“HURRIYAT”ning hur ovozi
Qadrdon kishilar o‘zaro gurunglarda, uchrashuvlarda: “Mingga kiring-ay!”, “Dunyo turguncha turing-ay!”, deya xush niyatlar bilan bir-birlariga mehr va hurmat izhor etadilar. Kimdandir yaxshilik ko‘rsa, “Ming rahmat sizga” deyishadi. O‘zbekning fe’lini biladiganlar ehtirom balqib turgan bu kalomlarda zarracha mubolag‘a yo‘qligini darhol anglaydi. “Ming yil yashang” deganda birorta o‘zbek mubolag‘ani xayoliga keltirmaydi, “Ming rahmat” deganda ham, albatta, qarshisidagi insonga mingta yaxshilikni ravo ko‘rgan bo‘ladi. Demak, ming degani bu — oddiy raqam emas, ona tilimizda obraz darajasiga ko‘tarilgan qutlug‘ kalomdir. Axir, “yaxshilik”, “rahmat”, “umr” kabi so‘zlar oldida turgan so‘z ham qutlug‘ bo‘ladi-da!
Muhtaram o‘quvchi! Mana, qo‘lingizda sizning ko‘p yillik qadrdoningiz, O‘zbekistondagi yagona mustaqil gazeta — “Hurriyat”ning 1000-soni. Uni hayajon bilan o‘qib turganingizga ishonamiz!
“Hurriyat” yigirma yildan beri xalqimizning o‘zlikni anglash, milliy g‘urur tuyg‘ularini yuksaltirishdek mas’uliyatli burch va vazifalarini sidqidildan bajarishga intilib kelmoqda.
Bundan yigirma yil muqaddam mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi va taklifi bilan “Hurriyat” gazetasi tashkil etildi. Gazetani tashkil etish jarayonlarida bevosita ishtirok etgan, taniqli jurnalist, gazetamizning doimiy muallifi Ahmadjon Meliboev ushbu munosabat bilan o‘z, xotiralarini o‘rtoqlashdi.
Tahririyat
Bundan yigirma yil avval milliy matbuotimiz safida “Hurriyat” deb atalgan yangi mustaqil nashrning paydo bo‘lishi, hech mubolag‘asiz, madaniy-ma’rifiy hayotimizda o‘ziga xos voqea bo‘lgan edi. Bugungi yosh gazetxonlar yigirma yil avval, mustaqilligimizning beshinchi yilida ommaviy axborot vositalari faoliyatidagi umumiy holatni, tahririyatlardagi jarayonni, gazetalarda e’lon qilinayotgan yetakchi maqolalar, televidenie orqali namoyish etilayotgan ko‘rsatuvlar mavzularini aniq tasavvur etishlari uchun o‘sha yillarga ozroq ekskursiya qilishga to‘g‘ri keladi.
Mustaqillik bois milliy matbuotimiz juda katta ijodiy erkinlikka ega bo‘ldi. Jamiyat hayotida yuz berayotgan olamshumul o‘zgarishlar yosh mustaqil davlatimizning ijtimoiy-siyosiy madaniy-ma’rifiy hayotiga doir, shuningdek, tarixiy, adabiy-badiiy, o‘quv-tarbiyaviy va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda avvallari mutlaqo qalamga olinmagan, yozish mumkin bo‘lmagan, jamiyatning o‘zi, aniqrog‘i, uning mafkurasi yo‘l qo‘ymagan mavzularni yuzaga chiqardi. Har kuni istiqlolimiz solnomasini bezaydigan, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzini mustahkamlaydigan muhim bir voqea yuz beradi. Marhamat, xohlagan mavzuni oling-da, yozing, tahlil qiling, qiyoslang, yutuq-kamchiliklarni ro‘yi-rost ko‘rsating, avvalgidek, yuqoridan ko‘rsatma kutib o‘tirmang, quruq ijrochi bo‘lib qolmang…
Bir qarashda muammo yo‘qday edi. Biroq, matbuotimizning yangi sharoitga moslashishi, sobiq tuzumdan qolgan “andoza” va “qolip”lardan voz kechishi, har bir nashr o‘zining yo‘lini topib olishi, o‘z ovoziga ega bo‘lishi, mustaqil fikr yuritishi, bir so‘z bilan aytganda, so‘z va fikr mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishi ancha murakkab kechdi. Yangi tashkil etilayotgan nashrlarning ayrimlari oradan hech vaqt o‘tmay eski, hammaga ma’lum o‘zanlarga tushib olib, tinchgina faoliyat yurita boshladilar. Buning ustiga, ba’zi nashrlarda ma’lum manfaatlarni ko‘zlab yozilgan buyurtma maqolalar, ehtirosli chiqishlar ham paydo bo‘la boshladi. Davlatimiz rahbarining matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llangan tabrigida (1993 yil) bu to‘g‘rida shunday deyilgan edi: “So‘z ham kuchli, ham keskir bir quroldirki, uni ehtiyotkorlik bilan oqilona ishlatmoq zarur. Bu qurolni niyati pok, maqsadi halol, Vatanimizni, el-yurtimizni sevib xizmat qilishga astoydil bel bog‘lagan kishilarga topshirish lozim”.
Oliy Kengashning birinchi chaqiriq birinchi sessiyasida (1995 yil, 23 fevral) Prezidentimiz matbuotimiz oldiga yanada konkret vazifa qo‘ydi: “Men bugun jurnalistlarga, matbuot ahliga murojaat qilmoqchiman. Nega gazetalar bunchalik sayoz, “jim-jit”, go‘yo hamma yoqda “olam guliston”dek? Nega matbuotimizda o‘tkir feletonlar yozilmaydi? Nega noqobil ishbilarmonlar, poraxo‘r xodimlar fosh qilinmaydi? Axir, ular adabiy asarda, matbuot sahifasida, televidenieda o‘z qiyshiq basharasini ko‘rsa, xalqning nafratiga giriftor bo‘lsa, ibrat bo‘lmaydimi?..”.
“Shuni alohida ta’kidlash kerakki, — deb ta’kidlanadi 1997 yilgi tabrikda, — O‘zbekiston tarixida ilgari hech qachon ommaviy axborot vositalari xodimlari zimmasiga hozirgidek sharafli va mas’uliyatli vazifa yuklanmagan. Hech bir zamonda ommaviy axborot vositalariga hozirgidek e’tibor va rag‘bat ko‘rsatilmagan. Negaki, matbuot hech bir zamonda mustaqillik davridagidek chinakam milliylik kasb etmagan. Ilgari u mustabid tuzumning xalqimiz tabiatiga yot hukmron g‘oyasini targ‘ib qilishga mahkum edi. Bugun o‘zbek matbuoti, eng avvalo, mustaqil mamlakatimiz va inson manfaatlarining himoyachisi, davlat va jamiyat o‘rtasida xolis vositachi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu jarayon har bir jurnalistdan yanada jasur va fidoyi, faol va hozirjavob bo‘lishni, voqealar qozonida qaynashni, ijodiy mahoratni uzluksiz oshirib borishni taqozo etadi”.
Xullas, matbuotimiz safida yangi bir minbar — o‘z so‘zi, yo‘li va fikriga ega, istiqlol davrida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni xolis va haqqoniy yoritish, tahlil qilishdek zalvorli mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan bir gazeta kutilayotgandi. Bu mas’uliyat “Hurriyat”ning zimmasiga tushdi.
Gazetaning nomini Prezident Islom Karimovning o‘zi taklif etgani tashabbuskor guruh a’zolarining yodida bo‘lsa kerak. Biz “Yangi hayot”, “Istiqlol ovozi”, “Kelajak ovozi” nomlarini taklif etdik, Prezidentimiz “Yangi gazetadan umidimiz katta, uni “Hurriyat” deb nomlasak to‘g‘ri bo‘ladi” dedilar. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligi tahririyatida gazetaning nishona sonini tayyorlash ishlari qizg‘in boshlanib ketdi. Abdusaid Ko‘chimov, Xurshid Do‘stmuhammad, Yoqubjon Xo‘jamberdiev, Murod Abdullaev, Ahmad Otaboev va boshqalar (huquqshunos va iqtisodchilar) bilan qisqa vaqt ichida bo‘lajak nashrning Nizomi va uni ro‘yxatdan o‘tkazishga doir hujjatlarni tayyorladik. Dastlabki soni, ayniqsa, uning birinchi sahifasi dizayni, sahifalash, bezash uslubi qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida uzoq tortishdik.
O‘sha kezlari men milliy matbuotimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangidan tashkil etilgan jamg‘arma rahbarlaridan biri edim. Shu bois, suyagi matbuotda qotgan tajribali muharrir va noshirlar, faol mualliflarni, olim va mutaxassislarni to‘plab, ularning yangi gazeta xususidagi taklif-mulohazalarini diqqat bilan eshitdik. “Mualliflarning qo‘lyozmalarini tahrirsiz e’lon qilish lozim, har bir sonda faqat tanqidiy-tahliliy maqolalar bo‘lsin, balandparvoz sarlavhalardan voz kechish kerak, maqtov shart emas”, degan takliflar bo‘ldi.
Nihoyat, “Hurriyat” deb atalgan yangi mustaqil gazetaning nishona soni bosmadan chiqdi. Bu — yangilanayotgan erkin va mustaqil matbuotimizning chinakam bayrami edi.
Har qanday nashr muxlislar ishonchini qozonish, jiddiy va ta’sirchan nashrlar safiga qo‘shilish uchun, shubhasiz, ma’lum qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazadi, izlanib-qidirib, adashib-yanglishib, o‘ziga yo‘l topadi. Gazetachilikda mualliflar bilan ishlash, ularni u yoki bu nashr atrofiga birlashtirish juda katta ahamiyatga ega. Gazetalarning soni tobora ko‘payib borayotgan sharoitda bu ish ancha murakkab kechadi. “Hurriyat” ham ayni shunday murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Bugun u mamlakatimizda nashr etiladigan ko‘pdan-ko‘p gazetalar orasida o‘zining mustaqil va mulohazali so‘zi, fikri, nuqtai nazari bilan ajralib turadi. Gazetada mavzular qamrovi ancha keng, mualliflar — turli sohalarning vakillari. Har bir sonda qiziqib o‘qiladigan, gazetxonni bahs-mulohazaga chorlaydigan materiallar bor. Yana bir quvonchlisi, gazeta qo‘lida qalami bor ijodkor yoshlarni o‘z atrofiga birlashtirmoqda, O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti bilan hamkorlikda tahririyatda “Mahorat maktabi” tashkil etib, yosh bo‘lajak hamkasblarimizga ustozlik qilmoqda. Bu — quvonarli, albatta. Ammo, gazetachilik tajribasidan ma’lumki, u yoki bu nashrning mavzu doirasi haddan tashqari kengayib ketsa, fikr tarqoqligi yuzaga keladi. Fikr tarqoqligi esa jiddiy va muhim mavzularni, mavjud muammolarni chuqur va atroflicha o‘rganish, tahlil qilish, boshlagan ibratli tashabbuslarni oxiriga yetkazish imkoniyatini bir muncha toraytiradi.
“Hurriyat” gazetasi vaqti-vaqti bilan tuman, shahar va viloyat gazetalari faoliyatiga doir tahliliy maqolalar berib yaxshi tashabbusni boshladi. Ayni paytda bu juda zarur.
Mana, gazetaning 1000 chi soni o‘quvchilari qo‘liga yorug‘ yuz bilan yetib borayapti. Bundan behad minnatdormiz. Uning yo‘li doimo oydin bo‘lishiga tilakdoshmiz.
Ahmadjon MELIBOYEV