OAVDA DIZAYN — MUHIM OMIL

Gazeta chop etib, uni mushtariylar qo‘liga yetkazib berish nihoyatda mashaqqatli yumush. Mahsulotingiz risoladagidek bo‘lmasa uni omma qabul qilmaydi. Buning uchun esa tahririyat xodimlari bir tanu bir jon bo‘lib, bor mahorati, iste’dodini ishga solib ijod qilishlari zarur. Ayniqsa, bu jarayonda maqolalarni sahifaga joylab, ko‘rkam dizayn yaratuvchi, oson o‘qiladigan “shrift”lardan foydalanib, mavzuga mos suratlar bilan materiallarga “jon kirituvchi” dizaynerlarning ham mehnati salmoqlidir.

Bir qarashda ular ijodkorga o‘xshamaydi, dizaynerlik qilish uchun kompyuter dasturlari to‘g‘risidagi bilim va undan foydalanish mahorati bo‘lsa, yetarlidek. Aslida esa, buning o‘zi kamlik qiladi, dizaynerlarda nozik estetik did, keng tafakkur, ijodkorlik qobiliyati ham bo‘lishi zarur. Chunki, “dizayn” so‘zining lug‘aviy ma’nosi ham (inglizcha “chizmoq”, “badiiy loyihalamoq”) bu kasb egalari badiiylik, go‘zallik bilan hamnafas insonlar ekanini bildiradi.

Axborot kommunikatsion texnologiyalari rivojlanishi, gazeta sahifalashda yangi dasturlar — peyjmeker, korol, fotoshop paydo bo‘lishi natijasida “zamonaviy dizayn” tushunchasi yuzaga keldi. Internet, televidenie kabi zamonaviy axborot vositalari taraqqiyoti auditoriyaning bosma nashrlarga qo‘yadigan talabini ham kuchaytirdi. Endi kishilar gazeta sahifalaridagi maqolalarning saviyasi, originalligi bilan birga uning dizayni, rasmlar joylashuvi, matnning o‘qish uchun qulayligi, ranglaru shriftlarga ham alohida e’tibor qaratishmoqda. Xo‘sh, bugungi zamonaviy dizayn qanday bo‘lishi kerak? Bu sohada qo‘llanayotgan qanday innovatsion g‘oyalar, zamonaviy tendentsiyalar jahon tajribasida o‘zini oqlayapti? Xalqaro auditoriyaning talabi qanday? 

Zamonaviy xorijiy bosma nashrlarni kuzatar ekanmiz, ular auditoriya talablarini inobatga olgan holda televidenie, internet bilan teng raqobat qila olishi uchun yangi innovatsion g‘oyalar, zamonaviy tendensiyalardan foydalanilayotganini ko‘ramiz. Shulardan biri gazetalarda infografika, diagramma, jadvalli ma’lumotlarni taqdim etishdir. Bularni ma’lum sohaga ixtisoslashgan Rossiyaning “RBK” va Amerikaning “Financial Times” nashrlarida kuzatishimiz mumkin. Bu usul ma’lumotlarni hamma uchun tushunarli, ortiqcha so‘zlardan holi hamda  qiziqarli tasvirlar bilan yetkazib berish imkonini yaratadi. Katta hajmli, faktlarga boy materiallar mazmunini to‘ldirish maqsadida grafik ma’lumotlarni berish, asosiy faktlarni ajratib ko‘rsatish samarali usul hisoblanadi. Yana bir usul — havodan foydalanish, gazeta tilida bu usul “oqlashtirish”, deb ataladi. Sarlavha va matnlar, ular orasidagi materiallarning mag‘zini ochib beruvchi jumlalarni ramka, chiziqlar bilan emas oddiygina bo‘shliq(vozdux) orqali ajratib ko‘rsatishdir. 2009 yilda “The best design” tanlovida birinchi o‘rinni egallagan “Aktsiya” gazetasi bu usuldan keng foydalanadi. Bir qarashda bu dizayn oddiy tuyuladi, lekin undagi kichkina detallarda ham katta mehnat yotganiga guvoh bo‘lasiz. Hindistondagi “Daily Times”, Rossiyadagi “Kommersant”, “Novыe izvestiya” kabi nashrlar sarlavhalarni ko‘zga tashlanadigan katta shriftlarda beradi. Asosiy sarlavha ostida esa maqola mazmunini ochib beruvchi tagsarlavhalar qo‘yiladi. Bunday sarlavhalar mushtariy e’tiborini tortadi, tagsarlavhalar orqali maqola mazmuni haqida ilk taassurotlarga ega bo‘lgan holda, o‘quvchi uni o‘qishi yoki o‘qimasligi mumkin. Individuallik mushtariylarni o‘ziga jalb etish va nashrning boshqa gazetalardan ajralib turishini ta’minlaydi. Ko‘pgina nashrlar bunga o‘ziga xos rang yaratish, yoki bir rangdan doimiy foydalanish orqali erishadi. Masalan, “Argumentы i faktы” qizil rangdan unumli foydalanadi. Yuqorida keltirilgan “Financial Times” gazetasi esa maxsus pushti rangdagi qog‘ozlarda nashr etiladi. Qarabsizki, u sotuv rastalarida boshqa gazetalardan ajralib turadi. Mashhur gazetalardan yana biri “New York Times” XIX asrdan beri gazeta nomining shriftini o‘zgartirmaydi. Bu eski yozuv shrifti bo‘lganligi uchun boshqa nashrlar uni qo‘llamaydi. Mushtariylari minglab gazetalar orasidan nomining o‘zidanoq o‘z nashrini tanib oladi. Demak, ba’zi holatlarda qat’iy an’anaviylik ham mushtariylar soni va hurmatini oshiradi.

Maqola mazmuniga xos rasm tanlashning o‘zi ham bir mahorat. “Agar suratlar chin san’at asari bo‘lsa u sen haqingda so‘zlay boshlaydi”, deb bejiz aytishmagan. Ko‘pincha jarayonni tasvirlovchi suratlar qadrlanadi, ya’ni koptok ushlab turgan futbolchidan uni darvozaga yo‘llayotgan hujumchining surati ta’sirliroq, albatta. Jurnalistik tekshiruvlarga ixtisoslashgan “Sovershenno sekretno” nashrida voqeiy suratlar beriladi. Bunda tasvir orqali maqola mazmunidan mushtariy xabardor qilinadi.

Ko‘pgina nashrlarning yana bir muhim jihati suratlar hajmi katta qilib joylashtiriladi va maqola mazmuniga singishib ketadi. Gazetani qo‘liga olgan mushtariy, avvalo, undagi tasvirlarni tomosha qilishi sir emas. Shuning uchun mavzuga xos suratlarni topish va uni joylashtirish juda muhim.

Matbuotda, asosan, maqolalar saviyasiga katta e’tibor qaratiladi, chindan ham qanchalik chiroyli dizayn qilinmasin maqola o‘qishli bo‘lmasa bekor. Ammo gazeta dizayni mushtariylarda nashr to‘g‘risida ilk taassurotni berishini ham unutmaslik kerak. Shunday ekan, bu uning ommalashuvida birlamchi omildir.

 Sanjar ESHMURODOV 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

1 thought on “OAVDA DIZAYN — MUHIM OMIL

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + 6 =