BIZ QAYOQQA QARAB KETMOQDAMIZ?
(INTERNET SAYTLARI VA IJTIMOIY TARMOQLARDAGI MAVZUGA OID FIKRLARNI O‘QIB PAYDO BO‘LGAN MULOHAZALAR)
Bugun internetga kirsang, bir mavzuning faol muhokamasiga duch kelasan: “Ana, Toshkent shahar hokimi ajrashayotgan oilalarni televidenieda ko‘rsatarmish. Bu odamlarning huquqini poymol qilishning o‘zginasi!”
Juda oson ekanda-a?
Rostdan ham ajrashayotganlarning huquqlari buziladimi?
Xo‘sh, nima uchun bunday bayonot bilan chiqildi? Bekorga, bejiz emasdir…
Avvalombor, bitta raqamni qayd etamiz — oxirgi besh yilda Toshkent shahrida oilaviy ajralishlar soni uch barobarga oshgan! Ayni vaqtda bir yillik hisob-kitoblarga qaraganda, ajralishlar soni 32,4 foizni tashkil etayotir.
Har yili o‘rtacha 4000 dan 4500 gacha oilada ajralish qayd etilmoqda. O‘tgan to‘qqiz oylikda 3442 ta oila ajrashdi! Bugungi kunda oilaviy ajralish bo‘icha 779 ta ish sudlar hamda FHDYo bo‘limlarida ko‘rib chiqish jarayonida. Ushbu oilalarda 489 nafar voyaga yetmagan farzand bor!
Xo‘sh, biz qayoqqa qarab bormoqdamiz? Agar shu zaylda ketaversa, ajralishlarning foizi oshib borishiga shubha yo‘q. Internetda aqlli boshlar juda ko‘p. Ayniqsa, donolik qilib bunday ajralishlarga yetishmovchilikni bosh sabab qilib fol ochayotganlarga qarata boshqa gap bor: Ajralishlarning bosh sababi — yetishmovchilik, oilani boqa olmaslik emas! Ularning aksariyati o‘ziga to‘q, boyligi o‘ziga yetarli xonadonlarda yuz berayotir. Hokim buni “To‘qlikka sho‘xlik” deb atadi.
Bu ayni to‘g‘ri baho!
Avvalo, ko‘hna tarix ajralishlar batamom yo‘q bo‘lib ketgan davrni qayd etmagani rost, shu ma’noda ajralish o‘zini bilgan, tushungan inson uchun nechog‘li og‘ir kechishini, qolaversa, hayotiy va asoslangan holda bunday qarorga kelishni, albatta, tushunish mumkin. Biroq, aksariyat hollarda bunday bo‘layotgani yo‘q-da!
Shahar mutasaddilari ajralishlarga olib kelayotgan omillar, sabablarni atroflicha o‘rganib chiqishdi. Bu jarayon davom etmoqda ham.
Sabablar esa turlicha. Tahlillar va hisob-kitoblardan kelib chiqib aytish mumkinki, agarda ota-onalar farzandlar tarbiyasiga jiddiyroq munosabat qilganlarida, endigina yaralgan yosh oilalarning har ikki a’zosida oilaning bebaholigi, uni asrab-avaylash nechog‘li muhimligi borasida dunyoqarash shakllangan, sabr, shukronalik hissiyoti jo‘sh urganida statistikamiz bu qadar “gullab” ketmagan bo‘lardi.
Asli oilaning muqaddasligini eng oliy darajada baholab kelgan millatdoshlarimizning bu zamonga kelib oilaga yengil-elpi qarab boshlagani alohida tashvishlanarlidir.
Oilaviy ajralishlarning sabablarini tahlil qilar ekanmiz, ularning ba’zida o‘ta arzimas, aytishga, bahona qilishga tiling bormaydigan vajlar ekaniga duch kelish mumkin.
Emishki, “kelin ovqatni sho‘r pishirarmish”, emishki, “kelinning sepi munosib kelmaganmish”, emishki, “kelinning otasi kuyovga yaxshi yordam bermasmish…”, “olti oyda mashina sovg‘a qilmoqchi bo‘lgan qaynota o‘z va’dasida turmabdi”… Bu gaplar havodan olingani yo‘q. O‘sha ajralishlarning sabablarini o‘rgangan ishchi guruhlarining qaydlari shunaqa.
Undan ham oldingi holat: Bir kursdoshim bo‘yi yetgan qiziga kelayotgan sovchilarning berayotgan savollarini sanab berganida hayratdan yoqa ushladim: Qizingizning sepini ko‘raylik.
Qaysi butikdan kiyinasizlar?
Mayli kelin qilamiz-u, faqat qizingizni biron hashamdor hovlidan chiqarasizlar, chunki bizga domdan kelin tushirish uyat…
Eng ajoyibi, sovchilardan birontasi hoy qizing qaerda o‘qigan, ovqat qilishga, tikish-bichishga qanday, qo‘lida biror hunari bormi, degan savol bermagan… Hayron qolarlikmi? Ayting, bu ketishda borar manzilim qaysi tarafda?
To‘yga kelamiz: To‘yning bugungi isrofgarchiligi asli nimaga kerak? Ko‘zimiz bilan ko‘ryapmiz — isrof bo‘layotgan noz-ne’matlarni… Shuni me’yorida qilsak nima bo‘ladi, axir?
Sabablarning eng ko‘ngilga og‘riq beradigani va eng achinarlisi, bu borada ancha-muncha foizda qaynonalarning ba’zida bosh qahramon bo‘layotganligidir. E’tibor bering: Qaynona – ona!
Shahar hokimining o‘rinbosari Farida Yo‘ldoshevnaning xonasida bir masalani fikrlashib turgandik, qabulxonadan yig‘i-sig‘i ovozi keldi. Eshikni ochsam, to‘ladan kelgan, yoshi qirqlar atrofidagi ayol va yonida aftidan, uning qizi… kotiba qiz Sanobarga bir nimalar deb, baland ovozda gapiryapti. Qo‘lida ro‘molcha, ko‘zlarida nam.
“Keling, keling”, qilib uni ichkariga taklif etdik.
Xullas, bu ayol yetti-sakkiz yil burun ajrashgan, bir o‘g‘il va ikki nafar qizi bor ekan. O‘sha qizlarning ikkinchisi yonida kelgani, u shahardagi kollejlardan birini ikki yil oldin tugatgan, ammo hali pasport ololmayapti. Negaki, u hech qaerda ro‘yxatda turmaydi. Ayolning til-zaboni tetikkina, chamasi uncha-munchaga tan beradiganmas, u sobiq erining hovlisida yasharkan. Qaynonasi ikki kenja qizning ro‘yxatga qo‘yilishiga rozilik bermayapti.
Mana, sarsongarchilikning mohiyati. Darhaqiqat, uy qaynonaning nomida, qonunan uning mulki, unga daxl qilish qonunga xilof. Demak, agar kimdir uning uyiga ro‘yxatga kirsa, uning muayyan huquqini buzadi.
Mayli, bu kelinda ayb bo‘lishi mumkin, u hatto, asosiy sababchi hamdir, bunisiga biron narsa deyishga haqqimiz yo‘q. Ammo, norasida ikki qizning huquqi-chi? Uni kim o‘ylaydi?
Murojaat qilib kelgan ayolning so‘zlariga qaraganda, g‘urbatdan bezib ketgan qiz ikki bora o‘z joniga qasd qilib turganida to‘xtatib qolingan.
Ba’zi huquqni pesh qiluvchilar hokimning televidenieda ko‘rsatish borasidagi fikrlariga darrov “oqilona baho” berishga shoshilishyapti. Ammo noto‘liq oilalarning har birida ikki-uch nafardan voyaga yetmagan farzand borligini kim o‘ylaydi?
Hokim mutasaddilarga qarata bir gapni achitib aytdi: “O‘sha norasidaning o‘rniga o‘z bolangizni qo‘yib ko‘ring!”
Bolaning ro‘yxatga qo‘yilish “huquqi” bir sari. U otasiz oilada hayotdan rozi bo‘lib o‘sadimi? Otasining mehriga to‘ymagan bola qanday to‘laqonli inson bo‘lishi mumkin? U maktabdagi sinfdoshlari orasida ularga teng bo‘lolmay, kamsitilgan, o‘ksitilgan holda ulg‘ayadi. Uning yeyish-ichishi, kiyinishi, tug‘ilgan kunlari, orzu-niyatlari … hammasi poymol bo‘ladi-ku, axir! Ular o‘nlab emas, yuzlab, hatto minglab! Bunday muhitda o‘sgan yigit-qizlar ertaga shu ona shahrimizning kuniga yaraydigan, istiqbolli farzandlari bo‘lishiga kim ishonadi?
Bilsangiz, hozir turli xorij mamlakatlariga chiqib, nom-nishonsiz yurgan, o‘ligi yoki tirigidan xabar yo‘q yigit-qizlarning aksariyati hayotdan norizo bo‘lib voyaga yetganlardir. Bilsangiz, ularning ko‘pchiligiga xursandchilik, baxtli yashayotganlarning hayoti yoqmaydi! Ularning ko‘pchiligi ertaga jamiyat uchun xavf keltirishi mumkin! Eng kamida og‘ir yuk bo‘lishi aniq-ku!
Xo‘sh, endi ayting, kimning huquqini himoya qilmoq kerak? Kimning huquqi poymol bo‘layapti?
Kelinini xo‘rlab oyoq osti qilayotgan qaynona televideniega chiqishga or qiladimi?
Elning oldiga chiqib na dinda, va na dunyoviy hayotda eng qora qilmish bo‘lmish – oilasidan voz kechishga qaror qilgan yigitda or bo‘lishi mumkinmi? Biz bu o‘rinda arzimagan vajlarni deb guldek oilasini ko‘chaga haydayotgan, qaynotasi avtomashina yoki kvartira sovg‘a qilmagani uchun farzandlaridan kechishga qaror qilgan beorlarni nazarda tutyapmiz! To‘yning dabdabasi-yu, qudaning badavlat emasligidan ko‘ngli ozib o‘g‘liga onasi o‘pmaganini olib berishga chog‘langan qaynonalarni ko‘z oldimizga keltiryapmiz. Ayniqsa, o‘z jigarbandining nolalariga e’tiborsiz bo‘la oladigan, ularni o‘z holiga tashlab, ko‘chaga chiqaradiganlarning vijdoni, uyati bo‘lishiga ishonish qiyin.
Imkoniyati bo‘la turib, yillab aliment to‘lovlarini to‘lamaydigan yigitning asli yigitlik g‘ururi, sha’ni, burchi… haqida gapirish… tiling ham bormaydi.
Guruh a’zolarining xulosalaridan: Ochig‘i, oilalarimizda, ming afsuski, otalarning va yigitlarning qadimdan millatimizga xos bo‘lib kelgan egalik o‘rni yo‘qolib boryapti.
Oilalarni aksariyat hollarda ayollar boshqaryapti…
Oilaviy ajralishlarning tafsilotlarini o‘rganganlar ayollarning oxirgi so‘zni aytishayotgani, ayrim erlar yer chizayotganini e’tirof etishmoqda. Nafsilambrini aytganda, qachon biz bunaqa ahvolga tushib ulgurdik? Axir mantiqning o‘zi shu — Erning gapi kesmaydigan oilada baraka bo‘lmasligini unutdikmi?
O‘z onasini Qariyalar uyiga oborib qo‘ygan bir nufuzli vazirlikning lavozimli xodimini aynan Farida Yo‘ldoshevna shaxsan vazirga qo‘ng‘iroq qilib “xatosini tuzattirgani”ga guvohman.
Men bunday erning oilada ega ekanligiga ishonolmadim. Bu bir misol!
Xo‘sh, biz qay tomonni qoralab ketmoqdamiz?
Darhaqiqat:
Toshkent shahar hokimining o‘sha yig‘ilishda aytilgan qarori imzolandi. Joriy yilning 20 oktyabrida chiqqan 947-sonli qaror “Toshkent shahrida oila munosabatlarini mustahkamlash va nikohdan ajratish holatlarining oldini olishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish, bunda tegishli davlat organlari va jamoat tashkilotlari hamkorligini yanada kuchaytirish to‘g‘risida” deb nomlangan.
Eng avvalo, shahar va tumanlar kesimida tuzilgan ishchi guruhlariga oilaviy ajralishlarning oldini olish borasida chuqur tahlillar olib borib, oila qurayotgan shaxslarning majburiyat va mas’uliyatini oshirish, ajralish qayd etilgan holatda birinchi navbatda voyaga yetmagan farzandlarning uy-joy bilan ta’minlanishi, alimentning to‘liq undirilishiga erishish, undan bo‘yin tovlash holatlariga qarshi amaldagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilmoqda.
Imkoniyati bo‘la turib, oilasi, farzandlarini uy-joy bilan ta’minlamagan, oilasini moddiy qiyin ahvolga solib qo‘ygan erkaklar, fohishabozlik bilan shug‘ullanib oilalarning ajralishiga sababchi bo‘layotgan ayollar keng jamoatchilik orasida muhokama qilinadi. Bir oy muddatda uy-joysiz qolgan voyaga yetmagan farzandlar monitoring qilinib, ularning otalari tomonidan ularga boshpana qilib berish masalasida jiddiy ish olib borish masalasi ko‘ndalang qo‘yilmoqda. Endi bu majburiyatni yelkasiga olganlargina ajralish haqida o‘ylab ko‘radilar.
Qarorda to‘ydan keyin kelinni bir oy muddatda (agar Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda tursa) kuyov yashaydigan xonadonga (bu xonadon kimning mulki bo‘lishidan qat’i nazar) ro‘yxatga qo‘yish borasida vazifalar qo‘yilgan. Umuman, bu borada ham kelinlar va voyaga yetmagan farzandlarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha keskin ish olib boriladi.
Ushbu hujjatda har bir tumanda eng ko‘p oilaviy ajralishlar qayd etilgan o‘n bir mahallaning ro‘yxati keltirilmoqda. Bular:
Bektemirda “Mirishkor”
Mirobodda “Inoqobod”
Mirzo Ulug‘bekda “Avayxon”
Olmazorda “Qo‘shtut”
Sergelida “Ziynat”
Uchtepada “Qori yog‘di”
Chilonzorda “Nafosat”
Shayxontohurda “Yangiobod”
Yunusobodda “Beg‘ubor”
Yakkasaroyda “Damariq”
Yashnobodda “Ahmad Yassaviy”
Mazkur mahallalarda 2017 yilning 1 yanvariga qadar ishchi guruhlar keng jamoatchilik, mahalla oqsoqollari hamkorligida profilaktika tadbirlarini o‘tkazishadi.
Agar ajralishlarda faqat yigit taraf va uning onasi aybdor, degan xulosaga kelsak, shubhasiz tanganing ikkinchi tomonini ko‘rmagan bo‘lamiz. Ayb hammada yetarli. Oilaga tayyor bo‘lmagan, tarbiyasi pishmagan, ro‘zg‘or yuritishga uquvi yetmaydigan tannoz qiz, uni tarbiya qilishga ahamiyat bermagan qaynona, bugungi o‘ta axborot almashinuvi zamonida juda ilgarilab ketganimiz, ichimizga kirib ulgurgan “ommaviy madaniyat”… Ayniqsa, erta nikohning “oxiri voy” bo‘layotgani bor gap!
Qarorda erta nikoh, “shar’iy nikoh” bo‘yicha ham qator choralar ko‘rish belgilangan. Bundan buyon, to‘yxonalar kelin-kuyovning yoshi, FHDYoga ariza berilgani, o‘rta-maxsus o‘quv yurtida tahsil olayotgani va hokazo ma’lumotlarni talab qiladi. Kasb-hunar kollejlarida o‘qiyotgan qizlarning turmushga chiqishi hollariga barham berish masalasi ham keskin qo‘yilgan.
Ishchi guruhiga kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarda qizlarni oilaga tayyorlash yo‘nalishida turli fakultativ mashg‘ulotlar, oila to‘garaklari tashkil etish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar hamkorligida takliflar tayyorlash vazifasi qo‘yilgan.
Nikoh to‘ylarini ortiqcha chiqimlarsiz, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha ham tegishli talablar ilgari surilmoqda.
Eng muhim jihatlardan biri, tahlillar va xulosalardan kelib chiqib, namunaviy nikoh shartnomasining loyihasini ishlab chiqish va qonunlarda uni majburiy ravishda tuzish bo‘yicha normalarni nazarda tutuvchi yangiliklar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash masalasi ham kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni alohida qayd etish lozimki, oila o‘zbek xalqining muqaddas sanaydigan qadriyatidir. Uni asrab-avaylash nafaqat bugungi yurt osoyishtaligi, jamiyatdagi ahillik, birlikka xizmat qiladi, balki ertangi avlodlar uchun ham bebaho, beqiyos boylikdir. Shunday ekan, oilaviy ajralishlar davlat hokimiyati organlari hamda jamoatchilikning kun tartibidagi eng birinchi va bosh masalasidir.
Shahar hokimligi ayni mana shu mezon bilan baholagan holda harakat qilmoqda.
Darvoqe, gap birovni televideniega olib chiqib sazoyi qilishda emas. Bu ham bir ta’sir chorasi sifatida qayd etilgan takliflardan biri. Gap masalaning nechog‘li og‘riqli ekani, o‘ta dolzarbligi va unga endi bee’tibor qarab bo‘lmasligi haqida. Har birimiz bir oilaning a’zosimiz — kimningdir o‘g‘il yo qizi, kimningdir ota yo onasi! O‘z jigarbandlarimiz, ota-onamiz, farzandlarimizni nigohimizdan o‘tkazib, keyin bu masalani muhokama qilishga o‘tsak, o‘ylaymizki, fikrlarimizda aniqlik, xolislik, jonkuyarlikning toshi og‘irlashadi. Bir mavzuga u yoki bu rakursdan turib fikr bildirish, ayniqsa, inkor etishdan osoni yo‘q. Shu ma’noda, dardni o‘zimizniki, deb bilaylik.
Unga birgalikda, hamjihatlikda davo izlaylik, azizlar!
PS: Darhaqiqat, bu borada jamoatchilik, aholining, har bir hamyurtimizning jonkuyarlik, chuqur tahlil va asosga suyanuvchi, amaliy taklif va mulohazalarini esa kutib qolamiz.
Husan ERMATOV,
Toshkent shahar hokimligi
Axborot xizmati rahbari