Men nechun sevaman O‘zbekistonni?

– Baxtiyor aka, necha yillardan beri atoqli shoirimiz Abdulla Oripovning kitoblari qo‘limizdan tushmaydi. Kishi qancha o‘qimasin, to‘ymaydi, zerikmaydi. Qalbimizga singib ketgan shunday she’rlari borki, ular kelgusi avlod uchun oltin meros bo‘lib qoladi.  Keling, suhbatimizni o‘zbek adabiyotini ko‘klarga ko‘targan shoirning ijodiy salohiyati haqida boshlasak…

 – She’riyatga dastlabki “Mitti yulduz” to‘plami bilan kirib kelgan Abdulla Oripov deyarli oltmish yil mobaynida yozilgan asarlari bilan o‘zbek adabiyotining yorqin yulduzlaridan biriga aylandi. Tarixda o‘zbek xalqi yashar, dunyoda o‘zbek degan nom mavjud ekan, bu yulduz abadiy porlab turaveradi. Eng muhimi, bu ijodning xalqimiz ma’naviy kamolotiga ta’siri yildan-yilga ortsa ortadiki, susaymaydi. Zamonlar o‘tishi, tuzumlar o‘zgarishi, badiiyatning o‘zidagi ichki evrilishlar tufayli muayyan bir davrda katta shon-shuhrat topgan asarlar bora-bora o‘z qiymatini yo‘qotishi mumkin. Bunga tarixda misollar ko‘p. Ammo Abdulla Oripov merosida shunday asarlar bisyorki, ular nainki, barcha zamonlar, balki butun insoniyat uchun o‘z qadrini topa oladi. Men bu bilan shoirning butkul asarlari shunday, demoqchi emasman. Sho‘ro davrining siyosati, zug‘umi ta’sirida yozilgan asarlari ham bor. Lekin “Men nechun sevaman O‘zbekistonni”, “O‘zbekiston”, “Sen bahorni sog‘inmadingmi?”, “Birinchi muhabbatim”, “Ayol”, “Tilla baliqcha”, “Otello”, “O‘ylarim”, “Bahor”, “Onajon”, “Ona tilim” singari yuzlab she’rlari, “Jannatga yo‘l”, “Ranjkom”, “Sohibqiron” kabi yirik dostonlarida barcha inson zotiga xos bo‘lgan betakror va go‘zal tuyg‘ular, sevinch va sog‘inchlar o‘zining go‘zal ifodasini topgan.  

Shu o‘rinda, Abdulla Oripov ijodiga bo‘lgan xalq munosabatidan bir misol keltirsam. Viloyatlardan birida shoir bilan uchrashuvga yoshlardan tashqari, yuzlab keksalar ham kelishadi. Abdulla akani ko‘rgan muxlislar bellaridagi belbog‘larini yechib, uzoqqina bir masofagacha shoirning oyog‘i ostiga poyandoz qilib soladilar. She’r o‘qilgandan keyin tuyqusdan yangragan olqishlar ostida deraza oynalari chil-parchin bo‘lib ketadi. Bu to‘qima emas, bor gap. Dunyodagi mana man degan shoir, yozuvchi havas qilsa arzigulik voqea. Shu birgina misolda elning o‘z shoiriga bo‘lgan munosabatini ko‘rish mumkin.

– Bugun O‘zbekistonni butun dunyo taniydi. Mustaqil taraqqiyot yo‘liga chiqib olishimizda Abdulla Oripovning alohida xizmatlari bor. Sho‘ro tuzumida u kishining istagi Vatanni ozod ko‘rish edi. Siz yuqorida ta’kidlagan “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” she’ri ham bundan 35 yil ilgari yozilgan. U davrda O‘zbekistonning paxtasi uchun, oltini uchungina “hurmat” qilishgan.  Holbuki, o‘sha paxta ham, oltin ham o‘zimizniki edi.  Lekin shoir agar muzliklarda yashagan bo‘lsang ham, xalqim, sen uchun jonimni berardim, degan muxolif bir kayfiyatda shunday she’rlar bitishining o‘zi jasorat emasmidi? 

Abdulla Oripovning ulkan xizmatlaridan biri sho‘ro davrida yashab, erkni, ozodlikni, mustaqillikka intilish g‘oyalarini kuylay olishida bo‘ldi. Holbuki, o‘sha og‘ir yillarda adolatni, nohaqliklarni, istibdodni, zug‘umni badiiy asarda yoritish nariyog‘da tursin, oddiy suhbatda ham tilga olib bo‘lmasdi. Zotan, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir kabi ijodkorlar taqdiri nima bilan tugaganini yaxshi bilamiz. Lekin ijodkor, agar u haqiqiy bo‘lsa, Vatanga, xalqqa, millatga nisbatan hukm surayotgan adolatsizliklarga befarq qaray olmaydi.  Shu ma’noda, Abdulla Oripov ham  yuqoridagi ustozlariga munosib buyuk shoir edi. U ijodining dastlabki bosqichidan to so‘nggi nafasigacha shu e’tiqodga sodiq qoldi. “O‘ylarim”dagi mana bu misralarga e’tibor bering:

Yuragimga bir mahallar kirgan tuyg‘ular,

Endi sendan ketgaymiz deb so‘raydi javob.

Meni bir zum hol-jonimga qo‘ymaydi ular,

Qo‘ymaydilar va’dalaring chiqdi deb sarob.

1966 yilda, endigina 25 yoshga kirgan shoirning jasorati bu. Seni tashlab ketamiz, degan tuyg‘u aslida ishonch emasmi? Keyingi misralaridagi sarobga aylangan va’dalar-chi? Bular sho‘ro davrining yolg‘on g‘oyalari, shiorlari edi. “Uyqu”dan (1965): 

Asrim, izga solding ummonlar kuchin,

Yaratmoq istading so‘nmas bir chiroy.

Biroq, gulzorlarni toptamoq uchun,

Qaysidir razilga berib qo‘yding joy.

Bu misralar ham Vatanimiz tuprog‘ining o‘zgalar tomonidan toptalayotganiga bir ishoradir. Baynalmilalchilik, xalqlar do‘stligi, partiyaning azamat rahbarligi ostida hamma teng va tenghuquqli bo‘ladi, degan shiorlar yangrab turgan bir paytda bunday she’rlarni yozish chinakam jasorat edi. Shoir uchun ularni chop etish ham oson bo‘lmagan. Abdulla Oripovning buyukligi shundaki, u yuksak mahorat bilan buning uddasidan chiqdi. Sho‘roviy bosqinning o‘z Vatanidan tashqari, boshqa keng jug‘rofiy hududlar uchun ham daxldor ekanini umuminsoniy g‘oyalar bilan sug‘orilgan she’rlarida ifodalab berdi. Bu hodisani o‘z davrining o‘zbek shoirigina emas, jahon adabiyotining eng ilg‘or qarashlaridan biri sifatida ham baholashga munosibdir. Shuning uchun sevimli shoirimiz o‘z ijodi bilan zamonasining Aleksandr Tvardovskiy, Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliev kabi ulkan shoir va yozuvchilarining e’tiborini tortdi. Hurmatga sazovor bo‘ldi. Zotan, uning o‘zi ana shu san’atkorlar darajasida edi va ular qatorida turishga haqlidir.

 Yaratganning inson zotiga bergan mislsiz ne’matlaridan biri bu – Vatan, Vatanga bo‘lgan sadoqatdir. Ardoqli shoirimiz butun hayotini Vatan saodatiga bag‘ishladi. Ijodi, asarlari, faoliyati bilan bu tushunchani yuqoriga ko‘tardi. Maktab o‘quvchilari, kollej, litsey, oliy o‘quv yurtlari talabalarini kuzating, ularning deyarli har biri shoirning she’rlari, hech bo‘lmaganda, ulardan ayrim parchalarni yoddan biladi.  “O‘zbekiston madhiyasi”ning she’riy matni muallifi Abdulla Oripov ekanini barchamiz bilamiz va madhiya yangrashi bilan unga va uning mualliflariga o‘rnimizdan turib, hurmat bajo keltiramiz. Erkparvar shoirning bir-biridan go‘zal, hissiyotlarimizni junbushga keltiradigan boshqa she’rlari ham yuraklarga hayajon soladi. 

–  Abdulla Oripov ijodiga xos yana bir xususiyat: o‘z asari ustida muttasil ishlash bilan birga, tarjimaga ham o‘zini butkul bag‘ishlagan. Yana bir atoqli shoir Erkin Vohidov tarjimasidagi Gyotening “Faust” asari bilan A.Oripov ona tilimizga o‘girgan Dantening “Ilohiy komediyasi”ni bir-biriga qiyoslasak, bu ravshan bo‘ladi. Ikki asar ham yuksak mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girilgan. Ayting-chi, mualliflarning bunday kamolotga erishishida nima turtki bo‘lgan?   

– Adabiyotimizni boyitib kelayotgan bu tarjimalar xususidagi masalaga e’tiborni tortishingiz juda to‘g‘ri bo‘ldi. Bu ikki asarning o‘zbek tiliga o‘girilishi faqat Erkin Vohidov va Abdulla Oripov ijodlari uchungina emas, keyingi davr o‘zbek adabiyoti va madaniyati uchun ayniqsa, ikki nuqtai nazardan muhim ahamiyatga ega. Birinchidan, bu  tarjimalar o‘zbek adabiyoti ravnaqiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi. Jahon adabiyotining bu mumtoz namunalari, sir-asrorlari hamda ularning mualliflari mahoratini ona tili orqali o‘rganish va o‘zlashtirishda shoir va yozuvchilarimizga ham ijobiy, ham ijodiy  ko‘mak beradi. Ikkinchidan, “Faust” bilan “Ilohiy komediya”ning tarjima qilinishi o‘zbek tarjima san’atini yangi bosqichga ko‘targanidan nishonadir.  Ya’ni jahon adabiyotidagi shunday shoh asarlarni tarjima qilishga qurbi yetadigan shoirlarimiz bor ekan, bu ma’lum ma’noda, o‘zbek she’riyatini qay darajada yuksalganidan dalolat beradi. Mazkur tarjimalar haqida ayrim maqolalar, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, hozirgacha bu izlanishlar asarlarning salmog‘i darajasida emasligini aytishga to‘g‘ri keladi. Har ikkala asar tarjimasi ham badiiy, ham ilmiy jihatdan chuqur o‘rganilishga munosibki, biz yaqin kelajakda ana shunday tadqiqotlarni kutib qolishga haqlimiz. Shu o‘rinda, yana bir voqeani keltirib o‘tsam. “Ilohiy komediya”ni o‘zbek tiliga o‘girgan Abdulla Oripovni Dante tug‘ilgan shaharga taklif etadilar. Uchrashuvga borgan shoir katta bir izdihomda “Ilohiy komediya”dan qilingan tarjimalardan bir parchani o‘zbek tilida yoddan o‘qiydi. Hayratga tushgan zaldagi Dantening yurtdoshlari va turli davlatlardan kelgan danteshunoslar o‘rnidan turib, Abdulla Oripovni salkam besh daqiqa davomida olqishlaydi. Bundan ilhomlangan shoirimiz yana bir necha daqiqa tarjimani o‘qishda davom etadi. Kezi kelganda shuni aytish kerakki, Abdulla Oripov o‘zining barcha she’rlarini yoddan bilardi. Bundan tashqari, boshqa shoirlarning she’rlaridagi minglab misralarni yoddan o‘qiganiga deyarli qirq yil davomida o‘zim guvoh bo‘lganman. Tarjima-ku, bir nav, biroq, uning ehtiros bilan xuddi asliyatidagi kabi o‘qishi anjuman ishtirokchilarini ham hayratga soladi. Bu uchrashuvning guvohi bo‘lgan professor Qalandar Abdurahmonov yig‘in bo‘lgan shaharning qator binolarining ko‘zga ko‘rinarli peshtoqlarida o‘zbek shoiri Abdulla Oripovning taxminan, balandligi 4, eni 3 metr keladigan portreti bilan bezatilganini aytadi. 

Adibaxon, Erkin aka bilan Abdulla akaning jahonning ulkan shoirlari asarlaridan namunalarni o‘zbek tiliga o‘girganlari haqida suhbatlashib o‘tiribmiz, bu yaxshi. Ammo ularning o‘z asarlarini boshqa tillarga o‘girilishi haqidagi ahvol qanday? To‘g‘ri, ularning qator asarlari jahonning o‘nlab tillariga tarjima qilingan. Sanoq jihatdan ahvol birmuncha yomon emas. Biroq, sifat masalasiga kelganda, ko‘ngildagidek deyish qiyin. Abdulla akaning asarlari haqida gapirsak, ularda milliy xususiyatlar nihoyatda teran va chuqur. Shu bois, ularni boshqa tillarga tarjima qilganda asliyatidagidek o‘ziga xos va go‘zal chiqishining imkoni bo‘lmayapti. Natijada, tarjimada ular aksar hollarda o‘rtamiyona shoirga aylanib qolmoqdalar. Mana shu masalada ko‘pchiligimiz astoydil harakat qilib, bu ulug‘ shoirlarimizning sara asarlarini asliyatiga yaqin tarjimalarda jahon o‘quvchilariga yetkazish haqida qayg‘urishimiz kerak. Abdulla aka aslida jahon miqyosidagi ulkan shoirlar qatorida turishga munosib shoirdir. Kelajakda uning ijodidagi yaxshi tarjimalar buni tasdiq etadi. Tarix bunga guvoh bo‘ladi.  

Shu o‘rinda, yana bir fikrni afsus bilan ta’kidlashga to‘g‘ri keladi. Biz adabiyotchilar bu ikki shoir xotirasi oldida qarzdormiz. Ular hayotlik chog‘da asarlari haqida qator taqriz, maqolalar yozilgan, ayrim ilmiy ishlar bajarilgan bo‘lsa-da, bu yetarli emas. Ularning hayoti va ijodi yanada chuqur va teran maqolalar, yirik tadqiqotlarga munosib edi. Biz shu vaqtgacha bunday ishlarni amalga oshira olmadik. Bu hammamizning zimmamizdagi vazifa, burch, qarz bo‘lib qoldi. Boringda qadringni bilmadim, yo‘g‘ingda izlab topmadim, degan maqol bekorga aytilmagan ekan. 

– Darhaqiqat, adabiyotimizning bu ikki yorqin siymosi chinakam iste’dod egalari edilar. Zamondan ilgari sodir bo‘ladigan voqealarni boshqalardan ko‘ra teranroq anglab, o‘z vaqtida munosabat bildirardilar. Vaqti-soati bilan Erkin Vohidovning ham yuksak adabiy merosiga qaytamiz, albatta. Hozir esa Abdulla Oripovning qattiq dashnomlarga uchragan erk, adolat, istiqlol g‘oyalari bilan sug‘orilgan asarlari haqida suhbatimizni davom ettirsak… 

– Shunday vaqtlar keldiki, Abdulla Oripovning ayrim asarlarini “zararli”, “jamiyatga tuhmat qiluvchi asar” deyishgacha borib yetgan hollar bo‘ldi.  Uning “Jannatga yo‘l” dostoni o‘z vaqtida ana shunday ta’nalarga uchragan. Holbuki, bu doston “Ilohiy komediya” ta’sirida yozilgan, jahon adabiyotining nodir namunalari qatorida turishga haqli asardir. Dostondan parchalar e’lon qilinayotganda, uning asl qo‘lyozma nusxasi yo‘qolib qolishga “majbur bo‘lgan”, aniqroq aytganda, yo‘qotilgan. Yo‘qolgan dostonni shoir o‘zi qayta, yoddan tiklagan. Abdulla Oripov erk, adolat, istiqlol g‘oyalariga esh bo‘lgan asarlari uchun ham qattiq dashnomlarga uchradi, albatta. Buning ta’sirida yozilgan she’rlar ham ko‘p. Lekin uzoq yillar mobaynida ozodlikni, erkni orzu qilib, ijodining mehvariga istiqlol umidlarini singdirgan Abdulla akaning yorug‘ kunlar yaqinlashib kelayotgani, ayniqsa, Mustaqillik e’lon qilingan kundagi holati, qisiq ko‘zlariga nur balqib turganini ko‘rganingizda edi. Istiqlolimiz haqida birinchi she’rni yaratgan ham shu kishi bo‘ladilar. O‘shanda Oliy Majlis minbaridan turib, “Adolat oftobi” she’rini o‘qigandi. Mustaqillik faqat huzur va rohat emas, hali ayovsiz davom etadigan kurash, uni himoya qilish, mustahkamlash uchun fidoyilik kerakligini aytgandi. Butun ijodi davomida shu qarashni asarlariga chuqur singdirishga harakat qildi. Keyingi chorak asr mobaynida Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotida yana bir yangi to‘lqinga asos soldi. “Hikmat sadolari” va “Haj daftari” to‘plamiga kirgan she’rlari bilan adolat, insonparvarlik va insofga chorlovchi g‘oyalarni yangicha talqinda madh etishni boshlab berdi. Uzilish ro‘y bergan an’analarni yangi zamon adabiyotida qaytadan tikladi.  Ijod maydoniga erkin nafas olib kirdi. Biz hurriyatni ko‘pincha inqilob ma’nosida qo‘llab keldik. Holbuki, uning asl ma’nosi erk va ozodlik to‘lqinlaridagi yangilanishdir. Keng ma’noda erk ham, ko‘ngil va ruhiyat ozodligi ham shuning ichiga kiradi. Bu shoir she’rlarida tutashib ketgan.  

Abdulla Oripov so‘nggi nafasgacha barakali ijod qildi. Uning oxirgi ikki yilda yozilgan asarlari “Yangi she’rlar” hamda “Everest va ummon” nomlari ostida bosilib chiqdi. Mohiyatan bu ikki to‘plam shoirning erkin qo‘shiqlaridir. Bu kitoblardagi she’rlarni chop etilishiga fidoyilik ko‘rsatib, adabiyot ixlosmandlarini xursand qilgani hamda muallifning so‘nggi quvonchga-quvonch qo‘shib, dardlariga hamdard bo‘lganliklari uchun Doniyor Begimqulov, Ashurali Jo‘raev va Alisher Nazarga har qancha minnatdorchilik bildirsak arziydi. Abdulla aka so‘nggi she’rlarida ham Vatanni o‘ylaydi, Vatanni kuyladi. Oxirgi she’rlarining birida shunday deb yozgan edi:

Ehtimol, yurtimda bordir-ku haqqim,

Ruxsat ber, o‘tayin ko‘chalaringdan…

Vatanning, yurtning, xalqning o‘z shoirida haqi bo‘lishi shubhasiz. Vatan, yurt, xalq shoirini oq yuvib, oq taradi, voyaga yetkazdi, hayoti va ijodiga tirgak bo‘ldi, dunyoga tanitdi. Dunyoga taniqli shoirning ham o‘z yurtida haqi bor, albatta. Shoir Vatani uchun fidoyilik bilan xizmat qildi, uni kuyladi, og‘riqlari bilan og‘ridi, erki uchun fido bo‘lmoqqa intildi, yurtini tarannum etdi. Shu bois yurtida haqi bor ekanini aytishga haqli. Bu haq ijodi, asarlariga yarasha ahamiyat hamda Vatani, xalqi mehriga munosib bo‘lgan e’tibordir.

Hayotda ayriliqdan, noilojlikdagi ayriliqdan og‘ir musibat bo‘lmas ekan. Abdulla Oripovsiz hayotimiz, adabiyotimiz, ko‘nglimiz huvillab qoldi. Inson, ayniqsa, mo‘’tabar va aziz Inson ketishi bilan bog‘liq ko‘ngil huvillashini, bu huvillashdagi bo‘shliq o‘rnini hech narsa to‘ldirolmaydi. Abdulla Oripov asarlari hayotimizdagi shoir o‘rnini to‘ldirib turadi. Yorqin siymolari Vatanimiz va qalbimiz ko‘chalarida abadiy barhayotdir.

 

Adiba UMIROVA gurunglashdi.

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + sixteen =