O‘G’IRLIK MOL BUYURMADI

Ichki ishlar idoralari huzuridagi qo‘riqlash bo‘limlari tomonidan xalq xo‘jaligi ob’ektlari va fuqarolar xonadonlari ishonchli qo‘riqlab kelinmoqda. Ularning qatoriga toifalangan ob’ektlar, mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutuvchi yirik korxonalar, suv omborlari, banklar va boshqa ko‘plab muassasalar kiradi.

 

Xodimlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot va tushuntirish ishlari yo‘lga qo‘yilgan, ommaviy axborot vositalari orqali muntazam chiqishlar uyushtirilmoqda. Bu borada muayyan samaradorlikka erishilmoqda.

Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, ayrim nopok, o‘zgalar mulkiga ko‘z olaytiruvchi kimsalar tomonidan hamon mulk o‘g‘irlash, o‘zlashtirish yoki talon-toroj qilish hollari uchrab turibdi.

Jumladan, Chirchiq shahar IIB huzuridagi qo‘riqlash bo‘limi texnik qo‘riqlash punktiga shaharning I.Yusupov ko‘chasida joylashgan «Chirchiq plyus» MChJ o‘yinchoqlar do‘konidan kelib tushgan «tashvish» xabariga ko‘ra, voqea joyiga zudlik bilan chiqishgan Chirchiq shahar IIB huzuridagi qo‘riqlash bo‘limi texnik qo‘riqlash punkti militsionerlari — serjant E.Ashurmetov, kichik serjant E.Smanov, safdor M.Murodovlar tomonidan noma’lum shaxs do‘konning oldi oynasini sindirib, ichkariga yashirin ravishda kirgancha, 2  000 000 so‘mlik bolalar o‘yinchoqlarini o‘g‘irlab ketmoqchi bo‘lgan paytida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Olib borilgan surishtiruvlar natijasida o‘g‘ri K.U. (ismlar bosh harflari o‘zgartirilgan) bo‘lib chiqdi.

Andijon viloyati IIB huzuridagi qo‘riqlash boshqarmasi Alohida militsiya otryadi xodimlariga kelib tushgan xabarga ko‘ra, tezkorlik bilan voqea joyiga chiqqan qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan «GM Uzbekistan» AJga xizmat ko‘rsatuvchi Andijon viloyati Jalaquduq tumanida joylashgan «Tapaz» qo‘shma korxonasining V.H., T.M., D.U., A.R., U.U., A.J. singari ishchilari qo‘lga olingan. 

Bu shovvozlar oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, qo‘shma korxona ichida xizmat avtomashinasining yuksiz vaznini tarozida tortish vaqtida, omborxonadan olingan 1 900 kilogramm og‘irlikdagi temir listni mashina yukxonasiga yashirincha joylashtirib, avtoulov og‘irligini ortiq qilib ko‘rsatishadi va bu ma’lumotni kompyuter xotirasida saqlanib qolishiga erishishadi. Aslida yukxonaga yashirincha joylangan temir list ularga kerak emas edi. Shu bois listlarni qayta omborga tushirib, o‘rniga hech qanday hujjatlarsiz kesib tayyor mahsulot holatiga keltirilgan narxi 4  000 000 so‘mlik 1 900 kilogramm 8 RSOO rusumli po‘lat listni yuklab, tarozidan yuk xatlari asosida tekshiruvdan o‘tib, qo‘shma korxona hududidan olib chiqib ketayotgan vaqtida qo‘lga olinadi.

Shuningdek, qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan Yashnobod tumanida yashovchi, fuqarolar A. va R. hamda Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro X.ning Yashnobod tumanida joylashgan 22-aviashaharchada poytaxtimizda joylashgan «O‘zdonmahsulot» AK «Toshkentdonmahsulotlari» AJ tomonidan ishlab chiqarilgan omuxta yem mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanayotganligi aniqlangan. Huquqbuzarlarga nisbatan har biriga 592 000 so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaro I., Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi fuqaro D., Qibray tumanida yashovchi fuqarolar F. va U. Toshkent traktor zavodidan temir trubalarni yashirincha, ruxsatsiz olib chiqib ketayotgan vaqtida ushlangan, buyumlar esa zavodga qaytarilgan. Huquqbuzarlarga nisbatan har biriga 130 240 so‘m miqdorida ma’muriy jarima ko‘llanilgan.

Bu misollarni keltirishdan maqsadimiz bir haqiqatni ayrim kimsalarga eslatib qo‘yishdir. Jinoyat — u qay tarzda amalga oshirilishidan qat’i nazar, bir kuni albatta fosh bo‘ladi. Oqibatda uni sodir etganlar faqat qonun oldida emas, o‘z yaqinlari, vijdoni, elu xalq oldida ham javob berishlariga to‘g‘ri keladi. Inson o‘ziga berilgan umr atalmish qutlug‘ ne’matni qadrlab, yuzi yorug‘ bo‘lib yashashiga nima yetsin!

Elmurod QO‘ZIYeV, 

«Qo‘riqlash» birlashmasi IHHQ va YuTB Matbuot guruhi katta inspektori, katta leytenant

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − seven =