RAQAMLI TENGSIZLIK FENOMENI

Inson tabiatida o‘zini boshqalardan ko‘ra qaysidir xislati yoki qudrati bilan ustun qo‘yishga, ayni paytda ustun turishga moyillik bor. Odamzod tarixidagi barcha ayanchli hodisotlar, jangu jadallar insonning ayni shu hukmronlik istagi atrofida aylanadi.

 

Avvaliga matriarxat va patriarxat tuzumlari o‘rtasidagi tafovutlar, ularning o‘zgarishi bilan jinslar o‘rtasidagi tengsizlikning oshib ketishi, ayrim davlatlarda hamon ayol huquqlarining poymol etilayotgani, uning faqat oila chegarasida o‘ralashib, erkak kishiga moddiy, ma’naviy, ijtimoiy, maishiy jihatdan qaramlik holatlari soha mutaxassislarini o‘ylantirayotgan, eng muhimi, dunyoning ko‘plab kishilari bu tengsizlikdan aziyat chekayotgan bir paytda nigohimiz tabaqalanishning boshqa ko‘rinishlariga tushaveradi. Bu – moddiy tengsizlik, nasl-nasab jihatidan ustunliklar, irqiy kamsitilish, e’tiqodga ko‘ra tabaqalashuv va nihoyat, asrimizning “yangi kashfiyoti”  – raqamli tengsizlik muammosi…

1968 yili Stenli Kubrikning “2001: Fazoviy odissey” nomli filmi kinoekranlarga chiqdi. Undagi fantastik g‘oyalar, voqea-hodisalar – elektron cho‘ntak vositalariyu superkompyuterlar – ko‘pchilikning aqlini shoshirib qo‘ygandi, hatto tasavvurlariga sig‘dirolmasdilar. Bugun xayolot haqiqatga ko‘chdi. Zamonaviy kompyuter texnologiyalari va kommunikatsiya vositalari dunyoning eng asosiy rivojlanish “dvigatel”iga aylandi. Insoniyat yangi asr – global axborot asriga qadam qo‘ydi. Biroq bu kabi mislsiz imkoniyatlarni hayotga tatbiq etishga bugungi dunyo kishisi tayyormi? Global axborot asriga o‘tish og‘riqsiz, qurbonlarsiz kechadimi yoki yangi ijtimoiy va siyosiy muammolar changalida qoladimi? 

XXI asr insoniyat tarixiga axborot asri sifatida kirib kelishi tamaddun taraqqiyotidagi taqozo etilgan jarayondir. Gap shundaki, oxirgi o‘ttiz yil davomida insoniyat misli ko‘rilmagan sur’atda axborot oqimlarini ishlab chiqarish va ular almashinuvini tezlashtirish bo‘yicha avvalgi barcha davrlardan farqli o‘laroq, jiddiy natijalarga erishdi. Bunday tezlashish va axborot oqimlarining kengayishi natijasida global axborot jamiyati an’anaviy jamiyat bilan raqobatga kirishib, birinchisini “siqib” chiqarishga harakat qilmoqda. Marshall Maklyuenning “katta qishloq” atamasi axborot jamiyatiga kinoyaomuz qo‘llanilgan. Aslida esa axborot jamiyati barcha an’anaviy jamiyat vakillarini ijtimoiy-iqtisodiy tabaqalanishdan ko‘ra axborot kommunikatsiya-texnologiyalariga egalik darajasi bo‘yicha yangi ko‘rinishdagi tabaqalanishni yuzaga keltirmoqda. Va u global axborot oqimlariga daxldor, ulardan yiroqdagi fuqarolarni aynan mazkur belgi bo‘yicha keskin ikki qatlamga ajratib qo‘ymoqda. Bu holat nafaqat bitta fuqaro, balki butun boshli davlatlar misolida kuzatilmoqda. Ya’ni XX asrning 90-yillari ikkinchi yarmida keng iste’molga kirgan “tez o‘ylovchi” va “sekin o‘ylovchi” xalqlar, millatlar iborasi davlatlarni ham ayni shu toifa bo‘yicha keskin tabaqalashtirib qo‘yganiga yorqin misoldir. Bu muammo nafaqat odamlarni ikki qatlam – “boy va qashshoq”, “qoloq fikrlovchilar va zamonaviy kishilar”ga ajratdi, davlatlar miqyosida ham “badavlat va nochor”, “axborot va bilimga egalik qiluvchi” yoki aksincha atamalar bilan dunyo ikki qismga ajrala bormoqda. 

“Raqamli tengsizlik” (yoki “raqamli uzilish” – digital divide) atamasi Qo‘shma Shtatlarda 90-yillarning o‘rtalarida qo‘llay boshlangan. Axborot texnologiyalarining dunyo davlatlarida turlicha va noteng taqsimlangani raqamli tengsizlikni, uning ortidan esa nafaqat axboriy, ayni paytda iqtisodiy, siyosiy, harbiy, ma’naviy, mafkuraviy muammolarni keltirib chiqarmoqda. To‘rt yuz yil ilgari ingliz faylasufi Frensis Bekon ilgari surgan “Kimki axborotga egalik qilsa, u dunyoga egalik qiladi” g‘oyasi bugunga kelib “Kimki yangi axborot texnologiyalariga egalik qilsa, u dunyoga egalik qiladi” degan yangicha qarash bilan o‘z tasdig‘ini topayotir. Yangi axborot texnologiyalarini dunyoga taqdim etish sohasida Janubiy Koreya, Yaponiya va Singapur davlatlari yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, ulardan foydalanish bo‘yicha Xitoy, AQSh, Rossiya mamlakatlari oldinda. Afrika va Yevropa qit’asidagi aholining axborot infratuzilmasi bilan ta’minlanganlik darajasi, ayni paytda axborot bilan ta’minlanganlik darajasini ko‘rsatadi va bu holat har jihatdan ular o‘rtasidagi katta tafovutdan darak beradi. Jahon elektron (kompyuter) jamiyatdan mobilga tomon qadam qo‘ymoqda ekan, yuqoridagi tengsizlik holatlarini xuddi shu jarayon misolida ham kuzatish mumkin. “Oltin milliard” nomini olgan dunyo aholisi yangi mobil telefonlarining asosiy foydalanuvchilari bo‘lib, qolgan ikki milliard dunyo kishisining qo‘lida hatto eng oddiy uyali aloqa vositalari ham yo‘q. Hududiy noteng tarqalishga quyidagi ko‘rsatkich orqali guvoh bo‘lamiz: mobil telefondan foydalanuvchilarning 32 foizini Yevropa mamlakatlari aholisi, 31,45 foizi – Shimoliy Amerika (AQSh va Kanada)ga to‘g‘ri kelsa, Lotin Amerikasi bu borada atigi 5,7 foiz ko‘rsatkichga ega. Yaqin Sharq va Afrika davlatlarini tilga olmasa ham bo‘laveradi. Internetga mobil telefonlar orqali kirish bo‘yicha AQSh yetakchilikni qo‘lga olgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinda Buyuk Britaniya, so‘ng Italiya va Rossiya davlatlari turibdi. Endilikda 850 million kompyuter o‘rnini uch milliard uyali aloqa vositasi egalladi. Eng qulay ommaviy axborot vositasi bo‘lgan televizorlar 2 milliardni tashkil etadi xolos. Oxir-oqibat uyali aloqa telefoni axborot olish va tarqatishning eng qulay vositasiga aylanib qolmoqda. Yarim million xitoylik Olimpiada o‘yinlarini aynan mobil telefonlari orqali kuzatgani axborot jamiyatida endilikda uyali aloqa telefonlarining nufuzi va ahamiyati ortib borayotganini tasdiqlaydi. Mobil gazetalar, mobil kitoblar, mobil televidenie, mobil to‘lov, mobil savdo kabi atamalarning vujudga kelishi axborot jamiyati jarayonini, unga hamohang raqamli tengsizlikni ham tezlashtirib yubordi. Raqamli tabaqalanish, shuningdek, gender va etnik masalalarga ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatib ulgurdi. Masalan, AQSh uzoq muddat afroamerikalik va lotin amerikaliklarning axborot texnologiyalari borasidagi qoloqligi sabab dunyo reytingidan munosib joy ololmadi. Bu esa shubhasiz ichki nizolarga, irqchilikka sabab bo‘layapti. 

Global axborot jamiyatining ilk ko‘rinishlari – “elektron hukumat”, “elektron savdo”, “elektron soliq”, “masofaviy ta’lim” kabi ko‘plab yo‘nalishlar orqali davlatlar o‘zlarining siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy sohadagi ustunliklarini dunyoga ko‘rsatib qo‘yishga shoshilmoqdalar. “Qudrat – axborot jamiyatiga birinchilardan bo‘lib o‘tgan davlatlar qo‘lida” farazi haqiqatga aylanayotir. Ko‘plab davlatlar global axborot jamiyatiga qo‘shilish uchun kuch va moliyaviy resurs sarflashiga qaramay, u keltiradigan foyda – vaqt va mablag‘ning tejalishi kabi natijalarga erisha olmayapti. Bunga davlat xizmatchilari va fuqarolarning texnik savodxonligining pastligi, davlat boshqaruvi mintaqaviy, mahalliy organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati haqida axborot tanqisligi, davlat boshqaruvi tizimining markaziy, viloyat, tuman, shahar organlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri axborot aloqalarining sustligi, boshqaruv organlari va fuqarolar o‘rtasida axborot taqdim qilish sistemasi hamda axborot kanallarining yo‘qligi, elektron bozor munosabatlarining to‘la yo‘lga qo‘yilmaganligi, davlat to‘lovlarining hanuz an’anaviy usulda amalga oshirilayotganligini sabab qilib ko‘rsatish mumkin. O‘z-o‘zidan dunyoga so‘z aytish sharti va huquqi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga egalik qilayotgan va ulardan unumli foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lgan davlatlar – Janubiy Koreya, Avstraliya, Singapur, Frantsiya, Niderlandiya, Yaponiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya va Finlyandiya ixtiyorida.

Global axborot jamiyatida axborot oqimi tezligi axborot tarqatuvchilar va axborot boshqaruvchilargagina bog‘liq jarayon bo‘lib, yirik shaharlar va kichik hududlardagi axborotlar o‘rtasida vositachilik qiluvchilar bir vaqtning o‘zida dunyoning turli chekkasiga axborotni taqdim etadi. Axborot jamiyatida “chekka hududlar” yo‘qolib ketish xavfi ostida qoladi, millatlar bu jarayonni to‘xtatib qolishga esa ojizlar. Qudrat ko‘p hollarda yirik shaharlar va ularning markazlari qo‘liga o‘tib boradi (Nyu-York, London, Tokio, Singapur). Sog‘lom va raqobatbardosh axborot tarmoqlari vujudga kelishi uchun birdamlikka ehtiyoj seziladi, ya’ni axborot oqimi rivojiga taqiq qo‘yilgan va axborot jamiyatiga o‘tish jarayoni uzoq muddatni talab etuvchi davlatlar yoki joylashuviga ko‘ra chekkaroq hududda, ammo buyuk sanoat-texnologik qudratga ega (Finlyandiya), yirik resurslar markazi bo‘lgan (Xitoy) davlatlar juda katta ishonch bilan birlashishi (Skandinaviya) yoki kuchlar nisbatini bir joyga to‘plashi (Uzoq Sharq) lozim. Resurslarni markazlashtirish innovatsion-intensiv iqtisodiy muvaffaqiyatlarga olib keladi (Hindiston, Yaqin Sharq). Axborot jamiyati sharoitida dunyoning har bir burchi (davlat yoki shahar) jahon iqtisodiyoti va texnologiyalari rivoji yo‘nalishida o‘z imkoniyatlarini chamalay bilishi va o‘z yo‘lini topishi yoki dunyo bozoriga bosqichma-bosqich chiqishga tavakkal qilishi lozim. Rivojlanayotgan mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham “raqamli tengsizlik” bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.  2006–2015 yillarda yer ustki raqamli televideniesini chegaraviy rivojlantirish boshlandi. O‘zbekistonda qabul qilingan yer ustki raqamli va ovozli efirga uzatish kontseptsiyalari yer ustki raqamli televizion va ovozli efirga uzatishda DVB–T va T–DAB Yevropa standartlariga mosligi tan olindi. Ayni paytda Samarqand, Qarshidagi raqamli efirga uzatishning tajriba zonalarida 90-yillardan oldin ishlab chiqarilgan infokommunikatsion qurilmalardan foydalanilmoqda. 2002–2005 yillarda raqamli televizion asboblarni ishlab chiqarish, kadrlar tayyorlash hamda hududiy televizion stantsiyalarni kengaytirish ishlari boshlandi. 

BMTning elektron hukumat institutlarining hamda aholining davlat boshqaruvidagi elektron ishtirokining rivojlanganlik darajasi bo‘yicha reytingda birinchi o‘rinda turgan Janubiy Koreya tajribasi bunga misol bo‘la oladi. 2001 yilda yuridik kuchga ega bo‘lgan elektron hukumat mazkur davlatda uch bosqichni o‘z ichiga olib, har bosqichda 225 million AQSh dollaridan 981 million miqdorgacha mablag‘ sarflangan. Natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, 2007 yilga kelib mamlakatda markaziy boshqaruv organlarining 55 foizida davlat apparatining 96,6 foiz xodimlari axborotlarni qayta ishlashning milliy sistemasidan foydalanishga o‘tgan. Mamlakatda bugungi kunda barcha davlat xaridlari veb-texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi. Bu – tenderlarning 93 foizi va onlayn-xaridlarning 99,6 foizi demakdir. Davlat instantsiyalariga tovar va xizmatlarni yetkazib berish, tashqi savdoda eksport bo‘yicha bojxona deklaratsiyalarini ko‘rib chiqish kabi faoliyat turlarining elektron hukumatni joriy etishi ortidan har yili 10 milliarddan ortiq mablag‘ tejab qolinmoqda. 2008 yildan boshlab Koreya Respublikasi Yaponiyadan tashqari Ekvador, Indoneziya, Bangladesh, Shri-Lanka, Mali singari davlatlarga elektron hukumatni shakllantirish uchun texnologik yechimlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma ham tuzgan.

Mamlakatda, bir so‘z bilan aytganda, bojxona ishidan tortib intellektual mulk masalalarigacha avtomatlashtirilgan sistemaga o‘tilgan. Asrimizdagi tabaqalanish endi neft va gaz zaxiralari yoki yerosti-erusti boyliklari miqdori bilan emas, aynan axborot hamda bilimga egalik darajasi bo‘yicha kechadi. Bugungi dunyo kishisi axborot jamiyatining yutuqlari barobarida, u keltirib chiqaridigan og‘riqlarga tayyor turishi lozim. 

 

Sevara ALIJONOVA

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − thirteen =