BOLADA HAM QALB BOR yoki o‘zbek multiplikatsiyasi haqida o‘ylar

Bugun ommaviy axborot vositalari, radio-televidenieda animatsion filmlar mavzusida ko‘p gapirilmoqda, maqolalar chop etilmoqda, turli shoularu bahslar uyushtirilyapti. Ba’zan biri ikkinchisini mutlaqo inkor etadigan mulohazalar bildirilmoqda. Bu kishini bir qadar mamnun etadi, albatta. Zero, hamma zamonlarda ham san’atning biror sohasiga alohida e’tibor, kuyunchaklik bilan munosabatda bo‘lish o‘zining ijobiy samarasini bermay qolmagan, oxir-oqibat haqiqiy san’at durdonalari yaratilishiga turtki vazifasini o‘tagan. 

 

Hozirgi yosh avlod bundan bir necha yil avvalgi bolalar emasligi ma’lum. Jamiyat rivojlangani sayin bolalarimizning ham ongi, fikr tarzi, did va talablari o‘sib, o‘zgarib borar ekan, kino va yosh tomoshabin o‘rtasidagi munosabatda qator muammolar kelib chiqishi tabiiy. Bolalar filmi ularning fikrini ifodalay olishi, didi va talablariga javob berishi lozim. Ayni paytda masalaning boshqa tomoniga ham e’tibor qaratish darkor. Keyingi paytlarda bu mavzuda namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlar, efirga uzatilayotgan eshittirishlar, bosma va elektron nashrlardagi chiqishlarda sohaning malakali, professional mutaxassislarining ovozlari yetarli darajada eshitilmayapti, nuqtai nazarlari deyarli aks etmayapti. Vaholanki, bola qalbiga san’at urug‘ini sochishda yaxshi filmlarning mazmuni va estetik shakli haqida gapirib, ularni tarbiyalashda ota-ona, o‘qituvchi bilan birga mutaxassislar va kinotanqidchi ham muhim rol o‘ynaydi. Tomoshabin didi va saviyasini kinotan-qidchi tarbiyalaydi,  degan gap bejiz aytilmagan. 

To‘g‘ri, san’atning barcha sohalaridagi kabi, animatsion filmlar yaratilishi borasida ham yetarlicha muammolar mavjud. Buni hech kim inkor etmaydi. Lekin tanqid ochiq darvozaga gol urishdan iborat bo‘lib qolmasligi kerak.

Shukrki, mamlakatimiz bolalar uchun multfilmlar ishlab chiqarish doimiy e’tiborida bo‘lgan kam sonli davlatlar safida turibdi. Hukumatimizning maxsus qarori bilan har yili 10 ta bir qismli (o‘n daqiqalik) multfilm ishlab chiqarish uchun mablag‘ ajratiladi. Mana shu g‘amxo‘rlik samarasi o‘laroq, 50 yillik tarixga ega o‘zbek multiplikatsiyasi namunalari, jumladan,  “Kulol”, “Bor baraka” (rejissyor D.Vlasov), “Ur, to‘qmoq!” (rejissyor S.Chufarnov), “Qush”, “Farhod va Shirin” (rejissyor N.To‘laxo‘jaev), “Bulbul”, “Sher ila durroj” (rejissyor M.Mahmudov) kabi filmlarimiz xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, qator sovrinlarni qo‘lga kiritdi. 

Mana, bir yildan ortiqroq vaqt bo‘ldiki, o‘zbek professional multiplikatorlari ilk bor to‘liq metrajli, bir yarim soat davom etadigan animatsion filmga qo‘l urishdi. Ayni kunlarda ijodiy jarayon qizg‘in kechmoqda. Kelasi yil bahorida kichik va umid qilamizki, katta yoshdagi tomoshabin ham “No‘xatpolvon” deb atalgan ushbu filmimizga o‘zlarining bahosini beradi.   

Bolalar tez ulg‘ayishadi. Ayniqsa, bugunning bolalari. Ular televideniedan tashqari internet, turli disklar orqali ham dunyo multiplikatsiyasi bilan yaxshi tanishib ulgurishadi. Bunday keskin raqobat muhitida milliy ruhdagi multfilmlarimiz bilan bolaning qalbi va ongini egallash oson kechmasligi aniq.  Multfilm endigina hayotga qadam qo‘ya boshlagan kichkintoylar tezda o‘zlashtirib oladigan, obrazlar yorqin talqin etiladigan, yaxshi-yomonning chegarasi aniq ajratilgan murakkab kino janridir. Shu sababli ham “Multbirlashma” ijodkorlari yaratayotgan har bir asar bolalarda insonga va hayotga muhabbat tuyg‘ularini tarbiyalovchi, go‘zallikni tushunishga yordam beruvchi muhim san’at vositasi bo‘lib xizmat qilishiga harakat qilishmoqda. Ammo bu borada muammolarimiz ham yo‘q emas. Shulardan biri multstsenariylar taqchilligi! To‘g‘ri, bolalar uchun boy badiiy adabiyotimiz, undan-da boy ertak-afsonalarimiz bor. Lekin bu bolalar uchun mo‘ljallangan har qanday asarni sahnalashtirish mumkin, istalgan bolalar yozuvchisi multfilm stsenariysini yoza oladi degani emas. Hattoki bemalol aytish mumkin, multfilm uchun stsenariy bolalar adabiyotidan tubdan farq qiladi, chunki multiplikatsiya – bu dinamika, voqealar boyligi, qiziqarli personajlar hamda turli-tuman xarakterlar to‘qnashuvini nazarda tutuvchi vizual san’at. Lekin nimagadir bizning stsenarist-yozuvchilarimiz o‘z asarlarida ko‘proq tarbiyaviy jihatga e’tibor qaratishadi. Aslida, har bir badiiy asarning  tarbiyaviy tomonlari bo‘lishi tabiiy. Ammo bizning stsenarist-yozuvchilarimiz bolalarga xos turli voqea-sarguzashtni qiziqarli va jonli yozish o‘rniga, nasihatgo‘ylikka o‘tib ketishadi. Bolalar esa jonli o‘xshatishlarga qarab fikr yuritadi. Shuning uchun ham haqqoniylik, insoniylik, odillik kabi tushunchalarni “bu yaxshi, bu yomon” deb to‘g‘ridan- to‘g‘ri aytmasdan, amalda ko‘rsatish kerakki, bola o‘z his-tuyg‘ulari bilan yaxshi va yomonni tushunib yetsin, o‘zi mustaqil xulosaga kelsin. Qisqasi, multfilm qanchalik sarguzasht-voqealarga boy, kulgili va qiziqarli bo‘lsa, bolaga shu qadar kuchli ta’sir qiladi. Nasihatgo‘ylik, didaktika esa bolani zeriktiradi. 

Animatsiya sohasida ishlagan odam biladi, bor-yo‘g‘i o‘n daqiqalik animatsion filmni tayyorlash uchun sakkiz oy, ba’zida bir-bir yarim yil fursat ketadi. Har qanday ijodiy jarayonda — u xoh o‘n daqiqalik, xoh yarim soatlik multfilm bo‘lsin, ijodkorlar katta guruhi mehnat qilishi lozim. Lekin ba’zida shunday bo‘ladiki, kadrlar yetishmasligi tufayli bir nechta  ishni (har birini professional mutaxassis bajarishi lozim bo‘lgan!) bir kishi bajarishiga to‘g‘ri keladi. Animatsiyada eng muhim ishni jonlantiruvchi rassom bajarishini hisobga oladigan bo‘lsak, bizning sakkiz oy-bir yil davomida bor-yo‘g‘i bitta-ikkita animator bilan ishlagan filmlarimizning badiiy sifatini oldindan tasavvur qilish  qiyin emas! 

Bolalar filmi, ayniqsa, animatsion filmlarning spetsifikasi faqat tajriba orttirish davomidagina o‘zlashtirib boriladi. Bu esa animatsion filmlar ustida ishlovchi rejissyor va rassomlarni tarbiyalab yetishtirish masalasini ham o‘rtaga tashlaydi. Animatsiyaning mana shunday o‘ziga xos tomonlarini hisobga olgan holda,  mana bir necha yildan buyon Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti va rassomlik kolleji qoshida animator-rassomlar (magistrlar emas!) tayyorlovchi maxsus guruh yoki bo‘lim ochishga harakat qilinmoqda. Afsuski, hozirgacha  ushbu takliflarimiz e’tiborsiz qolayotir.  

Qolaversa, multfilmning badiiy sifati nafaqat moddiy-texnik bazaga, balki bajarilgan ishlarni qabul qilish va sifatini baholashga ham bog‘liq. Keyingi vaqtlarda yaratilayotgan multfilmlarni qabul qilishda ko‘pincha, uning voqealarga boyligi, qiziqarliligi, personajlar shakl-shamoyili va xatti-harakatiga emas, tarbiyaviy tomonlariga e’tibor qaratilyapti. Holbuki, animatsiyada har bir rang, shakl, obraz va musiqa aniq bir vazifani bajaradi, asar g‘oyasini ochishda yordam beradi. Shuning uchun ham multfilm o‘z nomi bilan kichkina film bo‘lgani bilan uni tushunish va his qilishda  juda katta e’tibor va mas’uliyat talab qiladi.

To‘g‘ri, raqobatsiz rivojlanish bo‘lmaydi. Bu o‘zbek multiplikatsiya sohasini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Ya’ni yildan-yilga aynan animatsion film-lar yaratishga ixtisoslashgan xususiy studiyalar soni ortmoqda, ular yaratgan asarlar ekranlarimizda namoyish etilmoqda. Ammo, taassufki, bu jarayonda malaka, professional animator, rejissyorlar yetishmasligi o‘z so‘zini aytmoqda. Gap kelganda ochig‘ini aytish lozim, personajlarni harakat qilishga majburlash bu hali animatsiya emas. Animatsiya  bu – obrazga jon va ruh bag‘ishlash, unga qandaydir faqat o‘ziga xos xususiyatlarni, farqli jihatlarni berishdir. Toki, yosh tomoshabin qahramonni tushunsin, uning har bir harakati, nigohini anglasin; kulsa — u bilan qo‘shilishib kulsin, yig‘lasa — birga yig‘lasin… Ammo bugungi kunda animatsiyaga bo‘lgan munosabat shuni ko‘rsatmoqdaki, kompyuter va “3D” dasturini yaxshi o‘zlashtirgan mutaxassis, professional bilim va ko‘nikmasi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, animatsiyaning o‘ziga xos qonun-qoidalaridan bexabar holda, skaner va biror-bir “flash-das-tur”ga ega bo‘lsa bas, mag‘rurlik bilan o‘zini animator, deb aytishi mumkin bo‘lib qoldi. 

Ammo biz buni tabiiy jarayon sifatida qabul qilamiz. Eng muhimi, o‘zbek animatsiyasi sohasi bir joyda to‘xtab qolgani yo‘q, u doimiy intilishda, izlanishda. Mavjud muammolar asta-sekinlik bilan bo‘lsa ham hal etilyapti. Demak, ishonch bilan aytishimiz mumkinki, biz bolalarning muhabbatiga sazovor bo‘ladigan, ularning vatanparvar, yuksak ma’naviyatli, turli xurujlarga qarshi mafkuraviy immunitetga ega, bir so‘z bilan aytganda, komil insonlar bo‘lib yetishishiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan animatsion filmlar yaratishda davom etaveramiz. 

 

Mavzur MAHMUDOV, 

“O‘zbekfilm” AJ qoshidagi “Multbirlashma” badiiy rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan 

madaniyat xodimi,                  

Zulfiya YO‘LDOSHEVA, 

“Multbirlashma” muharriri

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − seventeen =