ISLOHOT SAMARALARI

Mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish davlat siyosatining strategik yo‘nalishlaridan biridir. O‘tgan yillar davomida millat genofondini yaxshilash, oilada madaniyatni, ayniqsa, tibbiy madaniyatni yuksaltirish, aholining turmush farovonligini va uzoq umr ko‘rish darajasini oshirish maqsadida sog‘lom avlod tug‘ilishi va uning tarbiyasi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich izchil amalga oshirilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri — davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Sog‘lom ona — sog‘lom bola” dasturi endilikda xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilmoqda.

 Joriy yil 9 fevralda Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturida “Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi” degan hayotbaxsh qadriyat va oliyjanob g‘oya ilgari surilgan. Uning mohiyatini teran anglasak, oilani, onalik hamda bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, jamiyatda onalarga alohida hurmat-ehtirom muhitini mustahkamlash, barkamol avlodni tarbiyalash, oila institutini mustahkamlashda davlat hokimiyati organlari va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘zda tutilganligiga guvoh bo‘lamiz. Oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlar manfaatlarini ta’minlash, kuchli, barqaror va farovon davlat negizi sifatida oila institutini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish esa Adliya vazirligi zimmasiga yuklatilgan.

Unga asosan, oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollar manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom bolani tarbiyalashda ularning rolini oshirish, kuchli, barqaror va ravnaq topayotgan davlatning negizi sifatida oila instituni mustahkamlashga yo‘naltirilgan qonunchilik va normativ huquqiy bazani yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan o‘n to‘rtta normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Shundan, to‘rtta qonun, to‘qqizta Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi, bitta idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasidir.

Yaqinda Adliya vazirligida shu munosabat bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda yuqorida keltirilgan vazifalar bo‘yicha OAV xodimlarini xabardor qilish orqali dastur maqsadi, mohiyatini ommaga yetkazishdan iboratligi ta’kidlab o‘tildi. Va tadbir ishtirokchilariga nazarda tutilgan vazifa yuzasidan qilinajak ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasi yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning vakolatlarini tartibga solishga qaratilgan normalar belgilangan.

“Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, tarkibida genetik modifikatsiya qilingan organizmlar bo‘lgan iste’mol tovarlarini olib kirish va iste’mol qilishni cheklash, shuningdek, bolalarning oziq-ovqatlariga ularni qo‘llashga ta’qiqni kiritishga qaratilgan normalarni nazarda tutadi. Bundan tashqari, Davlat dasturida bolalarning sog‘ligini muhofaza qilish, sog‘lom oilada yashash va tarbiya olish huquqlarini ta’minlashga qaratilgan va yetim bolalar hamda ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni vasiylik (homiylik) belgilanishini rad qiluvchi kasalliklar tartibini nazarda tutuvchi O‘zbekston Respublikasining qonuni loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Shuningdek, rivojlanishda nuqsoni bo‘lgan bolalarni internatlarga joylashtirishning oldini olish, “Muruvvat” bolalar internat-uylari huzurida boshqa davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida band qilish ko‘zda tutilgan. Rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni oilaga va oilaviy muhitga bo‘lgan huquqlarini saqlab qolish bilan birga, ularning reabilitatsiyasi va ijtimoiy muassasalarga kompleks psixologik-pedogogik, tibbiy-sotsial yordam oladigan oilaviy, ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylashni ta’minlash imkonini beradigan kundalik parvarishlash markazlari (guruhlari)ni tashkil etish maqsad qilingan. Bunday markazlar imkoniyati cheklangan bolalarda yashashga bo‘lgan intilishni oshirish, jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topishlariga imkoniyat va ishonch paydo qilishga yordam beradi.

— Bugungi kunda mamlakatimizda oltita “Muruvvat” internat uylari faoliyat olib bormoqda. Ularda tarbiyalanayotgan aksariyat bolalarning ota-onalari, yaqin qarindoshlari bor. Loyihada ko‘zda tutilayotgan ushbu band bunday maskanlarda tarbiyalanayotgan bolalarning oilaga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan bo‘lsa, ikkinchidan oila bag‘rida, biroq hech qanday ta’lim muassasasiga jalb qilinmagan bolalarni rivojlanishida ijobiy natijalarga erishishni maqsad qilib olgan. Kunduzgi bo‘limlar “Muruvvat” uylari ichida tashkil qilinib, ota-onalar ish bilan band paytlari farzandlarini ma’lum soatga shu yerda qoldirib ketishlari mumkin bo‘ladi. Bu — bolalarning ijtimoiylashuviga yordam berishi bilan birga ota-onalarning mehnat faoliyatlarini samarali olib borishlariga ham imkon beradi. Loyihaning hayotga tatbiq qilinishi ko‘plab imkoniyati cheklangan bolalarning qobiliyatlarini yuzaga chiqarishiga ishonamiz, — deydi Respublika bolalar ijtimoiy-moslashuv markazi, bolalarning huquqiy muammolarini o‘rganish bo‘limi rahbari Yulduzxon Umarbekova.

Yurtimizdagi har bir islohot “Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun” tamoyili asosida olib borilayotganining yana bir isboti bo‘lgan bu kabi ishlar ertamiz egalarining har tomonlama sog‘lom bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.

 Feruza NURMATOVA 

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 3 =