ALIMENT BOLA MANFAATIGA XIZMAT QILYAPTIMI?

Inson hayoti ma’lum mezonlar bilan mukammal. Oila qo‘rg‘onining ham o‘z qonun-qoidalari bor. Uning qay bir a’zosi ana shu qoida va mezonlarni buzdimi, mukammallikka putur yetadi. Endi ular murosa qilib yashashiga to‘g‘ri keladi. Inson tabiati, ko‘ngil sir-sinoatlari oldida murosa ham ojiz qolgach, gal oilaviy ajrimga yetadi. Uning ortidan kelib chiqadigan moddiy va ma’naviy zararning o‘rnini esa hech nima bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. O‘rtada farzandlar bo‘lsa, muammolar ham shunga yarasha ko‘payishi tayin: sud, aliment, tortishuv…

 

 Oila kattami-kichikmi, butunmi-yarimmi, o‘ziga yarasha iqtisodiy rejasi, daromad va xarajatlar taqsimoti bo‘lishi aniq. Ikki kishining zimmasidagi yuk bir kishiga ortilgach, har qanday baquvvat belni ham bukishi turgan gap. Demak, farzandlar tarbiyasini zimmasiga olgan taraf aliment talab qilishga haqli. Bu qonunlarimizda ham aks etgan. Ammo keyingi paytlarda bu borada qarama-qarshi fikrlar, holatlar ko‘paymoqda. Kimdir aliment to‘lab “sinib” ketayotgan erkaklarga achinsa, ba’zi ma’lumotlar teskari holatni ko‘rsatmoqda.         

– Ancha yildan buyon sud ishlarida qatnashib aliment masalasi katta mojarolarga sabab bo‘layotganiga guvoh bo‘lyapmiz, – deydi sud maslahatchisi Ikrom Xayrullaev. – Ikki o‘rtada yuzaga kelgan muammoni hal qilish uchun nafaqat ajrashgan ayol va erkak, balki ularning ota-ona, qarindosh-urug‘lari ham sarson. Sud binosi yonida to‘planib qolayotganlarning aksariyati ana shu bosh og‘rig‘i bilan ovora. Ayniqsa, tayinli ishi yo‘q yigitlarning vaqtida aliment to‘lamasligi yanayam kattaroq mojarolarni keltirib chiqarmoqda. Sud qarori bajarilmagach, aliment qarzi ko‘payib, katta summadagi pulni topolmay, uylarini sotishga majbur bo‘layotgan yoki jinoiy javobgarlikka tortilib, qamalib ketayotgan yigitlarga qarab achinasan, kishi. Ba’zan shunday holatlarning oldini olish uchun ikki tarafni yarashtirishga harakat qilamiz. Erkak yashayman deb tursa-da, ayol ortga qaytishdan bosh tortib, aliment talab qiladi. Hayotning past-balandini ko‘rgan inson sifatida shaxsan men aynan shu holatni oqlay olmayman. Aslida, ayol murosa yo‘lini tutishi kerak emasmi?! Ko‘rilayotgan ishlar natijasi shuni tasdiqlaydiki, 30 foiz holatda aliment ololmay ayol qiynalayotgan bo‘lsa, 70 foiz holatda erkakka jabr bo‘lyapti. Bundan tashqari, ayrim ayollarning o‘zini tutishiga qarab, olayotgan katta summadagi ana shu mablag‘ning hammasini ham farzandlariga sarf qilishiga ishonish qiyin. Qisqasi, aliment borasidagi huquqiy asoslarni qayta ko‘rib chiqish, ikki taraf manfaatini birday himoya qilish, aliment uchun ajratilayotgan mablag‘ni bola manfaati uchun xizmat qilyaptimi-yo‘qmi, nazorat qilish yo‘lini topish kerak, nazarimda…

Surxondaryo viloyati Denov tumani “Kiyovsuv” mahallasida yashovchi fuqaro Dilafro‘z Qurbonova esa bir yildan buyon ikki farzandi uchun aliment ololmay sarson. U 2006 yilda Hamza Niyozov bilan turmush qurgan. Nikohlari davomida o‘nlab mol boqib, daromad qilishgan. Shikoyat arizasida yozishicha, asosiy og‘ir mehnatni ayolning o‘zi qilgan va ana shu daromad hisobiga uy-joy, katta molxona qurilgan, qo‘sha-qo‘sha mashinalar sotib olingan. Ammo o‘tgan yili 5 iyul kuni Dilafro‘zni ikki bolasi bilan haydab yuborishgan. “Hozir yashashga uy-joyim yo‘q, ko‘chada qiynalib yuribman. H.Niyozov ikki bolasiga aliment to‘lashdan bosh tortib kelmoqda. Ota-onamnikidan olib borgan narsalarimni ham berishmadi. Shu haqda mahalla raisi, uchastka noziri va Denov tuman prokurori, xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga 4-5 marotaba ariza berib, uchrashdim, ammo hozirgacha ishim hal bo‘lmayapti”, deb yozadi u arizasida. Atrofidagilardan najot topolmagan ilojsiz ayol yuqori tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan (ayni paytda bu ishni tegishli tashkilotlar ko‘rib chiqmoqda. Bunday misollar ko‘p va ularning barini sanab o‘tishning imkoni yo‘q). Xo‘sh, nega mas’ul shaxslar bu ayol va farzandlari taqdiriga befarq qaradi? 

Oila kodeksining 75-moddasida “Ota-ona o‘z bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular o‘z bolalarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishlari shart” deb yozib qo‘yilgan. 96-moddasida esa “Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi”, deyiladi. Mana shu asos, umuman, qonun, qaror va boshqa me’yoriy hujjatlar kim uchun, nimaga xizmat qiladi?! Shu yurt fuqarolarining huquqini himoya qilish, farovon yashashiga sharoit yaratish uchun emasmi? Nahotki, o‘sha hududda qonunlarimiz ijrosini nazorat qiladigan mutasaddi tashkilot va mas’ul shaxslar bo‘lmasa?!

Chiqqan qiz chig‘iriqdan nari, deydilar. Bunday paytda ota-ona ham ojiz qoladi. Negaki, ota uyining ham o‘z egalari bor. Qizining ikki farzandi bilan uyga qaytishi ana shu “ega”larga yoqmaydi. Oqibatda sho‘rlik ayol ko‘chada qolib ketaveradi. Balki bunga ma’lum ma’noda o‘zi ham aybdordir, axir, vaqtida huquq va burchini anglab yetmagan odamni ko‘chaga surgun qilish jo‘ngina yumush-ku! Kattalar-ku talashib-tortishib bir kunini ko‘rar, ular ta’sirida ulg‘aygan go‘daklarning ahvoli nima kechadi, ular uchun kim qayg‘uradi?! Hamjihatlik tamoyilini buzish oqibatida aliment to‘lashga majbur bo‘layotgan ota va ko‘chada qolib ketayotgan onadan ko‘ra, begunoh go‘daklarga achinish kerak emasmi, aslida?!

Nikoh bekor qilingach, ta’minotsiz qolayotgan go‘daklarning rizqini undirib berish, ikki o‘rtadagi munosabatlarni nazorat qilib, tartibga solib turish sud ijrochisi zimmasiga tushadi. Shu o‘rinda bir misolga e’tibor qaratsak: joriy yil birinchi choragida Sud departamenti Zangiota tumani bo‘limi sobiq sud ijrochilari O.Islomov va T.Ergashev tegishli ijro harakatlarini o‘z vaqtida bajarmagani uchun ishdan bo‘shatilgan. Yana bir sud ijrochisi Sh.Yo‘lchiev “hayfsan” intizomiy jazosiga tortilgan, katta sud ijrochisi N.Elniyozov esa ogohlantirilgan. Xo‘sh, nega ijro harakatlari o‘z vaqtida bajarilmay qolmoqda? Ushbu kasb egalari qarshisida qanday muammolar turibdi?

– Bizga kuniga o‘nlab arizalar kelib tushadi, – deydi Sud departamenti Olmazor tumani bo‘limi sud ijrochisi Dilshod Ziyatov. – To‘g‘ri, kelayotgan ishlarning ijrosini yuz foiz ta’minlash qiyin, ammo 90-95 foizini bajarishga harakat qilamiz. Sababi, ayrim qarzdorlar, ya’ni aliment to‘lovchilarni ro‘yxatda turgan manzilidan topib bo‘lmaydi. Shunday paytda ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, ushbu shaxsni topishga yordam so‘raymiz. Bu vaqt oralig‘ida ijro vaqtincha to‘xtatiladi. Ba’zi qarzdorlar esa, ishi, mablag‘iga qarab, ikki-uch oylik alimentni birdan to‘laydi. Ish jarayonida turli toifa odamlarga duch kelamiz. Kimningdir aliment to‘lashga qurbi yetmaydi, kimdir badavlat bo‘la turib, o‘z bolasining rizqini qirqishga urinadi. Mana shundaylar hisobiga ijro vaqtida ta’minlanmay qolishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib uch oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, eng kam ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq  jazosi bilan jazolanadi…

Oila kodeksida (123, 124, 126, 127-moddalar) ota-onasi yo‘q yoki bo‘lsa-da, ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga yetmagan farzandlarga ularning bobo-buvilari va boshqa qarindoshlari, hatto o‘gay ota yo onasi ta’minot berishi qayd etilgan. Bunday ta’minot rozi-rizolik bilan, beminnat bo‘lishi darkor. Afsuski, ko‘pgina hayotiy misollar buning aksini ko‘rsatadi. Yaqin va uzoq qarindoshlarni qo‘ya turaylik, huquq organlari mutaxassislarining ma’lumotiga ko‘ra, bugun boru erta yo‘q mablag‘ini o‘z zurriyodidan qizg‘anadigan, jinoiy javobgarlikka tortilmaslik uchungina aliment to‘laydigan, aynan ta’minotdan qochib, oylik daromadini eng past ko‘rsatkichda qilib ma’lumot taqdim etadigan otalar ham bor. Holbuki, aliment sobiq ayoli uchun emas, farzandlar uchun to‘lanishini yaxshi bilishadi. Farzandlar ulg‘aygan sari tobora ortib boradigan talablaru ro‘zg‘orning g‘orini birgina aliment bilan to‘ldirib bo‘larkanmi?! Xiyla tafakkur qilib ko‘rmaydigan, bolalari taqdiriga befarq ota yo ona kun kelib ana shu farzandlar yordamiga muhtoj bo‘lishi mumkinligi, taassufki, hozir xayollariga ham kelmaydi…

…Olti farzandini tashlab, o‘z hoyu-havasi ortidan ketgan navqiron ota yaqinda bukchaygan holda, uyiga kirib keldi. U ketayotganda bolalarining ikki kichigi hali otani taniy oladigan yoshga to‘lmagandi. Hozir ular ulg‘aygan, oliy ma’lumotli. Keksayib, kuchdan qolgan ota endi o‘z huquqlarini talab qilishga ham jur’at etibdi. Holbuki, kuch-quvvati borligida, menga bolalaring kerak emas, deya mushtipar ayolni zor qaqshatib ketgandi. Mahalla-ko‘y, gap-so‘zdan or qilgan sho‘rlik ayol esa bugun farzandlaridan uni qabul qilishni so‘rab turibdi. Ha, bunday hayotiy misollar ko‘p va ular qay bir ota yo onaga saboq bo‘lsa, ajabmas.

Ma’lumotlardan yaqqol ko‘rinib turibdiki, oilaviy mojarolar va ajrashishlar voyaga yetmagan farzandlar manfaatiga putur yetkazayotir. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga birgina huquqiy masalada o‘tgan yili 478 ta, joriy yilning olti oyi davomida esa 245 ta ariza kelib tushgan.

– Oilaviy mojarolar va uy-joy bilan ta’minlash masalasida murojaat qilganlarning aksariyati nikohi bekor qilingan yoki ajrashish jarayonida bo‘lgan ayollardir, – deydi qo‘mita bosh mutaxassisi Azamatxon Ergashev. – Ular asosan sud qarorlaridan norozi bo‘lib, buni yuqori sud organlariga emas, aynan qo‘mitaga murojaat qilish orqali bildirishmoqda. Shularni inobatga olib, qo‘mita va uning hududiy bo‘limlari xodimlarning o‘z ishiga mas’uliyatini oshirish, tegishli tashkilotlar bilan birga aholiga ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatishni tashkil etish, ayollar va bolalar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga e’tibor qaratayotir. Bundan tashqari, murojaat qilganlarga amaldagi qonunchilik talablari hamda fuqarolarning huquqlari bilan birga davlat va jamiyat oldidagi majburiyatlari, shar’iy nikoh bekor qilingandan so‘ng kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar to‘g‘risida tushuntirish olib borilyapti. Jamiyatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash birgina qo‘mitaning vazifasi emas, balki barcha fuqarolik institutlari va davlat organlarining bir xil darajadagi vazifasi hamdir. Shu bois qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuniga asosan qo‘shimcha memorandum loyihasi ishlab chiqilib, muhokama uchun hamkorlik qilish rejalashtirilgan tashkilotlarga yuborilgan. Bu hujjat ham xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi…

Muqaddas dinimiz arkonlarida shunday ko‘rsatma bor: bolaning nafaqasi faqat otaga, ota-onaning nafaqasi faqat o‘g‘ilga, xotinning nafaqasi faqat erga vojib bo‘ladi. Demak, farzand ta’minoti uchun asosan ota mas’ul. Ana shu mas’uliyatni oqlagan otaning el-yurt ichra yuzi yorug‘ bo‘ladi. Otang kim, onang kim, deb so‘rashganda, hech bir farzand boshi egilishini istamaydi, ularni faxr bilan tilga olsam, deydi. Nahotki, shunga munosib bo‘lishni xohlamasak?!

Bola ta’minoti bilan bog‘liq bugungi masala va uning atrofidagi muammolar qarshisida turganlar, huquqshunoslar, qonun ijodkorlari, qolaversa, siz gazetxonlar fikr-mulohazalarini inobatga olib, ushbu mavzuga yana qaytamiz.

Xolida FAYZIYEVA

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =