OLAM GULLARGA TO‘LSIN

Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumandagi «Oq ota» qishloq fuqarolar yig‘ini «Mustaqillik» mahallasida istiqomat qiluvchi Tohir ota va Matluba ayalar oilasiga kattayu kichikning havasi keladi. Chunki bu ibratli oilada totuvlik, hamjihatlik, eng muhimi, mehnatsevarlik mujassamdir.

Halol mehnat esa, shubhasiz, insonni oliy baxt va saodatga yetaklaydi.

Oila sohibi Tohir Abdurahmonov qariyb 44 yil temir yo‘l sohasida ishlab, e’zoz va e’tibor topgan mehnat faxriysidir. Shunday oilada tarbiyalanib, kamol topgan Qahramon Abdurahmonov otasidagi mehnatsevarlik, onasidagi kamtarinlikni hayoti mobaynida qo‘llab, kam bo‘lmayotir.

Tomorqasidagi maydonda gul ko‘chatlari, shuningdek, pomidor, turli karam, baqlajon, bulg‘or qalampiri va boshqa bir necha xil servitamin mahsulotlar ko‘chatlari yetishtirib, olingan mo‘maygina daromadlarni yaxshi kunlariga ishlatmoqdalar. Hozirda Gollandiyadan keltirilgan ushbu urug‘lardan yetishtirilgan 15 mingdan ziyod va 20 turdan ortiq ko‘chatlar baravj rivojlanmoqda. Ayniqsa, gullarning petunya, shafran, verbinya, katarangus, salviya va boshqa bir necha turlari juda xaridorgirdir. Yetishtirilayotgan ko‘chatlar esa Toshkent shahrining va Toshkent viloyatining tumanlari, xususan, tumanimizning barcha hududlariga bir necha yillardan buyon yetkazib berilmoqda.

Gulchilar xonadoniga kirib borar ekanmiz, saranjom-sarishtalik, tozalik va ozodalikdan bahri dilimiz ochildi. Chunki rango-rang, turfa gullar ochilib, fayzli hovliga yanada ko‘rk bag‘ishlardi.

Oilaning fayzu farishtalari bo‘lgan otaxon, onaxonlar esa izzatu ehtiromlarda shunday saodatli kunlar, e’zozli onlar, guldek chiroyli shodiyonalar uchun Yaratganga beadad shukronalar keltirib, qutlug‘ duolarga qo‘l ochardilar.

Shunday piru-badavlat, fayzu farishtali, qutu barokatli, baxtli va saodatli oilalarga havas qilmay bo‘ladimi?

— 45 yildan buyon gulchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Abdurahmonovlar xonadoni hududimizdagi eng ibratli oilalardan sanaladi. Tomorqachilik bilan shug‘ullanayotgan bu kabi oilalar esa hududimizda ko‘plab topiladi, — deydi qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Bahriddin Karimov biz bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida.

Ha, azizlar, «mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroylik», deydilar.

Mehr, oqibatli, oliy ma’lumotli, turli kasb egalari bo‘lgan 4 nafar farzand, qo‘li gul shifokor kelinlar, 8 nafar nevaralar ardog‘ida baxtli keksalik zavqini surayotgan ushbu gulchilar oilasi sohibu sohibalarining qo‘llarida gul, yuzlarida nur, qalblarida esa bahoriy surur jo‘sh urmoqda.

Zero, gullar iforli, yashash totli, hayot esa gullar kabi go‘zaldir.

 

Ravshan MIRZAQULOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − three =