ISTIQLOLNING BUYUK TARHI

Toshkentlik Boburjon Zokirov 23 yoshda. Bu yil poytaxtimizdagi Turin politexnika universitetini tamomladi. 19 yoshidan tadbirkor sifatida faoliyat yuritib keladi. Markaziy Osiyoda yagona o‘quv globuslari ishlab chiqaruvchi “Ziyo Globus” xususiy korxonasi rahbari. Bugun bu muassasada shuningdek, devoriy osma xaritalar, geometrik figuralar va lineykalar ham ishlab chiqarilmoqda.

 

2014 yil “Yosh tadbirkor — yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan bu yigit bilan bir marta suhbatlashgan odam yana qayta ko‘rishgisi, teran fikrlarini tinglagisi keladi. Prezidentimiz orzu qilgan ma’nan va jismonan yetuk, intellektual salohiyati yuqori yoshlarning vakili sanalmish Boburjon Zokirov boshqarayotgan korxonada ayni paytda 20 nafar navqiron yigit-qiz faoliyat olib borayapti. Ularning 14 nafari kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlardir.

Qashqadaryolik Alisher Paydoev nomi, balki, sizga notanishdir. Ammo u haqda bir-ikki ma’lumot eshitganingiz hamono, “Ha, biz bunday yoshlarni yaxshi taniymiz”, — deyishingiz aniq. 

Alisher — istiqlol tengdoshi. U maktabning 9-sinfini tugatib, Zangiota tuman agroservis kasb-hunar kollejida ta’lim olgan. Ayni paytda Qashqadaryo viloyatidagi qurilish tashkilotlaridan birida xizmat qilayapti. Namunaviy loyihalar asosida bunyod etilayotgan uylar aynan Alisher kabi yosh, yangilikka intiluvchan, g‘ayratli ustalar qo‘lidan o‘tib, yurtdoshlarimiz ko‘nglidan joy topmoqda. 

Farruxjon Tolmasov — samarqandlik. 2015 yil muddatli harbiy xizmatni muvaffaqiyatli o‘tab, ayni paytda shartnoma asosida xizmatni davom ettirayapti.

— O‘g‘limning Vatan himoyachisi bo‘lishini, yurtimizda yigitlik burchini o‘tashini orzu qilardim, — deydi Farruxjonning otasi, o‘zi bundan o‘ttiz yil muqaddam Chernobil shahriga yaqin joyda xizmat qilib, bir qadar sog‘lig‘ini yo‘qotib qaytgan Fozil aka Mardiev. — Xudoga shukr, niyatlarim amalga oshdi. Bugun Farruxjonning orqasidan onasi ikkovimizning boshimiz osmonda. U har gal qo‘ng‘iroq qilganida sezaman: kayfiyati baland bo‘ladi. Demak, o‘g‘limning ishlari joyida, demak, sarhadlarimiz tinch, demak, yurtimizning har bir go‘shasida oso-yishtalik barqaror, O‘zingga shukr, deb qo‘yaman. Televizorda vatanparvarlik ruhidagi ko‘rsatuvlarga ko‘zim tushib qolsa, yoshlik yillarim, askarlik paytlarim xayolimdan o‘tadi… Bizga mustaqil diyorimiz sarhadlarini himoya qilish nasib etmadi, orzularimiz farzandlarimiz timsolida amalga oshayotganidan mamnun bo‘laman… 

Bunday misollarni keltiraversak, kitoblarga sig‘maydi. Zero, mustaqillik har bir yurtdoshimiz hayotida o‘zgacha o‘rin tutadi. Istalgan kishi bilan suhbatlashing, u o‘z hayoti misolida shunday hikoya qilib beradiki, hurlik-ozodlik hammadan ko‘ra shu inson uchun qadrli ekan-da, degan xulosaga kelasiz.

Odamlarning tiriklikka munosabati, hayotga qarashi kundan-kunga o‘zgarmoqda. Bugun har bir sog‘lom fikrli yurtdoshimiz erkinlikning qadrini yurakdan his etadi. Na shaxsiy hayotda, na jamiyatda, na xalqaro miqyosda ilmsiz, ma’rifatsiz, intilishsiz biror natijaga erishib bo‘lmasligi bugun har bir yurtdoshimizga yaxshi ayon. Bularning bari istiqlol tufayli ongimizda yuz bergan ezgu evrilishning hosilasidir. 

Xo‘sh, bu evrilish qachon yuz berdi? Bunga ko‘pchilik tengdoshlarim, uka-singillarim: “Albatta, bundan 25 yil muqaddam, ya’ni 1991 yildan-da!” deb javob berishi tayin. Bunga asoslari bor, chindan ham, “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi qonun 1991 yilning 31 avgustida qabul qilingan, mamlakatimiz mustaqilligi ham o‘sha qutlug‘ sanada e’lon etilgan. Ammo bu xalqimizning, istiqlol jonkuyari bo‘lmish Yurtboshimizning yurt ozodligi yo‘lidagi harakatlari o‘sha sanadan boshlangan, degan xulosani bermaydi. Millat erkinligi, yurt ozodligi yo‘lidagi dastlabki dadil qadamlardan biri mamlakat mustaqilligi asoslari to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishidan oldin, ya’ni Islom Karimov respublika rahbari etib saylangan ilk damlarda, “O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish haqida”gi qonunning qabul qilinishi bilan qo‘yilgan bo‘lsa, oradan ko‘p o‘tmay, ya’ni 1990 yilning 20 iyunida, — aziz tengdoshlar, ukalar, singillar, e’tibor bering! — Respublika hali Sobiq Ittifoq tarkibida ekani chog‘ida yana bir muhim qadam tashlanadi: Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinadi!

Xalqimiz, milliy davlatchiligimiz tarixidagi eng muhim hujjatlardan biri sanalmish o‘n ikki banddan iborat ushbu Deklaratsiya istiqlolning o‘lmas tarhi, xalq xohish-irodasining amaldagi ifodasi o‘laroq maydonga keldi.

Mazkur tarixiy hujjatda nazarda tutilgan barcha ulug‘vor maqsadlar amalga oshdi. Keling, ularning ba’zilari haqida mushohada qilib ko‘raylik.

Bugun O‘zbekiston — suveren demokratik respublika sifatida butun dunyoda tan olinadi. O‘zbekiston Respublikasi o‘zining milliy-davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi. Uning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va bo‘linmasdir. Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan mazkur qoida dastavval Mustaqillik deklaratsiyasida zikr etilgan edi. Ya’ni unda Respublikaning “davlat hududi chegarasi daxlsiz”ligi mustahkamlangan. (Mustaqillik deklaratsiyasi, 2-band).

Yurtimizda azaldan turli millat va elatlar vakillari o‘zaro do‘stlik, birodarlik, totuvlik ruhida yashab kelgan. Ayni paytda 130 dan ziyod millat va elatlar vakillari “Shu aziz Vatan — barchamizniki!” deya, ahil-inoq, hamjihatlikda istiqomat qilmoqda. Ularning barcha huquqlari ta’minlangan. 

Xususan, keyingi chorak asrda mamlakatimizda yashayotgan turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlashga, uning qonuniy asoslarini yaratishga jiddiy e’tibor qaratildi. Ushbu tamoyillar O‘zbekiston Konstitutsiyasi va barcha qonunlarimizda aniq va qat’iy muhrlab qo‘yilgan.

Dunyo havas qilgulik bu jihat — azaliy udum va an’analar, necha ming yillik aziz qadriyatlar, xalqning buyuk xohish-irodasi inobatga olingan holda ishlab chiqilgan Konstitutsiyamizning 4-moddasida mustahkamlangan. Ya’ni “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”. 

18-moddada esa mamlakatimizning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilab qo‘yilgan. 

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 1992 yili Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilgani ham bu bu boradagi ishlarning tizimli, izchil amalga oshirilishini ta’minlayapti. Uning asosiy vazifasi millatlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, mamlakatimizdagi turli millat va elatlar vakillarining milliy-ma’naviy ehtiyojlarini qondirish, har bir millatga xos urf-odat va an’analarni saqlab qolishga ko‘maklashish, keng jamoatchilikning bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir. Ayni paytda Markaz salkam 140 ta milliy madaniyat markazi faoliyatini muvofiqlashtirib, ularga tashkiliy va uslubiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. Har yili turfa millat vakillarining milliy bayramlari katta ko‘tarinkilik va xursandchilik bilan nishonlanadi. 

Shuningdek, yana bir jihatga alohida e’tibor bermay iloj yo‘q. Yurtimizda ta’lim yettita tilda olib borilmoqda. Respublika baynalmilal madaniyat markazi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, diyorimizdagi 360 ga yaqin maktabda qoraqalpoq, 400 ga yaqin maktabda qozoq, 50 dan ortiq maktabda qirg‘iz, 40 dan ziyod maktabda turkman, 800 ga yaqin maktabda rus, 250 dan ortiq maktabda tojik tillarida darslar olib borilayapti. Bu esa millatlararo totuvlik, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Mazkur me’yorlar Mustaqillik deklaratsiyasining 11-bandida ham qayd etilgan. Ya’ni unda Respublikada “yashayotgan barcha millat va elatlarning qonuniy, siyosiy, iqtisodiy, etnik, madaniy huquqlariga hamda ona tillari rivojlantirilishiga kafillik” berilishi belgilab qo‘yilgan. 

Mazkur tarixiy hujjatga nazar solar ekanmiz, uning 10-bandi alohida e’tiborimizni tortishi shubhasiz. Unda Respublikamizning qonun chiqaruvchi hokimiyati mamlakatimiz davlat mustaqilligini amalga oshirish uchun zarur qonunlarni ishlab chiqishi zarurligi qayd etiladi. Ushbu band alohida ahamiyatga ega bo‘lib, kelajakda (ya’ni Deklaratsiya qabul qilingandan bir yil o‘tib) bu olamshumul ish amalga oshirildi!

Bobotarix oldida 25 yil nima degan gap? Biroq O‘zbekiston chorak asr ichida asrlarda amalga oshmog‘i ham dushvor bo‘lgan yutuqlarga erishdi. Buni biz emas, jahon e’tirof etayapti. Keyingi o‘n yil ichida global tus olgan moliyaviy-iqtisodiy tanglik sharoitida o‘zini yo‘qotmay, taraqqiyotda dadil odimlayotgan kam sonli mamlakatlardan biri sifatida tan olinayotgani O‘zbekistonning asl salohiyatini ko‘rsatib berdi. Hatto dunyoning eng rivojlangan davlatlari deya tan olingan mamlakatlar ham bugun taraqqiyotning O‘zbek modelini o‘rganishga, o‘zlashtirishga intilmoqda. 

Aholi turmush darajasi muttasil oshib bormoqda. Bugun har bir oilasida kamida ikkitadan avtomobili bor, fuqarolarining katta qismi tadbirkorlik, fermerlik singari ilg‘or sohalarda band, tinch-likni, do‘stlikni, ma’naviyatni yuksak qadrlab ahil-inoq yashayotgan mamlakatning qudratiga kim shubha qilardi!

So‘zimiz avvalida mustaqillik bergan keng imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan oddiy yurtdoshlarimiz hayotidan lavhalar keltirgan edik. So‘zimiz so‘ngida ham istiqlolning bir oilada qay tariqa tajalli topganiga kichkina misol keltirsak.

Otam o‘qishga havasmand bo‘lsa-da, oilasidagi yetishmovchilik, qiyinchiliklar tufayli oliy o‘quv yurtida tahsil ololmay (kattaotamiz to‘ng‘ich o‘g‘li — Ibrohim bobomnigina institutda o‘qita olgan), bir umr armonda yashadi. Shu bois biz, aka-ukalarning o‘qishimizga jiddiy e’tibor qaratdi. Olti og‘aynidan to‘rttamiz oliy ma’lumotli bo‘ldik. Barchamizga mustaqillik yillarida o‘qish nasib etdi. 

Qarangki, bugun akalarimning farzandlari — jigarlarim bizdan ham yaxshiroq sharoitlarda ilm olishmoqda. Biz aka-ukalar bormagan joylarga borib, ko‘rmagan yerlarni ko‘rib ulg‘ayishmoqda. Jiyanlarimning biri koreyscha, biri ing-lizcha chuldirab qolsa, havasim keladi.

Shularni mulohaza qilarkanman, “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart!” degan nekbin so‘z qulog‘im ostida jaranglagandek bo‘ladi. Va shu zahoti biz, farzandlarini hamisha qo‘llab-quvvatlaydigan Vatan, Istiqlol oldida o‘zimda ulkan qarzdorlik tuyg‘usini his etaman…

 

Elmurod NISHONOV,

“Hurriyat” muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + five =