“Kim Vatanga yordir, Vatan anga yor”

Onajonimning yoshlari tabarruk bo‘lsa-da, qo‘lidan ketmonchasini qo‘ymaydi. Tomorqani oralagani- oralagan. 

— Yerning umrini o‘tkazmasdan ko‘chat ek, gul ek. Hukumatimiz bekorga hamma joyni ekinzor, bog‘, gulzor qil, demayapti. Mening uyim chiroyli bo‘lsa, ko‘cha, ko‘chadan mahalla, undan keyin qishloq obod bo‘ladi-da, bolam, — deydi har gal nasihatomuz. — Innakeyin, bir qarich joyga ekin eksang, yil bo‘yi dasturxoningdan rezavor arimaydi. Bundoq atrofga nazar solib, gulu gulzorlar to‘la yurtimizni, bog‘u rog‘larimizdagi to‘kinlikni, tomorqalardagi mo‘l-ko‘llikni kuzatib, onam aytgan haqiqatni ko‘raman va ko‘nglim g‘ururga to‘ladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi qarori esa bog‘bonu dehqonlarimizga yanada g‘ayrat berdi. Ayni paytda Andijonda barcha toifa xo‘jaliklari bo‘yicha 28 ming 400 gektar bog‘ mavjud. Bog‘ va tokzorlarning 14 ming 120 gektari 2 ming 410 ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklariga, qolgan qismi ko‘p tarmoqli fermerlar va aholi xonadonlari tasarrufiga ajratib berilgan.

Joriy yilda parvarishlanayotgan bog‘ va tokzorlarning qator oralariga yuz foiz oziq-ovqat ekinlari ekildi. Bugun qay xonadonga kirmang, mevalari ko‘pligidan qaddi bukilgan mevazorni, tomor-qasida mo‘l hosildan darak berib turgan sabzavot ekinlarini ko‘rasiz. Har bir oila ixtiyoridagi yeridan unumli foydalangach, bozorlardagi narxlar ham ancha arzon bo‘lishi bor gap.

Xullas, osmoni musaffo, maskanlari go‘zal, betakror yurtimizda xalqimizning dasturxoni to‘kin, xirmonlari baland, farovonligi bisyor. Daromad yaxshi bo‘lgach, turmushi ham yanada fayzli bo‘ladi-da. Yangi uylar, yangi mashina, to‘yu-to‘rkin degandek.

Ayniqsa, zamonaviy andozalar asosida qurilayotgan namunali uylarning qad rostlashi qishlog‘u mahallalarimizning qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuborayotgani haqiqat.

Istiqlolimizning 25 yilligiga to‘yona sifatida bu yil Andijonda 1139 ta ana shunday ko‘rkam oshiyonlar o‘z egalariga topshiriladi. O‘tgan yilda esa bu ko‘rsatkich 1060 tani tashkil etgan edi. Yangi uy egalari o‘zbekona urf-odatlarimizning tantanasi sifatida — uy to‘ylari qilib, shundoq go‘zal maskan sohibi bo‘lganlarini nishonlamoqdalar. Bundan tashqari qishloqlarimizdagi aholi o‘zining daromadlari evaziga ikki-uch qavatli uylarni qurayotganlarini ko‘rib yanada faxrlanib ketaman.

Asakalik piri badavlat xonadon sohibasi E’zozxon aya Madaminova ikki o‘g‘lini birin-ketin ikki qavatli qilib solingan yangi uylarga ko‘chirib chiqdi.  Elga osh berdi.

— Prezidentimizga rahmat, turmushimiz farovonligini o‘ylab uy-joy qurish uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan. To‘rt o‘g‘limning topganini bir qilib, ularga uylar soldik, mana, vatanli bo‘lishdi, — deydi onaxon faxr bilan. — Mahallamizning yarmida namunali uylar qurilib, Fayziobod qishlog‘i yana ham chiroyli bo‘lib ketdi. Bari tinchlikdan, farovonlikdan darak-da. Ming shukur.

E’zozxon ayaning uy to‘yida uning nabirasi Shahzodbek ijrosida ajoyib bir qo‘shiq yangradi, to‘g‘rirog‘i, bu qo‘shiqni mahalladoshlar eshitish taklifini bildirdilar.

Olamni asragay yaxshilar asli,

Vatan deb yashaydi yaxshilar nasli.

Vatandan muqaddas nima bor ayting,

Vatanda gullagay umrlar fasli,

Vatan yuraklarda jo,

Vatan hayotdan aziz,

Vatanni sevganlar vatanda aziz…

Ushbu qo‘shiqni bugun asakaliklarning aksariyati yoddan biladi, chunki ham-qishloqlari — 2015 yilda «Nihol» mukofotiga sazovor bo‘lgan Shahzodbek Sobirjonov bayramlarda to‘lib-toshib kuylaydi-da.

— Men O‘zbekistonning eng baxtli yoshlaridanman, — deydi Shahzodbek. — Prezidentimizning san’atga berayotgan e’tibori tufayli barcha sharoitlarga ega Andijon san’at kollejida saboq olib, keyinchalik O‘zbekiston Davlat konservatoriyasiga davlat granti asosida o‘qishga kirdim. Mana bu yil ushbu muqaddas dargohni tugallamoqdaman. Vatanim bergan imkoniyatlarga javob berish pallasi keldi, deb o‘ylayman. Maqsadim yosh talantlarni tarbiyalashdir.

Darvoqe, yangi iste’dodlar haqida gap ketganida qalbimni faxrga to‘ldirgan yana bir jihatga alohida to‘xtalmoqchiman. Ayni paytda viloyatdagi mavjud 27 ta musiqa va san’at maktablari yangitdan zamonaviy qiyofada qurilib, yosh nihollarga tuhfa etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2016—2020 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi» to‘g‘risidagi qarori qabul qilinishi zamirida nihoyatda ulkan maqsad mujassamligi qisqa vaqt mobaynida o‘zini namoyon qildi. Ya’ni joriy yilning shu davrigacha xalqaro musiqa va san’at festivallarida o‘ttiz nafarga yaqin yosh iqtidorlar faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘ldilar.

O‘zbegimning to‘ylari bisyor,

O‘zbegimning har bir kuni o‘tar to‘ydek,

Gulla, yashna, davrada o‘zbegim…

Ushbu qo‘shiq Rossiyaning Sochi shahrida 20—23 mart kunlari bo‘lib o‘tgan xalqaro festivalda Jalaquduq tumanidagi 18-musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Dilfuza Shokirova tomonidan ijro qilindi. Va o‘zining tengdoshlari ichida ovoz imkoniyati, sahna madaniyatiga rioya qilishi, tomoshabinlarni o‘ziga jalb eta olganligi, qo‘shiqlarini jonli tarzda mahorat bilan ijro eta olganligi uchun u tanlovning birinchi o‘rniga loyiq topildi.

— Yigirmadan ortiq davlat vakillari ichida bunday natijaga erishishning o‘zi kutilmagan sovg‘a bo‘ldi, — deydi Dilfuzaning ustozi Radim Bo‘ronov. — O‘quvchim sahnaga chiqqanida barcha birdek olqishlar bilan qo‘llab turdi. Milliy kiyimda, o‘zbekona chiroyli harakatlari bilan qisqa vaqt ichida tomoshabin mehrini qozondi.  Hamma birdek «O‘zbekiston, Dilfuza» deb olqishlaganida ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi. Shunday go‘zal, farzandlariga g‘amxo‘r Vatanda yashayotganimdan faxrlandim.

Bunday katta yutuqqa yaqinda Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro festivalda ishtirok etgan besh nafar o‘quvchi ham sazovor bo‘ldi. Andijon tumanidagi 7-maxsus musiqa maktabi o‘quvchisi Irodaxon Tohirova dutorda o‘zbek milliy kuyi-ni, Robiyaxon Mo‘minova «Andijon polkasi»ni, Paxtaobod tumanidagi 25-musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Rayhona Abdurahmonova «Doira» raqsini, oltinko‘llik Muhammadyusuf va asakalik Mohinurposhsha Dolimova fortepyanoda mahorat bilan kuy ijro eta olganliklari tanlovning nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan e’tirof etildi. Va kichik iste’dod sohiblari Vatanimizga sovrinlar bilan qaytdilar. Eng katta mukofot esa ularning shu yoshidanoq Vatan nomini dunyoga tanitishga hissa qo‘sha olganligidir. Boshqacha aytganda, jahon aro nomimizni sharaflarga burkayotgan, qalbimizni faxru iftixorga to‘ldirayotganlarning chehralarida VATAN AKSINI ko‘ramiz. Bu esa albatta jon fidolik de-yishga arzirli jihat. Zero, muqaddas tuproq, jondek aziz yurtning taraqqiyotiga ulush qo‘shish, uning kelajagi buyukligiga kamarbasta bo‘lish jannatmonand Vatanda yashayotgan har birimizning burchimizdir.

 

Shoir aytganidek:

Bulbulga tikondin yetsa-da ozor, 

Unga aziz erur shu joy, shu gulzor. 

Yurtim, bulbullaring nafasin tuydim, 

Kim Vatanga yordir, Vatan anga yor.

 

Matluba YuSUPOVA,

 yozuvchi, 

Andijon viloyati

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen − seven =