Qorovulbozorlik fermer
Fermer — dehqonchilik ilmini chuqur biladigan, zamon bilan hamnafas ishlaydigan salohiyatli rahbar degani. Dehqon deganda ayrimlarning ko‘z oldiga yerga chigit qadab, undirib olgach, g‘o‘zani mehr bilan parvarishlab, yig‘ishtirib olgan paxtasini davlatga topshiradigan‚ keyin bahorgacha hordiq oladigan kishi keladi.
Holbuki, bu tasavvur va tushunchalar allaqachon eskirib, barham topgan. Bugungi fermer boshqa toifadagi dehqon. U o‘z tasarrufidagi har bir qarich yer uchun, suv, o‘g‘it uchun, hosil uchun mas’ul va javobgar shaxs. U mahsulot yetkazib berish uchun davlat bilan shartnoma tuzadi. Bu nihoyatda jiddiy va mas’uliyatli hujjat. Yaqin o‘tgan yillar ichida ko‘plab fermer xo‘jaliklari faoliyatini tugatgani, ayrimlari hatto 2-3 yilga dosh berolmagani sababi ana shunda. Chunki hisobini bilmagan hamyonidan ajralibdi, deb bejiz aytmaydilar.
Boshqa tumanlarda fermerlik qilish balki osondir. Ammo Qorovulbozor o‘z iqlimi va yer tuzilishi bilan “manaman” degan ishchan fermerlarni ham esankiratib qo‘yishi mumkin. Buni endi hamma yaxshi biladi. Shu sababli Qorovulbozordan yer olib, fermerlik qilishga har kim ham botinavermaydi. Bu hudud zamini bir so‘zlik, va’dasining ustidan chiqadigan, mehnatdan charchamaydigan fermerlarni yoqtiradi. Bugun tumanimiz kengliklarida issiqni-issiq, sovuqni-sovuq demay, huzur-halovatidan kechib, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirayotgan, o‘z ro‘zg‘orini butlab, el rizqiga rizq qo‘shayotgan ana shunday fidoyi insonlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Asli kasbi hisobchi bo‘lgan Savriddin Umarov yaxshi niyat bilan “Umar Sharif” fermer xo‘jaligini tashkil etganiga 18 yil bo‘layapti. O‘shanda 1999 yil edi. Dastlab paxta va g‘alla yetishtirishni ko‘zlagan fermer g‘alla-dehqonchilik ishlarini yo‘lga qo‘ygach, qishloq xo‘jaligining boshqa samarali sohalariga ham qo‘l urishga jazm etdi. Bugungi kunda xo‘jalikka tegishli 600 gektar yaylov chorvachilik qilish uchun asosiy ozuqa manbai bo‘lsa, jami 237 gektar yerning 171 gektari g‘alla, 101 gektari paxta yetishtirish uchun ajratilgan. 2 gektar yerda barpo etilgan intensiv bog‘da olma, o‘rik, shaftoli mevali daraxtlarining serhosil navlari agrotexnika qoidalari asosida mehr bilan parvarish qilinmoqda. 3 gektarli issiqxonada yetishtirilayotgan sabzavot mahsulotlari qish bo‘yi tuman va viloyat dasturxoniga fayz kiritmoqda.
Birgina paxta va g‘allaga ko‘z tikib o‘tirish zamonaviy fermer uchun koni zarar. Chunki Qorovulbozorning ayovsiz iqlimi gohida yil bo‘yi qilingan mehnatni yo‘qqa chiqarishi hech gap emas. Xo‘jalik hisobiga olingan yaylov tufayli hozir 107 bosh qoramol va 200 bosh qo‘y-qo‘zi kutilganidan ziyoda daromad keltirmoqda.
Bir zamonlar 70-80 gektar maydoni bo‘lgan brigadada 50-60 kishi kolxozchi sifatida ro‘yxatda turar va ularga arzimas ish haqi to‘lanardi. Hozir xo‘jalik ishlarini doimiy 18-20 kishi boshqarsa, mavsumiy ishlarga taxminan 80-100 kishi jalb etiladi. Chunki g‘alla-dehqonchilik ishlari asosan texnika yordamida amalga oshiriladi. Xo‘jalikda 10 ta texnika vositalari va mexanizmlar bo‘lib, ular barcha agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish uchun yetib ortadi. Xo‘jalik hatto kreditga olgan “Klass Dominator” g‘alla o‘rim kombaynini shartnoma asosida qo‘shni xo‘jaliklarga ijaraga berib turadi. Mahsulotlarni tashish, xo‘jalikning boshqa yumushlariga mo‘ljallangan yuk mashinasi ham doimo texnik soz holda saqlanmoqda. Darvoqe, 2008 yilda kreditga olingan g‘alla o‘rish kombayni allaqachon o‘z xarajatini qoplab, xo‘jalik foydasiga ishlamoqda.
Fermer 2014 yilda “Turon” bankining viloyat bo‘limidan 180 million so‘m kredit mablag‘i olib, 1,5 gektar maydonda issiqxona tashkil etgan edi. O‘tgan yili viloyat bozorlariga chiqarilgan pomidor va bodring bu yerda mehnat qilayotgan yetti nafar ishchining sa’y-harakati samarasidir.
Bu borada Savriddin Umarov issiqxona yaqin vaqt ichida xo‘jalikning eng serdaromad tarmog‘iga aylanishiga astoydil ishonadi.
Hozirgi fermer xo‘jalik tarmog‘ini qancha kengaytirsa, oladigan daromadi, sof foydasi yanada ortadi. Xo‘jalik g‘alla shiyponi yonida tashkil etilgan tegirmon, novvoyxona, makaron ishlab chiqaradigan tsexda kishilar doimiy ish bilan band va aholiga sifatli mahsulot yetkazib bermoqda.
Fermer – avvalo rahbar. U xo‘jaligida mehnat qilayotgan insonlarning yaqin kishisi, ularga g‘amxo‘rlik qilishi kerak. Shu maqsadda bu yerda 20 kishiga mo‘ljallangan yotoqxona mavjud bo‘lib, uning me’mori fermerning o‘zidir. Yerto‘la maqomida barpo etilgan ushbu binoga kirsangiz, cho‘lda bunday zamonaviy talablarga javob beradigan yotoqxona borligiga ishongingiz kelmaydi. Yer ostidagi bino avvalo yoz jaziramasidan, qish ayozidan saqlasa, undagi kiyimxona, dushxona, oshxona zamonaviy qurilish va pardozlash jihozlari bilan maromiga yetkazilganki, ko‘rib bahri dilingiz ochiladi. Televizor va boshqa radiotexnika vositalari dam olish soatlarida sizni zerikishdan xalos etadi.
Ha, hisobini bilganing hamyoni doim to‘la bo‘ladi. Ish bilganga — ming tanga deganlaridek, o‘tgan yili qo‘lga kiritilgan sof foyda 140 million so‘mni tashkil etdi. Bu oz daromad emas. Buning ustiga ishchilarga g‘alla, boshqa dala mahsulotlari tarqatildi. Baliqchilikdan, chorvachilikdan yaxshi daromad olindi. Bu yilgi g‘alla hosilidan barakali xirmon ko‘tarildi. Davlatga 400 tonna don sotilib, shartnoma rejasi oshig‘i bilan bajarildi. Shuncha miqdordagi don xo‘jalik ixtiyorida qoldi. Bu shunchaki oddiy raqamlar emas, balki million-million so‘m daromad deganidir.
Fermer yana foydali tarmoq — asalarichilikni yo‘lga qo‘yish niyatida. Yaxshi niyat esa doimo qalbga ham, belga quvvat bag‘ishlaydi. Savriddin Umarov ayni paytda xalq deputatlari tuman Kengashi deputati sifatida hududning ijtimoiy – iqtisodiy hayotida faol ishtirok etmoqda. Jarqoq qishlog‘ini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash muassasalariga hamda kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalalarida ham o‘z yordamini ayamayapti.
Davlatimiz fermerchilikni rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va huquqiy muhofaza qilishga hamisha katta e’tibor qaratib, buning huquqiy asoslari ham yaratib qo‘yilgan. Mustaqillik bergan imkoniyatdan g‘ayrat-shijoat bilan foydalanayotgan fermerlarimiz yurt ravnaqi, el farovonligi yo‘lida hormay-tolmay halol mehnat qilmoqdalar. Ular safida tajribali fermer Savriddin Umarov ham borki, qorovulbozorliklar u bilan haqli ravishda faxrlanadi.
Bahrom SOLIYEV,
“Qorovulbozor tongi” gazetasi muharriri