Tasvirlarda istiqlol madhi

O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi Isfandiyor Latipov bilan suhbat 

 

– Isfandiyor Xudoyorovich,Siz yetakchilik qilayotgan ijodiy uyushmaning asosiy vazifasimamlakatimizda yangilanish va islohotlar jarayonini keng ommaga tasvirlash san’ati orqali ta’sirchan, jozibador shaklda yetkazish, xalqning chinakam bunyodkorlik ishlari, odamlar ongida, ruhiyatida, qiyofasida ro‘y berayotgan hurlik o‘zgarishlarni ko‘z o‘ngimizda namoyon etishdan iborat. Keling, suhbatimizni mana shu ko‘zguning jamiyatimiz hayotida tutgan o‘rni haqida boshlasak…

– Mustaqillikka erishganimizga endigina yigirma besh yil to‘lgan bo‘lsa-da, shu qisqa muddatda hayotimizda yuz bergan olamshumul o‘zgarishlarni sanab adog‘iga yetolmaymiz. Shukrlar bo‘lsinki, bugun o‘z hayot yo‘limizni emin-erkin tanlab oldik. Jahon miqyosida o‘zimizni topayotganimiz, o‘zligimizga qaytayotganimizning o‘zi ulkan baxtdir. Buni xalqimiz qalbiga teranroq singdirishda tasviriy-targ‘ibot vositalari muhim o‘rin tutadi. Istiqlol yillarida ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi islohotlar jarayonini keng ommaga ta’sirchan va jozibador shakllarda yetkazish, xalqning chinakam bunyodkorlik ishlarini, odamlar ongida, ruhiyatida ro‘y berayotgan hurlik o‘zgarishlarni tasviriy namoyon etish maqsadida ijodiy uyushmamiz tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Faoliyatimizning eng muhim jihati, bugun dunyoda g‘oyalar urushi avj olgan, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi illatlar xuruji dahshat solayotgan tahlikali zamonda, yoshlarimizni turli salbiy oqimlar ta’siridan himoyalash, odamlarimiz fikru yodini ogohlikka chorlash, hamyurtlarimizni shunday buyuk yurt farzandi ekanligidan g‘ururlantirishdan iborat. Bugungi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshilik, jumladan, Yaqin Sharqda, Iroq va Suriya, Turkiya, Frantsiya, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarda yuz berayotgan terrorchilik xurujlari, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar, millatlar o‘rtasida ko‘chayib borayotgan nizo va ziddiyatlar oqibatida begunoh odamlarning qurbon bo‘layotgani barchamizni xavotirga solmoqda. Mashaqqatli mehnat va katta mablag‘lar evaziga bunyod etilgan inshootlar vayronaga aylantirilmoqda. Bunday vayronagarchiliklarni kelib chiqish sabablarini hamma tushunib yetishi va bundan kerakli xulosalar chiqarishi lozim. Terrorizm, diniy ekstremizm kabi bunday balo-ofatlar yurtimizga suqilib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik, aholi, ayniqsa, yoshlarimizni yovuz kuchlar ta’siridan saqlash hammamizning bosh vazifamizdir. Shu ma’noda, ijodiy uyushmamiz va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan hamkorlikda “Yoshlar diniy estremizm va terrorizmga qarshi” nomli fotoko‘rgazmasini tashkil etganimiz ta’sirchan tadbirlarimizdan biri bo‘ldi. 

– MUSTAQILLIK, ISTIQLOL so‘zlari insoniy qadriyatlarimizni ifodalaydigan purma’no tushunchalardir. Yangicha yashash, o‘ylash, qarash va kurashga o‘rgatadigan shiorlarni to‘g‘ri kelgan joyga ilib qo‘yish yaramaydi. Har birini uzukka ko‘z qo‘yganday joy-joyini tanlab, chiroyli ishlov berib joylashtirish lozim. Xalqimizda yuz marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan afzal, degan ibora bor. Peshlavhalardagi reklamalar 24 soat mobaynida odamlar nigohi va e’tiborida bo‘ladi. Sizningcha, davrimiz mohiyatini ochib beradigan matnlar, rasmlar ta’sirchanligini yanada oshirish uchun nimalar qilish kerak? 

– Vatan ravnaqi yo‘lida fidoyilik bugun har bir ezgu niyatli hamyurtimizning qat’iy niyatiga aylangan, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Ulug‘ maqsadli, ko‘pni ko‘rgan xalqimizning mardligi va matonati evaziga erishilayotgan natijalar dunyo miqyosida Vatanimiz obro‘sini yanada yuksaltirmoqda. Albatta, davrning ulug‘vor maqsadlari, talabi va vazifalarini targ‘ib etadigan shiorlar ham shunga munosib bo‘lishi, odamlarni faqat atrofga, boshqalarga emas, balki o‘z-o‘ziga yangicha qarashga va yangicha sharoitda kurashga o‘rgata olishi kerak. Bu jihatdan ijodiy uyushmamiz ham mamlakatimizda o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tashviqot  tadbirlariga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlardan kelib chiqqan holda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Kamolot yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o‘rta maxsus ta’limi, Xalq ta’limi vazirliklari va bir qator hamkor tashkilotlar tomonidan “Barkamol avlod – kelajak poydevori” mavzusida fotoko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi tarix uchun qisqa muddatda mustaqil yurtimizda respublika va xalqaro maydonda ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sport va boshqa sohalarda ulkan yutuqlarga erishgan fidoyi yoshlarimiz siymosini aks ettirishdir. 3000 taga yaqin fotosuratlardan 500 tasi tanlab olindi. Ko‘rgazma kontseptsiyasi va yo‘nalishlari belgilandi. “Prezident va yoshlar”, “Yoshlar va ta’lim”, “Yoshlar va madaniyat”, “Yoshlar va sport”, “Yoshlar va tadbirkorlik”, “Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash”, “Yoshlarni huquq va manfaatlarini ta’minlashda NNTlar faoliyati” deb nomlangan ekspozitsiyalar yoshlar ijod saroyi ko‘rgazma zallariga joylashtirildi va joylardagi yoshlar saroylarida ham ushbu ko‘rgazma  namoyishi davom etmoqda. Ularda jonajon Vatanimizning har bir go‘shasi kundan-kunga gullab-yashnab, hayotbaxsh nurlarga yo‘g‘rilib borayotgani yaqqol sezilib turibdi. Ma’naviy va ruhiy olamimizga mos tushadigan da’vatkor so‘zlarni ta’sirchanligini yanada oshirish maqsadida ko‘plab davlat tashkilotlari, qo‘mitalar va ijodiy uyushmalar bilan hamkorlikda ish olib borayapmiz.

Ijodiy uyushmamiz tomonidan har yilning nomlanishidan kelib chiqib, shu yilga bag‘ishlab qabul qilingan davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida tavsiyalar to‘plami chop etish an’anaga aylangan. Joriy “Sog‘lom ona va bola yili”da ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot ishlarida tasviriy vositalardan foydalanish uchun matnlar, qaydlar, hikmatli so‘zlar, xalq maqollari va shiorlardan iborat “Sog‘lom ona va bola – buyuk kelajagimiz poydevori” nomli tavsiyalar to‘plami nashr etildi. Ushbu qo‘llanmani tayyorlash jarayonida hamkor tashkilotlar, idoralar,  gazetalar, keng ijodkorlar tomonidan olingan takliflar va fikrlar inobatga olindi. Undan ko‘chalar, aholi gavjum joylar, o‘yingohlar, mahallalar hududlari, korxona, tashkilot, muassasalar binolari, ma’naviyat xonalarida ommabop va ta’sirchan dizaynlar yordamida foydalanilmoqda. Bu ko‘rgazmali vositalar onalar va bolalarni e’zozlash, mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchligimizni saqlash, milliy qadriyatlarimizni ardoqlash, tariximiz va ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy merosi va qadriyatlarini ulug‘lash, sportni rivojlantirish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni takomillashtirish kabi mavzularga ham alohida e’tibor berilishi aks ettirilgan. Ushbu qo‘llanmadan joylarda yanada kengroq foydalanilsa, matnlarning ta’sirchanligi va savodliligi, imlo xatolarsiz bo‘lishiga erishiladi.

– Mamlakatimizning mavqei dunyoning diqqat markazida turibdi. Tinchliksevar xalqimiz boshqa davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatib kelmoqda. Taraqqiyot va tinchlikka xizmat qiladigan, ellarni bir-birlari bilan birlashtiradigan, milliy totuvlikka chorlaydigan shiorlarni ko‘proq targ‘ib qilishni hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.  Shunday emasmi? 

– Ha, albatta. Prezidentimiz ta’biri bilan aytilgan ushbu hikmatning mohiyatiga e’tibor bering-a: “O‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak!” Ushbu iborani chiroyli dizaynlar asosida bannerlarda ko‘rgan hamyurtlarimiz bir dam o‘zlarini jiddiy tortishlari tabiiy. Darhaqaqat, har bir fuqaro tinchligimiz mislsiz mehnatlar va harakatlar evaziga saqlab turilganligini yurakdan his qilishi lozim. Bu va boshqa  matnlardan foydalanib, uyushmamiz ijodkorlari tomonidan tasviriy-targ‘ibot vositalari ta’sirchanligini yanada oshirishimiz lozim bo‘ladi. 

Mamlakatimizda an’anaviy VI respublika “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” do‘stlik san’at festivali o‘tkazib kelinadi. Unda turli millat vakillari o‘zlarining urf-odatlari, ma’naviy qadriyatlarini keng namoyish etmoqdalar. Bu millatlararo do‘stlik, hamjihatlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlab kelmoqda. Respublika Baynalmilal madaniyat markazi, Badiiy akademiya, “Kamolot” YoIH, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Toshkent shahar va  viloyatlari hokimliklari tomonidan bu yil oltinchi marta o‘tkazilayotgan madaniyat do‘stlik festivali tashkil etilgani turli millatga mansub fuqarolar orasida do‘stlik, totuvlikni keng targ‘ib etishga qaratildi. Ayniqsa, “Biz – sening farzandlaringmiz, O‘zbekiston” mavzusidagi foto va xalq amaliy san’ati asarlari ko‘rgazmasi festival ishtirokchilari qalbida  chuqur taassurot qoldirdi. O‘zbekiston xalqidek bag‘rikeng xalq dunyoda topilmasa kerak. Mamlakatimizda 135 tadan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi. Ular yurtimiz tinchligi va obodligi uchun fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda. Mana shu birodarlik rishtasi bizlarni qalban, fikran bir-birimizga yanada yaqinlashtirdi. O‘zbekiston ona vatanimiz, deb ardoqlashlarining sababi ham shunda.

Biroq, doim hushyor va ogoh bo‘lib, tinchligimiz uchun kurashib yashash kelajagimizni hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini unutmasligimiz kerak. Mamlakatimiz katta tabiiy  boyliklarga ega yurt. Jahondagi rivojlangan mamlakatlar qatoridan munosib o‘rin olishimiz uchun katta imkoniyatlarni ishga solmoqdamiz. Shu ma’noda, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilayotgan “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor madhi”, “Istiqlol farzandlari”, “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” kabi mavzulardagi anjuman va tanlovlarda bunga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bu ishlarda mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng sanoat, temir yo‘l transportidagi ulkan yutuqlar, jumladan, “Afrosiyob” tezyurar poezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilgani, Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li, muhtasham ko‘priklar, shahar va qishloqlarimizdagi bunyodkorlik ishlari, namunaviy loyihadagi uy-joylar, ta’lim, fan va madaniyat, sport sohasidagi yoshlarimiz qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlar, mamlakatimizda qisqa vaqtda hamma sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dunyo ahli havasini keltirmoqda. Yangidan bunyod etilgan va tubdan qayta ta’mirlangan musiqa va san’at maktablarining faoliyati yildan-yilga o‘zining yuksak badiiy, tasviriy aksini topmoqda. Mustaqillik milliy davlatchiligimiz, o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimiz, urf-odatlarimiz, buyuk ajdodlarimizning tabarruk nomlarini ulug‘laganini, tom ma’noda, beqiyos imkoniyatlarni ochib berganini aks ettiruvchi ko‘rgazma vositalarini joylashtirmoqdamiz. Yurtimizdagi barcha reklama peshlavhalaridagi tasviriy targ‘ibot vositalari, bannerlar va plakatlarda umuminsoniy, mushtarak qadriyatlar ruhi sezilib turishi uchun yangi loyihalar ustida ishlayapmiz.   

– Yurtimizda o‘qimishli, kitobxon oilalar ko‘p. Ertadan-kechgacha ro‘zg‘or tebratish, farzandlarimizning  ma’rifatli bo‘lishiga alohida imkoniyat yaratib berishni o‘zi bo‘lmaydi. Bu yilga “Sog‘lom ona va bola yili”  deb nom berilishi bejiz emas. Ijodiy uyushmaning tadbirlarida bu jarayon qay darajada o‘z ifodasini topmoqda?  

– Bugun sport turlarida yigit-qizlarimiz jahon chempioni bo‘layotgani katta sharaf. Jahonning mashhur sport grossmeysterlari orasida o‘zbek o‘g‘lonlari ham bor. Yoshlarimiz Amir Temur, Al Xorazmiy, Beruniy, Ulug‘bek, Farg‘oniy,  Bobur Mirzolar kabi ajdodlarimizning vorislari ekanini olamga namoyon etmoqdalar. Shuningdek, texnika, ta’lim, tibbiyot, adabiyot, san’at, tadbirkorlik sohalarida ham olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Ota-onalar o‘z farzandlariga kerakli tillarni o‘rgatayapti. Musiqiy savodxonligi, sport, ta’lim, tarbiya sohalariga alohida e’tibor bermoqda. Bu ma’naviyatimiz yuksalishida katta hissa qo‘shmoqda. Faoliyatimiz davomida Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi va hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan “Sog‘lom ona – millat g‘ururi”, “Olimpiya umidlari” kabi tadbirlarni har tomonlama ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun joylarni tasviriy targ‘ibot va shu mavzudagi fotoko‘rgazmalar bilan bezatish ham tadbirlar jozibadorligini oshirmoqda. Ijodiy uyushmaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shahar va tumanlar bo‘limlari tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili”ga bag‘ishlab 3×6 metr kvadrat hajmdagi 560 ta, turli hajmlardagi 4345 ta ijtimoiy ruhdagi reklama bannerlari tayyorlanib o‘rnatildi. 

– Mustaqillik bayrami ham yaqinlashib kelmoqda. Qaerga bormaylik, bayram kayfiyati aks etgan tasviriy vositalarga ko‘zimiz tushadi. Bu borada, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi tomonidan qanday ishlar olib borilmoqda? 

– Mustaqillik eng ulug‘, eng aziz bayramimiz. Ijodiy uyushmamiz bu shodiyonaga tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborgan. Respublikamiz bo‘ylab mingdan ortiq ijtimoiy reklamalar, standart va nostandart o‘lchamlarda “Sog‘lom ona va bola yili”, sport mavzusidagi bannerlar, yana ko‘plab mustaqillik bayrami, turli ijtimoiy mavzulardagi shior va logotiplar o‘rnatilmoqda. Ayniqsa, mustaqilligimizning yigirma besh yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tuman, shaharlar, odamlar gavjum joylar va uzoq-uzoq qishloqlarda shaharsozlik talablari asosida loyihalashtirish, qurish hamda ta’mirlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etilgan. Har bir ishchi guruhiga biriktirilgan vakil doimiy tarkibda ishlayapti. Tanlab olingan ko‘chalarni tarixiy nomini kelib chiqishini o‘rgangan holda ko‘cha nomini yozilishi bo‘yicha takliflar hokimiyatlar bilan kelishilgan holda ishlab chiqilmoqda. Mahallalarga kirish va chiqish joylarida ko‘cha nomi va uylarning tartib raqamlari bir xil shaklda yozilishi hamda bayramona shiorlar o‘rnatilishi yuzasidan tadbirlar  ishlab chiqilib, ijro etilmoqda. Bunday bezash ishlari Vatanimizning barcha hududlarida, xiyobonlar, bog‘lar, bozorlar, bekatlarda ham amalga oshirilmoqda. Respublikamiz bo‘yicha ijodiy uyushmamiz bo‘limlari tomonidan mustaqillikning yigirma besh yiligiga bag‘ishlab “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim”  shiori aks ettirilgan 3×6 kvadrat metr hajmdagi 331 ta, turli hajmlardagi 1495 ta bannerlar tayyorlab markaziy ko‘chalar, xiyobonlar va odamlar gavjum joylarga o‘rnatildi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, mustaqilligimizning shonli yigirma besh yillik davrida qo‘lga kiritilgan olamshumul yutuqlar va bevosita shu yutuqlarni qo‘lga kiritishda jonbozlik ko‘rsatgan zamondosh qahramonlar siymosi tasvirlarda o‘z aksini topaveradi. 

 

“Hurriyat” muxbiri Adiba UMIROVA 

suhbatlashdi.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + three =