URUSHLAR, QOCHOQLAR VA “ASKAR BOLALAR»

Tinchlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘plab missiyalarda (Sudandagi BMT missiyasi, Darfurda Afrika Ittifoqi – BMT qo‘shma operatsiyasi, Kongo Demokratik Respublikasini barqarorlashtirish bo‘yicha BMT missiyasi, Gaitini barqarorlashtirish bo‘yicha BMT missiyasi, Afg‘onistonga ko‘maklashish bo‘yicha BMT missiyasi, Liberiyada BMT missiyasi, Kot- d’Ivuarda BMT operatsiyasi) bola huquqlari bo‘yicha maslahatchilar faoliyat yuritmoqda. 

 

Urushlarga tortilgan 19 mamlakat va hududda ayollar hamda bolalarga qarshi og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda. Jumladan, 2014 yilda “IShID” yezid millatiga mansub ayollar va qizlarni asirga olib, ularni sotish orqali 45 million dollar daromad topdi.

“Biz bugun bu yerda majlis qurayotgan paytda Rakka shahridagi qullar bozorida ayollar sotilmoqda, – deydi BMTning mojarolar sharoitlarida jinsiy zo‘ravonlik masalasi bo‘yicha maxsus vakili Zaynab Bangur. – Fermerlar bozorda uy hayvonlarini sotgani kabi ayollar va qizlarning narxi ko‘rsatilgan prays-listlar mavjud. Terrorchilar va ekstremistlar bu kabi oldi-sotdilarda ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda”. 

2014 yil bolalar uchun dahshatlar, qo‘rqinchlar va azob-uqubatlarga to‘la yil bo‘ldi. Ularning ko‘plari o‘ldirildi, aksariyati mayib-majruh qilindi yoki qator qurolli guruhlar tomonidan harbiy ishlar uchun yollandi. Norasida o‘g‘il va qizlarning ota-onalari vayron qilingan uylarini tashlab, harbiy mojarolar davom etayotgan hududlardan chiqib ketdi, – deya qayd etadi YuNISYeF rahbari Entoni Leyk. – Bolalar maktab binolarida yoki o‘z to‘shaklarida qurbon bo‘lmoqda. Ular qiynoqlarga solinmoqda, zo‘rlanmoqda, qul sifatida sotib yuborilmoqda. Avvallari keng ko‘lamli bunday vahshiyliklar haqida hatto tasavvur ham qilib bo‘lmas edi.

Afg‘oniston, Kongo Demokratik Respublikasi, Nigeriya, Pokiston, Somali, Sudan va Yamanda o‘n milliondan ortiq bola gumanitar yordamga muhtoj. 2015 yilda Markaziy Afrika Respublikasi, Iroq, Janubiy Sudan, Falastin, Suriya va Ukrainada 15 million bola qurolli to‘qnashuvlar markazida qolib ketdi. Qonli mojarolarga tortilgan mintaqa va mamlakatlarda 230 million bola yashamoqda. Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiya qabul qilinganidan buyon o‘tgan yillar ichida sezilarli yutuqlarga erishilganiga qaramay, hali oldinda qilinajak ishlar juda ko‘p. 

Ikkinchi jahon urushidan buyon ilk bora 2015 yili o‘z yashash joyini o‘zgartirayotganlar soni 50 millionlik chegaradan o‘tdi. Ularning 16,7 millioni qochoqlar, 33,3 millioni mamlakat ichida yashash joyini o‘zgartirgan shaxslardir. Qochoq bolalarning 45 foizi Suriya va Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

“2015 yili xalqaro muhojirlar va qochoqlarning umumiy soni 244 million kishiga yetdi. 2050 yilga borib bu raqamlar 321 milliondan ortadi”, – deya bong urmoqda BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun.

“Sayyoramizda tinchlik ne’mati juda taqchil bo‘lib bormoqda, – deydi BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Antoniu Guterresh. – Bu, asosan, ikki omilga bog‘liq. Birinchidan, yangi inqirozlar, jumladan, Markaziy Afrika Respublikasi, Janubiy Sudan, Ukraina va Iroqda urushlar yuzaga keldi. Ikkinchidan, avvalgi qarama-qarshiliklarga barham berilmayapti. Suriya, Somali,  Kongo, Bangladesh, Falastin hamon insoniyatning og‘riqli nuqtalari bo‘lib qolayotir”. 

Millionlab qochoqlar Pokiston, Eron, Livan, Iordaniya, Turkiya hududlarida to‘planib qoldi. Oxirgi uch davlat Suriyada fuqarolar urushi boshlanganidan keyin bu ro‘yxatdan joy oldi. 4 million suriyalik, 2,56 million afg‘onistonlik, 1,12 million somalilik xorijiy davlatlar hududida qochoq maqomida yashamoqda. Ular o‘zlari tug‘ilgan maskanlarga qaytishni sira istamayapti. 2015 yili 414,6 ming qochoq vataniga qaytgan bo‘lib, ularning ham aksariyati o‘zi qo‘nim topgan davlatdan majburiy tarzda chiqarib yuborilgan.

2015 yili Yevropaga kelgan bir milliondan ortiq qochoqning 253700 nafari bolalardir. Ayozli qishda ular kattalar qatori azob-uqubatlarga chidashga, ochlik-nochorlikka dosh berishga majbur bo‘lmoqda. Binobarin, qochoqlarga hatto oddiy yashash sharoitlari ham yaratilmagan va issiq kiyimlar bilan ta’minlanmagan. 

Bolalar xorijga ota-onalar yoki boshqa yoshi katta yaqin hamrohlarsiz ketishmoqda. 2015 yilda 100 ming yolg‘iz bola 78 mamlakatdan boshpana so‘radi. Bu 2014 yildagi ko‘rsatkichdan uch barobar ko‘pdir. Ulug‘lar himoyasidan mosuvo bunday bolalar odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhlarning yengil o‘ljasiga aylanib qolishyapti. 

Ayrim hukumatlar ularni rag‘batlantirish borasida muayyan ishlar qilmoqda. Masalan, Germaniya hukumati qochoqlar lagerlarida ayollar va bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklarga qarshi kurash uchun 200 million dollar ajratdi.

“Bugun XX asrdagi kabi global boshqaruv tizimi mavjud emas. Munosabatlar jadvali noaniq. Biz na ko‘p qutbli va na bir qutbli dunyoda yashayapmiz, boshboshdoqliklar tobora avj olmoqda. Oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan vaziyat tobora kuchliroq rol o‘ynamoqda”, – deydi BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari A. Guterresh vaziyatni yaqqol tasvirlar ekan.

Qochoqlarning yarmi bolalardan iborat. Yoshlarning eng muhim davrda ta’lim olishdan mosuvo bo‘lib qolishi ular taqdiriga salbiy ta’sir etishi muqarrar. Maktab ta’limini ololmayotgan jahondagi 57 million bolaning yarmi mojarolarga tortilgan mamlakatlarda yashamoqda, ularning 54 foizi qizlardir. Shuningdek, 20 million nafar bola boshlang‘ich ta’lim olish yoshida. Nizolar hududida istiqomat qilayotgan va maktabga bormayotgan 28,5 million bolaning ta’limdan foydalanishi bo‘yicha tezkor choralar qabul qilish zarur.

BMT Bosh kotibining maxsus maslahatchisi Karen Abuzeyd xonimning ta’kidlashicha, BMTga a’zo 193 davlat 2018 yilda bu borada Global bitimni imzolashga kelishib oldi. Unda qochoqlar va muhojirlar taqdiriga teng mas’uldorlik tamoyillari ifoda etilgan.

Dunyo bo‘ylab bolalarning urushlarda qatnashishi tobora ko‘paymoqda va 250 ming bola hukumat kuchlari hamda qator isyonchi guruhlar tarkibida kurash olib bormoqda. Ular o‘rtacha 10–12 yoshda. “Askar bolalar”ning 40 foizi qizlar. BMTning Bolalar va o‘smirlar bo‘yicha konventsiyasiga 2002 yili ulardan askar sifatida foydalanishni taqiqlovchi qo‘shimcha protokol imzolandi va uni 153 mamlakat ratifikatsiya qildi. 

BMT Bosh kotibining 1-o‘rinbosari Yan Eliassonning ma’lum qilishicha, jahon aholisining 46 foizi 25 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir. Yaqin Sharq va Afrika qit’asida ular ulushi qariyb 60 foizga yetadi. 2015 yilda 73,4 million yoshlar ishga joylasha olmadi. Ishsizlik darajasi o‘sayotgani maosh to‘lashni taklif etayotgan harbiylashgan ekstremistlar safiga yoshlarni qo‘shilib ketish xavfini oshirmoqda. 

Nigeriya hukumati 2016 yilda sodir etilgan 89 ta teraktlarning 39 tasi o‘zini o‘zi portlatib yuborgan ayol-xudkushlar amalga oshirganini xabar berdi. Ularning 21 nafari hali 18 yoshga ham to‘lmagan qizlar ekan. Bu ayollarning ko‘pchiligi o‘zi yashab turgan qishloqlaridan yoshligida o‘g‘irlab ketilgan va terrorchilarga aylantirilgan. 

Kongoda qurolli guruhlar va hukumatga xayrixoh bo‘linmalarni shakllantirishda bolalardan foydalanish va ularni yollash holati ham tashvishlanarlidir. Bu yerda 6 ming bola, jumladan, 30 nafar qiz askarlar qatorida jang olib boryapti. Urush maydonlarida qurbon bo‘lmay qolgan bolalar narkotiklar iste’moli, harbiy qo‘mondonlarning murakkab topshiriqlari, shahvoniy maqsadlardagi zo‘ravonliklardan so‘ng nobud bo‘lmoqda. 

Afg‘onistonda esa 8 yoshidan askarlikka kirayotgan bolalar bor. Bolalar qo‘lbola portlovchi qurilmalar yaratishda faol ishtirok etmoqda, harbiy yuklarni belgilangan manziliga ortiqcha shubha tug‘dirmasdan yetkazib bermoqda, o‘zini o‘zi portlatish uchun jangarilar tomonidan yollanmoqda, mudhish terrorchilik aktlarini amalga oshirish uchun tayyorlanmoqda.

2013 yili Myanma armiyasi tarkibidagi 96 nafar o‘smir askarlikdan ozod qilindi. Bu yerda jami 272 askar-bola fuqarolik hayotiga qaytarildi. Suriyada esa jangarilar hukumat qo‘shinlariga qarshi kurashda bolalardan tirik qalqon sifatida foydalanmoqda. 

Mogadishodagi Inson huquqlarini himoya qilish markazi vitse-raisi Ali Shayx Yasinning so‘zlariga ko‘ra, Somali hukumat kuchlari tarkibida bolalar ulushi 20 foizga yetmoqda. Ular shu qadar zaifki, hatto 5 kilolik avtomatni ko‘tarishga ham qurbi yetmaydi. Hukumat ularga kuniga 1,5 dollardan haq to‘laydi. Bu yerda ta’lim muassasalari yo‘qligi sababli bolalar asosiy vaqtini harbiy tayyorgarlikda o‘tkazishmoqda. Vaholanki, Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyaga binoan harbiy harakatlarda 15 yoshdan kichik bo‘lgan bolalardan foydalanish mumkin emas. 

Kongo Demokratik Respublikasi, Chad, Sudan va Ugandada bolalarni armiya safiga olish holatlari hamon davom etmoqda. Kongo armiyasi shaxsiy tarkibining deyarli yarmi (30 ming nafari) voyaga yetmagan bolalardan iborat. 

Afrika markaziy va g‘arbiy qismida joylashgan mamlakatlar armiyalari askarlarining har o‘n nafaridan biri boladir. Ular urushlar nima uchun olib borilayotgani va nega qurol ko‘tarib yurgani tub mohiyatini tushunib yetmaydi. Markaziy va Sharqiy Afrika xavfsizligiga katta muammo tug‘dirayotgan “Al-Shabab” terrorchilik guruhi tarkibida 80 foiz jangarilar voyaga yetmaganlar hisoblanadi.

Uganda shimoliy va sharqiy mintaqalari o‘rtasida kechgan uzoq yillik harbiy mojaro tufayli “Xudoning qarshilik armiyasi” minglab bolalarni o‘g‘irlab ketdi. Farzandlarini qutqarib qolish uchun onalar kun botishi bilan qishloqdan xavfsizroq bo‘lgan shaharga kelishar, xiyobonlar, mehmonxonalar devorlari ostida va maktablarda tunab, tong otishi bilan ortga qaytishar edi. Jangarilar tarkibida harakat qilgan “askar bolalar” hatto o‘z ukasi va singlisini o‘g‘irlagan hollar uchradi. YuNISYeF ma’lumotlariga ko‘ra, 1986–2002 yillarda ular tomonidan 32 mingga yaqin bolalar o‘g‘irlandi. Xalqaro jinoyat sudi bu qurolli guruhning qo‘mondonlariga nisbatan insoniyatga qarshi jinoyatlar ayblovini e’lon qildi va ularni hibsga olishga order berdi. 

BMT Bosh kotibining Markaziy Afrika bo‘yicha maxsus vakili Abdulay Batiliy Xavfsizlik Kengashida ma’lum qilishicha, ancha vaqt tinchib qolgan bu isyonchilar 2016 yildan o‘z hujumlarini qayta  boshladi. Kongo Demokratik Respublikasi va Markaziy Afrika Respublikasi tog‘li hududlarida ular kutilmaganda faol harakat qilmoqda. 2016 yilning birinchi choragida Markaziy Afrika Respublikasiga 40 marotaba daxl qilib, saflarini to‘ldirish maqsadida 113 insonni, asosan, bolalarni o‘g‘irlab ketishdi.   

Afg‘oniston, Iroq va Pokistonda bolalardan shahidlar tayyorlanmoqda. Ular mina dalalariga qo‘yib yuborilmoqda. Harbiy rahbarlar fikricha, birinchidan, ular yengil va tez yuguradi. Ikkinchidan, ular o‘limdan qo‘rqmaydi va nima uchun qurbon bo‘layotganini ham idrok eta olmaydi. Uchinchidan, bombaga uchib nobud bo‘lgan bolalar ular uchun katta yo‘qotish hisoblanmaydi.

 

Laziz RAHMATOV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × two =