RO‘YI ZAMIN SAYQALI
Siz shu kunlarda azim Samarqandda bo‘lganmisiz? Albatta, hamyurtlarimiznig aksariyati bu qadimiy va hamisha navqiron shaharni sayohat qilishgan. Kimdir qarindoshlik rishtalari bois, kimdir xizmat safari bilan va yana kimdir ziyorat uchun. Biroq siz hammasiga shoshib-pishib bir bor ko‘z yugurtirasiz va yoningizdagi tanishingiz ham o‘z bilganicha tushuntiradi. Ammo Samarqandni bir kunda hech qachon tomosha qilib ulgurmaysiz, buning uchun bir hafta, balki bir oy kerak.
Safarda albatta, shahar tarixini chuqur biladigan insonlar va tajribali yo‘l boshlovchilar sizga juda ko‘mak beradi. Mana, mag‘ribdan kelgan, yoshi saksonlarga borib qolgan italyan sayyohi biror ma’naviy-tarixiy tushuncha olaman deb o‘ziga tilmoch olibdi. U obidalar tarixini sayyohga batafsil tushuntirmoqda. Sayyoh ko‘zlarida cheksiz hayajon va hayrat, men esa bundan g‘ururlanaman.
Ulug‘ bobomiz Amir Temur agar bizning qudratimizni ko‘rmoqchi bo‘lsang, biz qurgan minoralarga boq deb bejiz aytmagan ekan.
Yaqinda biz «Ohangaronshifer» aktsiyadorlik jamiyatining ishchi-xizmatchilarining bir guruhi Samarqand ziyoratiga otlandik. Poytaxtimizning markaziy temir yo‘l vokzalida roppa-rosa soat yettida «Afrosiyob» tezyurar poezdiga o‘tirdik. Ma’lumki, g‘oyat tezyurar poezdlar sayyoramizdagi ikki yuzdan ziyod davlatning faqat yigirmatasida bor, xolos. O‘zbekiston ham shular orasidadir. Bu poezd ikki soatda Toshkentdan Samarqandga eltib qo‘yadi. Hozir bu poezdga chipta olish biroz mushkul va ba’zan ikki oy oldin chipta olishga to‘g‘ri keladi. Buning asosiy sababi mamlakatimizga yiliga ikki milliondan ziyod turist kelmoqda va turli turfirmalar ko‘plab chiptalar olishmoqda, negaki, chet ellik sayyohlar tezyurar poezdni ma’qul ko‘rmoqdalar. Shu yil mustaqillik bayrami arafasida mazkur tezyurar poezd Buxorogacha ham boradi va yaqin orada Farg‘ona vodiysiga ham borsa, ajab emas.
Vagon oynasidan tashqariga tikilamiz. Keng maydonlarda intensiv bog‘lar… Mustaqillikkacha bo‘lgan yarim xaroba uylar ko‘rinmaydi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan qurilgan yangi zamonaviy namunali uylar ko‘zni quvontiradi.
Hovlisida anvoyi gullar ochilib yotgan Samarqand vokzalidan mehmonxonagacha bo‘lgan ko‘chalar chetidagi bir-biridan ko‘rkam uylarga havasing keladi.
Samarqandda «Registon plaza» nomli muhtasham mehmonxonaga joylashdik. Mehmonxonada Frantsiya, Italiya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya va boshqa mamlakatlardan kelgan sayyohlarni uchratdik. Deyarli hammasi qariyalar, kiygan kiyimlari oddiy. Ko‘pchiligi jufti-jufti bilan kelibdi. Bizning keksalar uchun ibrat oladigan jihat bu. Bizning otaxon-onaxonlarimiz har xil chaqiriq, beshik to‘y kabi marosimlardan voz kechib, sollanishib, dunyo kezishsa, qanday yaxshi.
Boshiga do‘ppini dol qo‘yib, beliga belbog‘ sirmagan hamyurtlarimizni ko‘rganlar, «Ana, o‘zbekistonliklar» deyishadi. Bu ham to‘qchilik, farovonlikning bir targ‘iboti.
Biz hamisha shinam xonalarga joylashib, tushlikdan so‘ng hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy majmuasiga otlandik. Ma’lumki, Imom Buxoriy hijriy 190 yilda Buxoroning Poykant qishlog‘ida dunyoga kelgan. Qirq yil Makkai Mukarramada qolib payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan va suhbatlashgan odamlarning o‘sha kungacha yetib kelgan hadislarini eshitgan minglab odamlar bilan uchrashib, eng ishonchli hadislarni to‘plab «Jome’ as-Sahih», ya’ni eng ishonchli hadislar to‘plamini yaratadi. Qirq yildan so‘ng Buxoroga qaytdi. Buxoro amiri Xolid ibn Ahmadning birga ishlash taklifini rad etadi. Shundan so‘ng Samarqand shahri yaqinidagi qarindoshlari yashaydigan Xartang qishlog‘idan qo‘nim topdilar. Imom Buxoriy o‘zlarini butkul ilmga bag‘ishladilar va ro‘zg‘or qilmadilar. Mamlakatimiz mustaqillikka erishguncha Imom Buxoriyning qabri tashlandiq va ayanchli ahvolda bo‘lgan. Faqat xalqimiz erkinlikka chiqqach, Yurtboshimiz rahbarligida yaratilgan loyiha asosida 8 oy mobaynida bunyod etiladi. 1998 yil 23 oktyabr kuni ushbu hayratomuz majmuaning ochilish marosimi bo‘ladi. Endilikda millionlab kishilar bu joyni ziyorat etmoqdalar.
Biz ham Imom Buxoriy hazratlari haqqiga tilovat qildik.
Imom Buxoriy majmuasida Ohangaron sanoat kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi Saida Rahmatova yetakchiligidagi bir qancha o‘quvchilarni ko‘rib quvonib ketdik.
Shundan so‘ng Registon maydoni, Hazrat Xizr masjidi, Maxdumi A’zam, Sherdor va Bibixonim madrasalari, Shohi Zinda majmualarini ziyorat etdik.
Samarqand ko‘chalari toza, ozoda. Bu yerda milliy libos kiygan qizlar ko‘zimizga boshqacha ko‘rindi.
Qo‘ying-chi, bizga ikki kunlik sayohat juda kamlik qildi. Toshkentga qaytishda mashhur Samarqand nonidan do‘stlarga harid qildik. Ha, bu jahonda tengi yo‘q Samarqand edi. Vaholanki, mamlakatimizda 7570 ta tarixiy maskan, shu jumladan, 2330 ta arxitektura, 3945 ta arxeologik va 1138 ta tarixiy obidalar davlat himoyasiga olingan. Bu esa juda katta ma’naviy boylik. Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Tunis, Malayziya, Tailand, Hindiston kabi mamlakatlar iqtisodini turizmsiz tasavvur qilish qiyin. O‘zbekistonda ham yildan-yilga turistlar soni ko‘paymoqda. Agar hammamiz ham hafsala qilib Samarqand, Buxoro, Xivadagi tarixiy obidalarni tez-tez ziyorat qilib tursak, bu foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, istiqlol sharofati bilan yangidan ko‘rk ochgan mazkur maskanlarni ziyorat qilish katta savobdir.
Ozod XUSHNAZAROV,
«Ohangaronshifer» AJ kasaba uyushmasi
qo‘mitasi raisi