So‘z istiqlol tengdoshlariga

Vatanga qanday xizmat qilish kerak? 

Bu savol shu yurtni sevuvchi har bir insonni bezovta qiladi va o‘ylaymizki, uning javobi har bir fidoyi yurtdoshimizning ezgu amallarida namoyon. Masalan, oddiy bog‘bon balki umrida hech qachon “Men shu Vatanga sodiqman, unga xizmat qilaman” deb baralla aytmas, ammo sidqidildan qilayotgan mehnatini ko‘rib dilida shu gap borligiga hech kim shubha qilmaydi. Uning muhabbati o‘z ishiga munosabatida ko‘rinib turibdi. Yoxud kulol giltuproqni hovuchiga olarkan, undan go‘zallik paydo qilishni o‘ylaydi. Shuning o‘zi uning el-yurtga muhabbati va sadoqatining ramzidir.

 

Istiqlolimizning chorak asrlik qutlug‘ to‘yi arafasida 25 yoshli yigit-qizlar bilan suhbatlashdik. Ular turfa soha vakillari — biri tadbirkor, biri sportchi, yana biri yosh olim, adiba… Ularning Istiqlol, Vatanga muhabbat, burch to‘g‘risidagi mulohazalari siz, muhtaram o‘quvchilarni befarq qoldirmasligiga ishonamiz.

 

Ruslan NURIDDINOV,

“O‘zbekiston iftixori” unvoni sohibi, og‘ir atletika bo‘yicha jahon va Osiyo chempioni:

— Jonajon O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishgan yilda tug‘ilganimdan, unga tengdosh ekanimdan faxrlanaman. Hozirga qadar erishgan barcha yutuqlarimning sababini Yaratganning bizga ato etgan ulug‘ ne’mati — mustaqillikdan deb bilaman. 

Yoshligimdan menga g‘alaba hech qachon o‘z-o‘zidan kelmaydi, unga iroda, intilish, tinimsiz mashq, qisqasi, mustahkam poydevor bilan erishiladi, deya saboq berishgan. Bunga yorqin misol — yurtimizning ozodlikka erishgani. Tarix darsliklari, ustozlarimiz va keksalarimiz hikoyalari xalqimizning ulug‘ farzandlari mustaqillik uchun qanday kurashganliklaridan darak beradi. 

o‘alabalarga oddiy inson, fuqaro sifatida qanday erishish mumkinligini ozmi-ko‘pmi boshidan kechirgan sportchi sifatida aytamanki, yutuqlar zamirida nafaqat jismoniy kuch, balki kishining ruhan kuchli, irodali bo‘lishi, g‘alabaga ma’nan tayyorligi, uning ortida duo qilib turgan insonlarining bo‘lishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro sport maydonlarida erishayotgan har bir yutug‘im xalqimizning, Yurtboshimizning, yaqin insonlarimning menga bo‘lgan ishonchi, ularning duolari samarasidir. Qolaversa, mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportga, xususan, bolalar sportiga berilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik ham sabab bo‘layotir. Chunki umumiy rag‘batsiz, e’tiborsiz xalqaro maydonlarda katta natijalarga erishish oson emas. 

Juda ko‘p yurtlarda bo‘ldim. Ammo hech bir mamlakatda sportni rivojlantirishga yurtimizdagidek g‘amxo‘rlikni ko‘rganim yo‘q. Xususan, kichik olimpiada deb nom olgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlarining ahamiyatini ularda toblangan o‘zbek sportchilarining muvaffaqiyatlari timsolida jahonda ham tan olishmoqda. 

O‘zbek og‘ir atletika maktabi istiqlol tufayli dunyoda yetakchilar qatoridan joy oldi. Dunyo og‘ir atletikachilari endilikda biz bilan hisoblashishlariga to‘g‘ri kelyapti. Bundan tashqari har yili yurtimizda og‘ir atletika bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari o‘tkazilayotgani xalqaro maydonlarda mamlakatimizning mavqei tobora yuksalib borayotganidan dalolatdir. 

Bu yil eng ulug‘, eng aziz bayramimiz — mustaqilligimizning 25 yilligini nishonlaymiz. Ushbu qutlug‘ sana arafasida Braziliyaning Rio de-Janeyro shahrida yozgi olimpiada o‘yinlari o‘tkaziladi. Shu o‘rinda bolalik orzularimdan birini aytib o‘tsam. Sportga mehr qo‘ygan ilk damlarimdan oldimga ulkan maqsad – Olimpiadada ishtirok etib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishni niyat qilib qo‘yganman. Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish niyatim 2012 yilda amalga oshdi. Londonda bo‘lib o‘tgan musobaqada menga ozgina omad va tajriba yetishmadi. Yakunda to‘rtinchi o‘rin bilan cheklandim. 

Bu gal Olimpiadada qatnashib, chempion bo‘lish niyatidaman. Buning uchun murabbiylarimiz bilan juda ko‘p mehnat qildik. Ana shu mehnatning rohatini ko‘rishni barchamiz istayapmiz. Alloh nasib etsa, Braziliyadagi Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, madhiyamizni baralla yangrashi uchun bor kuch-g‘ayratimni sarflayman. Zero, men uchun O‘zbekiston sha’nini shunday nufuzli musobaqalarda himoya qilishdan ulkan baxt yo‘q.

 

Doniyor NASRIDDINOV,

kimyo fanidan Mendeleev nomidagi

44-xalqaro olimpiada bronza medali sovrindori, tadbirkor:

— Uzoq ming yilliklarni ko‘rgan tarix uchun yigirma besh yil qum zarrasidek gap. Ammo millionlab umidsiz, hech vaqosiz, jar labidagi insonlar hayotiga farovonlik, farah, ko‘zlariga quvonch, ertangi kunga ishonch bera olish uchun kamlik qilgan bo‘lardi bu davr. Ammo O‘zbekiston buni uddaladi. Bugun bizni dunyoning to‘rt tomonida ham tan olishadi. Bugun o‘zbeklarni faqat Amir Temur avlodi deb bilishmaydi. Aksincha, har bir tengdoshimiz, har bir yurtdoshimizda Temur kuchi ulg‘ayib borayotganini bilishadi. Mamlakatimiz har jabhada ilg‘or, har sohada havas qilgulik marralarni egallayapti. Mana 25 yil bizga nimalarni berdi: milliy g‘urur, o‘zlikni anglash, milliy taraqqiyot! 

Pastdarg‘om tumanidagi 26-maktabda jonkuyar muallimlarimdan saboq olganman. Ularning daldasi, fanga qiziqtirishi ko‘nglimda ilmga muhabbatni uyg‘otgan. 8-, 9-sinflarda kimyo fanidan tuman, shahar va viloyat olimpiadalarida qatnashib, g‘olib bo‘lganman. Bu mening o‘zimga bo‘lgan ishonchimni oshirgan. 2007 yilda Samarqand davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyning «Tabiiy fanlar» kafedrasining 1-kursiga  imtiyozli ravishda qabul qilindim. Bu dargohdagi ajoyib muhit, shart-sharoitlar bilimimni yanada mustahkamlashga va o‘z ustimda ko‘proq ishlashga turtki bo‘ldi. 3-kursda o‘qiyotganimda viloyat fan olimpiadasida 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdim. O‘sha yili men uchun juda omadli yil bo‘lgandi. Toshkent shahrida o‘tkazilgan Xalqaro fan olimpiadasining saralash bosqichida muvaffaqiyat qozonib, Mendeleev nomidagi xalqaro fan olimpiadasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritganman. 

2010 yil Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan mazkur olimpiadaga yo‘l olarkanman, “Shuncha intilib, bu yergacha keldim. Ortimda ustozlarim, ota-onam ko‘z tikib turibdi, ishqilib ularning yuzini yerga qaratib qo‘ymayin-da” deb o‘yladim. Shukrki, masalalarni yechishda unchalik qiynalmadim. Chunki bunga tayyor edim. Agar kichkina xatoga yo‘l qo‘ymaganimda, balki yana ham yuqoriroq natijaga erishardim. Biroq manaman degan mamlakatlardan kelgan tengdoshlarim orasida olimpiadaning bronza medalini qo‘lga kiritish ham, bugun o‘ylab ko‘rsam, yomon natija emas ekan. Meni O‘zbekiston Milliy universitetining kimyo fakultetiga o‘qishga qabul qilishdi. Bu hayotimdagi eng quvonchli kunlarimdan biridir.

Talabalik hayotimizning eng muhim bosqichi desam mubolag‘a qilmayman. Taqdir bu davrda eng yaxshi imkoniyatlarni tuhfa qiladi. Undan unumli foydalanishga intildim, o‘qituvchilarim o‘gitlariga quloq soldim, vaqtimni behuda sarflamaslikka harakat qildim. 2013—2014 o‘quv yilida Mirzo Ulug‘bek nomidagi Davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lganim, universitetning kimyo fakulteti “Fizikaviy kimyo” magistratura bo‘limiga imtiyozli ravishda qabul qilinganim, 2015 yilda qator iste’dodli yoshlar safida “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganim, aslida, yurtimizda men kabi yoshlarga berilgan katta e’tibor, yuksak ishonchning namunasidir. 

Yurtimizda har bir soha, xususan, tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yo‘lga qo‘yilgan. Qulay foizlardagi kredit va xizmatlar soha rivojini jadallashtirishga xizmat qilyapti. O‘zim ham o‘rganayotgan sohamni chuqurroq tatbiq etish, qolaversa, o‘zim kabi kimyo sohasiga qiziqqan bolalarga fan sirlarini o‘rgatish niyatida o‘quv markazi ochib, tadbirkorlik faoliyatini olib boryapman. 

Mustaqil yurt, go‘zal diyor, qudratli xalq farzandi ekanimdan faxrlanaman! Bugun har bir yurtdoshimiz ko‘nglida mana shunday ezgu niyat, ishonch va faxr borligiga shubha qilmayman.

 

Sevara

ALIJONOVA,

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori:

— 25 yil ichida yurtimiz madaniyat, adabiyot, iqtisod, san’at, sport, qo‘yingki, barcha sohalarda yuksaldi, o‘zini dunyoga tanitdi. 25 yil. Bir inson bolasining ayni kuch-quvvatga to‘liq, o‘zini anglashga urinayotgan, bolalik sho‘xliklari bilan xayrlashib, katta hayotga qadam qo‘ygan pallasi. Majoziy aytganda, hayotidan bir guli ochildi, degani. 

Mustaqillik tengdoshining qisqacha tarjimai holi shunday. Namanganning Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilganman. Shu yoshga qadar bir inson his qilishi mumkin bo‘lgan barcha tuyg‘ular – quvonch, shukronalik, baxt, g‘alaba nashidasi, sog‘inch, muhabbat va eng muhimi, erkinlik hamda xotirjamlik bilan yashadim… 

To‘qqizinchi sinfdan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti, keyin esa ingliz tilidan fan olimpiadalariga qatnashib, bilimimni charxladim, yuqori o‘rinlarni oldim. Adabiyotga qiziqishim esa meni she’riyatga oshno etdi. 2006 yili ilk she’riy to‘plamim — “Yulduz bo‘lib qolgim keladi” nashrdan chiqdi. Shundan so‘ng “Yosh qalamkashlar”, “Seni sharaflaymiz, jon O‘zbekiston” ko‘rik-tanlovlari g‘olibasi bo‘ldim. 2007 yilda esa “Yoz kechasi” (“Night of summer”) nomli tarjima kitobim chop etildi. 

Ijodga ishtiyoq va intilish meni Zulfiyaxonimning izlaridan yetakladi. 2008 yili Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim. 

Yoshlik g‘ayrati, jo‘shqinliklari deymanmi, har sohaga qiziqaverganman. O‘sha qiziqishlar natijasi o‘laroq, fizika muallimim bilan birgalikda aniq fanlarga mo‘ljallangan “Magnit doska” ko‘rgazmali qurolini yaratdik. Ijod va xorijiy tillarni bir nuqtada ko‘rish umidi menda litsey paytlarida boshlangan ekan, o‘ylab qarasam. “Yangi yil orzusi” nomli men va boshqa ijodkorlarning she’rlari to‘plangan ingliz tilidagi kitob o‘sha umid va havaskorlik ila chop etildi. Bolaligimdan so‘zga muhabbatim va xorijiy tillarga qiziqishim sabab hech ikkilanmay, hali mohiyatini tushunib yetmaganim – jurnalistikani tanladim. Tanlovim to‘g‘ri ekaniga bugun amin bo‘lyapman. Bakalavr bosqichida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetida (2008–2013), magistrlik bosqichida esa O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetida (2014–2016) tahsil oldim. Talabalikning ilk yillarida xitoy tili o‘qitilardi. Bu sirli-jumboqli tilni o‘rganishga havasmand bo‘lib, 2010–2011 o‘quv yilida Xitoy Xalq Respublikasining Dalyan shahar jahon tillari universiteti xitoy tili filologiyasida ta’lim olib qaytdim. Bu meni tarjima san’ati tomon yetakladi. Biroq jurnalistika ilmiga qiziqish baribir kuchlilik qildi. Uning nazariy asoslariga doir turli mavzudagi o‘ttizdan ortiq ilmiy maqolalarim xorij hamda respublika jurnallari va ilmiy to‘plamlarida, jumladan, Xitoy va Rossiya davlatlari ilmiy jurnallarida chop etildi. 

2013 yildan hozirga qadar “Jahon adabiyoti” jurnalida yetakchi muharrir vazifasida ishlayapman. Faoliyatim davomida xitoy, ingliz va rus tillaridan she’riy hamda nasriy tarjimalar qildim. Jumladan, Nobel mukofoti sovrindori Mo Yanning “Musallas mamlakati” romani tarjimasi (Amir Fayzulla bilan hamkorlikda) 2014 yilning “Eng yaxshi nasriy tarjimasi” nominatsiyasida Ozod Sharafiddinov nomidagi mukofotga loyiq topildi. Ayni paytda Xitoy adabiyotining o‘zbek kitobxonlariga notanish qirralarini tanitish, notanish chehralarini kashf qilishni maqsad qilganman. O‘zbek adabiyotining ildizi qanchalik baquvvat bo‘lsa, xitoy adabiyotidan o‘rganadiganlarimiz ham undan kam emas. Zamonaviy xitoy adabiyotining otasi maqomini olgan Lu Sin meni ko‘proq o‘ziga jalb qiladi. Uning hikoya, qissalarini tarjima qilyapman. Yaqin kunlarda o‘quvchilarga taqdim etish niyatidamiz. 

Asosiy maqsadim, avvalo, o‘zbek jurnalistikasi taqdiri bilan bog‘liq. Mamlakatning hal qiluvchi kuchi – yoshlarning bir jurnalist vakili sifatida esa zamonamizning dolzarb muammolariyu kishilarimizning turish-turmushini yorituvchi maqolalar yozish, ayniqsa, esse janrida ijod qilishni maqsad qilib qo‘yganman. Ularni amalga oshirishda kuch-g‘ayrat, hafsala va kelajakka ishonchim chaqnab tursa bo‘lgani. 

Eng katta orzuim esa O‘zbekistonni jahon media makonining avvalgi saflarida ko‘rish. Buning uchun esa o‘zbek milliy adabiyotini, milliy axborotini jahon afkor ommasi hech qiynalmay o‘z tilida topishi, birinchi manba sifatida uni qabul qilishi kerak. Buning uchun esa biz yoshlardan astoydil mehnat, harakat talab etiladi. Bundan hech qo‘rqmay olg‘a intilib, shu yurt ravnaqi uchun barchasiga tayyormiz.

 

Gulruxsor

XUDOYBERDIEVA,

O‘zMU magistranti, yosh olima:

— Dunyoda yuz berayotgan notinchliklar mustaqillik, tinchlik kabi ne’matlarning qadrini barchamizga yana bir bor anglatmoqda. Shukrki, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Mustaqillik bu erkimiz, baxtu iqbolimiz. 

Men istiqlol tengdoshiman. Yigirma besh yil ichida jonajon yurtimizda nimaiki ro‘y bergan bo‘lsa, bari mening hayotimda katta ahamiyatga ega. Yaratganga shukrki, nimani niyat qilgan bo‘lsam, barchasiga erishib kelayapman. Bunda tinchlik, farovonlikning o‘rni beqiyos. 

Mustaqillik tengdoshi sifatida istiqlol menga ko‘p narsa emas, balki hamma narsa berdi, deb ayta olaman. Ayni paytda O‘zbekiston milliy universiteti jurnalistika fakulteti “Noshirlik va muharrirlik ishi” kafedrasining ikkinchi bosqich magistrantiman. Ilmiy maqolalarim, tadqiqotlarim respublika nashrlarida muntazam e’lon qilib kelinmoqda. Ko‘plab tadbir, ilmiy konferentsiyalarda muntazam ishtirok etishga harakat qilaman. Ayni paytda “Tarixiy asarlar tili, uslubi va tahriri” mavzusida olib borayotgan ilmiy izlanishlarim kelajakda doktorlik dissertatsiyamga poydevor bo‘ladi, deb umid qilaman.

2013 yilda mavjud imkoniyatlardan foydalanib, o‘z blog-saytimni  ochdim. Uni hayot, ilm-fan borasidagi mulohazalarim aks etgan maqolalar bilan muntazam yangilab bordim. Kamtarona mehnatim tufayli “E’tirof — 2015” respublika ko‘rik-tanlovining “Eng yaxshi yil blogeri” yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Undan tashqari boshqa ko‘plab tanlov va festivallarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqdaman. Xususan, joriy yil o‘tkazilgan “Donolik va tashabbuskorlik — siyosiy yetakchilik mezoni” respublika tanlovida ikkinchi o‘rinni egalladim. Shuningdek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi “Yoshlik” talabalar shaharchasining “Yoshlar qanoti” yetakchisiman. 

Kelajakda uslub va tahrir masalalarini chuqur o‘rganib, ilmiy izlanishlar olib borib, ushbu sohada yetuk mutaxassis bo‘lish niyatidaman. Orzularim osmon qadar yuksak. Menga qanot bag‘ishlagan musatqillik bildirgan ishonchni oqlash uchun bor imkoniyatimni ishga solib harakat qilaman.

 

Mehriniso MURODOVA,

hunarmand:

— Buxoroga har yili minglab sayyohlar keladi. Ularning shahrimizdagi betakror tarixiy obidalarga hayratlanib qarashlaridan faxrlanib, mahalliy hunarmandlar yasagan buyumlarga suqlanib boqishlaridan quvonaman. Zardo‘zlik mahsulotlari, turli metall va toshlardan ishlangan taqinchoqlar, kulolchilik buyumlarining go‘zalligi ularni maftun etganda, “Ko‘ryapsizlarmi, bular necha-necha ming yillik an’ana va qadriyatlarimizning bir qismigina, xolos” degim keladi. 

Hunarmandlar oilasidanman. Ota-bobolarim azaldan zargarlik bilan shug‘ullangan. Shuning uchun yoshligimdan men ham ularga o‘xshab turli chiroyli buyumlar yasagim kelardi. Ulg‘ayganim sari zargarlikka qiziqishim ortdi. Asta-sekin uning sir-asrorlarini o‘rgana boshladim va mana to‘rt yildirki, mustaqil faoliyat olib borayapman. 

Bu men kabi mustaqil Vatanimiz o‘g‘il-qizlari uchun yaratilgan imkoniyatlar samarasi, Istiqlolimiz mevalaridir.

Asosan oddiy metall va asl toshlardan milliy taqinchoqlar yasayman. Bu hamyonbop bo‘lishi bilan birga ko‘pchilikni o‘ziga jalb etadi. Yurtimizda har bir voha, hududga xos hunarmandchilik uslublari bor. Misol uchun Samarqand viloyatida ko‘proq yaltiroq va tillarang taqinchoqlarni xush ko‘rishadi. So‘nggi yillarda ko‘proq oddiy taqinchoqlarga e’tibor kuchayganini kuzatish mumkin. Qolaversa, xorijlik mehmonlar ham oddiy, lekin asl toshlardan yasalgan taqinchoqlarni xarid qilmoqda.

Kattalarning aytishlaricha, mustaqillik yillarigacha oddiy ko‘rgazma tashkillashtirishning ham iloji bo‘lmagan, sababi, ko‘pgina milliy qadriyatlarimizga “eskilik sarqiti” deb qaralgan ekan… Bugun, Xudoga shukr, mustaqilligimiz sharofati bilan barcha milliy boyliklarimizni — qadriyatlarimizni namoyon etish uchun barcha imkoniyatga egamiz. Mana necha yildirki, “Ipak yo‘lida turizm” xalqaro ko‘rgazmasida, «Ipak va ziravorlar» an’anaviy festivalida hamda shu kabi ko‘plab ko‘rgazma va festivallarda doimiy ravishda ishtirok etib kelayapman. Yaqinda Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan XV an’anaviy “Ipak va ziravorlar” festivalida ham ishtirokimiz samarali bo‘ldi. Ko‘plab qatnashchilar bilan do‘stlashdik, tajribalar almashdik. Bu kabi ko‘rgazmalar biz yoshlarni avvalo o‘zaro fikr almashishga, bir-birimizdan o‘rganib, tajriba orttirishimizga, pirovardida, yanada g‘ayrat va shijoat bilan intilishga, ijod qilishga undaydi. 

Kelgusida faoliyatimni yanada kengaytirib, ko‘plab shogirdlar tarbiyalash niyatidaman. Qolaversa, bugungi keng imkoniyatlardan unumli foydalangan holda xorijda turli ko‘rgazmalarda qatnashishni ham oldimga maqsad qilganman.

 

Sahifa materiallarini “Hurriyat” muxbirlari

J.XO‘JAQULOV, B.MUHAMMADIEV, E.NISHONOV, SH.KOMILOVA, F.XAYRULLAEVA tayyorladi.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + 14 =