” deya xabar berildi. Ammo internet tarmog‘idan olingan xabar tarjimasida avval davlat, so‘ng viloyat, shahar nomi yozilsa, axborot olish va tarqatish printsiplariga to‘g‘ri yondashilgan bo‘ladi.

Bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Dolzarb, shuning bilan birga, xatolarsiz, tezkor material tayyorlash uchun jurnalistdan qanday ko‘nikmalar talab qilinadi? Biz ayni shu savollar bilan mashg‘ulot ishtirokchilariga murojaat qildik.

O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Mirzo Ulug‘bek Aminov:

— Bugun mashg‘ulotda shuni tushunib yetdimki, puxta va haqqoniy maqolalar yozish uchun eng avvalo jurnalist hayot bilan hamnafas hamda dunyoqarashi keng bo‘lishi, albatta, in’ikos etilayotgan mavzuni teran idrok etishi shart va zarur. Ana shundagina jurnalist o‘z maqolasi bilan maqsadiga erishadi va so‘zsiz keng jamoatchilikda ijtimoiy fikr uyg‘otishi mumkin.

Klub ishtirokchisi Shohsanam Komilova esa, taassurot va xulosalari haqida biz bilan o‘rtoqlashar ekan, mashg‘ulot davomida o‘zi uchun bir qancha maqolaga mavzu bo‘ladigan ma’lumotlar olganini aytib o‘tdi.

— Biz bu yerda olayotgan ma’lumotlar, berilayotgan bilimlardan faqatgina amaliyot davrida yoki ishga kirganimizdan so‘nggina boxabar bo‘lishimiz mumkin edi. Shuning uchun mehnat faoliyatimiz davomida qiyinchiliklarga duch kelishimiz, hatto bunday xatolarga o‘zimiz ham yo‘l qo‘ygan bo‘lardik, balki. Bugungi mahorat darsi tufayli kelgusi faoliyatimizda bu kabi qonun buzilish holatlari, xatolarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qila boshlaymiz, — deydi Sh.Komilova.

Xulosa qilib aytganda, “Yosh jurnalistlar klubi” har bir mashg‘uloti maqsad sari yangi, dadil qadam bo‘lmoqda.

 

Feruza XAYRULLAYEVA,

klub a’zosi

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − 6 =