EZGULIKKA CHO‘ZILGAN QO‘LLAR
Bir bola ko‘chaning narigi tomoniga o‘tishga chog‘lanib turganini ko‘rdim. O‘quvchi ekan. Oldiga bordim-da: “Yur, birga o‘tamiz”, dedim. U salom berib, qo‘lini uzatdi. Bilsam…
Poytaxtimizning Yashnobod tumani, Parkent ko‘chasida ko‘zi ojizlar maktab-internati joylashgan. Bu maskanda ta’lim olayotgan bolalar bo‘sh vaqtlarini samarasiz o‘tkazmaydi. Fursat topildi deguncha, kimdir rasm chizadi, kashta, gilam to‘qiydi, qo‘shiq kuylaydi, yana kimdir turli o‘yinchoqlar yasash, musiqa bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bu yerda 288 nafar bola ta’lim-tarbiya oladi. Besh mahal ovqat, yotoqxona, yorug‘ va shinam sinfxonalar, darsliklar, o‘quv qurollari bolalar ixtiyorida. Shuningdek, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini yanada maroqli o‘tkazish, sport bilan mashg‘ul bo‘lishlari uchun sharoit mavjud, turli to‘garaklar tashkil etilgan. Ular orasida hatto xalqaro tanlovlar g‘olibi ham bor.
Mazkur dargoh rahbari, professor Movlon Maqsudov o‘quvchilarning nafaqat bilim olishda zukkoligi, yaratuvchanlik qobiliyatlari ham yuqoriligini ta’kidlaydi. Suhbatimiz davomida tipografika o‘qituvchisi Abdusalom Nabiev o‘quvchilarning saboqlarni o‘zlashtirishdagi yutuqlaridan faxrlandi:
— Imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlash o‘qituvchidan o‘ta mas’uliyat talab qiladi. Ularning muomalasi shirin, axloq-odobi risoladagidek. Eng muhimi, bilim olishga ishtiyoqi baland. Bu biz o‘qituvchilarni ular bilan yanada ko‘proq mashg‘ulot olib borishga undaydi. O‘quvchilarimiz juda ziyrak, har bir so‘zimizni diqqat bilan eshitadi. Bizning asosiy vazifamiz ularni hayotga yo‘naltirish, o‘z o‘rnini topishda qo‘limizdan kelgan yordam, bilim-malakalarni berish.
Ustoz Abdusalom aka o‘quvchilar bilan tanishtirish uchun darsga taklif qildi. Mehnat darsi. 6-“A” sinf o‘quvchilari. Ular turli buyumlar yasash bilan band. Zilola Ahmedova, Farida Ravshanova, Munisa Erkinbekova, To‘xtajon Tojiddinova, Yulduz Musaboeva, Li Yulya va Madina Murodullaevalarning mehnat darsida yaratgan ijod namunalari maktabning iftixori sanaladi. Bunday ijodiy ishlar maktab ma’muriyati va ustozlar tomonidan doimiy rag‘batlantirilib boriladi. 6-“A” sinf o‘quvchisi Zilola Ahmedovaning yasagan buyumlari, boshqalarnikidan alohida ajralib turadi. Albatta, bunday yutuqlar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Qobiliyat, shijoat bilan birga, ustozlardan ham yuksak malaka va tajriba talab etildi.
— O‘quvchilarimizda ijodiy salohiyat kuchli bo‘ladi. Ularga vaqtida yetarli e’tibor berilsa qobiliyatlari yanada ochilaveradi, – deydi maktabning mehnat o‘qituvchisi Ra’no Otaxonova. — Ustozlarimiz Hilola Jo‘raeva, Surayyo Hakimovalar bilan birga nafaqat qizlar, balki, o‘g‘il bolalarga ham gilam to‘qishni o‘rgatyapmiz. Barmoqlar yordamida his etib yaratgan naqshinkor kashtalar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmoqda.
O‘quvchilarning ijodiy ishlari uchun alohida xona ajratilgan. Xonaga kirar ekanman, haqiqiy san’at muzeyini ko‘rgandek bo‘ldim. Tugma, munchoqlardan tikilgan turli naqshinkor kashtalarni ko‘rganda, nahot shu san’at namunalarini o‘quvchilar yasagan, deya hayratda qolasan, kishi.
O‘rta bo‘y, bug‘doyrang, tim qora va uzun sochli qizaloq oq ipakdan nimcha to‘qirdi. Ismi — Zilola. U yangi buyum yarata oladi, o‘qiydi, yozadi… Bu maskanda Zilola kabi iste’dodli o‘quvchilar talaygina. Shu payt, maktabimizga mehmon kelibdi, deya birin-ketin o‘quvchilar sinfxonaga yig‘ila boshladi. Zikrillo Mirzaevning «Vatan» nomli she’ridan so‘ng, suhbatimiz kuy-qo‘shiqqa ulanib ketdi. 5-“B” sinf o‘quvchisi Umidjon Muhammadjonov sinfga kirayotganida hamma “hofiz kelyapti”, deb, uni olqishladi. U:
“…Yuzda dog‘ing bo‘lsa bo‘lsin.
Dilda dog‘ing bo‘lmasin…” deb qo‘shiq kuylaganida bir muddat xonani sukunat qopladi, so‘ng olqishlar… Bu qo‘shiq boshqalarni ham ilhomlantirdi. Navbatdagi ijroni Kamolaxon Davlatova davom ettirdi. Kamolaning qo‘shig‘idagi misralarda yaratuvchanlik, ertangi kunga ishonch, ohangning sho‘xchanligi, jo‘shqinlik kishiga kayfiyat ulashadi. O‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatga berilib tanaffusga qo‘ng‘iroq chalinganini ham eshitmay qolibmiz.
Bolalik. Quvonchlarga to‘la o‘yinqaroqlik. Yo‘q-yo‘q. Tasavvurlarga to‘la taassurot, orzular olami. Bolalik haqida turli ta’riflar beramiz. Lekin maktabdagi yosh rassom Shohruhbek Fayzullaev bolalikni o‘z hissiyotlari bilan ta’riflaydi, tasvirlaydi. U o‘zining ijodiy ishlarini tanishtirishga shoshildi. 70 dan ortiq suratlarni birma-bir tanishtirar ekan, mavzularning xilma-xilligini ko‘rib, yosh rassomning mo‘yqalamda dunyoni o‘zgacha ko‘z bilan tasvirlaganini ko‘rib hayratda qoldim. Suratlar ichidagi “Urush” mavzusi e’tiborimni tortdi. Urush maydoni. Qorong‘i manzara. Lekin, mana shu rasmda tasvirlangan gullar, osmondagi qushlar tinchlikni tarannum etardi. Manzaradagi qushlar xotirjamlikda ko‘kka parvoz qilmoqda. Yosh rassom o‘z tasavvurida hayotga muhabbat, xotirjamlikni ranglarda namoyon etgan.
Keyingi suhbatdoshimiz Mirsaid Muxtorov. U pianino bo‘yicha 2014 yil Italiyada bo‘lib o‘tgan “Quyoshga qo‘ling bilan yet” va 2015 yilda Ispaniyada o‘tkazilgan tanlovlar g‘olibi.
Ilk kundanoq mana shuncha iste’dodli o‘quvchilar, mehribon ustozlarni ko‘rdim, suhbatlashdim. Keyingi kunlar yana kelaman, deya maktab binosidan chiqar ekanman, g‘ijjak ovozini eshitdim. Kuy quloqqa tanish. Oyoqlarim beixtiyor kuy taralayotgan tomonga yura boshladi. Bu kuyni 7-“A” sinf o‘quvchisi Azimjon Odiljonov chalayotgan ekan. U bilan salomlashib, ohangga maftun bo‘lib, ezgulik deganda nimani tushunasiz, deya savol berdim.
— Ezgulik? Ezgulik bu siz bilan mening suhbatlashib turganimizdir. Chunki, siz meni tinglayapsiz, men sizni. Insonlar bir-birini eshita oladilar. Shuning o‘zi ezgulik.
Gohida o‘ylab qolasan, kishi. Qo‘l-oyog‘imiz sog‘, ongimiz fikrlashga qodir, quloqlarimiz minglab tovushlarni eshitadi, ko‘zlarimiz minglab ranglarni ilg‘aydi. Lekin, har doim ham mana shu haqiqatni anglay bilmaymiz. Ish yo‘q, g‘irt bekorchiman, qobiliyatsizman, vaqtim yo‘q kabi qator sabablarni ro‘kach qilamiz. Zilola, Umidjon, Gulshan va Mirsaid singari o‘quvchilarning iste’dodi, ishtiyoqi bizda yo‘qmi? Bor. Faqatgina bizdan xohish, mehnat, intilish va sabr talab etiladi, xolos.
Men yo‘ldan o‘tishiga yordam bergan bola ham, mana shu maktabda ta’lim olar ekan. A’lochi o‘quvchilardan biri. U she’rlar yozadi, bo‘lajak shoir. Men unga qo‘limni cho‘zaman. U ham. Biz bir-birimizni qalb ko‘zi bilan ko‘rib turardik…
Muhammadali MAMADALIYEV,
“Hurriyat” muxbiri