Ulug‘lar sabog‘i

EZOP MASALLARIDAN

 

Dumsiz tulki

Tuzoqqa ilinganmi, qopqonga tushganmi — nimadir bo‘lib, tulki dumidan ayrildi. Bu sharmandalikni gardanga olib yashab bo‘ladimi — nimadir qilish kerak. O‘ylay-o‘ylay sharmandalikni urfga aylantirmoqchi bo‘ldi, jamiki tulkilarni to‘plab, ularni dumlaridan kechishga da’vat qildi: “O‘ylang, axir, bu qurib ketkurlar o‘lgudek beso‘naqay bo‘lganlari yetmagandek, ortiqcha yuk ham emasmi?”.

Bunga javoban tulkilardan biri dedi: “O‘rtoqjon, beso‘naqaydir, ortiqcha yukdir — o‘zingniki bo‘lganida-ku, bu maslahatni bermagan bo‘larding-a!.

Alqissa, ayrim kishilar ham shunga o‘xshash: xeshu taborga chin dildan emas, o‘z foydalarini ko‘zlab maslahat beradilar.

 

Toshbaqa bilan quyon

Toshbaqa bilan quyon: “Qay birimiz chopag‘onmiz”, deya bahslashib qolishdi-yu, bahsni bellashuvda hal qilishga qaror berishdi. Quyon o‘zining tug‘ma chopag‘onligiga ishonib, unchalik jon kuydirmadi: yo‘l chetiga yonboshladi-yu, qattiq uyquga ketdi. Toshbaqa esa o‘zining imillab yurishini bilgani uchun beto‘xtov chopdi. Natijada bahsda g‘olib bo‘lib mukofot oldi.

Alqissa, ko‘pincha kamolga yetkazilmagan tug‘ma iste’doddan mehnatsevarlik g‘olib keladi.

 

Sher bilan bo‘ri

Kunlardan bir kun bo‘ri suruvdan olib qochgani sovliqni o‘ngarib uyasiga ketayotgandi, sherga duch keldi-yu, o‘ljasini oldirib qo‘ydi. Bo‘ri chetroqqa chiqib xitob qildi: “O‘ljamni tortib olganing adolatdan emas!”.

Sher kulib javob qildi: “O‘zing-chi, o‘zing, uni halol qo‘lga kiritibmiding yo og‘ayningdan sovg‘aga olganmiding-a?”. 

Bilgilki, adolatsiz va nopok kishilarning o‘zlari qiyin ahvolga tushganlarida avvalo adolatu halollikdan so‘z ochadilar.

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 11 =