“…DEMAK BAXTLIMAN”

U qo‘lsiz, oyoqsiz dunyoga keldi. G‘ayritabiiy bo‘lgani uchun tsirkda tirik eksponat edi. Nigohlari achinish ifodasi to‘la ko‘zlarga tushganda o‘zidan nafratlanar, bu yerlardan bosh olib ketgisi kelardi. 

Sirkka kelgan bolalarning unga bexosdan ko‘zi tushib ketsa, qo‘rqib, onasining pinjiga kirardi. Kunlar shu zaylda o‘taverdi. U o‘zini keraksiz buyumdek his qilib, insoniy tuyg‘ulardan begonalashib ketayotganda, umid beradigan bir voqea sodir bo‘ldi. Sirkka kelganlardan biri unga hayrat bilan qarab, “sen mo‘’jizasan”, dedi. Shu kundan e’tiboran haqiqatdan ham u mo‘’jizaga aylandi. O‘zi uchun o‘zi kurashishi kerakligini angladi va aqlni shoshiradigan mo‘’jizalar yaratdi. Endi unga butun dunyo havas bilan qaray boshladi. Undan yuz o‘girib, qo‘rqib qochadigan bolalar uning bo‘ynidan mahkam quchoqlab, havas qilishini ayta boshladi. Ayniqsa, u kabi imkoniyati cheklangan bolalarda ham kelajakka intilish, umid paydo bo‘la boshladi. Bu “Kapalaklar o‘yini” filmi syujetidan bir parcha edi.

Dunyoda har bir insonning o‘z vazifasi bor. Kimdir iste’dodli shoir, kimningdir qo‘shiqlari yuraklarni zabt etadi, kimdir notiqlik qobiliyatiga ega, kimdir esa amaliy yoki tasviriy san’atda misli ko‘rilmagan mo‘’jizalar yaratib, ko‘ngillarga zavq bag‘ishlaydi. Atrofimizga teranroq nazar tashlasak, filmdagi qahramon kabi imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, boshqalarda topilmaydigan jasorati bilan ko‘plarni hayratga solayotganlar bor…

 SINOV

1984 yil 24 dekabrda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Sijjak qishlog‘ida Alimboy Jumaev va Nazira Jumaevalar oilasida o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Ota xursandchiligidan dunyolarga sig‘may ketdi. Ona shirintoy bolajonini quchib, Ollohga shukronalar aytdi. Uning ismini qo‘rqmas, botir bo‘lsin deya (hayotning sinovlarini oldindan bilgandek) Jasur qo‘yishdi. Keng adirlar, salobatli tog‘lar, go‘zal tabiat Jasurni erkalab voyaga yetkazdi. Otasi o‘rmon noziri bo‘lgani uchunmi, u tabiatni sevardi. Tog‘lardagi hayvonot olami, o‘simligu daraxtlarning har biri Jasurga olam-olam zavq bag‘ishlardi.

O‘n uch yoshgacha qahramonimiz hayotning jiddiy sinovlariga duch keldi. Uning oyoqlari jonsizlanib qoldi. Dunyo ko‘ziga qorong‘u bo‘lib ketgan ota-ona uni shifokorga olib borishdi. Shifokor umurtqa pog‘onasining kuchli shamollagani tufayli oyoqlar ishdan chiqqanini aytdi. Endi nima qilish kerak? Shu savol tunu kun ota-onani qiynardi. Oxiri, Alimboy aka o‘g‘lini tabibga olib bordi. Tabib ham kami qolgandek “tanasining sog‘ joyi qolmabdi-ku”, deya otaning yuragini tilka-pora qildi. Endi nima bo‘ladi? Onasiga bu gapni qanday aytadi? Bu gapni eshitgan Nazira opa avvaliga dod soldi, keyin o‘g‘lining sog‘ayishini Ollohdan so‘rab, kunu tun duo qildi. Farzandining azobini ko‘rib, ich-ichlaridan qon yig‘layotgan bo‘lsalar-da, Jasurga bildirmaslikka, uning ko‘nglini ko‘tarishga harakat qildilar. Aravachaga mixlanib qolgan 13 yoshli bolaga hayot davom etishi, bu bir sinov ekanini tushuntirish, uning qalbida o‘ziga, kelajakka ishonch uyg‘otish ancha mushkul edi. Ammo Alimboy aka va Nazira opa buni uddalashdi. Ular Jasurning yonida doim birga bo‘lishdi, hatto maxsus maktab-internatga berishni ham istashmadi.

Aravachada o‘tirib qolgan inson nimalar haqida o‘ylar ekan? Jasur bir kun kelib amaliy san’at bilan shug‘ullanib, bir-biridan chiroyli asarlar yarataman, deb tasavvur qilganmikan? Yo‘q. Taqdir insonni yetti uxlab tushiga kirmaydigan yo‘llarga yetaklaydi. Hech kim ertaga nima bo‘lishini bilmaydi. Hech kim boshiga tashvish tushmaguncha, o‘zining nimalarga qodir ekanini anglamaydi.

Inson atrofdagilarning munosabatiga qarab o‘ziga baho beradi. Hayot sinovlaridan o‘tgan shunday bir haqiqat bor: agar bemorga achinib, uning tuzalib ketishiga ishonchsizlarcha qarasangiz, u hech qachon o‘zini o‘nglolmaydi. Agar ishonch to‘la ko‘zlar bilan boqib, “baxting butun, toleing go‘zal, bu shunchaki sinov” deb uqtirsangiz, u o‘ziga ishona boshlaydi. Jasur shu falsafaga ishonib oldinga intildi, oldinga, faqat oldinga! U texnikaga qiziqar edi. Kimningdir radiosi, telefoni yoki fotoapparati buzilib qolsa, Jasurning yoniga shoshilar, u ham albatta tuzatib berishga harakat qilardi. 

 

MASH’ALA

Bir kuni uylariga Alimboy akaning o‘rtog‘i Vladimir Fotin degan musavvir keldi. Uning fotoasarlari hayotdan o‘z o‘rnini topishga intilayotgan bolaning e’tiborini tortdi, qalbida muhabbat uyg‘otdi. Jasur qaytadan tug‘ilgandek bo‘ldi. Vladimir Fotindan tasviriy san’at sirlarini o‘rganib, tez orada o‘ziga xos san’at namunalari yarata boshladi. O‘g‘li ishga qizg‘in berilib ketganini ko‘rib, ota-onaning ko‘ngli taskin topdi. Favqulodda iste’doddan sarmast bo‘lgan ota uni somon san’ati bilan shug‘ullanuvchi do‘sti O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi Otabek Yo‘ldoshevning yoniga olib bordi. Shu kundan e’tiboran u somon san’atini o‘rganishga kirishdi. Bu mashg‘ulot unga zavq bag‘ishlar, yaratgan asarlari esa quvonch hadya etardi.

Tabiat mo‘’jiza. Faqat undan qanday foydalanishni bilsak bo‘lgani. Xalq tilida oqbosh, suli kabi nomlar bilan ataladigan o‘simliklardan beqiyos go‘zallik yaratayotgan qo‘llarni ko‘rib hayratlanmaslikning iloji yo‘q. Somon san’atining yurtimizda paydo bo‘lganiga ko‘p bo‘lmadi. Uning arxitektura, gerodika, natyurmort, miniatyura, peyzaj, karikatura, kalligrafiya kabi yo‘nalishlari mavjud. Somon san’ati yordamida yasaladigan bitta 10×15 hajmdagi ishga 3-5 kun ketadi. Yaratgan asarlari uni 2008 yil Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti amaliy san’at fakultetiga imtiyozli ravishda qabul qilinishiga asos bo‘ldi. Amaliy san’atni puxta egallagan Jasur magistratura bosqichini ham shu institutning tasviriy san’at fakultetida Multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi bo‘limida davom ettirdi. Turli festivallar, tadbirlar, tanlovlar qatnashchisi bo‘ldi. Shu sababli unga oltin medal berishga qaror qilishdi. Bundan Jasurning xabari yo‘q edi. To‘satdan ro‘y bergan xursandchilik, ustozlar tomonidan e’zozlanishi o‘ziga nisbatan ishonchining yanada oshishiga sabab bo‘ldi. O‘qishni bitirgach, shu qadrdon dargohda, reklama va amaliy grafika kafedrasida o‘qituvchi sifatida ish boshladi.

 

“INSONNING QO‘LI MO‘’JIZA”

Haqiqiy san’at asari sof qalbdan tug‘iladi. Jasur yaratgan qahramonlar  o‘ziga xos, milliyligimizni tarannum etadi. Bu asarlarda siz o‘zingizni, qo‘shningizni, akangizni, opangizni, otangizni, onangizni, singlingizni ko‘rasiz. Obrazlardagi tabiiylik sizni lol qoldiradi. Avvaliga biz ham shunday go‘zal san’at asarlari somondan yasalganiga ishongimiz kelmadi. Yuqorida aytganimizdek, oqbosh yoki suli o‘simlik poyasining ishlanish jarayoni bilan tanishgach, bunga amin bo‘ldik va hayratimiz yanada oshdi. Bu bir nechta bosqichni o‘z ichiga olarkan. O‘ziga xos quvnoq detallar kishini befarq qoldirmaydi, aksincha, nihoyatda zavqli jarayon.

Jasurning qalbi asarlariga ko‘chgan. Yurtimizning dovrug‘ini dunyolarga yoyishni maqsad qilgan ijodkorning har bir qahramoni boshida do‘ppi, egnida chakmon. Masalan, uning asarlarida ko‘p uchraydigan bolakay obrazi bor, boshiga kattalar do‘ppisi, egniga choponi, oyog‘iga kovushini kiyib olib, qo‘liga yo dutor yo cho‘qmor olib, mag‘rur turibdi. Bu illyustratsiyalar bugun tobora avj olayotgan “ommaviy madaniyat” balosiga qarata “Biz o‘zbekligimizni hech qaerda, hech qachon unutmaymiz. Yurtimizda, hatto bolalar ham o‘zligini tanigan, qadriyatlarimizni e’zozlaydi. Sen boshlagan yo‘llarga hech qachon yurmaydi”, deya bong urayotgandek nazarimizda. Barchamiz bolaligimizda Xudoyberdi To‘xtaboevning “Sariq devni minib” asarini sevib o‘qiganmiz. Undagi obrazlar biz uchun qadrli, ularni ko‘rsak beixtiyor bolaligimizni yodga olamiz. Jasur Jumaevning ushbu asarga yaratgan illyustratsiyalarini tomosha qilsangiz, sevimli qahramonlaringiz yonginangizda turgandek bo‘ladi. Ayniqsa, Hoshimjonning ona-bola firibgar folbinlarning uyiga borib, sinfdoshining yelkasiga igna sanchayotgan holati bir tomondan yumoristik ruh bersa, boshqa tomondan falsafiy ma’no beradi. Bizni dunyoga tanitgan, qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan kurash sahnasi esa har bir tomoshabin uchun zavqli. Ijodkor kurash jarayonida tomoshabinlar, kurashchilardan iborat  saksondan ortiq qiyofani bir asar ipiga tizgan va betakror ijod namunasini tomoshabinga tuhfa etgan. Bu orqali qahramonimiz hayotda ko‘rgan, tanigan insonlarini asarlariga ko‘chirgan bo‘lsa, ne ajab.

Qahramonimizning eng katta ishlaridan biri olti oy davomida yaratilgan “Amir Temur maqbarasi” asari hisoblanadi. Uning kattaligi ikki qulochga teng. Shunday asarlar ko‘proq uning ustaxonasi-ijodxonasida yaratiladi. U poytaxtimizdagi “Hastimom” masjidida joylashgan. Ushbu ziyoratgohga keladigan chet ellik sayyohlar uning asarlarini esdalik uchun olib ketishadi.

2012 yilda u “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, 2015 yilda “Jasorat” medaliga sazovor bo‘ldi, “E’tirof – 2015” tanlovining “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, yana ko‘plab festival va tanlovlarda faol qatnashib, sertifikat, diplom, faxriy yorliqlarga ega bo‘ldi.

Jasurning yonida oqila turmush o‘rtog‘i Salimaxon,  o‘g‘ilchasi Umidjon bor. U farzandini qishloqqa olib borib, kengliklarni, qadrdon ko‘chalarni ko‘rsatishni yaxshi ko‘radi. Umidjonning qalbida ham tabiatga muhabbat uyg‘onishini istaydi.

Jasur Jumaev “Ijod” rassomlar, san’atshunoslar va xalq rassomlari hamda “Hunarmandlar” uyushmalariga a’zo, ko‘pgina shogirdlarning sevimli ustozi. U har bir davrada bir gapni takrorlaydi: “Qo‘llarim sog‘, mehnat qilish saodatiga ega ekanimdan baxtiyorman”. Oramizda to‘rt muchasi sog‘ bo‘lsa ham biror ishni eplolmaydigan, shukr qilishni, kelajakka intilishni bilmaydigan insonlar bor. Qani endi, ularda qahramonimizdagi shijoatning o‘ndan biri bo‘lsa edi…

U somon portret yo‘nalishida ham go‘zal asarlar yaratishga kirishgan. Rangli somon san’ati yordamida yangi-yangi tajribalar qila boshlagan. Yana o‘zi qiziqqan fotografiya yo‘nalishida original asarlar yaratib, o‘zbek san’atini dunyoga tanitmoqni ham niyat qilgan. Yaxshi niyat, ezgu orzular hamisha insonni yuksaklikka chorlaydi. Jasur Jumaevga o‘zi ko‘zlagan yuksak orzular cho‘qqisi nasib etishini istab qolamiz.

 

Shohsanam KOMILOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 − 9 =