“O‘YLAB GAPIR, MUXBIR O‘TIRIBDI…” YOXUD AYRIMLAR NEGA OAV XODIMLARIDAN O‘ZINI OLIB QOCHADI?

 

Ish yuzasidan tashkilot va idoralar rahbarlari bilan tez-tez uchrashib turishga to‘g‘ri keladi. Yashirib nima qildik, bu boradagi o‘zaro munosabatlarimiz hamisha ham silliq kechadi deb aytolmaymiz. Ba’zan muloqotlarda o‘rtamizda allaqanday ko‘rinmas devor bordek tuyuladi. Yo‘q, bu bilan jurnalistni kirishimli emaslikda ayblashga shoshilmang, iltimos. U o‘ziga berilgan topshiriqni sidqidildan bajarishga kirishar ekan, kasbiy tamoyillariga sodiq qoladi: bor imkoniyatini ishga solib, kerakli mas’ul shaxsdan ma’lumot olishga tirishadi. Ammo…

Tajribali jurnalist Safar Ostonovning bir maqolasida shunday deyiladi: “Fikr aytishdan o‘zini chetga olish, siyosiy bahs-munozaradan hayiqish hollari hamon uchrab turibdi… Ayrim rahbarlar “matbuot savoliga javob berishga majbur emasman” degan kayfiyatda yuradi. “Biz davlat idorasimiz, siyosiy partiya gazetasi ishimizga nega aralashadi?” deya o‘zining saviyasini bildirib qo‘yganlarni ham uchratdik… Munosabat bildirishdan qochish, siyosiy bahs-munozaraga kirishishdan tortinishning asosiy sababi – bexabarlik! Yon-atrofda, dun­yoda bo‘layotgan yangiliklar va o‘zgarishlarni kuzatib bormagan, hayotning ko‘ndalang qo‘yayotgan muammolaridan ogoh bo‘lmagan odam qanday qilib fikr aytishi mumkin?!” Men ushbu jumlani mana bunday davom ettirishni xohlardim: “…Eng achinarlisi, hatto o‘zi bosh­qarayotgan tashkilot, korxona yoki muassasaning jamiyatdagi o‘rni, xodimlar va ular haqidagi asosiy ma’lumotlarni bilmaydigan rahbarlarning borligidir!”

Mening nazarimda, quyidagi to‘rt masala kishini juda o‘ylantiradi: Jurnalistni mensimaslik, u bilan “bitim” tuzish, qo‘shib yozish va tanqidiy, maqtov sahifa-materiallar, maqolalar tayyorlash!

Demak, keltirib o‘tganlarimizning birinchisi – jurnalistni mensimaslik yoki uning faoliyatiga befarq bo‘lish haqida yuqorida gapirib o‘tildi. Unga jinday qo‘shimcha qilib aytamizki, rahbar huzuriga jamiyat uchun zarur bo‘lgan axborotni so‘rab kelgan insonni mensimasligi bilan aslida o‘zining ma’naviy qiyofasini ko‘rsatib qo‘yadi, xolos.

Yaqinda tahririyat topshirig‘i bilan Namangan viloyatidagi maktablardan birida bo‘ldim. Direktor bilan uchrashib, uning fikrini olishga to‘g‘ri keldi. Busiz ish bitmasdi. Siz bilan gaplashib olishimiz kerak, deganimga qaramay, maktab direktori: “O‘rinbosarim bilan gaplasha qoling, u gapga ustaroq, gazetabop qilib gapirib beradi” deb chiqib ketdi…

Yana misol. Xizmat yuzasidan bir tashkilotga borganimda, rahbar o‘rnida “mahkam” o‘tirgan holda, “o‘rtoq muxbir, biz o‘tgan shanbalikda tashkilotimizni top-toza qilib qo‘ydik, mundog‘ apparat-papparat bilan kelib suratga olib, bizni ham maqtab yozsalaring bo‘lmaydimi?!” deya buyruq va norizo ohangda gap qotdi…

Ayrim rahbarlarga “kutib olish odobi” haqida gapirmasam-da, quyidagini ularga ilinsam: O‘zbekiston Respublikasining “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi qonunining 7-moddasi: “Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi bosh­qarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilot va mansabdor shaxslar (rahbarlar) har kimga o‘zining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishga majbur. Axborot olish imkoniyati tegishli materiallarni e’lon qilish va tarqatish yo‘li bilan ta’minlanadi”.

Jurnalist va rahbar “bitim”i, qo‘shib yozish, tanqidiy va maqtov materiallar, maqolalar tayyorlash – bularning uchalasi ham bevosita bir-biri bilan bog‘liq. Deylik, gazeta muxbiri biror muassasada bo‘layotgan tadbirni yoritish uchun keldi. Rahbar unga yaxshi muomalada bo‘ladi, “bir piyola choy” degandek yoki uni boshqa yo‘llar bilan rozi qilish – harqalay, muxbirning ko‘nglini ovlash bilan band bo‘ladi. Rahbar ushbu tadbir, muassasa haqida faqat yaxshi gaplar, yutuqlarning yozilishini juda xohlashi tabiiy. Muxbir nima qiladi, “bir kun tuz yegan joyingga, qirq kun salom ber” maqoliga tayanib ish tutadimi? Rahbar “keling endi, muxbir uka (yoki aka, opa, singil) shu tadbirni, ish faoliyatimizni yaxshilab yozing, biz ham bir shov-shuv bo‘laylik, yuqoridagilar ko‘rib qo‘yishsin, nima ishlar qilayotganimizni!”. Yoki “uka, gazetada chiqishni xushlamaymiz. Ko‘pchilikka doston qilishning nima keragi bor. Yozmang! Sizni ham…”, desa muxbir “xo‘p” deydimi? Nima, seni osh-non bilan qarzdor qilib qo‘ysalar-da, keyin ular nima deyishsa, shuni qilsang?! Axir, bu muxbirning buyurtmachi bo‘lib qolishi emasmi?

Haqiqiy jurnalist – vijdonli shaxs! To‘g‘ri odam bo‘lish yo‘li esa hech kimning oldida berkitilmagan”. Buyuk adib Tolstoy shu fikrga hamohang tarzda “Burchingni ado etishga tirishib ko‘r. Undan keyin o‘z qadr-qimmating­ni bilib olarsan!”, deganida haq edi.

Eng yomoni, rahbarlardan fikr so‘ralsa, “O‘zingiz bilib, qoyillatib yozib yuboravering. Biz gazeta tilini tushunmasak, siz bunga ustasiz-ku!”, deyishlaridir. Shu o‘rinda, adibimiz Xurshid Do‘stmuhammadning achchiqqina gapini keltirmoqchiman: “Qachongacha birovlar uchun yozamiz, birovlarga fikrimizni beramiz, birovlarning xatolarini to‘g‘rilaymiz. Bu axir qo‘shib yozishning o‘zi-ku?!..”

“Pashsha va amaldorni gazeta bilan urib o‘ldirsa bo‘ladi”, deyilgan paytlar, ya’ni qizil mafkura matbuotidagidek, gazetadan qurol sifatida foydalanish davrlari o‘tib ketdi. Bu esa mohir publitsist A.Meliboev aytganidek, “jurnalistning tili uzun, qo‘li qisqa, degani emas!” Hozirgi zamonning odamlari hadeganda tanqiddan qo‘rqishavermaydi, lekin tanqidni ham ko‘tarmaydilar… Mulohazalarimiz tanqid va maqtov haqida borayotgan ekan, “Qirq beshinchi bekat” (A.Meliboev) kitobidan quyidagilarni keltira qolay: Birinchisi, “Maqtasak – Asqartog‘dan oshirib yuboramiz, tanqid qilsak – Abu Muslimning tabari zarbi ham ip esholmaydi!”. Ikkinchisi, “Biling, yaxshi mahsulot hech qachon reklamaga muhtoj bo‘lmaydi!”. Keltirilgan ikkala fikrga ham ortiqcha izohning hojati bo‘lmasa kerak.

Ikki-uch oy avval bir kollejda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ishtirok etganimda o‘ylashga majbur etadigan voqea yuz berdi. Ochiq muloqot huquqiy sohaga bag‘ishlangandi. O‘quvchilar savol berar, yuqori tashkilotdan taklif etilgan mehmonlar javob qaytarishardi. Nimadir bo‘l­di-yu, bir o‘quvchi o‘rnidan turib, ularga savol bilan murojaat qildi. Savol biroz o‘rinsizroq yoki murakkabroq ekanmi, g‘ala-g‘ovur bo‘lib ketdi – davrani direktor boshqarayotgan edi – u birdan o‘rnidan turdi-da, vaziyatdan chiqib ketish maqsadida: “Bu yerda matbuot vakillari o‘tirishibdi. Nega o‘zingcha bunday savol tashlading, axir, beriladigan savollar oldindan tayyorlab qo‘yilgandi-ku?”, desa bo‘ladimi?! Bu gapi bilan direktor o‘z sirini og‘zidan “tushirib” qo‘yganini bilmasdi! Odatda esa, ochiq muloqotda hamma o‘zining qiziqtirgan, qiynagan savoliga javob so‘raydi. O‘zingiz ayting-chi, shundan keyin o‘sha yerda o‘tirgan yigit-qizlar erkin fikrlay oladimi? Dilidagini aytsa, direktorlari jazolamaydimi?..

Maqtalgan rahbar muxbir va muharrirni bir qo‘li bilan, tanqid qilingan rahbar esa ikki qo‘li bilan quchoq ochib kutib oladi! Nega?! Chunki OAV vakillaridan ehtiyot bo‘lishni maqtalgan rahbardan ko‘ra, tanqid qilingan rahbar yaxshiroq tushunadi. Nima bo‘lganda ham, maqsadimiz nafaqat rahbarlar, balki barcha odamlarga matbuotning “ogoh etuvchilik” funktsiyasi yana ham faol ishlayotganligini eslatib qo‘yishdir.

Matbuot – mulohazalar, tahlillar, munosabatlar, fikrlar xilma-xilligining xolis minbari bo‘lib qolaversin-da, bizlar tajribali ustozlar yo‘lidan og‘ishmay boraveraylik!

 

Orifjon  JO‘raev,

“Namangan sadosi” gazetasi maxsus muxbiri

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + eight =