«Ramazon aytib keldik eshigingizga…»

Ramazon — buyuk qadriyatlarimizdan biri. Bu muqaddas oyda kuylanadigan qo‘shiq ezgu niyatlarni o‘ziga jo qilgan. Ushbu dilkash navoning o‘ziga xos tarixi bor. Uni tinglaganda, o‘tmishga, bolalikka qaytgandek bo‘lasan, kishi.

Asrlar oshib kelayotgan qadriyatlarimiz mustaqillik tufayli bugun e’zozda, ehtiromda. Ularga eskilik sarqiti sifatida emas, ma’naviy meros, insonlarni tarbiyalovchi vosita sifatida qaraladi. Biz so‘z yuritayotgan ramazon qo‘shig‘i ham istiqlol yillarida baralla yangraydigan, dillarni yashnatadigan bo‘ldi.

 

— Ramazon oyida “Qur’oni Karim” nozil bo‘lgan, Qadr kechasi bor. Mana shunday fazilatli kunlarning o‘ziga xos shukuhi — ramazon aytish hisoblanadi. Ramazon aytish qadimda bir muncha boshqacharoq bo‘lgan. Ilgari ro‘za o‘ttiz kun bo‘lsa, ramazon qo‘shig‘i o‘ttizta ko‘chada yangragan, — deydi folklorshunos olim, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Omonulla Madaev, — Oqibatda bitta ko‘chada faqat bir marta ramazon aytilgan. Ularning maxsus taqvim rejalari bo‘lgan. Ikkinchidan, ramazonni hozirgiga o‘xshagan sakkiz-o‘n yashar bolalar emas, uylanish arafasidagi, alohida tayyorgarlik ko‘rgan o‘spirin yigitlardan biri yakkaxon tarzda aytgan. Qolganlar unga jo‘r bo‘lgan. Ikki yonida ikki yosh bola esa ehson uchun xurjun ko‘tarib yurgan. 

Qiziq. Tasavvur qiliboq, zavqlanib ketasan, kishi. Demak, ilgari ramazon qo‘shig‘ini aytishga alohida e’tibor qaratilgan. Aniq reja asosida ishlovchi bu maxsus qo‘shiqchilar xalqning diqqat markazida bo‘lganlar. Axir, ramazon insonlarning ezgu niyat bilan ehsonini amalga oshirishi uchun aytiladi. Bu ham poklanish uchun imkoniyat.

— Ilgari ramazon bugungidek, xonadonlar eshigining tagida emas, ko‘chaning o‘rtasida aytilgan. Agar kimda-kim ehson qilmoqchi bo‘lsa, o‘zi borib xurjunga narsa solgan. Ba’zan o‘sha ramazonchilarning yaxshi ko‘rgan qizlari ularning ishidan g‘ururlanib, tomma-tom ergashib yurgan, degan ma’lumotlar ham bor. Bu yigitlarda kuchli g‘urur, oriyat saqlanganidan dalolat, — deydi Omonulla Madaev so‘zini davom ettirib. — Ba’zan yaktak, qiyiqcha, pul, undan tashqari farzandi yo‘q, mushkuloti ko‘p insonlar bir oshlik masalliqni ehson sifatida bergan. So‘ng yigitlar odatda guzarda joylashadigan choyxonada o‘tirib, o‘rtaga yig‘ilgan narsalarni qo‘yib, har kim qilgan mehnatiga yarasha mol taqsimot qilishgan, ovqat qilib, suhbatlashib o‘tirishgan. 

Bu jarayonning o‘zi insonlarda oqibatni, mehr-muhabbatni, birdamlikni shakllantirgan. Bugun keksa otaxonlarimizning choyxonalarda bir osh ustida o‘tirishi ham shu qadriyatimizning aks-sadosi bo‘lsa, ne ajab.

— Ramazonning yana bir tarbiyalovchi xususiyati shundaki, bizning davrimizda (vaqt o‘tgach, ramazon xonadonlarga kirib aytiladigan bo‘lgan) bu muborak oyda muqaddas qo‘shiq yangramagan xonadon o‘zini tahqirlangandek his qilgan. Masalan, men bolaligimda do‘stlarim bilan baxil, jahldor insonlarning xonadoniga ramazon aytib bormasdik, — deydi Omonulla Madaev jilmayib. — Bu o‘ziga xos jazo hisoblanardi. Bir kun bormasak bilinmasdi, ammo ikki-uch kundan keyin o‘zlarining aybini his qilib, jahldorlar muloyimga, baxillar saxiyga aylanardi. 

Ustozdan ma’lumot olar ekanmiz, ramazon qo‘shig‘ining asl matniga qiziqdik: 

Ramozon aytib keldik eshigingizga, 

Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga.

Ramazon, yo ramazon, mayramazon,

Muhammad ummatiga mayramazon.

Ramazon aytgan bilan to‘yarmidik,

Muhammad ummatiga qo‘yarmidik,

Ramazon, yo ramazon, mayramazon,

Muhammad ummatiga mayramazon…

Ustoz uni o‘ziga xos ohang, mayinlik bilan ijro qilib berdilar va: — Buni men o‘n olti-o‘n yetti yoshimda Marg‘ilondagi bir qariyadan eshitganman va buning uchun o‘zimni judayam baxtli hisoblayman. Hozirgi kunda bu ramazon qo‘shig‘ini eshitgan odamni topish qiyin, — dedi. 

Darhaqiqat, bugun bu qo‘shiqning matni tubdan o‘zgarib ketgan. Masalan, kuni kecha chamasi olti yo yetti yashar ikkita bola uyimizga ramazon aytib keldi. 

“Ramazon aytib keldik eshigingizga, 

Xudoyim o‘g‘il bersin beshigingizga. 

O‘choqda kul, karmonda pul, 

Chiqara qoling ming so‘m pul. 

Ming so‘m pulni bog‘i bor, 

Bog‘ida anori bor…”

— Yoki ikkinchi varianti, — deya bolakaylar navbatdagi qo‘shiqni aytishdi:

“Ro‘zani uch kun tutib keldik sizga,

Ro‘zaning zakotini bering bizga.

Oq so‘m, ko‘k so‘m,

Chiqara qoling ming so‘m.

Ming so‘m pulga ot oldik,

Otni sotib qiz oldik.

Qizning oti Nigora,

Non yopadi bechora”. 

Ko‘rib turganingizdek, qo‘shiq matni bugungi qo‘shiqchilik san’atimizdagi umumiy ahvolga monand ancha siyqalashgan. Qolaversa, uning ijrochilari ham o‘zgargan, bu ramazonchi bolakaylar muqaddas oyning mohiyatini bilishmaydi. Kim o‘rgatdi bu qo‘shiqni deb, so‘rasangiz, “bolalardan o‘rgandik” deyishadi. Nimaga keldinglar o‘zi, desangiz boshlarini egib, xuddi gunoh qilgandek jim bo‘lib qolishadi. Yo‘q, buning uchun boshni egish emas, baland ko‘tarish kerak, bolakay, degingiz keladi. Lekin ramazonning asl mohiyati va matnining o‘zgarib ketmasligiga alohida e’tibor berish lozim. 

Ramazondagi asosiy g‘oya ezgu niyat hisoblanadi. Uning amalga oshishiga asos — ramazon oyidagi qilingan xolis niyat, orzularning ijobat bo‘lishi. Ramazon oyida bu muborak qo‘shiqni aytgan bolalarni xursand qilish ko‘nglingizdagi bitta xira joyni poklash bilan teng. 

Sobiq tuzum davrida boshqa muqaddas qadriyatlarimiz bilan bir qatorda ramazon ham qoralangan. Shu sabablimi, bu qutlug‘ qo‘shiq haqidagi kitoblarda deyarli ma’lumot yo‘q. U haqida faqat ustozlardan, otaxonu onaxonlardan ma’lumot olish mumkin. Avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bu muqaddas qadriyatimizni kelajakka yetkazish bizning qo‘limizda ekan, uning asli yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. Toki, ramazon ezgu niyatlar belanchagi bo‘lib qolaversin…

Shohsanam KOMILOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 4 =